Inkorporatsiyaning uni amalga oshiradigan sub’ektlar doirasiga ko’ra uch turi mavjud: rasmiy, norasmiy va ofitsioz inkorporatsiya. Rasmiy inkorporatsiya deganda qonunchilik aktlarini ularni chiqargan organlar tomonidan to’plam va majmua shaklida tizimlashtirish tushuniladi. Norasmiy inkorporatsiyada tizimlashtirilgan to’plamlar tuzish buning uchun maxsus vakolati bo’lmagan idora va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi (masalan, yuridik nashriyotlar tomonidan yoki ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan tizimlashtirish). Ofitsioz inkorporatsiya deganda qonunchilik aktlarining ularni tizimlashtirish vakolatiga ega bo’lgan idoralar tomonidan umumlashtirilishi va to’plam yoki majmua qilib chiqarilishi (odatda, bunday tizimlashtirish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi) tushuniladi. Inkorporatsiyaning eng yuqori ko’rinishi – qonunlar majmuini tuzish, qonunlar va boshqa muhim normativ-huquqiy hujjatlarni to’plab, qat’iy tartib asosida mavzuli (predmetli) tizimlashdir. Bunda amaldagi barcha qonun hujjatlari yoki qonun hujjatlarining ma’lum bir sohasi, institutiga tegishli bo’lgan normativ hujjatlar muayyan tartibda joylashtirib chiqiladi.
Konsolidatsiya -bu tizimlashtirishning shunday shaklidirki, bunda normativ-huquqiy aktlarning mazmuniga o’zgartirishlar kiritilmaydi, lekin bu hujjatlar mustaqil yuridik akt sifatida o’zining kuchini yo’qotadi. Konsolidatsiya normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirishning inkorporatsiya va kodifikatsiya o’rtasidagi oraliq shakli hisoblanadi. Konsolidatsiya natijasida bir turdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan turli xil yuridik kuchga ega bo’lgan normativ-huquqiy hujjatlar umumlashtiriladi va shu asosda keraksiz takrorlanish va ziddiyatlar bartaraf etiladi.
13-mavzu.HUQUQIY MUNOSABATLAR
Mavzuning asosiy yo’nalishlari:
Huquqiy munosabatlar: tushunchasi, belgilari va turlari.