Biogeografiya fanida foydalaniladigan uslublar Biogeografik va ekologik ilmiy-tadqiqot ishlarda ko’pincha tasviriy, taqqoslash, tajriba hamda ekosistemalarni modellashtirish uslublaridan foydalaniladi. Tasviriy, taqqoslash va tajriba uslublari deyarli barcha biologik fanlar foydalanadigan uslublardir. Ammo modellashtirish uslubi biologiya va ekologiyaga endi kirib kelayotgan uslublardan hisoblanadi. Shuning uchun ushbu uslub haqida bir oz ma’lumot berishga harakat qilamiz. Biologiyada modellashtirish tuzilishlarni, fiziologik funktsiyalarni hamda evolyutsion va ekologik jarayonlarni va shunga o’xshashlarni soddalashtirish yo’li bilan o’xshatish ma’nosida umumlashtirish, dinamik yoki statik holatlarda namoyish etuvchi yoki tasavvur hosil qiluvchi tadqiqot uslubidir.
Biz populyatsiyalardagi murakkab hodisalarni matematik modellar yordamida o’rganmoqchimiz, ya’ni populyatsiyalarning dinamik nazariyasi bilan tanishmoqchimiz. Bu yerda populyatsiyaning miqdoriy dinamikasi uning jinsiy va yosh tuzilmasi, tashqi muhit ta’siri, evolyutsiyaning har xil omillari ta’sirida o’tadigan genetik shakl va odamzod faoliyati natijalari bilan bog’lab o’rganiladi. Jonsiz olamda dinamik jarayonlar juda ko’p uchratiladi. Ularni modellashtirish ham oson. Ammo tirik organizmlar uchun dinamik modellar yaratish nisbatan ancha qiyin. Shuning uchun dinamik modellar yaratishdan avval statik modellar bilan shug’ullanilgan. O’simlik barglarining joylanish tartibi yoki mollyuska chig’anoqlarining burma (spiralь) chiziqlar qonuniyati yordamida tushuntirishga harakat qilish statik modellashtirishga misol bo’ladi.
Dinamik modellar shaxsning o’sishiga oid bo’lib, ularni 1831 yilda belgiyalik olim Adolf Ketls tuzgan edi. Modelь voqelikni aniq aks ettirishi, uning kelib chiqish qonuniyatlarini saqlab qolishi kerak.Modelь tuzilgandagi mushohada, olingan modellarning bir-biriga o’xshashi juda ko’p hodisalarning ma’nosini ochishga, ularni tahlil qilishga imkon beradigan darajada bo’lishi lozim. Modelь tuzganda biz individlarning tug’ilish va tirik qolish mexanizmlarini populyatsiyalardagi ichki aloqalarga bog’lashimiz, populyatsiya ko’rsatkichlarini esa biotik va abiotik muhit orqali aniqlashimiz kerak. Bundan tashqari, individlarning genetik xususiyatlari ham muhim rolь o’ynaydi. Ma’lumki, tabiatda bir jinsli populyatsiya yo’q. individlar genotipi nasllar soniga, ko’payish jarayoniga katta ta’sir ko’rsatadi. Demak, populyatsiyaning har bir guruhi o’ziga xos ko’payish ko’rsatkichlariga ega bo’ladi. Bu omillarni hisobga olmay turib to’g’ri modelь tuzish mumkin emas. Matematik modellash biologik hodisalarni aniq sharhlash va kelajak tadqiqotlar rejasini tuzishda qudratli omil sifatida katta ahamiyatga ega.