SOTSIAL KONFLIKTNING SABABLARI NIMALARDAN IBORAT?
“Bir kuni guliston, o’rmon, dengiz va biyobon qushlari har biri o’z guruhi bilan bir yerga jam bo’lib, majlis tuzdilar. Ular muhabbat bilan navo tuzib, bazm tugagach, osmonga parvoz qilmoqchi edilar. Ammo bu yig’inda ulardan hyech qaysisining tayin bir o’rni yo’q edi. O’tirishda tartib bo’lmagani uchun Qalog’ (olaqarg’a) to’ridan, zog’ (go’ngqarg’a) esa Bulbuldan va Qumrilardan yuqoriroqda o’tirdi. Xod (kalxat) Shunqordan to’rga chiqdi. Yurtachi (o’laksaxo’r qush) esa Tovusni ham nazar-pisand qilmay yuqoriga o’tib ketdi. Hunarliklar o’rnini behunarlar egalladi. Tojsiz qushlar to’rga chiqib olishdi, tojdor qushlar esa poygohda qolishdi. Nihoyat – poygakdagilar konflikt chiqardilar, to’rdagilar esa ularning so’ziga quloq solmadilar. Natijada qushlar orasida g’avg’o, to’polon ko’tarildi. Ular sodir bo’lgan ahvolni mojarolasha-mojarolasha qizg’in muhokama qila boshladilar. Vaqt o’tgan sari bu mojaro tobora oshib bordi14.
G’azal, so’z va til mulkining sultoni, davlat arbobi A.Navoiy tomonidan tasvirlangan konflikt jarayoni ba’zi bir jamoa va guruhlarda uchrab turadigan kelishmovchiliklarni eslatadi, albatta.
Toshkent shahridagi maktablardan birida direktorni boshqa ishga o’tgani uchun uning o’rniga yosh, ammo qaysidir maktabda o’quv bo’limining mudiri bo’lib ishlagan ayolni tayinlashdi. Jamoa yangi rahbarni iliq kutib oldi, ayniqsa, uning yoshligi va “men bu maktabda tartib o’rnatishga keldim, o’zim ham kuchimni ayamayman va Sizlardan ham shuni talab qilaman”, – deb ishontirishi ko’pchilikka yoqib qoldi.
Chunki eski direktorning ba’zan o’z bilganicha, adolatsiz qarorlar qabul qilishi o’qituvchilar jamoasi qarshilik qilmasa ham hazm qila olmasdi.
Rostdan ham maktabda tartib, intizom ancha yaxshilanib qoldi. Oldingi direktorning “erkalari”ni yangi rahbar “joyiga o’tkazib qo’ydi”.Maktabning o’quv jarayonida, tashqi va ichki ko’rinishida sezilarli o’zgarish yuz berdi. Lekin, yangi direktor yoshligi uchunmi yoki o’zining qattiqqo’lligini ko’rsatish uchunmi, o’qituvchilar bilan gaplashganda, yig’ilishlarda qo’pol, ortiqcha gapirganidan ayrimlar qattiq ranjiy boshlashdi. Shundaylar orasida maktabning o’quv bo’limi mudiri ham bo’lib, u ancha tajribali, jamoada o’rni va obro’siga ega edi. Yangi direktorning o’zidan ancha yosh bo’lishiga qaramasdan ayrim vaqtda qo’pol munosabatda bo’lishi mudirning nafsoniyatiga tegdi. U bir-ikki marta rahbarga odamlarga nisbatan munosabatini o’zgartirishni maslahat berdi. Asta-sekinlik bilan maktab jamoasi ikkiga bo’linib, bir qismi rahbar atrofida, ikkinchi qismi mudir atrofida kichik guruhchani tashkil etdilar. Tashqaridan qaraganda bu holat sezilmas, odamlar bir-biri bilan oldindagiday quyuq salomlashar, birgalikda tadbir o’tkazishar, lekin o’rtada o’zaro ishonch yo’qolib, “o’zimizniki” va “dushman tomon”ga jadal ravishda taqsimlanishdi. Har bir guruhcha o’zining keyingi harakat taktikasini va strategiyasini burchak-burchakda yashirincha muhokama qilardi.
O’zaro tortishuvlar, bir-birining ustidan shikoyat xati yozishlar, kichik-katta yig’ilishlarda dahanaki janglar avj oldi. Ba’zi birovlarning asabi chidamasdan ishdan bo’shash haqida ariza yozdi. U konflikt agarda shunday davom etsa, nima bilan tamom bo’lishini hyech kim bashorat qila olmasdi.
Yaxshiyamki, tuman Xalq ta’limi bo’limi bu konfliktga aralashib, direktor va mudirni ishdan olib, o’rniga boshqa kishilarni tayinlash bilan barham berdi.
Konfliktning inson faoliyatiga (o’qish va mehnat) va jismoniy-ruhiy sog’ligiga qanday zarari mavjud?
XX asrning ikkinchi yarmida ilmiy-texnika inqilobi va har xil sohalarda konfliktlarning avj olishi natijasida ruhiy va asab kasalliklarining soni ortib bormoqda.
Irsiy sabablardan tashqari, ruhiy va asab kasalliklarini keltirib chiqaradigan katta ikkita omil bor:
Shaxsning ichki (o’z-o’zi bilan) ruhiy konflikti;
Shaxsning tashqi ijtimoiy muhit bilan konflikti.
Dostları ilə paylaş: |