www.arxiv.uz
Jismoniy tarbiya metodikasi
Reja:
Jismoniy tarbiya darslarini tashkil etish shartlari
Jismoniy tarbiyaning uslubiy tamoyillari
Jismoniy tarbiya jarayoni
Tabiatdagi, hayotdagi, butun borliqdagi jarayonlar ma`lum qonuniyatlarga bo`ysunadi va shularga muvofiq ravishda rivojlanib boradi. Bu qonuniyatlar tabiatda odam ixtiyoridan tashqari holatda amal qiladi. Bunday qonuniyatlar, ilmiy izlanish va amaliy tajribalarning ko`rsatishi bo`yicha, jismoniy tarbiya jarayoniga ham ta`sir ko`rsatadi. Bu qonuniyatlarni tan olish, ularni o`rganish, shu asosda o`quvchilar jismoniy tarbiyasi jarayonini yaxshilash imkonini beradi.
Jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat jarayonini boshqaradigan, inson vujudiga, jismoniy o`sishga ta`sir qiladigan tabiat qonunlari jismoniy tarbiya nazariyasi va uslubiyotida printsip-tamoyil nomini olgan. Organizm rivojlanishining umumiy tamoyillarini bilish va ularni amaliyotda qo`llash, o`quvchilar jismoniy tarbiyasi jarayonini yanada samarali darajaga olib keladi.
Jismoniy tarbiya va pedagogikaga oid adabiyotlarda tamoyillar har xil ta`riflangan, lekin manbalarning tahlili shuni ko`rsatadiki, har xil nomlar bilan ta`riflangan bir printsip quyidagi mazmunlarni bildiradi:
-jismoniy tarbiya darslari jarayonida o`quvchilarning har tomonlama rivojlanishlari uchun jismoniy mashqlarni ongli, tushungan holda tashkil etish;
-o`rgatayotgan mashqlarni yaxshi o`zlashtirilishi uchun ko`rgazmalilikning turli xil shakllaridan foydalanish;
-har bir o`quvchiga taklif qilinadigan muayyan maqsadga yo`naltirilgan va psixologik og`irliklarning soddaligini, tushunarliligini ta`minlash;
Shug`ullanuvchi o`quvchilar avvalgi mashg`ulotlarda o`zlashtirib olganlarini mustahkamlashlarida talabni kuchaytirish va keyingi mashg`ulotlar uchun zamin yaratishni ta`minlash.
Pedagogika fanida bu printsiplarni o`rgatishda taalluqligini hisobga olib, didaktik tamoyillar deb ataymiz. Jismoniy tarbiya, jismoniy mashqlarga o`rgatish va shug`ullanuvchilarni bilimlar bilan qurollantirish, jismoniy sifatlarni tarbiyalashni o`z ichiga qamrab olganligi uchun tamoyillarni didaktik emas, metodik - uslubiy deb atash qonuniyroqdir.
Ko`nikma va malakalarni shakllantirishda qo`llaniladigan asosiy uslubiy tamoyillar o`quvchilarning yoshlari qanday bo`lishidan qat`iy nazar, barcha uchun bir xil va zarurdir. Har bir tamoyilning mohiyatini va o`quvchilar jismoniy tarbiyasi jarayonida uni amalga oshirish yo`llarini alohida ko`rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Onglilik va faollik tamoyili. “Didaktik adabiyotlarda onglilik deganda, o`rganilayotgan temaga oid qonuniyat, ta`rif va faktlarni asosli egallash, xulosa va umumlashlarni chuqur, atroflicha fahmlash, tema yuzasidan bilimlarni izchil va to`g`ri bayon qila olish, bilimlarning ishonch va e`tiqodga aylanishi, o`rgatilgan bilimlardan turmushda mustaqil foydalana bilish kabilar tushuniladi. Onglilik bilimlarni ongli o`zlashtirishga yo`nalgan printsipdir. Bilim malakalarni ongli o`zlashtirish quyidagicha xususiyatlarga ega: ta`limning maqsadi, hayot uchun zarurligini anglash; faktik materiallarni ongli egallash va ularni o`zaro farqlay bilish; bilimlarni o`rganish, mustahkamlash, takrorlash jarayonlarini sezish; tema yuzasidan o`zi erishgan natijalarni baholay bilish.
Faollik esa, o`z navbatida bolalarda mustahkamlikni tarbiyalash uchun asos bo`ladi. Bu printsiplar bir-birini to`ldiradigan hodisalar bo`lib, ularning mohiyatini tashqaridan ichkariga va ichkaridan tashqariga yo`nalgan jarayonlar sifatida tasavvur qilingandagina anglash mumkin.
Faollik tashqaridan ichkariga yo`nalgan jarayon sifatida tasavvur etilsa, unda bolalarda mustahkamlikni shaxsiy sifat shaklida tarbiyalashni anglaymiz. Agar faollik ichkaridan tashqariga yo`nalgan jarayon sifatida qaralsa, unda insonning ichki intilishlari, emotsiyalari, qiziqishlari mustaqillikni shakllantirish vositasi ekanligini tan olishga to`g`ri keladi...”.26
Jismoniy tarbiya jarayoni-bu ikki tomonlama jarayondir. Bir tomondan o`rgatishga intilayotgan o`qituvchi, ikkinchi tomondan o`rganishga xohishi bo`lgan o`quvchi qatnashadi. Tajribalar shuni ko`rsatadiki, agar o`quvchi oldiga qo`yilgan vazifaning mohiyatini tushunib etsa va uning hal etilishiga qiziqsa, o`rgatishning muddati tezlashadi va sifati yaxshilanadi.
Uslubiy adabiyotlarda onglilik va faollik alohida mustaqil tamoyillar hisoblanadi. Amaliyotda esa onglilik va faollik jarayoni o`zaro bog`liqdir, ularni bir-biridan ajratish mumkin emas. Sababi shuki o`quvchining faolligisiz onglilikni amalga oshirish mumkin emas, faoliyatning maqsadi esa ongli ravishda tushunib etilgandagina inson faol bo`ladi.
Faollashtirish jarayoni deganda o`qituvchi tomonidan shug`ullanuvchilarning intellektual, axloqiy, irodaviy va jismoniy kuchlarini o`rganib, tarbiya sifatini oshirish tushuniladi.
Ammo mavjud tabiiy va ma`naviy qonuniyatlarni bilishning o`zi o`quvchilarni ongli va faol qila olmaydi. Bu vazifani o`qituvchi bajarishi kerak.
Qulaylik va individuallik tamoyili. Bu tamoiyllar yosh va jinsiy farqlanish bolalarga xos. Bunday tashqari bir xil yoshdagi va jinsdagi bolalar, har xil qobiliyatga ega, shuning uchun o`rgatish va tarbiya jarayonida shu tomonlarni albatta hisobga olish zarur. Bunda qulaylik va individuallik tamoyiliga amal qilinadi. Bu yerda so`z, o`qituvchining har bir bola yuragiga yo`l topa olishi, vaqtincha qiyinchiliklarni anglay olishi va uni tuzatishga yo`l topa olishi, ularning qobiliyati va qiziquvchanligini rivojlantirishda hamkorlik qilishi ustida boradi.
Ko`nikma va malakalarni shakllantirish yo`llarini shunday tashkil qilish kerakki, ular har doim rivojlanishda bo`lmog`i zarur. Buning uchun o`quvchining harakat tajribasi jismoniy va psixik rivojlanganligi albatta hisobga olib o`tiladi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, o`qituvchi dars jarayonida faqat alohida yaxshi tayyorgarligi bor yoki faqat qoloq o`quvchilar bilan ishlamaydi, albatta. U sinfdagi barcha o`quvchilar bilan ishonchli muammolarda va bir-birini to`liq tushungan holda ishlamog`i zarur.
Xo`sh, buning uchun o`quvchilarning qaysi xususiyatlarini hisobga olish kerak va bularga muvofiq tarzda nimalarga amal qilish kerak ?
Hammadan oldin bolaning o`qishga va uning natijasiga bo`lgan munosabatini farqlash, o`qishga va uning natijasiga salbiy munosabatda bo`lgan o`quvchilar pedagogning muntazam diqqat markazida bo`lmog`i kerak. Ularga metodik ta`sir etishning xilma-xil usullaridan foydalanishi kerak.
O`quv materialini o`zlashtirish va mustahkamlash uchun, mashqlarga bo`lgan ehtiyojda katta farq mavjud. Har bir o`quvchida zaruriy mashqlarning soni va hajmi har xil: alohida shug`ullanuvchilarning o`rgatish tempi har xil. Alohida harakat faoliyatining texnikasini o`zlashtirib olishda o`quvchilarning xususiyatlarini hisobga olib, yordamchi mashqlarning xarakterini va hajmini o`zgartirib berish zarur.
Murakkab mashqlar uchun o`zining aniq maqsadiga ega bo`lgan, bir necha yordamchi mashqlar mavjud. Misol uchun to`pchani uloqtirishni olsak, aniq yordamchi mashqlar uning alohida bosqichlariga taalluqli. Har xil o`quvchilar uloqtirish bosqichlarini turlicha muvaffaqiyatlar bilan o`zlashtirib oladi. Ba`zi birlari yugurib borishda qadamni almashtirishni yaxshi o`zlashtirib olmaydi. Uchinchilari- finalda zo`r berishni bilmaydi. Shuning uchun o`rgatish jarayonida har bir o`quvchiga o`sha bosqichni o`zlashtirib olishga yordam beruvchi yordamchi mashqlar beriladi.
Shu o`rinda o`quvchilarning jismoniy va psixik yuklamani ko`tara olish imkoniyatini farqlash ham muhim ahamiyatga ega. Bu holat o`qituvchida har bir o`quvchi uchun o`quv vazifalarining qat`iy diffirentsiyasini ta`minlashga da`vat etadi. Kross tayyorgarligi mashg`ulotlarini o`tish uchun imkon bo`lsa, ikkita bir-biriga teng bo`lgan yugurish yo`lagi tanlanadi. Jismoniy tayyorgarligi past bo`lgan o`quvchilar biroz tekis va burilishi kam bo`lgan yo`lakdan, tayyorgarligi yaxshi bo`lgan o`quvchilar baland, pastlik, burilishlari ko`p bo`lgan yo`laklarda har xil masofaga yuguradilar.
Bizga ma`lumki, ba`zi o`quvchi vazifani o`qituvchi ko`rsatgandan so`ng, boshqasi-o`rtog`i tushuntirgandan so`ng, uchinchisi-kinolavhani namoyon qilgandan so`ng yaxshi tushunadi. Bu o`rgatish usullaridan majburiy foydalanish zarur. O`quvchilarning boshlang`ich natijalariga nisbatan o`sishini baholaydigan o`qituvchilarning tajribasini ijobiy deb hisoblash lozim.
Markazlashtirish tamoyili – texnologik jarayonda o`quvchilar faoliyati modelini loyihalashning bosh elementi sifatida ifodlanadi. Ta`lim jarayoni tuzilmasida asosiy tizimlashtiriluvchi ta`lim mazmuni va o`quvchi faoliyati texnologik jarayon hisoblanib, uning mazmunini o`quvchilarning ijtimoiy tajriba asoslarini o`zlashtirib olishga yo`naltirilgan o`quv faoliyati tashkil etadi. Har bir o`quv fani bo`yicha ta`lim mazmuni umumiy ta`lim maqsadi va vazifalariga muvofiq belgilanadi. Faoliyatli yondoshuv nuqtai nazaridan umumiy o`rta ta`lim mazmunini tashkil etuvchi har bir unsur (element) sub`ekt faoliyatining turlaridan biriga muvofiq kelishi kerak. Sub`ekt faoliyatining turlari, o`z navbatida aniq modellar yig`indisi sifatida umumlashgan faoliyat modellari orqali ifodalanishi zarur. O`quvchilar faoliyati modeli-tizimlashtiriluvchi element bo`lib, o`quvchining yaxlit faoliyati mazmunini aniqlashga xizmat qiladi. Markazlashtirish tamoyili loyihalashni quyidagi tartibda amalga oshirishni talab etadi: faoliyat modellarini maqsadga muvofiq yaratish, shuningdek, ularni o`quvchilar tomonidan o`zlashtirish usullari, vositalarini tanlash (texnologik operatsiyalar), o`quv faoliyatini boshqarish usullari (o`qituvchi faoliyati)ni asoslash.27
Ta`lim jarayonini loyihalashda tamoyillar asosiy yondoshuv, faoliyat tuzilmalarini aniqlovchi me`yor hamda muvofiqlashtiruvchi talablar vazifasini bajaradi. Loyihalash tamoyillari nafaqat me`yoriy, balki tavsifiy vazifani ham bajarib, faoliyat mohiyatini ochib beruvchi umumlashma talablar sifatida tavsiflanadi. Ta`lim jarayonini loyihalashda nafaqat har bir tarkibiy qism, balki ular orasidagi aloqalar ham modellashtiriladi.
Ta`lim jarayonini loyihalash qonuniyatlari loyihalash tamoyillarining nazariy asoslarini ishlab chiqishga va pedagogik faoliyat amaliyotida qo`llashga zamin tayyorlab beradi.
Muntazamlik tamoyili asosida uchta talab bor, o`quv jarayonini tashkil etishdagi kamchiliklarga, rejasiz ish, manbalarni tasodifiy tanlash kabi tartibsizliklarga qarshi kurashmoq kerak.
Sport pedagogi muntazamlik tamoyilini amalga oshirib borib, quyidagilarni hisobga olishi zarur:
1. O`zlashtirib olinishi zarur bo`lgan materialni sistemalashda qator talablarni saqlashi kerak. O`quv dasturlarida mavjud bo`lgan jismoniy mashqlar bo`limlarda tasniflar asosida belgilab berilgan. Masalan, yengil atletikada yugurish, sakrash mashqlari va uloqtirish alohida sanab o`tilgan. Shuning uchun har bir sinfda butun mashqlarni rejalashtirishni shunday tizimga olib kelishi kerakki, jismoniy tarbiya jarayonini didaktik qoidalar asosida tashkil etish imkoni bo`lsin: aniqdan noaniqqa, oddiydan murakkabga, yengildan og`irga. Boshqa so`z bilan aytganda, o`quv materiallarining har bir bo`limi bu tizimda pog`onani tashkil etadi, ya`ni avval o`tilganlar keyingi mashq uchun asos bo`ladi.
O`quv materialini sistemalashtirish, imkoni boricha ijobiy natijalarga erishish uchun sharoit yaratish kerak.
2. O`quv jarayonini tashkil etish, mashg`ulotlarning doimiyligini ta`minlash zarur. Ma`lumki, jismoniy mashqlarni bajarish orqali odam vujudida funktsional o`zgarishlar vujudga keladi. 5-7 kundan keyin o`tkazilgan mashqlar natijasida olingan ijobiy natija yo`qotiladi. Buning uchun dars jadvaliga qo`yiladigan jismoniy tarbiya darsining bir-biridan oralig`i 1-2 kundan ortmasligi zarur. Bundan ikkita amaliy maslahat kelib chiqadi: birinchidan darslar hafta davomida eng maqbul oraliqda qo`yilishi kerak. Darslarni ikki kun birin-ketin yoki bir kundan so`ng qo`yish maqsadga muvofiq emas. Ikkinchidan hammasi jismoniy mashqlar bilan ta`minlash uchun o`quvchilarning mustaqil ishlaridan keng foydalanish zarur. Buningsiz qoniqarli natijalarga erishib bo`lmaydi. Masalan, faqat jismoniy tarbiya darsida shug`ullanuvchilarning egiluvchanligini rivojlantirishga intilish foydasiz.
3. Mashg`ulotni uslubiy jihatdan ta`minlash: yuklama va damni ratsional navbatlashni ko`zda tutadi. Bu ayniqsa, jismoniy sifatlarni tarbiyalashda eng zarur. Bu jarayonda kuch yetganicha vazifa va mashg`ulotlarning doimiyligini saqlash kerak. Mashg`ulotlarni noaniq, gohida izchillik bilan o`tkazish vazifani hal etishda qoniqarsiz rivojlanish yo`nalishiga olib kelibgina qolmasdan, shug`ullanuvchilar organizmiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.28
Refleksivlik tamoyili- sub`ektning o`ziga, shaxsiy faoliyatiga va bilimiga baho berishi, o`zgalarning u haqidagi fikrlari va ular o`rtasidagi hamkorlik faoliyatiga oid munosabatlarni tavsiflaydi. Loyihalash jarayonida o`qituvchiga doimo ta`lim jarayoni, uning aniq va ideal sharoitlari, o`quvchilarning bilishga bo`lgan ehtiyojlari, ularni to`ldirish imkoniyatlari, shixsiy sifat va qobiliyatlari, pedagogik faoliyatini samarali tashkil etish imkoniyatlarini inobatga olish maqsadga muvofiq. Refleksivlik tamoyili yaratiladigan ta`lim jarayonining loyihasini ta`lim jarayoni ishtirokchisi-sub`ektning ehtiyojlari va imkoniyatlarini tahlil qilish asosida uzluksiz tuzatib, to`ldirib berishni talab etadi.29
Natijaviylik tamoyili- pedagogik shart-sharoitlarning qulayligi, oz vaqt va kuch sarflash evaziga samarali natijalarga erishishni tavsiflaydi. Natijaviylik-ijtimoiy tajriba faoliyat modellari mazmuni, texnologik operatsiyalar, ularni o`zlashtirish, boshqarish usullarini tanlash, o`quv faoliyatining muvofiqligi, ta`lim tarbiya vositalari, texnologik jarayonda sub`ektning qisqa vaqt va kuch sarflanish vositasida belgilangan maqsadga erishishni nazarda tutishi lozim.
Ko`p omillilik tamoyili. Har bir ta`lim jarayoni bir qator ob`ektiv va sub`ektiv omillar ta`sirida amalga oshadi. Ular sirasiga o`qituvchi va o`quvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy hayot sharoitlari, ta`lim muassasalari atrofdagi ijtimoiy ishlab chiqarish va tabiiy iqlim muhiti, o`quv muassassining o`quv-moddiy bazasi, o`qituvchilarning kasbiy malaka darajasi, ta`lim muassasi yoki ma`lum sinfdagi ma`naviy-psixologik muhit, o`quvchilarning o`quv imkoniyatlari, sinfning intellektual salohiyati, jamoaning shaxslararo munosabatlari kiradi. Ta`lim jarayonini loyihalashda o`qituvchi ana shu omillarni hisobga olishi zarur.
O`quvchi shaxsini ta`lim jarayoniga moslashtirish tamoyili. Bola maktab ostonasiga qadam qo`yganidan boshlab uning faoliyat ko`lami (o`z-o`ziga xizmat, mehnat, dam olish tarzida) kengayadi. Bu kabi faoliyat ko`nikmalarini egallashi natijasida ijtimoiy tajribaga ega bo`lib boradi. Shuning uchun ta`lim jarayonining samarali bo`lishi, uni loyihalashda ta`lim mazmuni va boshqa faoliyat modellari hisobga olinishi, ularni o`quvchilar kundalik hayot faoliyatida egallab borishi ta`minlanishi zarur.
Ayni vaqtda umumiy ta`lim muassasalarida shaxsni rivojlantirish va uni ijtimoiy hayotga moslashtirish muayyan qonuniyatlarga muvofiq psixolog va sotsiologlarning ishtiroklari (psixo-pedagogik tashxis xulosasi) asosida amalga oshiriladi.
Odatda faoliyatga ta`rif berilganda, u birinchidan anglashilgan maqsad bilan boshqarilishi, ikkinchidan psixik va jismoniy faollikdan iborat ekanligi ta`kidlab o`tiladi. Lekin ushbu belgilarni faoliyat ta`rifini mukammal ochib berish uchun yetarli deb bo`lmaydi.
Inson faolligida anglangan maqsad mavjudligi to`g`risida mulohaza yuritish uchun har xil xususiyatli bir qancha omillarga murojaat qilishga to`g`ri keladi. Faoliyatning motivlari, ro`yobga chiqarish vositalari, axborot tanlash va uni qayta ishlash anglangan yoki anglanmagan, ba`zan anglanganlik noto`kis, hatto u noto`g`ri bo`lishi mumkin. Jumladan: a) maktabgacha tarbiya yoshidagi bola o`yin faoliyatiga nisbatan ehtiyojini goho anglaydi, xolos; b) boshlang`ich sinf o`quvchisi o`quv motivlarini hamisha ham yetarli darajada anglab yetmaydi; d) o`smir ham xulq motivlarini noto`kis yoki noto`g`ri anglashi mumkin; e) hatto voyaga yetgan o`smir ham ba`zan xulq motivini noo`rin haspo`shlashga intiladi. Bundan tashqari, hatto faoliyatni amalga oshirishni rejalashtirish, uni ro`yobga chiqarish uchun qaror qabul qilish, natijani taxminlash, xulosa chiqarish ham anglanganlik kafolatiga ega emasdir. Chunki faoliyatni ruyobga chiqaruvchi harakatning aksariyati ong orqali boshqarilmaydi, jumladan, velosiped uchish, kuy chalish, kitob o`qish, telefon qilish odatiy hodisadir.
Shuni uqtirish lozimki, faolyatning jabhalarini ongda aks etish darajasi va mukammalligi uning anglanganligi ko`rsatkichi mezoni hisoblanadi. Lekin faoliyatning anglanganligi darajasi keng ko`lamli bo`lishiga qaramay maqsadni ko`zlash (anglash) uning ustuvor belgisi vazifasini o`ynayveradi. Faoliyatda maqsadni anglash ishtirok yetmasa, unda u ixtiyorsiz hatti-harakatga aylanib qoladi va bunday holat ko`pincha hissiyot bilan boshqariladi.30
Shu o`rinda shuni ta`kidlab o`tish joizki, hatti-harakat ixtiyorsizligi uning anglanmaganligini bildirmaydi, biroq aksincha bunda inson motivining shaxsiy tomoni anglangan bo`ladi, uning ijtimoiy mazmuni esa qamrab olinmaydi.
Ta`lim jarayonida tabiiy rivojlanish va ijtimoiylashuv tamoyili. Tabiiy jarayonlar mohiyatini bilish ta`lim jarayonini samarali, o`quvchilarning yosh xususiyatlari, senzitiv rivojlanish davrlari, rivojlanishning keyingi bosqichiga o`tish imkoniyatlarini hisobga olgan holda tashkil etish imkonini beradi. Tamoyilning mazmuni ta`limni ijtimoiylashtirish, o`quvchilar tomonidan ijtimoiy tajribaning individual qonuniyatlar asosida o`zlashtirilishi bilan izohlanadi.
Dostları ilə paylaş: |