2003 yilning 26 fevralida "Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishning takomillashtirish to'g'risida" 3436-sonli Prezident Farmoni chiqarildi.Farmonda qayd etilishicha, islohotlarning oldingi bosqichi muvaffaqiyatli o'tqazilmoqda:
1. Tez va shoshilinch yordam ko'rsatish tizimi tuzildi - Respublika tez va shoshilinch yordam markazi, Viloyat markazlari va Markaziy tuman kasalxonalaridagi ixtisoslashgan bo'limlar aholiga bepul tez va shoshilinch tibbiy yordamni ta'minlab bermoqda.
2. Tez va shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish muassasalarining diagnostika va davolash asbob-uskunalari bilan ta'minlanish davom ettirilmoqda.
3. Tibbiy xodimlar faoliyatini tashkil qilish va moddiy rag'batlantirish tizimi, tibbiy malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy texnika bilan ta'minlash masalalari doimiy ravishda takomillashtirib kelinmoqda.
4. Aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko'rsatish tizimi, birinchi navbatda qishloq joylarda isloh qilinmoqda. Respublikaning barcha hududlarida zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va dori-darmonlar bilan ta'minlangan qishloq vrachlik punktlari tashkil qilinmoqda. Farmonda qayd etilgandek, sog'liqni saqlash tizimida islohotlarni chuqurlashtirish, jahon talablariga javob beruvchi yuqori texnologiyali, ixtisoslashgan tibbiy markazlarni tashkil etish uchun tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida ilg'or tibbiy texnologiyalarni keng tadbiq etish lozimdir. Shuning uchun O'zbekistonda Sog'liqni saqlash tizimining isloh qilishni keyingi bosqichining asosiy vazifasi chet el tajribasini hisobga olgan holda ixtisoslashgan klinik va tibbiy markazlarni tashkil qilish ularda yuqori malakali ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtoj bo'lgan bemorlarni zamonaviy diagnostika va davolash tibbiy asbob uskunalarini qo'llagan holda qabul qilish. Aytilganlarni hisobga olgan holda, ixtisoslashgan klinika va tibbiy markazlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- tibbiy amaliyotida jahon talablariga javob beruvchi murakkab davolash va diagnostika usullaridan foydalana oladigan, yaxshi tayyorganlikni ko'rgan yuqori malakali, o'z sohasida tan olingan kadrlarga ega bo’lish. Buning uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, SSV va Moliya vazirliklari tomonidan qilingan taklif asosida o'z-o'zini boshqarish tamoyiliga asoslangan markazlar tajriba amaliyotida tashkil qilindi.
- Respublika ixtisoslashgan urologiya markazi O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi urologiya ilmiy markazi bazasida;
- Respublikada ixtisoslashgan ko'z mikroxirurgiyasi markazi Toshkent shahridagi Toshkent viloyat ko'z mikroxirurgiyasi markazi bazasida;
- Respublika ixtisoslashgan kardiologiya markazi kardiologiya ITI va Toshkent shahri 15-sonli klinik shahar kasalxonasi bazasida;
- V.Vohidov nomidagi Respublika jarrohlik ilmiy markazi. Tashkil qilinayotgan ixtisoslashgan tibbiy markazlarning asosiy vazifalari quyidagicha:
1. Markaz ixtisosiga mos holda diagnostikaning zamonaviy usullarini tadbiq etish va aholiga yuqori malakali ixtisoslashgan tibbiy yordam ko'rsatish.
2. Doimiy ravishda mavjud tibbiy texnika va apparaturani yangilash va takomillashtirish, markazlarni ixtisoslashgan yuqori malakali tibbiy xizmat ko'rsatish imkonini beruvchi zamonaviy tibbiy asbob-uskuna bilan ta'minlash.
3. O'z-o'zini mablag' bilan ta'minlash asosida markazlar faoliyatiga menejment va marketing elementlarini kiritish.
4. Mutaxassislarni chet el tibbiy o'quv va klinika muassasalarida o'qish va tajriba almashish hisobiga doimiy ravishda markazlar xodimlarining professional bilim va malakasini oshirish va takomillashtirish.
5. Tibbiyot amaliyotida o'z sohasi bo'yicha bemorlarni davolashga qaratilgan
zamonaviy usul va texnologiyalarni ishlab chiqish va tadbiq etishga qaratilgan
ilmiy izlanishlarni olib borish.
6. Chet el tibbiyot muassasalari va tibbiyot markazlari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, axborot, tajriba va mutaxassislar bilan keng almashinish. Davlat tomonidan yordamga muhtoj aholi qatlamiga (imtiyozli aholi guruhlarga) yuqori malakali ixtisoslashgan tibbiy yordam davlat byudjeti hisobidan ko'rsatiladi. Markazlar faoliyati aralash prinsipi asosida moliyalashtiriladi: davlat byudjeti markazning xususiy daromadi va boshqa qonun tomonidan ta'qiqlanmagan manbai hisobiga. Bunda davlat byudjeti tomonidan ajratiladigan mablag'lar har bir Markazga O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni Saqlash Vazirligi tomonidan xarajat bandlariga bo'linmasdan yaxlit ajratiladi. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sog'liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda respublika byudjetini tashkil etishda 2004 yildan boshlab mazkur Respublika ixtisoslashgan markazlariga ajratiladigan mablag'larni kamaytirish va 2008 yilga kelib ular to'liq o'z-o'zini mablag' bilan ta'minlash prinsipiga o'tish ko'zda tutilgan.
2007 yilda qabul qilingan Prezident farmoniga asosan “Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo'nalishlari to'g'risida”. Aholiga yuqori malakali bepul shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha yagona tizim yaratildiki, bu tizim tuman va shaharlarda eng yuqori talablar va xalqaro standartlarga javob beradigan ixtisoslashtirilgan viloyat shifoxonalari va 173 ta bo'limlardan hamda tez tibbiy yordam xizmatlaridan iborat bo'lib, ularning faoliyatiga rahbarlik kilish va muvofiqlashtirish ishlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi tomonidan amalga oshirilmoqda. Jarroxlik, kardiologiya, ko’z mikroxirgiyasi va urologiya sohalarida eng zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlarda yuqori malakali mutaxassislar murakkab, yuqori texnologik noyob operatsiyalarni amalga oshirmoqdalar. Sog'liqni saqlashning birlamchi bug’inida, ayniqsa, qishloq joylarda jiddiy o'zgarishlar sodir bo'ldi - kam samarali feldsherlik-akusherlik punktlari va ambulatoriyalar o’rniga zamonaviy tibbiy texnika bilan jihozlangan 3,1 mingtadan ko'proq qishloq vrachlik punktlari tashkil etilib, ularda malakali umumiy amaliyot shifokorlari birlamchi tibbiy yordam ko'rsatishmoqda. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar sog'lig'ini mustahkamlash tizimida muhim o'zgarishlar ro’y berdi. Bo’lg’usi onalarning salomatligini muntazam nazorat qiluvchi hamda sog'lom bolalar tug'ilishiga ko’maklashuvchi skrining markazlarning keng tarmog’i vujudga keltirilganligi nihoyatda muhim ahamiyatga egadir. Tug’ruq muassasalarining moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada mustahkamlandi. Shifokorlar hamda tibbiyot xodimlarini moddiy rag’batlantirish va mehnatga haq to’lash tizimi tubdan o’zgartirildi - ularning ish haqi miqdorlari va rag’batlantirish mexanizmi bajarilayotgan ishning murakkabligi va og’irlik darajasiga, ko'rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga bevosita bog’liq qilib qo’yildi. Har bir tibbiyot muassasasida moddiy rag’batlantirish va tibbiy muassasani rivojlantirish jamg’armalari tashkil qilingan. Natijada, keyingi ikki yil Ichida tibbiyot xodimlarining ish haqi miqdorlari 2,2 baravar ko'paydi. Respublika sog'liqni saqlash sohasidagi xususiy sektor izchillik bilan shakllantirib borilmoqda. -1,7 mingdan ko'proq yuridik shaxslarga xususiy tibbiy amaliyot bilan shug'ullanish va 2,1 ming nafardan ko'proq jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi shifokorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalar berildi. Tibbiy kadrlarni tayyorlash tizimi isloh qilinmoqda - oliy tibbiy ta'limning zamonaviy ikki bosqichli tizimi joriy etildi. Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil qilindi. Oliy o’quv yurtlarida oliy ma'lumotli hamshiralarni tayyorlash tashkil qilinganligi prinsipial yangilik hisoblanadi. Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish borasida qabul qilingan chora-tadbirlar insonlarga tibbiy xizmat ko'rsatish darajasini yanada oshirish, aholi turmushini yaxshilash imkonini berdi. Natijada 1990 yildan 2006 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekistonda aholining o’rtacha umr ko’rishi 67 yoshdan 72,5 yoshgacha, shu jumladan, erkaklarning o’rtacha umr ko’rishi -66 yoshdan 72 yoshgacha, ayollarning 70 yoshdan 74,6 yosh uzaydi. Chechak, ichterlama, poliomiyelit, bo’g’ma, kuydirgi, o’lat, vabo kabi va boshqa ijtimoiy xavfli hamda yuqumli kasalliklar batamom tugatildi. Shu bilan birga, sog'liqni saqlash va insonlar salomatligini muhofaza qilish tizimining birinchi navbatda, viloyat va tuman bo’g’inlarida profilaktika hamda tibbiy xizmat ko'rsatish sifati darajasini oshirish bilan bog’liq ko’pgina masalalar hamon o’z yechimini topgan emas. Hanuzgacha statsionar davolash muassasalari ulushi ko’pchilikni tashkil etgan sog'liqni saqlashni boshqarishning tashkiliy tuzilmasi beso’naqay va samarasizligicha qolmoqda. Sog'liqni saqlash hududiy boshqaruv organlari tibbiyot muassasalari faoliyati ustidan yetarlicha tashkiliy - uslubiy rahbarlikni ta'minlamayaptilar, yuqumli kasalliklar profilaktikasi va ular tarqalishining oldini olish bo'yicha tegishli sanitariya-epidemiologiya nazorati ta'minlamayapti. Respublikada neyroxirurgiya, kardioxirurgiya, onkologiya, ginekologiya va akusherlik, o’tkir oshqozon-ichak kasalliklari hamda boshqa sohalarda murakkab, yuqori texnologik operatsiyalarni o’tkazish bo'yicha alohida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini rivojlantirish nihoyatda zarur bo'lib, ularga nisbatan talabehtiyoj yuqori darajada qolmoqda.