Ijtimoiy fanlar jamiyatni, kishilarni, insonlar o’rtasidagi munosabatlarni, insonlar tomonidan yaratilgan institut va tashkilotlarni individual guruhlarning ijtimoiy ongini o’rganadi.
Ijtimoiy fanlarning markazida inson, uning huquq va erkinligi turadi. Ijtimoiy hayotning asosida davlat va huquq to’g’risidagi, uning jamiyat hayotidagi roli va o’rni haqidagi masalalar yotadi. Ushbu masalalarni barcha ijtimoiy fanlar muayyan darajada o’rganadi va bundan davlat va huquq nazariyasi fanining boshqa fanlar, xususan, falsafa, iqtisodiyot nazariyasi, sotsiologiya, politologiya va boshqa fanlar bilan mustahkam bog’liqligida ko’rinadi.
Davlat va huquq nazariyasi boshqa fanlarning yutuqlariga tayangan holda, ijtimoiy fanlar tizimida o’z o’rniga egadir.
Davlat va huquq nazariyasining ijtimoiy fanlar bilan bog’liqligi. Iqtisodiy fanlar bilan bog’liqligi. Iqtisodiy fanlar jamiyatning bazisini, ya’ni ishlab chiqarish munosabatlarini, xo’jalik sohalarini tashkil etishni, moliya, kredit va boshqalarni o’rgansa, davlat va huquq nazariyasi fani jamiyatda ustqurmaning muhim qismi bo’lgan davlat va huquq hodisalariga o’zining asosiy predmeti sifatida qaraydi. Bu fanlar bir-biri bilan o’zaro bog’liqdir. Ularning o’zaro ta’siri va aloqasi davlat va huquqning iqtisodiyotga qanchalik bog’liq ekanligini o’rganishga va aniqlashga yordam beradi.
Falsafa fani bilan bog’liqligi. Falsafa tabiat va jamiyat rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini o’rganadi. U jamiyat, inson, davlat va huquq masalalariga ijtimoiy hodisa sifatida qarab ularni umumiy tarzda ko’rib chiqadi.
Davlat va huquq nazariyasi esa falsafa qonuniyatlariga asosan jamiyatda davlat va huquqning vujudga kelishi va rivojlanishi qonuniyatlarini o’rganadi. Bu fanlar bir -birini takrorlamaydi, balki to’ldiradi. Falsafa davlat va huquq hodisalarini bilishning asosidir. Davlat va huquq nazariyasi esa falsafani ma’lumotlar (manbalar) bilan qurollantiradi.
Davlat va huquq nazariyasi falsafa fani bilan juda chuqur va mustahkam aloqadadir.
Falsafiy dunyoqarash davlat va huquq nazariyasini darslik sifatida chuqurroq o’rganishga yordam beradi.
Dialektik nuqtai nazardan dunyoni tushunish davlat va huquqning ichki qarama-qarshiliklarini to’g’ri tushunish va anglashga yo’l ochadi hamda ijtimoiy jarayonlarga ta’sir etishga yordam beradi.