O’simliklar introduktsiyasi.O’simliklarning qandaydir xillarini boshqa rayon (mintaqalar)dan olib kelib selektsiya ishida foydalanish introduktsiya bilan bog’liq. Introduktsiya lotinchada (introductio) kiritish demakdir. Introduktsiya deb, o’simlik tur yoki navlarini ular ilgari o’smagan (ekilmagan) mamlakat yoki mintaqaga (o’smagan joyga yoki sharoitga) olib (ko’chirib) kelib kiritilishiga aytiladi. Makkajo’xori, kartoshka, tamaki, kungaboqar, pomidor, ingichka tolali g’o’za kabi ekinlar mamlakatimizga Amerika qit’asidan introduktsiya qilingan. O’simliklar selektsiyasida introduktsiyaning ahamiyati juda katta. N.I.Vavilov o’simliklar introduktsiyasining nazariy asoslarini yaratib, madaniy o’simliklarning geografik tarqalishi bilan bog’liq bo’lgan o’zgaruvchanlikning qator muhim qonuniyatlarini aniqladi. N.I.Vavilov kuzatishlari natijasida o’simliklarning tur va xillari yer yuzida bir tekisda taqsimlanmaganligi aniqlandi. O’simlik turlarining ko’pchilik qismi yer sharining bir qator mintaqalarda (janubiy-sharqiy Xitoyda, Hindistonda, Janubiy-G’arbiy Osiyoda, Efiopiyada (Habashiston), Markaziy va janubiy Amerikada, O’rta yer dengizi qirg’og’i mamlakatlarida (Old Osiyoda) tarqalgan. Kavkaz va O’rta Osiyoning tog’ etaklari o’simlik turlariga boy joylar hisoblanadi. O’simliklar birlamchi introduktsiyasi qadimiy zamonlarda, odamlar dehqonchilik bilan shug’ullana boshlaganda vujudga keladi. Ilgari faqat mahalliy o’simliklar, odamlar yashagan joy oldida ekilgan bo’lsa, keyinchalik qo’shni qishloq qabilalar o’rtasida urug’ almashtirish o’tkazilib, sifati va hosildorligi past o’simliklar siqib chiqarilgan.
Keyinchalik ayrim xalqlar, qabilalar iqlimning, yashash sharoitining o’zgarishi sababli bir joydan ikkinchi joyga ko’chishi, aholining sonini o’sishi, har xil harbiy yurishlar, yangi mintaqa, qit’alarni ochilishi, mamlakatlarda savdo aloqalari va boshqa ko’p sabablarga ko’ra introduktsiya avj olib – yangi-yangi o’simlik turlari, xillari tarqalgan. Odamlarning bir joydan ikkinchi joyga ko’chishi, ular bilan o’simlik va hayvonlarning ham olib ketib tarqalishi madaniy o’simliklarning dastlabki geografiyasini keskin o’zgarishiga sabab bo’ladi. Masalan AQSh, Kanada, Avstraliya, Janubiy Afrika Respublikasi va Argentinaga o’xshagan mamlakatlar o’zini qishloq xo’jaligini deyarli to’lig’icha chetda joylashgan o’simlik va hayvonlarning introduktsiyasi asosida yaratganlar. AQSh va Kanada qishloq xo’jaligida Rossiyaning bug’doy, arpa, suli, don, sebarga, olmalarning qanday rol o’ynagani ma’lum. Amerika Qo’shma SHtatlarida makkajo’xori, tamaki va qisman katta ahamiyatga ega bo’lmagan o’simliklardan tashqari hamma dala ekinlari va mevali o’simliklar introduktsiya orqali kiritilgan. Kaliforniyada esa hamma qishloq xo’jalik ekinlari, jumladan makkajo’xori ham introduktsiya qilingan ekinlardir.Selektsiya uchun boshlang’ich material yig’ish maqsadida ko’p mamlakatlarda maxsus choralar, ekspeditsiyalar tashkil qilingan. Masalan, Rossiyada ayrim agronom, dehqonlar, tajribakorlar o’simliklarni to’plash bilan 1700 yillardan boshlaganlar. Natijada qishloq xo’jaligiga yangi: kartoshka, makkajo’xori, kungaboqar, qand lavlagi, pomidor, ba’zi sabzavotlar, dukkakli don, manzarali ekinlar kiritiladi. Kartoshkaning birinchi tuganaklari va kungaboqarni urug’ini 1700 yili Pyotr 1 Gollandiyadan Peterburg shahriga graf SHeremetьevga yuboradi. Keyinchalik kartoshkaning introduktsiyasi natijasida katta maydonlarga tarqalishi “ikkinchi non”ga aylanishida atoqli agronom I.M.Komov va A.T.Bolotovlarning xizmatlari katta. CHet mamlakatlardan introduktsiya qilib, sabzavot o’simliklarni boshlang’ich material sifatida selektsiyada foydalanishga katta hissa qo’shgan Ye.A.Grachev dehqondir (1826-1877). U birinchi bo’lib Peterburg sharoitida ekin sifatida pomidorni joriy qilgan. Ye.A.Grachev 1875-1877 yil davomida Angliya, Belgiya, Germaniya, Italiya, AQSh, Frantsiyadan olib kelingan sabzavot o’simliklarning 2000 ga yaqin namunalarini ekib o’rgangan.1866 yilda juda ko’p nav namunalarni o’rganib, sinash natijasida karamning 50 navini, lavlagining 40, sabzining 36, sholg’omning 20, bryukvaning 18, turpning 28 xil navlarini ekishga tavsiya qiladi. Ye.A.Grachev birinchi bo’lib kartoshka navlarini yovvoyi turlari bilan chatishtirib fitoftoraga chidamli navlar yaratadi. Kungaboqar o’simligining tarixi juda qiziqarli, Shimoliy Amerikadan Yevropaga manzarali o’simlik sifatida olib keltirilgan chet mamlakat mehmoni 1870 yilga kelib asosiy texnika ekiniga aylanadi.
Hozirgi kunda Hamdo’stlik mamlakatlarida yaratilgan yuqori hosilli, tarkibida moy miqdori ko’p bo’lgan kungaboqar navlari AQSh, Kanada, Chili kabi mamlakatlar dalalarida ekish uchun introduktsiya qilinmoqda. Bunday misollarni ko’p ekinlar bo’yicha keltirish mumkin. Madaniy o’simliklarning botanik tarkibini o’rganish R.E.Regel tashabbusi bilan 1894 yilda Rossiya dehqonchilik vazirligi qoshida (Peterburg) amaliy botanika byurosi tashkil qilinganidan keyin avj oladi. Bu jahon fanining tarixida o’simliklar manba’lari va ularni introduktsiyasini o’rganish maqsadida ilmiy izlanishlarni tashkil qilish edi. Byuro tomonidan bir necha ekspeditsiyalar tashkil qilinadi.1924 yilda amaliy botanika byurosi asosida Butanittifoq amaliy botanika va yangi navlar instituti tashkil qilinadi, keyinchalik 1930 yil uning nomi Butunittifoq o’simlikchilik instituti ((Vsesoyuznыy institut rastenievodstva - VIR) deb atala boshlanadi. Institutga 1967 yilda akademik Nikolay Ivanovich Vavilov nomi beriladi. N.I.Vavilov 1920 yildan boshlab 20 yil davomida bu institutni direktori lavozimida ishlab genetika fani, selektsiya fanining rivojlanishida katta xizmatlar qiladi.
Vavilov davridan boshlab Yer sharida o’sgan o’simliklarni o’rganish va terib-yig’ib olish avj oladi va dunyoda eng yirik - boshlang’ich material uchun-o’simliklarning jahon kollektsiyasi tashkil qilinadi. VIRning olimlari N.I.Vavilov raxbarligida yer sharining 5 qit’asiga 60 dan ziyod, Hamdo’stlik mamlakatlari territoriyasiga esa 150 dan ko’proq ekspeditsiyalarda (N.I.Vavilovning shaxsan o’zi 52 ta mamlakatda bo’ladi) qatnashadilar. SHu maqsadda chet mamlakatlarning ko’plab ilmiy muassasalari bilan keng miqyosda nav namunalari almashish ishlari olib boriladi. N.I.Vavilov rahbarligida jahon kollektsiyasida 250 mingdan ziyod o’simliklar nav namunalari to’plangan edi. Jahonda eng boy manba hisoblangan VIRning o’simliklar dunyosi kollektsiyasini yaratishda N.I.Vavilov, R.E.Regelь, P.M.Jukovskiy, S.M.Bukasov, D.D.Brejnev, V.E.Pisarev, S.V.Yuzepchuk, V.S.Lexnovich, A.Ya.Trofimovskaya, D.V.Ter-Avanesyan, V.F.Dorofeev va boshqa ko’p olimlarning hissasi ayniqsa kattadir.
VIRning ilmiy xodimlari N.I.Vavilov rahbarligida 20 yil davomida mashaqqatli mehnat qilib, o’simliklarning Karl Linney davridan keyingi ikki asr ichida topilgan ko’p miqdordagi yangi turlarini aniqladilar. SHu bilan birga, ular qaysi o’simlik qaerdan kelib chiqqan, uning vatani qaerda ekanligini aniqlab, buni isbotladilar. O’simliklar namunalarini yig’ib - to’plashda VIRning asosiy ekspeditsiyalaridan quyidagilarni keltirish mumkin: N.I.Vavilov-1916 yil Eronga, 1921 yil - Kanada va AQSh, 1924 yil-Afg’oniston, 1926 yil - Italiya, Frantsiya, Ispaniya, Portugaliya, Marokko, Aljir, Tunis, Siriya, Livan, 1927 yil - Efiopiya, 1929 yil - Xitoy, Yaponiya, Koreya, Tayvanь, 1930 yil - AQSh, Meksika, Gvatemala, Gonduras, 1932-33 yil - Kanada, AQSh, Kuba, Meksika, Ekvador, Peru, Boliviya, Chili, Argentina, Urugvay, Braziliya, Grenada; V.E.Pisarev va V.P.Kuzьmin – 1922-23 yil Mongoliya, V.E.Pisarev - Finlyandiya, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya; S.M.Bukasov, Yu.N.Voronov, S.V.Yuzepchuk – 1925-29 yil – Meksika, Gvatemala, Panama, Kolumbiya, Kuba, Grenada; S.V.Yuzepchuk 1927-28 yil - Peru, Boliviya, CHili; P.M.Jukovskiy 1954-55 yil - Frantsiya, Korsika, Italiya, 1955 yil - Argentina, 1958 yil - Argentina, Peru, Chili, Meksika, 1960 yil - Italiya; D.V.Ter-Avanesyan 1956-59 yil - Hindiston, Nepal, 1960 yil - Indoneziya, 1963 yil - Sudan, 1964 yil - Yaponiya, 1968 yil - Avstraliya; D.D.Brejnev 1957 yil - Frantsiya, 1959 yil – AQSh, 1967 yil – Italiya, 1969 yil – AQSh, 1971 yil – Avstraliya; V.F.Dorofeev 1967 yil – Turkiya, 1968 yil – Eron, 1969 yil – Hindiston, 1970 yil - Pokistonga ekspeditsiya uyushtiradilar.VIR ekspeditsiyalari natijasida Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerika qit’alarining turli mamlakatlarida o’simliklarning selektsiya uchun qimmatli va kerakli nav hamda xillari topildi. Kichik Osiyo, O’rta Osiyo, Hindiston, Xitoy markaziy va Janubiy Amerika mamlakatlarida turli ekinlarining hozirgacha aniq bo’lmagan belgi va xususiyatli nav hamda xillari borligi aniqlandi. Masalan, ingliz bug’doyining 1000 ta doni 80 grammgacha bo’lgan, Jazoirning doni to’kilib ketishiga o’ta chidamli bug’doylari, O’rta Yer dengizidan keltirilgan arpaning turli kasalliklarga chidamli xillari selektsiya uchun muhim ahamiyatga egadir. Efiopiyadan qattiq bug’doyning qimmatli xillari, oq donli zig’ir va sulining yangi turi topildi. Bundan tashqari, bug’doyning ildiz chirishi, arpaning un shudring kasalliklariga chidamli ayrim xillari va xususiyatiga ega bo’lgan shakllari aniqlangan.
Markaziy va Janubiy Amerikaning Meksika, Peru, Boliviya, Chili, Argentina kabi mamlakatlaridan makkajo’xori va yovvoyi kungaboqarning barcha kasalliklarga chidamli xillari keltirildi. Bu yerlardan kartoshkaning poliploid, oqsilga boy, sovuq, zararkunandalar va kasalliklarga (kolarado qo’ng’izi, fitoftora, rak va viruslarga) chidamli yovvoyi turlari topildi. Shunday qilib VIRda yaratilgan madaniy o’simliklarning jahon kolektsiyasi o’zining turli-tumanligi va miqdori jihatdan dunyoda tengi yo’qdir. U yer yuzida yetishtiriladigan o’simliklarning asosiy genofondini o’z ichiga oladi va selektsiya uchun boshlang’ich material bo’lib xizmat qiladi. Bu yerda 1700 dan ortiq o’simlik turlarining 300 mingdan ko’p nav va namunalari mavjud. Bu kollektsiya yil sayin boyitilmoqda. So’nggi yillarda o’simliklarning jahon kollektsiyasi Yaponiya, Meksika, Hindiston va Amerikadagi past bo’yli bug’doylarning ko’pgina xillari, arpa, suli va makkajo’xorining lizinga boy navlari, g’o’zaning viltga chidamli tur va navlari, kartoshka, qand lavlagi va yem xashak ekinlarining qimmatbaho namunalari bilan boyitildi.To’plab olingan kollektsiya o’simliklar navlari, xillari
VIR-ning turli tuproq iqlim sharoitli mintaqalarida joylashgan tajriba stantsiyalarida ekilib, har tomonlama o’rganilib, yangi navlar yaratish uchun boshlang’ich material sifatida foydalanish tavsiya qilingan. Jumladan Toshkent yaqinidagi Botanika degan joyda VIRning N.I.Vavilov tomonidan tashkil qilingan O’rta Osiyo tajriba stantsiyasi asosida VIRning O’rta Osiyo filiali faoliyat ko’rsatgan. O’zbekiston mustaqilligi munosabati bilan VIRning filiali O’zbekiston o’simlikshunoslik ilmiy tadqiqot institutiga aylantirildi va bu institutda VIRning an’analari, ish uslublari, vazifalari saqlanib ish yuritilmoqda. Bu institutda O’zbekistonda ekiladigan hamma o’simliklarning namuna, nav, tur, xil kollektsiyasi mavjud bo’lib, u kollektsiya selektsiya uchun boy boshlang’ich material sifatida foydalanilmoqda.VIRning 1985 yilda keltirgan ma’lumotlariga ko’ra jahon kollektsiyasi quyidagicha bo’lgan:
O’simliklar kollektsiyasi namunalari, navlari O’zbekistonda g’o’za, sholi, bug’doy, arpa, kartoshka, makkajo’xori va boshqa ekinlari ilmiy-tadqiqot institut muassasalarida mavjud bo’lib, bu namuna nav kollektsiyasini doimo to’ldirish, boyitish choralari ko’rilmoqda. Samarqand qishloq xo’jalik instituti olimlari ham bu sohada o’z hissalarini qo’shib kartoshka, bug’doy, arpa ekinlarini kollektsiyasiga ega va har xil chora-tadbirlar qo’llab uni boyitishi bilan shug’ullanmoqdalar. VIR kollektsiyasidagi o’simliklarni har tomonlama, turli ekologik sharoitlarda o’rganish natijasida ularni boshlang’ich material sifatida selektsiyada foydalanish, duragaylashda juft tanlash ishlarini ancha osonlashtirib berdi. O’rganish natijasida kollektsiya tarkibida noqulay sharoitlarga – qurg’oqchilikka, sovuqqa chidamli, har xil zamburug’ kasalliklari majmuiga immunitetli, qimmatli belgi va xususiyatli namuna va mahalliy navlarning geografik guruhlari aniqlangan. O’simliklar kollektsiyasini yig’ish, har tomonlama o’rganish va selektsiya uchun amalda foydalanishni baholash asosida N.I.Vavilov selektsiya uchun boshlang’ich material ta’limotini, madaniy o’simliklarni selektsiyasining aniq batafsil agroekologik asoslari nazariyasini yaratadi. Bu nazariya asosida yer sharining hamma mamlakatlar o’z selektsiya ishlari va ekspeditsiyalaridagi ishlarini yuritadilar.
VIRning o’simliklar jahon kollektsiyasidan foydalanish natijasida har xil ekinlarning 700 dan ortiq navlari yaratilgan. Jumladan, O’zbekiston selektsionerlari tomonidan jahon kollektsiyasi o’simliklari asosida g’o’zaning bug’doy, arpa, makkajo’xori, sholi, kartoshka va boshqa ekinlarning yuqori hosilli, yaxshi sifatli navlari yaratilib, katta maydonlarda ekilib kelinmoqda. N.I.Vavilov rahbarligida to’plab yig’ib olingan jahon kollektsiyasi o’simliklarining urug’lari, tuganaklari VIRning laboratoriya bo’limlari omborchalarida temir qutichalarda saqlanib, har 2-3 yilda tajriba stantsiyalarda ekib urug’lari yangilanib turiladi. Ozgina tarixdan. Ulug’ Vatan urushi yillari Leningrad nemis fashistlari tomonidan qurshab olinganda, shaharda oziq-ovqat yetishmay, aholiga kuniga – ishchilarga 250 g, qolganlarga 150 g non berilar edi. Shu vaqtda VIRdagi qimmatli kollektsiyani sovuqdan, kalamush, sichqonlardan saqlash uchun 14 ilmiy xodim shaharda qoladilar. Qishning – 30-40 0S sovug’ida ochlikdan, sovuqdan ko’p odamlar olamdan o’tayotgan og’ir kunlarda, ushbu xodimlar VIRda quticha, xaltalarda ko’p miqdorda, (250 ming xil namunalar bir necha tonnani tashkil qiladi) g’alla donlari, dukkaklilar urug’lari, kartoshka tuganaklari yonida yurib, o’zlari ochlikdan madori qolmay, yurishga, gaplashishga kuchlari bo’lmagan holda ham, bir-birini quvvatlab, kollektsiyani kelajak uchun saqlash, asrash choralarini ko’rganlar. Ular qatorida yirik olim Vadim Stepanovich Lexnovich bo’lgan.
Shu satrlar muallifi 1959-1961 yillarda VIRda aspiranturada akademik S.M.Bukasov ilmiy rahbarligida o’qiganda, Vadim Stepanovich bo’limning katta ilmiy xodimi bo’lib ishlar edi. Uning uzun, katta soqoli bo’lganligi uchun VIRda u kishiga “Boroda” deb nom berishgan. Vadim Stepanovich o’sha og’ir yillar to’g’risida xotiralarini esga olganda, aytar ediki - u bilan birga bo’lgan xodimlarning bir qismi ochlikdan olamdan o’tsada, urushning oxirigacha kollektsiya saqlab qolingan. Urushdan keyin esa uning asosida yuzlab yuqori hosilli navlar yaratildi.