Biz kundalik turmushda keng qo'llaydigan ayrim oddiy moddalar o‘z tarkida natriy yoki kaliy atomi tutadi.
Masalan hammamiz ovqatga solib ishlatadigan osh tuzi natriy xloridi (NaCl) bo‘ladi. Uning molekulasi bittada xlor va natriy atomlaridan iborat. Osh tuzi, ya'ni, natriy xlorid, xlorid kislota (HCl) ning asos va natriy gidroksidi bilan reaksiyaga kirishishida hosil bo‘ladi. Shu sababli ham, kislotalar va asoslarning o‘zaro ta'sirlashuvi natijasida hosil bo‘ladigan moddalar uchun umumiy nom sifatida tuzlar atamasi qo‘llanadi.
Tuzlar molekulasi tarkibidagi atomlar, elektr kuchlari ta'siri ostida to‘g‘ri tartibda joylashgan bo‘ladi. Bunday atomlarni o‘zaro ajratish juda mushkul. Shu sababli ham aksariyat tuzlarni parchalash (eritish) uchun katta harorat darajalari kerak bo‘ladi. Siz bilasizki, suv, ya'ni, muz, 0 °C haroratda eriydi. Osh tuzi, ya'ni, natriy xloridi esa 801 °C dagina erishga o‘tadi. Ko‘plab tuzlardagi (va boshqa qattiq moddalardagi) atomlarning to‘g‘ri tartiblanishi, ularning qattiq holatidagi hosil qiladigan geometrik shakllariga o‘z ifodasini topadi. Ya'ni, atomlari to‘g‘ri tartiblangan moddalar odatda to‘g‘ri va tekis qirralarga, hamda o‘tkir burchaklarga ega bo‘ladi. Qattiq moddalarning bunday to‘g‘ri shakllarini kristallar deyiladi. Natriy xloridining kristallari kub shaklida bo‘ladi.
Natriy selitrasi, yoki, boshqacha nomi chili selitrasi deb nomlangan mineral o‘git molekulasi - bitta natriy, bitta azot hamda uchta kislorod atomlaridan tarkib topgan bo‘ladi va u natriy nitrati (NaNO3) deyiladi. Biz kundalik turmushda keng qo‘llaydigan oddiy shisha esa, asosan murakkab molekulyar tuzilishga ega bo‘lgan natriy silikat (Na2SiO3) molekulasidan iborat bo‘lib, uning tarkibida natriy, kremniy va kislorod atomlari mavjud.
Kaliy esa, kaliy nitrati (KNO3) deb nomlanuvchi oddiy selitra tarkibida mavjud bo‘ladi. Formulasidan ham ko‘rinib turibdiki, unda bitta azot, bitta kaliy hamda uchta kislorod atomlari mavjud. Shuningdek kaliyni dala shpati hamda slyuda tarkibidan ham topish mumkin. Kaliy nitrati avvalgi zamonlarda harbiy maqsadlarda, asosan porox ishlab chiqarishda qo‘llanilgan. Porox tayyorlash uchun natriy nitrati yaramaydi. Chunki u atrof-muhitdan namlikni o‘ziga tez va yaxshi o‘zlashtirib oladi. Namiqib qolgan porox esa, aslahalarni ham ishdan chiqaradi. Deyarli namiqmaydigan va namni o‘ziga yuqtirmaydigan modda bo‘lmish kaliy nitrati esa, zamonaviy kimyo fani va kimyo sanoati paydo bo‘lgunga qadar asosan xonaki hayvonlarning chiqindilari tarkibidan olingan. Hukumatlarning harbiy korchalonlari o‘z qo‘l ostilaridagi otxona va qo‘rxonalarida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar xizmatidan foydalanib, qo‘shinning jangovar tayyorgarligi uchun qimmatbaho kristalllarni yig‘dirishgan.
Natriy va kaliyning birikmalari dengiz suvida hamda, tirik to‘qimalarda juda ko‘p miqdorda uchraydi. Ular hayot uchun muhimdir. Odam organizmning o‘zi ham 0.35 % qismi kaliydan va 0.15% qismi natriydan iboratdir.
Dengiz suvidagi natriy asosan natriy xloridining erigan holati ko‘rinishidan bo‘ladi. Umrida bir marta bo‘lsa ham dengiz suvini ichib ko‘rgan odam buni juda yaxshi biladi. Dengiz suvi xuddi namakob singari juda sho‘rligining sababi ana shunda aslida. Dunyo okeanidagi suvlarning deyarli barcha qismi aynan ushbu eritmadan, ya'ni, natriy xloridning suvdagi eritmasidan tashkil topgan. Akvatoriyasidan chiquvchi tashqi oqimga ega bo‘lmagan dengizlar suvida esa, natriy xloridning konsentratsiyasi undan-da baland bo‘lib, bu degani mazkur dengizlarning suvining sho‘rligi, boshqa dengiz va okeanlar suvidan yuqoriroq deganidir. Xususan, Iordaniya va Isroil davlatlari chegarasida joylashgan o‘lik dengiz suvida 20% gacha natriy xlorid mavjudligi aniqlangan. Shuningdek, butun dunyo bo‘yicha quruqlik hududlarida ham ko‘plab tuz konlari uchraydi. Bunday konlar asosan, bir zamonlar dengiz tubi bo‘lgan va hozirda quruqlikka aylangan hududlarda joylashgan bo‘lib, million yillar avval qurigan dengizlarning bizga qoldirgan merosi deyish mumkin. Sayyoramizning ayrim hududlarida hatto qalinligi bir necha kilometr keluvchi tuz konlari aniqlangan. Tuzni biz nafaqat ovqatga solish uchun ishlatamiz, balki undan inson hayotida asqotuvchi yana ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanamiz. Shu sababli ham tuz konlari sanoat uchun katta ahamiyat kasb etadi.
Natriy va kaliy elementlarining Yer yuzasi bo‘ylab anchayin keng tarqalganligiga qaramay, ushbu elementlarning o‘zini mustaqil holda olish oson ish emas. Ular shu darajada faolki, ularning atomlarini birikmalardagi boshqa elementlar atomlaridan ajratib olishning deyarli iloji yo‘q.
Ushbu elementlarni ilk bora mustaqil holda olishga faqatgina 1807-yildagina, ingliz olimi Gemfri Devi musharraf bo‘lgan. U kaliy va natriyli tuzlarni eritib, eritma orqali elektr tokini o‘tkazgan. Elektr toki ta'siri ostida, kaliy yoki, natriyning atomlari idishning bir tarafiga, boshqa birikmalar atomlari esa, idishning narigi tarafiga borib to‘plangan. Shu tarzda kaliy va natriy atomlarini birikmalar tarkibidan ajratib olish imkonli bo‘lgan. Ular kumush-oq rangli juda yumshoq metallar bo‘lib chiqdi. Yumshoqligi shu darajadaki, natriy va kaliyni eng o‘tmas tig‘li, to‘mtoq pichoq bilan ham kessa bo‘ladi. Bu elementlarning har ikkisi ham anchayin past haroratda, suvning qaynash haroratidan ham pastroq darajalarda eriydi. Xususan, natriyning erish harorati 98 °C bo‘lsa, kaliyniki 63 °C dir.
Ko‘p bora ta'kidlaganimizdek, kaliy va natriy elementlari juda faoldirlar. Ayniqsa kaliy bu borada yetakchi sanaladi. Alohida holatda olingan kaliy ham natriy ham, darhol yana birikma hosil qilishga kirishadi. Ochiq havoda kaliy va natriy elementlari shu zaxotiyoq kislorod bilan birikadi. Hosil bo‘lgan birikma esa, metallga xos bo‘lgan yarqiroqlikni darhol yo‘qotadi. Ya'ni, metall xiralashadi.