Biogeografiya fanining qisqacha rivojlanish tarixi.Tirik organizmlar hayotining tashqi muhit bilan bog’liqligi haqidagi fikr qadimdan ma’lum bo’lgan. Antik davrda yashagan faylasuflarning asarlarida hayvonlarning turli g’arizalari (instinktlari), baliqlar va qushlarning migratsiyalari, o’simliklarning tashqi qiyofasi tuproq va iqlim sharoitlari bilan bog’liqligi haqidagi ma’lumotlar keltiriladi. Uyg’onish davridagi ishlarda o’simlik va hayvonlarning tuzilishlari yashash sharoitlari bilan bog’liq holda o’rganiladi.
XVII—XVIII asrlardagi ekologik ma’lumotlar tirik organizmlarning ayrim guruhlarini o’rganishga qaratilgan edi. XVIII asrda Rossiya o’lkasi bo’ylab o’tkazilgan sayohatlar natijalariga asoslanib, ko’pchilik sayyohlar (S.P.Krasheninnikov, V. I. Lepexin, P.G.Pallaslar) o’simliklar va hayvonot dunyosi iqlimning o’zgarishiga qarab o’zgarishi haqidagi fikrlarni o’z asarlarida bayon etganlar. J.Byuffon (1707—1778)ning ishlarida hayvonlarning tuzilishiga tashqi muhitning ta’siri masalasi ko’tarilgan edi. J. B. Lamark (1774—1829) dastlabki evolyutsion ta’limotni o’rtaga tashladi va o’simlik hamda hayvonlarning evolyutsion o’zgarishlarida eng muhimi— tashqi muhit ta’siri deb hisobladi. XIX asrdagi ekologik ma’lumotlar (A.Gumboldt,1769—1859) o’simliklar geografiyasida yangi ekologik yo’nalishni keltirib chiqardi.
Iqlim ta’siri tufayli hayvonlar biologiyasiga va tarqalishiga bag’ishlangan ishlar ham vujudga keldi. K.F.Rule (1814—1858) o’z tajribasini hayvonlarning atrofini o’rab olgan tashqi muhit o’rtasidagi murakkab munosabatlarni o’rganishga qaratdi. 1859 yilda Ch.Darvin «Tabiiy tanlash yo’li bilan turlarning kelib chiqishi» asarida tabiatdagi yashash uchun kurash, ya’ni tur bilan muhit o’rtasidagi har qanday qarama-qarshiliklarning ko’rinishlari tabiiy tanlashga olib keladi va evolyutsiyaning harakatlantiruvchi kuchidir deb qaraydi.
XIX asrning ikkinchi yarmida ekologiya fani o’simliklar va hayvonlarning iqlim omillariga moslanishlarini o’rganish bilan mashg’ul bo’ldi. A.N.Beketov, (1825—1902) o’simliklarning ichki va tashqi tuzilishlaridagi xususiyatlari, ularning geografik tarqalishi bilan bog’liqligi hamda fiziologik usullarning ekologiya uchun ahamiyati katta ekanligini ko’rsatdi. Ana shunday ishlar hayvonlar hayoti misolida A.F.Middendorf tomonidan o’rganildi. 1877 yilda nemis gidrobiologi K. Myobius biotsenozlar haqidagi u tasavvurlarni asoslab berdi. Jamoalarni o’rganish turli uslublar bilan boyidi va o’simliklar jamoasi (fitotsenologiya) o’simliklar ekologiyasining mustaqil sohasi sifatida ajralib chiqdi. O’simliklar jamoasi haqida G.F.Morozov va V.N.Sukachev batafsil fikr yuritib, bu sohaga asos soldilar. V.N.Sukachev, B.A.Keller, V.V.Alexin, V.G.Ramenskiy, A.P.Dennikov, xorijda F.Klementes, K.Raunkier, T.DyuRie, I.Braun-Blanke va boshqalar umumiy biotsenologiyaning rivojlanishiga katta hissa qo’shdilar. 30-40-yillarda hayvonlar ekologiyasi bo’yicha umumky ekologiyannng nazariy masalalari bilan birgalikda yangi ma’lumotlar to’plana boshlandi. Umumiy ekologiyaning rivojlanishida D.N.Kashkarovning 1933 yilda chop qilingan «Muhit va jamoa» degan asari keyinchalik «Hayvonlar ekologiyasi asoslari» nomi bilan birinchi yozilgan darslik bo’lib qoldi. 30- yillarda ekologiyaning yangi tarmog’i hisoblangan populyatsion ekologiya vujudga keldi. Uning asoschisi ingliz olimi Ch. Elton hisoblanadi.
Evolyutsion va ekologik masalalarni o’z ichiga qamrab olgan ekonisha, ya’ni tabiatda turning yashashi uchun zarur bo’lgan muhitning barcha omillari yig’indisi haqidagi tushunchalar g’arb olimlari J.Grinnell, Ch.Elton, R.Makartur, D.Xatchinson, G.F. Gauzelarning xizmati tufayli fanga kiritildi. Hayvonlarning morfologik va evolyutsion ekologiyasini rivojlantirishda M.S.Gilyarov, S.S.Shvartslar katta hissa qo’shdilar. I.S. Serebryakov tomonidan gulli o’simliklarning hayot shakllari tasnifoti ishlab chiqildi. 40-yillarning boshlarida tabiiysistemalarni o’rganish jarayonida yangi yo’nalish kelib chiqdi. 1935 yili ingliz olimi A.Tensli ekosistemalar, 1942 yilda esa V.N.Sukachev biogeotsenozlar haqidagi ta’limotni ilgari surdilar. 50- yillarning boshlarida G. Odum, Yu.Odum, R. Uitekker, R.Margalef va boshqalar biologik mahsuldorlikning nazariy asoslarini yaratish borasida ish olib bordilar. Ekosistemali tahlilning rivojlanishi biosferani yangi, ya’ni ekologik asosda o’rganish imkonini yaratdi. Biosfera hadidagi ta’limot XX asrning yirik tabiatshunos olimi V. I. Vernadskiy nomi bilan bog’liqdir. Hozirgi vaqtda «Inson va biosfera» mavzuidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot ishlari tabiat bilan jamiyat o’rtasidagi asosiy qonuniyatlarni yanada chuqurroq o’rganishga qaratilgan.