2.Qo'shiqlar tasnifi Hozirgi paytda ham qo'shiqlar xalq hayotiga hamrohdir. Ularda mehnat, tarixiy voqealarga munosabat, mavsum marosimdagi urf - odatlar, qolaversa, yosh yigit qizlarning ishqiy kechinmalari o'z ifodasini topadi. Shu jihatdan xalq qo'shiqlarimizni quyidagi turlarga bo'lib o'rganishimiz va tahlil qilishimiz mumkin:
1. Mehnat qo'shiqlari.
2.Mavsum-marosim qo'shiqlari.
3. Lirik (ishqiy) qo'shiqlar.
4. Tarixiy qo'shiqlar.
A)Mehnat qo'shiqlari.Boshqa xalqlarda bo'lgani kabi mehnat jaryonini o'zida ifodalashi bilan mashhur. Ma'lumki, o'zbek xalqi asrlardan buyon dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik bilan shug'ullanib keladi. Mehnat esa o'ziga yarasha tashvishdan, irodalilikni namoyish qilishdan, ba’zan insonning o’zini majburlashdan iborat bo’ladi. Ayniqsa, kun davomida doimiy ravishda bir xil zerikarli harakat qilish odamni toliqtiradi, qilinayotgan ishni to’xtatmagan holda ovunish choralarini topishga majbur qiladi. Ana shunday damlarda eng samarali yechim qo’shiq aytishdan iborat bo’ladi. Tanob-tanob yerga don sochish yoki bug’doy o’rish, chelak-chelak sut sog’ish, metr-metr gilam to’quvchidan katta jismoniy kuch va malaka talab qiladi. Shuning uchun ajdodlarimiz har bir ishni qo’shiq bilan bajarib ham mehnatning samarali bo’lishini, ham qilinayotgan ishni zerikmasdan bajarish yo’lini o’ylab topganlar. Xalqimiz orasida yashab kelayotgan mehnat qo’shiqlari bajariladigan ish sohalariga qarab uch xil bo’ladi:
Dehqonchilik bilan bog’liq mehnat qo’shiqlari.
Chorvachilik bilan bog’liq mehnat qo’shiqlari.
Kasb-hunar bilan bog’liq mehnat qo’shiqlari.
B)Mavsum-marosim qo’shiqlarixalq poeziyasining tarkibiy qismini tashkil etadi. Bu qo’shiqlar xalqimizning qadimiy ommaviy bayramlari, oilaviy rasm-rusumlar bilan bog’liqdir. Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit-turk asaridan ma’lum bo’ladi-ki, mavsum-marosimlarga oid xalq qo’shiqlarining tarixi qadim o’tmish zamonlarga borib taqalar ekan. Shu paytlardan buyon mavsumlar almashdi, marosimlar muttasil o’tkazildi. Bu marosimlarda qo’shiqlar aytildi.
Olimlarning ma’lumot berishlaricha, mavsum-marosimga oid xalq bayramlarining tarixi minglab yillar bilan o’lchanar ekan. Ularning ayrimlari yil fasllarining qulay yoki noqulay kelishi bilan ham bog’liq bo’lgan. Masalan, yil quruq kelib yomg’ir yog’masa “Yomg’ir chaqirish” marosimi(“Sust xotin”); bug’doy, sholi boshoqlari yetilgan paytda shamol ularni payhon qilsa, shamol to’xtatish (“Choy momo”); don mahsulotlarini shopirish paytida shamol bo’lmasa, shamol chaqirish (“Yo, Haydar”); yil sovuq kelsa, quyoshga topinish; umuman omadsiz yilda qurbonlik keltirish marosimlari o’tkazilgan. Al Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida “Navro’z”, “Ramush og’am”, “Boboxyora” kabi o’ndan ortiq mavsum-marosim bayramlari xususida ma’lumot beriladi.