4. DAVLAT FUNKSIYALARINI AMALGA OSHIRISH SHAKLLARI
Davlat o’z funktsiyalarini amalga oshirishda muayyan shakl va usullardan foydalanadi. Davlat funktsiyalarini amalga oshirish shakllarining huquqiy va huquqiy xarakterga ega bo’lmagan turlari mavjud. Huquqiy shakllar sifatida huquqni ijod qilish, huquqni ijro qilish va huquqni muhofaza qilishni ko’rsatib o’tish mumkin. Huquqiy xarakterda bo’lmagan shakllari davlat funktsiyalarini amalga oshirishda tashkiliy-tayyorgarlik ishlarining asosiy qismini qamrab oladi. Davlat o’zining funktsiyalarini amalga oshirish jarayonida ishontirish, majburlash va rag’batlantirish usullarini qo’llaydi. Xususan, iqtisodiy funktsiyani amalga oshirish misolida prognoz qilish, rejalashtirish, imtiyozli kreditlashtirish, moliyalashtirish, davlat subsidiyalarini berish, iste’molchilarni himoyalash va boshqa bir qator usullarni ko’rsatib o’tish mumkin.
5. DAVLAT FUNKSIYALARINING RIVOJLANISHI VA O’ZGARISHIGA TA’SIR ETUVCHI OMILLAR
Taraqqiyotning muayyan bosqichida turgan har qanday davlat bir xil funktsiyaga (masalan, iqtisodiy funktsiya)ga ega bo’lmaydi, lekin ularni amalga oshirish mazmuni va usullari bir-biridan farq qiladi. Har bir bosqichga qat’iy belgilangan funktsiyalar mos keladi deb o’ylash to’g’ri emas. Albatta, davlat taraqqiyoti davomida vaqti-vaqti bilan yangi funktsiyalar yuzaga keladi, lekin eskilari ham izsiz yo’qolib ketmaydi. Faqat ularning ko’rinishi o’zgarishi, yangi mazmun bilan boyishi mumkin.
Davlatning funktsiyalari u mavjud bo’lgan butun tarixiy davr mobaynida doimiy ravishda xos bo’ladi. Agar hokimiyat tepasiga boshqa siyosiy kuchlar kelsa, u holda davlatning funktsiyalari ham o’zgaradi. Shu bilan birga, ma’lum davrlarda ustuvor manfaatlarning o’zgarishi ham ro’y berishi mumkin. Bu o’z navbatida, funktsiyalarning ham o’zgarishiga olib keladi. Bunda birinchi o’ringa birlamchi ahamiyatga ega bo’lgan funktsiyalar chiqishi tabiiydir. Ijtimoiy va tabiiy borliqning turli sohalarida global o’zgarishlar ro’y berayotgan bugungi kunda ayrim funktsiyalarning ahamiyati yanada oshib borayotganligini ko’rishimiz mumkin. Bunga misol tarzida ekologik muvozanatni saqlash zarurati; turli xil kasalliklar (shu jumladan, OITS)ga qarshi kurash; alohida mamlakatlarning manfaatlari doirasiga sig’maydigan muammolarni hal qilishda xalqaro madaniy va ilmiy-texnik hamkorlik (koinotni o’zlashtirish, jahon okeani resurslarini o’rganish va ulardan foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, transport vositalarini rivojlantirish, milliy, etnik va diniy nizolarni hal etish va boshqa funktsiyalar)ni ko’rsatib o’tish joiz.
Dostları ilə paylaş: |