Bevositalar soliqlar yoki to‘g‘ri soliqlar deganda qurilish tashkilotlarining
moliyaviy xo‘jalik faoliyati ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan soliqlar
tushuniladi. Ushbu soliqlar harajatlarni ko‘paytirish yoki olingan daromadning bir
qismini undirish hisobidan pirovard natijada erishiladigan sof foyda summasini
kamaytirishga olib keladigan soliqlar hisoblanadi. Davlatimiz soliq siyosati
negizida bu soliq turlari yukini doimiy kamaytirib borish, ularning rag‘batlantirish
rolini oshirish yotadi.
Bilvositalar soliqlar yoki egri soliqlardeganda qurilish tashkilotlarining
moliyaviy xo‘jalik faoliyati ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmaydigan
soliqlar tushuniladi. Ushbu soliqlar sotilgan mahsulot, tovar, ish va xizmatlar
bahosi ustiga byudjet foydasi uchun qo‘yiladigan ustamalardir. Dividend va
xodimlar daromadlaridan undiriladigan soliqlarning egri soliqlar guruhiga kirishiga
sabab shundaki, ular qurilish tashkilotlari harajatlarini ko‘paytirish yoki olingan
sof foydani kamaytirishga olib kelmaydi. Qurilish tashkilotlari dividend va
xodimlar daromadidan soliqlarni byudjetga o‘tkazib berishda beg‘araz xizmat
ko‘rsatuvchilar bo‘lib hisoblanadi.
Qurilish tashkilotlarida bevosita va bilvosita soliqlarni hisob-kitob qilish,
ularni byudjetga o‘tkazib berish respublikamiz Soliq kodeksida belgilangan
umumiy tartiblarga asosan amalga oshiriladi. Shu bilan birga qurilish ishlarining
uzoq muddatlarda olib borilishi, ularni bosh pudratchi va subpudratchilar
tomonidan o‘z kuchlari bilan hamda hamkorlikda bajarilishi, daromadning
bosqichma-bosqich yoki yoppasiga topshirish usullaridan biri bo‘yicha tan olinishi,
shuningdek boshqa jihatlar ayrim soliqlarning hisob-kitob qilinishida o‘ziga xos
xususiyatlar borligidan darak beradi. Quyida qurilish tashkilotlarida QQS, daromad
(foyda) solig‘i va yagona soliq to‘lovini hisob-kitob qilish hamda ularni hisobga
olishdagi xususiyatlarga to‘xtalamiz.