1-kurs o\'zbek mutaxassislikka kirish majmua 2022-2023
4-bosqichda eng asosiy e’tibor sonlarning imlosiga qaratiladi, ya’ni sonlarning har bir qismini alohida yozish (etti, yigirma etti), chiziqchasiz va chiziqcha bilan yozish (7 o‘quvchi, 7-sinf, X sessiya, 8-dekabr, 1992-yil), qo‘shimcha qo‘shilgandan keyin son o‘zagidagi o‘zgarishlarni yozuvda to‘g‘ri ifodalash (ikki+ov=ikkov, etti+ov=ettov, ikki+ala=ikkala), qo‘sh undoshli sonlarning yozilishi (ikki, etti, sakkiz, o‘ttiz), sonlarning gramm, kilogramm, metr, litr so‘zlari bilan qo‘llanishi yangi bilim sifatida o‘rgatiladi. Sonning 3-bosqichda o‘rganilgan grammatik xususiyatlari bu bosqichda asosan mustahkamlanadi.
Metodik ishlar mazmuni shu vazifalarni bajarishga qarab belgilanadi. Gap yoki matnni o‘rganishda, chiziqchalar o‘rniga mos sonlarni qo‘yib o‘qish, gap tuzishda maqollar, topishmoq; matn tuzishda ertaklardan foydalanish tavsiya etiladi. Masalan:
_______ o‘lchab, _______ kes. _______ yigitga _______ hunar oz. ____ ketib, _______ qoldi. Bir mayizni _____ bo‘lib emoq. Pak-pakana bo‘yi bor, ______ qavat to‘ni bor va hokazo.
Sonlarni miqdor bildiruvchi so‘zlar bilan almashtirish: 100ta – ancha ko‘p, 2 ta – kam, oz. Ularni ifodalashdagi farqni aniqlatish: ikki raqam bilan yoziladi, kam, oz so‘zlarini raqam bilan yozib bo‘lmaydi.
Sonlarning imlosiga doir mashqlarda raqamlarni harflar bilan ifodalash (2, 7, 8, 9,11 - ikki...: 2+ov, 7+ala, 6+ov; 10 gramm, 100 so‘m, o‘n so‘m...), harflar bilan yozilgan sonlarni raqamlar bilan (arab va rim) ifodalash (etti o‘quvchi, beshinchi sinf, ikki ming birinchi yil, o‘n to‘rtinchi yanvar, 5-sinf, V sinf, 7 o‘quvchi...) kabi topshiriqlardan foydalaniladi. Mashqlar asta-sekin murakablashtirib boriladi.
Boshlang‘ich sinflarda sonni o‘rgatish ot bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi. Sonning ot bilan bog‘lanishi asosida o‘quvchilar ko‘p ma’lumotlarni ham egallaydilar.
Sonni o‘rganish yakunida o‘quvchilar quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari lozim:
1. Sonning sanoq va tartib ma’nolarini bildirishini. 2. Son nechta?, qancha?, nechanchi? so‘roqlariga javob bo‘lishini. 3. Son otga bog‘lanib kelishini. 4. Son gapda ikkinchi darajali bo‘lak vazifasida kelishini. 5. Sonlarni imlo jihatdan to‘g‘ri yozishni. 6.Og‘zaki va yozma nutqda sonlardan to‘g‘ri va o‘rinli foydalana olishni. 7. Sonlarga shakldosh so‘zlar topishni. 8.Matndagi sonlarni boshqa miqdor bildiruvchi so‘zlar bilan almashtirishni. Har bir grammatik mavzu bir necha darsda o‘rganiladi. Shuning o‘ziyoq o‘qituvchilardan har bir darsda o‘rganiladigan grammatik material tabiatidan kelib chiqib metod, usul va ish turlarini belgilab olishni, muayyan darslikdan kelib chiqib, darsning texnologik xaritasini ishlab chiqishni taqozo etadi.
Yangi grammatik materialni o‘rganish darsining qurilishi 2-sinfda “Sanoq va tartib bildirgan so‘zlar” mavzusi misolida quyidagicha bo‘lishi mumkin: