Kecha va kunduz asari psixologik tahlili
Kecha va kunduz asari psixologik tahlili
Reja
1.Cho’lpon va uning asari haqida
2.Asar qahramonlari xarakeri haqida
3Umumiy xulosa
Bajardi: Nasimov Bunyodxon
Tekshirdi: Axrorov Vorisxon
1.Cho’lpon va uning asari haqida Atoqli adib Abdulhamid Sulaymon Cho’lpon qalamiga mansub «Kecha va kunduz» asariga «O’tkan kunlar asari darajasida» deb baho berilgan. U o’zbek adabiyotidagi ilk roman — dilogiya bo’lib, ikki kitobdan iborat. Birinchi qismi «Kecha» 1933-34 yillarda Moskvada yozilgan. Dastlabki boblari 1935 yilda Toshkentdagi adabiy jurnalning 1-sonida bosilgan, asar 1936 yilda to’liq holda nashr etilgan. Asardagi voqealar ilk bahorda boshlanib, qish chillasida tugaydi. Cho’lpon romaniga «Hamal keldi — amal keldi» maqolini epigraf qilib olgan.
Romanning «Bugun» deb atalgan ikkinchi qismining taqdiri to’g’risida ma’lumot yo’q. Holbuki «Kecha» da tasvirlangan voqealarning mantiqiga ko’ra romanning «Kunduz» qismida Zebining Sibir surgunidan, Miryoqubning esa Qrim safaridan keyingi hayotlari tasvirlanishi lozim edi. Birinchi kitobdagi tasvir etilgan voqea birinchi jahon urushi endigina boshlangan kezlarida O’zbekiston viloyatlarining birida bo’lib o’tadi. Asardagi asosiy g’oya mavjud tuzumni tag — tomiri bilan o’zgartirishdir.
2.Asar qahramonlari xarakteri haqida
Insonning botiniy olami suhbatlarda, muzokaralarda u yoki bu darajada zohir topishi shubhasizdir. Badiiy adabiyotda bu jarayon dialog va monologlar orqali namoyon bo’ladi. Asar qahramonlarining suhbatlari, bahs-munozaralarining biz ko’nikkan suhbatlardan , shunchaki kayfiy munozaralardan farqi shundaki, asardagi dialoglar adibning badiiy niyatiga aloqador bo’lgani bois estetik yoqimli va asarning yaxlitligini ta’minlovchi badiiy unsur hisoblanadi. Shu sababli yozuvchi qahramonlarning xatti-harakatlarinigina emas, qalbi va qiyofasi, botini va zohiri, ma’naviy va moddiy mavjudiyati o’rtasidagi inja muvofiqlikni topa bilishi va bu holatni so’z ruhi bilan uyg’unlashtira olmog’i lozim.
I
Qahramonning tafakkur tarzi, dunyoqarashi, ijtimoiy saviyasiga munosib hayot bichimi topish o’ta murakkab faoliyat. Buning uchun xarakter va hayot mantig’ini jiddiy kuzatish va mohiyatini ravshan ifodalay olish zarur bo’ladi. Zero asar tilining go’zalligi uning ravonligi, aniq va ixchamligi bilan belgilanadi. «Shu ma’noda dialog mahorati yozuvchi talantining, uning hayotni qay darajada chuqur bilish va inson tabiatini zukkolik bilan his qilishini ochib ko’rsatuvchi zargarlik kalitidir» (G’аfurov I. Go’zallikning olmos qirralari. Adabiy o’ylar. T., 1964. 141- b).
«Kecha va kunduz»dagi dialoglar silsilasida qahramonlarning ichki dunyosi, aql-zakovati, fahm-farosati va axloqiy qiyofasi o’zining barcha qirralari bilan namoyon bo’ladi. Asardagi Razzoq so’fi bilan Qurvonbibi o’rtasidagi dialogni eslaylik: Qurvonbibi so’figa yoqadigan bir so’z topganday, dadillik va bemalollik bilan kulib turib gap boshladi: — Men Zebini bir joyga jo’natib yotibman.
So’fi bu safar baqirmasa hamki, dag’al bir ovoz bilan so’radi: — Qaerga? Nega?
— Oydinko’ldagi Xalfa eshonimizning kichik qizlari bir-ikkita o’rtog’ini «bahorlashib ketinglar» deb chaqirtirgan ekanlar. Shularning bittasi Zebi, yana bittasi uning o’rtog’i Saltanatxon ekan. Saltanatxon aravani qo’shtirib qo’yib, o’zi Zebini aytgali kelibdi. Yo’q desak qanday bo’ladi?
Xotini nima desa «yo’q» deydigan so’fi bu safar birdaniga «yo’q» demasdan, xayolga ketdi.(…)
Sukut uzoqqa cho’zilgandan keyin Qurvonbibi endi bu safar jiddiy bir chehra bilan: — Nimaga indamaysiz? Xo’p deng! Katta odam, uyat bo’ladi. Bir yaxshi xotinlari, bir otincha qizlari borki… O’zlarini bo’lsa o’zingiz bilasiz,-dedi.
So’fi negadir: — Bilaman, fitna, bilaman!-deb qo’yib, yana jim bo’ldi.
Endi Qurvonbibi yana ham jiddiylashdi: — Bo’lmasa «yo’q» deng. Saltanatxonga javob beray, ketsin! Azonda kelgan edi.
Shundan keyin so’fining tili aylandi: — Shoshma, fitna! «Yo’q» dema, mayli, bora qolsin… — Qachon keladi? — Indinga erta bilan yo kechqurun. — Eshonoyimning ra’ylariga qarasin.
So’fi o’rnidan turdi. Kartdan tushib, kavshini kiyarkan: — Ovozim bor deb ashulaga zo’r bermasin, dedi. Nomahramga ovozini eshitdirsa rozi emasman!.(18-19)[1]
Ushbu dialog qahramonlarning o’zaro munosabatlarini, o’ziga xos ruhiy dunyolarini va asarning mazmun-mohiyatini ochishda muayyan vazifani ado etish bilan e’tiborga loyiq. Razzoq so’fi tund va dag’al tabiatli odam. Shu bilan birga xotini va qizining ko’ngli bilan qiziqmaydiki, qizini «qish ichi siqilgan ko’nglini yozib kelish uchun» qishloqqa yuborsa. Biroq, Qurvonbibi so’fidan ijozat olish «ilmini» chuqur egallagan. Qurvonbibining bu mahoratini yozuvchi qizlar nutqi orqali g’oyat jonli va ishonarli qilib beradi:
«- Qurvon xolam bopladi!-dedi Salti. — Enam gapga usta. Eshondan tushganini ko’ring. Eshon desangiz otam o’lganini ham bilmaydi… Xudo muni eshonlar uchun yaratgan».
Shu bois ham so’fining biroz avvalgi avzoi masalaning qizlar hisobiga hal bo’lishiga to’siq bo’la olmadi. Qurvonbibi «xalfa eshon» so’ziga alohida urg’u berib aytishdan boshlagach, xotini nima desa «yo’q» deydigan odam bu gal xayol surib ketdi. Tabiiyki, Qurvonbibi qulay fursatni qo’ldan berib qo’ymaslik taraddudida og’zidan bol tomib xalfa eshonni maqtagani-maqtagan. «Bir yaxshi xotinlari, bir otincha qizlari borki… O’zlarini bo’lsa o’zingiz bilasiz…» Tilimizda -lar ko’plik shaklining hurmat ma’nosida ham qo’llanishi me’yoriy holdir. Mazkur vaziyatda hurmat ma’nosini tugal ifodalash uchun yolg’iz «-lar»ning o’zi yetarli bo’lmagani bois «yaxshi» sifatlashi keltiriladi.
Biroq, bu bilan ham qoniqish hosil qilmagan yozuvchi «yaxshi»ning shunchaki «yaxshi»lardan farqli, alohida «bir yaxshi» ekanligini urg’ulashni lozim ko’radi. Qurvonbibining maqsadi-qizlari uchun eridan ruxsat olib berish. Shu maqsadda o’zi ko’rmagan, bilmagan xalfa eshonni va uning xotin-bolalarini tavsifu ta’riflash bilan ovora. Eshonning xotini «bir yaxshi» ekan, «a’lo» bo’lganida ham so’fi uchun zarracha ahamiyati bo’lmas edi. Qizi-ku «bir otincha» ekan, farishta bo’lmaydimi? So’fi uchun muhim bo’lgan narsa o’sha otinchaning otasi, o’sha «bir yaxshi» xotinning eri xalfa eshonligidadir! So’fi qiziga ruxsat berishda aynan shu narsaga alohida e’tibor bergan. Bundan tashqari suhbat yakunida holatni yanada oydinlatuvchi bir izoh bor:
«Bu safar odamga o’xshash gapirib, Qurvonbibini quvontirgan Razzoq so’fi shu so’zlardan so’ng yana o’z jimligiga qaytdi. Biroz so’ngra sallasini kiyib, yaxtagini qo’liga olgandan so’ng: -Xurjunni ber, fitna! Bo’lmasa, ikkita qop ber!-deb qoldi. Qurvonbibi qopni uzatar ekan, erining qo’liga shu topda bir oz pul tushganini, endi kattaroq xarid qilish uchun bozorga ketayotganini va haligi zo’r iltifotning ham pulning kuchi bilan bo’lganini angladi…»(19)
So’fining g’azabdan tushishiga sabab bo’lgan omillardan biri xalfa eshonning «yuz-xotiri» bo’lsa, ikkinchisi «pulning kuchi»dir. Qurvonbibining eshonoyini aylanib-o’rgilib maqtashlari-chi? Ularning ta’siri, kuchi aslo sezilmadimi? Aslida xalqda «yaxshi gap ilonni inidan chiqaradi» degan naql bor.
«Ilonni inidan chiqaradigan» yaxshi gaplar so’figa ko’pam kor qilavermasdi. Qurvonbibi buni biladi. Lekin o’zi tanimagan bir odamni olqar ekan, xuddi ko’rgandek, ko’p qadrdon kishisi haqida so’zlayotgandek holatga kirishi uning xarakteri bilan ham bog’liq. Qurvonbibi hech kimga yomonlik sog’inmaydigan, hammani ichidan sevadigan, bag’ri keng, ochiq ko’ngil va ayni damda sodda o’zbek onasi.
E’tibor berilsa, ushbu suhbatning asar taqdirida muhim rol` o’ynashi ayon bo’ladi. Mazkur dialog pirovardida Zebilar qishloqqa brishga izn oladilar. Voqea-hodisalarning keyingi takomili shu suhbat bilan bevosita bog’liq. Dialogning asar uchun nechog’li qimmatli ekanligini nazarda tutib, ba’zi o’rinlarga qayta murojaat qilamiz. Razzoq so’fi yakka-yu yagona qizning otasi. U johil, dag’al bo’lgani bilan baribir ota emasmi? Javob berishdan avval uzoq sukutga cho’madi.
Otasining bu holatini ichkaridan kuzatib turgan Zebi: «Otam osonlik bilan ma’qul gapga ko’nadigan odam emas… Jim turib qolishini ko’ring: hali ham churq etmaydi» deydi. Zebi va onasining nazarida «ma’qul» ko’ringan narsa ota dunyoqarashida qay tarzda tahlil qilinayotgan ekan? Razzoq so’fining tundligi bois buni bilishimiz qiyin. Lekin xalqda keng tarqalgan aqidaga ko’ra ota ko’ngli ba’zi narsalarni oldindan sezarkan. So’fining uzoqqa cho’zilgan sukuti zamirida qizining taqdiri bilan bog’liq ichki sezimlar yotmaganmikan? Shu ma’noda «so’fi negadir:
— Bilaman, fitna, bilaman!-deb qo’yib yana jim bo’ldi» ifodasi diqqatni tortadi. Yozuvchi «negadir» so’ziga so’fining hadigini, gumonini yuklay olgan chamasi. «Bilaman» so’zining takrorlanishi va yana jim qolishi… Bularning bari inson ongida kechadigan, lekin anglanishi qiyin bo’ladigan holatlarning, sezimlarning ifodasidir. So’fi ota sifatida va inson sifatida shuur ostida ro’y beradigan ana shunday jarayonlarni boshdan kechirayotgani aniq. Razzoq so’fi umri davomida shakllangan xarakteridan va ko’nikmalaridan chiqib ketishi mahol bo’lganidan qiziga izn berdi. Eshonning ra’yi va pulning kuchi bu borada asosiy vazifani bajargan bo’lsa-da, so’figa dalda bergan yana bir sir bor. O’sha sirni so’fining nutqidan qidiramiz:
«-Ovozim bor deb ashulaga zo’r bermasin,-dedi,-Nomahramga ovozini eshitdirsa rozi emasman!». Demak, asar so’ngidagi ko’rgiliklar Zebining ovozi orqali kelishini So’fi qaysidir ma’noda sezgan. Faqat masalani hamma singari osongina hal qilgan: «Unday qilmasa, bunday bo’lmaydi» qabilidagi yechim Razzoq so’figa dalda bergan bo’lishi mumkin. Ya’ni: «ashula aytmasa, nomahramga ovozini eshitdirmasa, paranjini yechmasa hammasi yaxshi tugaydi» kabi tabiiy ishonish tarzi otaning ko’nglidagi g’ashliklarni quvib yuborgan bo’lsa ajab emas.
Yozuvchining mahorati qahramonlarning tuyg’u-kechinmalarini teran anglashi va har bir qahramonning saviyasiga, dunyoqarashiga, ruhiy olamiga g’oyat mos keladigan so’z topa bilishida yorqin namoyon bo’ladi. Jumladan, yozuvchining ardoqli qahramonlaridan biri, kitobxon mehrini ohangrabodek o’ziga jalb qiluvchi maftunkor Zebi nutqidan uning ongi, madaniy saviyasi va uni boshqalardan ajratib turuvchi o’ziga xos xarakterini payqashimiz mumkin: «So’fining bu avzoyini ko’rgandan keyin ikki qizning borqadar umidi ham uzilib bo’ldi. Zebi bu umidsizlikni yashira olmadi:
«- O’ynashmay o’laylik, endi otam hech qaerga chiqarmaydi…
Salti ham o’z tashvishini anglatdi: — Nima qilamiz endi? Siz bormasangiz, men ham bormayman… Enaxon toza koyiydi-da. — Tek o’tirgan bo’lsak ko’ngli yumsharmidikan?-dedi Zebi.
Salti indamadi. Birozdan so’ng yana o’zi ilova qildi: — Ko’ngli o’lsin, yumshagan vaqtini ko’rganim yo’q! Katta-katta xarsangtoshlarni soy bo’yiga devlar tashlagan, deydi… Eng kattasini otamning ko’kragiga tashlab qo’yib, «mana shu sening ko’ngling!» deganmikan, yashshamagurlar!»
Xalq tilining rang-barang bo’yoqlaridan usta rassomdek mahorat bilan foydalana olgan yozuvchi Zebi nutqi orqali voqea bo’lib o’tayotgan vaziyatni, sharoitni jonli va tugal tasvirlash bilan birga «ardoqli» qahramonning o’sha muhitga munosabati, xususan oiladagi o’rni va erkini g’oyat ishonarli tarzda aks ettiradi. Zebi oiladagi yakka-yu yagona qiz. U har qancha erkalik qilsa, har qancha sho’xlik qilsa yarashgulik qiz. Lekin Zebi unday qila olmaydi. Erkalik u yoqda tursin, ozib-yozib bir sevingani, dugonasi bilan bir quvnab-shodlangani ham badjahl otaning tor ko’ngliga sig’madi.
Zebi bular haqida o’ylashni ham istamaydi. Hatto bundan boshqacha bo’lishi mumkinligini tasavvur ham qila olmaydigandek ko’rinadi. Otasining o’ziga va onasiga nisbatan sovuq, begonalardek munosabatni singdira olmasa-da, dilidagini tiliga chiqarishni ep ko’rmaydi. Zebi ana shunday sharoitda o’sib-ulg’aygani bois bariga ko’nikib ketgan edi. Biroq shunday vaziyat yuzaga keldiki, beixtiyor «ko’nglini yorishga», ichki isyonini oshkor qilishga jazm etdi. Qiz ruhiyatidagi dastlabki umidsizlik darhol uning tiliga to’kildi:
«- O’ynashmay o’laylik, endi otam hech qaerga chiqarmaydi…». Ko’rinib turibdiki, Zebi o’zini bo’lib o’tgan voqeada asosiy aybdor deb o’ylayapti. Shu sababli qilgan xatosini emas, «aybiga» yarasha jazoning muqarrarligini fahmlab, jazo turini ham o’zicha chamalab bo’ldi. Biroz vaqt o’tib, yurak dukuri bosilgandan so’ng: «Tek o’tirgan bo’lsak ko’ngli yumsharmidikan?»-deya o’ziga savol beradi. Demak, Zebi yuz bergan voqeani tahlil qila boshladi. Endi u otasining ham aybi yo’qmikan degan mulohazaga bormoqda. O’ynashganligi uchun «javob bermasligi» aniq bo’ldi, go’yo. Lekin tek o’tirganida izn berarmidi? Zebi ikki holatni qiyos qilish orqali otasining ham aybsiz emasligini farqladi. Faqat Zebining bu tarzda o’ylashi uning nazdida otaga nisbatan hurmatsizlikday tuyuldi chamasi, aybdorni boshqa joydan qidirishga kirishdi va topdi ham: Aybdor yovuz kuchlar-devlar bo’lib chiqdi.
Natijada Zebi dugonasining oldidagi mahjublikdan ham qutulgan bo’ldi. Eslasangiz, hovli supurish epizodida Zebi qo’liga supurgi olishni istamasa-da, o’rtog’ining «bu qiz enasining gapiga kirmas ekan» degan o’yga borishini o’ylab, indamasdan qo’liga supurgi olgan edi. Xuddi shuning singari Zebi otasini yomonlayversa o’rtog’i «bu qiz otasini hurmat qilmas ekan» deb o’ylashi mumkin edi-da. Zebi shu tobda otasini emas, otasining ko’kragiga eng katta toshni tashlab, «mana shu sening ko’ngling!» deb ketgan devlarni koyiyotgan, ularni ayblayotgan edi.
Asosiy manba: M.Yo’ldoshev. Cho’lpon so’zining sirlari. Toshkent: Ma’naviyat, 2002. ________________________________________
[1] Romandan keltirilgan bu va bundan keyingi misollar ushbu nashrdan olingan: Cho’lpon. Asarlar. Uch jildlik. II jild. O. Sharafiddinov tahriri ostida. — Toshkent: G’. G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1994. Qavs ichida kitobning misol olingan sahifasi ko’rsatilgan.
Vebdagi manba: Ma’rufjon Yo’ldoshevning veb-sahifasi
http://fayllar.org
Dostları ilə paylaş: |