Jismoniy madaniyat darsining mazmuni dars mashg’ulotlarini sifatini belgilovchi to’rtta asosiy komponentning umumiyligida ifodalanadi. Bu elementlar o’zaro uzviy bog’langan va darsning xarakterli komponentlari deb ataladi, ular:
a) darsning tarkibiga kiritilgan jismoniy mashqlar, dars mazmunining eng yirik xarakterli komponentidir. Lekin bunday tushuncha bir tomonlama bo’lib, tarbiyalash, sog’lomlashtirish, bilim berish vazifalarini hal qilishda shug’ullanuvchilar uchun faoliyat predmeti bo’lib xizmat qiladi. Mashqlar darsning umumlashtirilgan predmetining mazmuni, boshqa ma’noda dars mazmunining bir qirrasi xolos.
b) tavsiya qilingan mashqlarning bajarish bilan bog’liq bo’lgan o’quvchilarning darsdagi faoliyati dars mazmunining navbatdagi yirik komponentlaridan biridir. Bu komponent shug’ullanuvchini turli ko’rinishdagi, intellektual va jismoniy faoliyatdan iborat bo’lib, ular: pedagogni eshitish, ko’rsatilayotgan mashqni e’tibor bilan kuzatish, harakat faoliyati orqali hosil bo’lgan tasavvur ustida fikr yuritish, bajarilishi lozim bo’lgan faoliyatni loyihasini fikran tuzish, uni bajarish, o’z harakatlarini nazorat qilish va baholash, vujudga kelgan muammolarni pedagog bilan birgalikda muhokama qilish, o’z hissiyotini va kayfiyatini nazorat qila olish, vujudga kelgan emotsionallikni boshqarish va h.k.lardir. Shug’ullanuvchilarni dars vazifasini hal qilish bo’yicha barcha faoliyatlari dars mazmuni asosini tashkil qiladi.
v) pedagogning faoliyati dars mazmunining navbatdagi komponenti bo’lib,quyidagicha holatlarda namoyon bo’ladi. Uyga vazifa berish va uni tushuntirish, darsning aniq vazifasini bayon qila bilish va uni hal qilishni tashkillash, shug’ullanuvchilarni doimiy nazoratda ushlash, ularni faoliyatini tahlil qilish, shuningdek, shug’ullanuvchilarning faoliyatini lozim bo’lgan yo’lga burish, ular orasidagi munosabatlarni o’zining diqqat markazida ushlash va faoliyatlarini yo’naltirish, boshqarish, nazorat qilishdek ta’lim – tarbiya jarayonida ijobiy rol o’ynaydigan muhim asosiy holatlarni o’z ichiga oladi.
g) shug’ullanuvchilar organizmida dars tarkibidagi mashqlarni bajarishda sodir bo’ladigan fiziologik, psixologik, biomexanik va boshqa o’zgarishlar dars mazmunining navbatdagi yirik xarakterli komponentlaridan biri hisoblanadi. Malakalarni shakllanishi orqali rejalashtirilgan, ularning natijasidagi o’zgarishlar, shakl-langan nazariy va amaliy bilimlar, uddalash, harakat malakasi va uning avtomatlashuvi orqali sodir bo’ladigan yashirin (latent) davr dars mazmunining to’rtinchi komponenti hisobiga sodir bo’ladi. Bunda o’qituvchi faoliyati va o’quvchilar faoliyatining samarasi yashiringan bo’ladi. Rejalashtirilgan o’quv tarbiyaviy ishlari sodir bo’lmoqdami yoki yo’qligi joriy nazorat qilinib, pedagogik faoliyat keyinchalik qanday davom ettirilishi lozimligi uchun yo’riqnomalar tayyorlanadi.