ANUSHTEGINIYLAR SULOLASINING SIYOSIY HAYOTI. Xorazmshohlarning zabardast siyosiy kuch sifatida ro’yobga chiqa olmaganliklarining bosh sabablaridan biri bu ichki nizolarga barham bera olmaganliklaridir. Chunonchi, El Arslondan so’ng uning o’g’illari Aloviddin Takash va Sultonshoh Mahmud o’rtasida 20 yildan ortiq vaqt davomida taxt uchun kurash ketadi. Har ikkovi ham goh qoraxitoylarga, goh Hirotdan Shimoliy Hindistongacha bo’lgan hududtsa hukmronlik qilib turgan g’uriylar sulolasiga, goh esa Xuroson amirlariga suyangan holda o’zaro kurash olib borganlar. Biroq bundan biron-bir naf chiqmadi, na sulola, na Xorazm yuksaldi. Faqat Sultonshoh vafotidan so’nggina (1193 yil) Takash yakka hukmdor sifatida keng qamrovli siyosat yurgizish imkoniga ega bo’ldi. 1194 yili u G’arbiy Eronning aksar qismini bo’ysundirdi, keyin Kermonda ham uning nomiga xutba o’qiladi. Hukmronligi so’nggida u hatto Bag’dodni — xalifalik poytaxtini zabt etishga ham shaylanadi. Ammo yurish chog’ida, 1200 yilning yozida, yo’lda vafot etadi. Undan qolgan meros — Turkiston va Eronni o’z ichiga olgan saltanat kursisiga Aloviddin Muhammad (1200—1221) chiqadi. 1210 va 1212 yillarda ikki urinishda u qoraxitoylar masalasini butunlay hal qiladi. Bu voqea uning obro’-e’tiborini nihoyatda oshirib yuboradi. Ikkinchi Iskandar, ikkinchi Sulton Sanjar laqablari bilan mashhur bo’lgan Sulton Qutbiddin Muhammad sa’y-harakatlari tufayli 1217 yilga kelib Ozarbayjon, Eron, Xurosondan Hindistongacha bo’lgan erlar xorazmshohpar izmiga tushgan-di. Shu yil oxirida u ham Bag’dodni egallash harakatiga tushadi, ammo ob-havo og’ir kelib, mo’ljal amalga oshmay qoladi. Sulton Muhammadning asosiy maqsadi Suriya, Kichik Osiyo va Misrni ham bo’ysundirish edi. Xullas, Chingizxon (1206—1227) bosqini arafasida xorazmshohlar sulolasi dunyoning eng qudratli siyosiy kuchlaridan biriga aylangandi. Orol dengizidan Hind okeanigacha, Iroqdan Sharqiy Turkistongacha bo’lgan ulkan hudud taqdiri Xorazmda hal bo’lardi.
Xuddi shu davrda sharqda boshqa bir harbiy-siyosiy kuch qudratga to’lib borayotgandi. Albatta, biz bu erda Chingizxon asos solgan harbiy-siyosiy ko’chmanchi uyushmani nazarda tutyapmiz. XIII asr o’ninchi yillari oxirida Sharqda ikki yirik kuch — xorazmshohlar va chingiziylar hukmronligi sharoitida ularning o’zaro to’qnashishlari tabiiy hol edi. Qator manbalar, ilmiy adabiyotlarda chingiziylarning Movarounnahrga yurishlari sababini turlicha izohlashga harakat qilinadi-yu, ammo oddiy bir haqiqatga ko’p ham e’tibor berilmaydi. Xorazmshohlar ham, chingiziylar ham siyosiy kuch sifatida shunday bir quvvatga ega edilarki, yonma-yon turgan bir sharoitda ularning o’zaro to’qnash kelmasliklari mumkin emasdi (xuddi, masalan, makedoniyalik Aleksandr va ahamoniylar, Amir Temur va Boyazid o’rtasidagi raqobat kabi). Bahona esa doimo topiladi. Xoh u tomondan, xoh bu tomondan. Odatda, Chingizxonning Movarounnahrga lashkar tortishiga sabab qilib 1218 yilgi O’tror voqeasi ko’rsatiladi, ya’ni Chingizxon elchilik-savdo karvonining O’trorda qatl etilishi Chingazxon g’azabini qo’zg’agan, qabilidagi fikrlar olg’a suriladi.
Vaholanki, ikki tomon o’rtasida urush chiqishi muqarrarligi ham Sulton Muhammadga, ham Chingizxonga boshdanoq ayon edi. Bu borada tashabbus ko’proq Chingizxonda bo’lgan. 1218 yili xorazmshohga yuborgan nomasida u Sulton Muhammadga o’g’lim, deb murojaat qiladi. Diplomatiya tilida bu «qarolim» degan bilan barobar bo’lib, aslida bu jangga undash edi. Hozircha bizga noma’lum qandaydir sabablarga ko’ra Sulton Muhammad bunday qilmaydi. O’trordagi voqeaga kelsak, elchilar va savdogarlarning o’ldirilishi ham ayb sifatida Sulton Muhammadga qo’yib kelinadi. Vaholanki, bizning nazarimizda, uning bundan boshqa iloji yo’q edi. Bu karvon faqatgina elchilik va savdo karvoni bo’lmay, balki undagi 100 kishiga o’lkadagi turli erlarda savdo bilan shug’ullanish uchun Chingizxon ko’rsatmasi bilan mablag’ ajratilgan edi. Boshqacha aytganda, mazkur kishilar josuslik faoliyati bilan shug’ullanishlari mo’ljal qilingan. Umuman olganda, Chingizxon bo’lajak jang maydoni bo’lmish o’lkani juda yaxshi o’rgangandi. Buni Sulton Muhammad yaxshi bilardi va unga chek ko’yish zarurligini ham anglardi. Biz hatto shunday faraz qilishimiz mumkinki, O’trordagi to’kilgan qon Chingizxon tomonidan avvaldan pishitilgan reja asosida amalga oshirilgan. Chunki mazkur voqea tarixiy bayonining bir cho’pchaknamo tomoni bor. Ya’ni karvonning barcha kishilari qirib tashlangan-u, faqat bir kishi omon qolib, bu haqdagi xabarni Chingizxonga etkazgan. Vaholanki, shunday katta shahar O’trorda bir necha yuz odam qatl etilishi, nima bo’lganda ham, bekitiqcha qolmasdi.
O’z o’rnida Sulton Muhammad ham qator xatolarga yo’l qo’ygan. Chunonchi, dushman bilan bo’ladigan janglarda qanday taktikadan foydalanish masalasida u sabotsizlik va kaltabinlik qildi. Vaholanki, harbiy kengashda bir qator takliflar o’rtaga tashlangandi: barcha harbiy kuchni (600 ming kishi atrofida) bir erga to’plab, harbiy yurishda toliqib turgan dushmanga Sirdaryo bo’yida hujum qilish; g’animni Movarounnahrga kiritib, qulay vaziyatda unga zarba berish (Jaloliddin taklifi); tog’liklarga chekingan holda mo’g’ullar uchun noqulay daralarda jang qilish; G’aznaga va hatto Hindiston tomon chekinib o’sha erda jang olib borish. Sulton Muhammad bularning barchasini inkor qilgan holda boshqa bir yo’lni tanlaydi, ya’ni har bir shahar va qal’a kuchiga suyangan holda himoyalanishni ma’qul topadi. Bu esa harbiy kuchning avval boshdanoq bir necha mayda-mayda qismlarga bo’linib ketishiga olib keladi. Natijada, 1220 yili Buxoro, Samarqand, 1221 yili Urganch, Termiz qo’ldan ketadi. Xo’jand hokimi Temur Malik, Jaloliddin xorazmshoh mardliklari nechog’lik yuqori bo’lishiga qaramay tashabbus qo’ldan ketgani sabab urushda yutqaziladi. Shu erda biz bir masalaga—mag’lubiyatning bosh sababiga diqqatni jalb etmasdan qololmaymiz.
Chingizxon nechog’lik qudratli qo’shinga va aqp-zakovatga ega bo’lishidan qat’i nazar Sulton Muhammad imkoniyatlari undan kam emasdi. Yuqorida tilga olingan ulkan hududni o’z qo’l ostida birlashtirishga muvaffaq bo’lganligi uning imkoniyatlari nihoyatda katta bo’lganidan dalolat beradi. Shunga qaramay madaniy jihatdan qoloq bo’lgan siyosiy kuchga kurash boy berildi. Buning sababi nimada? Fikrimizcha, Sulton Muhammad hukmronligi davrida davlatchilikda o’ziga xos ikki hokimiyatchilikning yuzaga kelishida. Yuqorida Nizomul mulkning podshohlik ishiga ayollar va go’daklarni aralashtirmaslik kerakligi haqidagi fikrini keltirib o’tgandik. Sulton Muhammad zamonida esa xuddi shu hol yuzaga keladi. Uning onasi Turkon xotun davlat ishlariga to’g’ridan-to’g’ri aralasha boshlaydi. U davlat boshqaruvidagi eng muhim masala — davomiylik, ya’ni valiahdlik masalasiga aralashib o’zining hukmini o’tkazadi. Valiahd qilib Sulton Muhammad mo’ljallagan Jaloliddin emas, onasi talab qilgan kenjatoy Uzloqshoh tayinlanadi. Kenja o’g’ilning onasi esa o’z o’rnida Turkon xotun qavmidan bo’lib, Turkon xotun o’z qavmiga doim yon bosib kelardi. Turkon xotun aslida qipchoq urug’larvdan biriga mansub bo’lib, o’z vaqtida Takash qipchoqlarni o’ziga og’dirish niyatida unga, qipchoq xonining qiziga uylan gandi. Vaqti kelib Turkon xotun ko’magida qipchoqlar xorazmshohlar saltanatida katga mavqe kasb etishlarini u xayoliga keltiribdi deysizmi. Xullas, ko’chmanchi sharoitdan chiqib, o’groq va yuksak madaniyatli muhitda birdaniga yuksak darajaga erishgan amirlar, harbiy-lar iloji boricha o’z mavqelarini qanday bo’lmasin mustahkamlab borishga harakat qilganlar. Qoloqlikdan birdaniga, deyarli hech bir urinishsiz, Turkon xotun yordamida madaniyatning va u bilan bog’liq barchaning markazida bo’lib qolish, albatta, egallagan joyni saqlashga undaydi. Lekin bu jarayon xorazmshohlar va, umuman, davlatchilik ustunlari zaiflashishi hisobiga kechdi. Sulton Muhammad va ana shu toifa amirlari o’rtasidagi tafovut shunchalar bo’lganki, vaziyatdan us-talik bilan foydalangan Chingizxon ko’rsatmasi bilan bir qalbaki xat tuzilgan va unda go’yoki mazkur toifa amirlari Chingizxonga murojaat qilib, uni zoriqib kutayotganliklarini yozadilar. Bu xat josuslar orqali tarqatilib, Sulton Muhammadga etib boradi va uning sobitligiga katta zarba beradi.
Demak, davlat markazida qabilaviy manfaatlarni hamma narsadan afzal biluvchilarga o’rin bo’lmasligi kerak ekan, Bu borada Turkon xotun shunchalar past bo’lganki, Chingizxon tutqunligida bo’lib turgan bir vaqtida unga qochib Jaloliddin oldiga boraylik deyishganda, Oychechakning o’g’liga (Jaloliddinga) qaram bo’lgandan ko’ra Chingizxon qo’lidagi asirlik va bu erdagi kamsitishlar menga azizroqdir, degan ekan. Garchi Sulton Muhammad o’limi oldidan (1221 yili) o’g’li Jaloliddinni valiahd qilib tayinlasa-da, fursat qo’ldan ketgandi. Shunga qaramay davlat va xalq oldida o’z mas’uliyatini hech qachon unutmagan Jaloliddin dushmanga qarshi kurashni to’xtatmaydi. To’g’ri, u Urganchni tark etadi va Niso, Qandahor atrofida, Chorikorda, G’azna yaqinida bo’lgan janglarda mo’g’ullarga shunday zarbalar beradiki, o’z engilmasliklariga ortiqcha bino qo’ygan mo’g’ullar ichini alam va afsus dog’ qiladi. Shunda Jaloliddinga qarshi shaxsan Chingizxonning o’zi otlanadi. Ushbu vaziyatda davlatchiligimiz tarixida ko’zga tashlanib kelgan bir nuqsonimiz yana pand beradi. So’nggi jangda qo’lga kiritilgan o’ljani taqsimlashda kelishmovchilik chiqib ba’zi bir amirlar o’z qo’shinlari bilan Jaloliddinni tark etadilar. Jaloliddin ularga qarata «birga bo’laylik, umum dushmanga qarshi birgalikda kurashaylik» deyishiga qaramay naf chiqmaydi. Eng achinarlisi, mo’g’ullar o’sha amirlarni bittama-bitta qirib tashlaganlar. Kuchi qirqilgan Jaloliddin esa Sind daryosi tomon chekinadi. Chingizxon uni tiriklayin tutishni buyurgan. Qo’li past kelayotganini sezgan Jaloliddin butun haramini daryoga cho’ktirishni buyuradi, ya’ni yaqinlarining dushman qo’liga tushishini xohlamaydi. O’zi ham oti bilan daryoga otiladi va eson-omon narigi qirg’oqqa suzib o’tib oladi. Bu manzaradan hayratga tushgan Chingizxon: «O’g’ling bo’lsa, shunday bo’lsin!», degan ekan.
Jaloliddinning keyingi faoliyatini kuzatadigan bo’lsak, shu narsa oydinlashadiki, u xorazmshohgar taxti vorisi sifatida o’z xonadoniga tegishli bo’lgan erlarda hukmronlikni tiklashni maqsad qilib qo’ygan. Shunga ko’ra u avval Shimoliy Hindistonda, so’ng Kermon, Sheroz, Isfahon va Ozarbayjonda xorazmshohiar siyosatini tiklaydi. 1226 yili esa Tiflisni oladi. Manbalardan birida yozilishicha, Jaloliddin oldiniga gruzinlar bilan tinchlik yo’li asosida kelishishga harakat qilgan. Jumladan, ularga qilgan murojaatida shunday deyiladi: «Men sizlarning mamlakatingiz qudrati va gruzinlar shijoati haqida eshitganman. Endiliqda esa men birgalashib dushmanga qarshi kurashaylik, deyman. Eshitishimcha, hukmdorlaring ayol ekan (bu erda malika Rusudana (1222—1245)). U menga turmushga chiqsin va men sizlarning ham hukmdorlaring bo’lay va biz birgaliqda umum dushmanni maglub qilgaymiz». Rusudana bunga ko’nmagan va shundan keyin Jaloliddin Tiflisni jang qilib olgan.
Bu vaqtga kelib Jaloliddin xorazmshohlar boshqarib kelgan saltanatning g’arbiy qismida o’z hukmronligini tiklashga muvaffaq bo’lgavdi. Shu bilan birga sharqdan mo’g’ullar xavfi kuchayib kelardi. 1227 yili Isfahon atrofida Jaloliddin mo’g’ullarga qaqshatqich zarba beradi. Bu o’z o’rnida uning mavqei va qudratini yanada oshiradi. 1230 yili esa Jaloliddin Kichik Osiyoning janubi-sharqiy qismini zabt etadi. Bir so’z bilan aytganda, mazkur yillarda Jaloliddin sharqdan bosib kelayotgan mo’g’ullar bilan bas kelishga yagona kuch va, umuman, G’arb mamlakatlarini ulardan to’sib turgan qalqon hisoblanardi. Buni g’arbiy musulmon davlatlari tan oladilar. Bu haqiqat mo’g’ullarga ham ayon edi. Shuning uchun ham ular Jaloliddinga murojaat qilib, o’zaro sulh tuzishni taklif qiladilar. Ammo, u bunga yurmaydi, chunki o’z ona-yurtini xarob etgan, xalqini xo’rlaganlar bilan kelishishga uning milliy g’ururi yo’l qo’ymasdi. Garchi Jaloliddinning mo’g’ullarga qarshi kurashdagi qalqonliq rolini barcha musulmon davlatlari tan olsalar-da, amadda uning atrofiga birlashishni istamasdilar. Bu esa o’z o’rnida mo’g’ullarning g’arbga qarab siljishlariga munosib sharoit yaratib berardi. 1231 yili Ozarbayjonni zabt etgan mo’g’ullar yana Jaloliddinning qarshiligiga uchraydilar. Ammo tasodif tufayli 1231 yilning 17 va 20 avgust oralig’ida Jaloliddin bir kurd tomonidan Mayoforiqin (Kichik Osiyo) atrofida o’ldiriladi.
Jaloliddin haqida ko’p yozish mumkin va kerak ham. Uning o’zbek davlatchiligi tarixidagi ulug’vor o’rni tabiiy ravishda yuksaqdir. Agar mo’g’ullar bosqinining dunyo xalqlari tarixida tutgan o’rni inobatga olinsa, Jaloliddin kishilik taraqqiyotidagi eng buyuk davlat arbobi va yirik lashkarboshilaridan biri sifatida gavdalanishi kerak. Jaloliddinning halokati haqida uning dushmanlaridan bo’lmish Damashq hukmdori Malik al-Ashraf Musoga xabar berganlarida u shunday degan ekan: «Sizlar meni uning o’limi bilan qutlayap-sizlarmi? Ammo hali sizlar buning azobini ko’rasiz-lar. Yaratgan nomila qasam ichib aytamanki, uning halokati totorlarning musulmonlar eriga bostirib kirishiga (yo’l ochildi) demaqdir. Endi biz va yajuj — majujlar (ya’ni mo’g’ullar — A. 3.) o’rtasida devor misol turib kelgan xorazmshoh (Jaloliddin) kabi (lashkarboshi) yo’q».
Anushteginiylar zamonida davlat boshqaruvi qanday bo’lgan, savoli tug’ilishi tabiiy. Anushteginiylar davri boshqaruvida ham ilgari ko’rib o’tilgan sulolalar boshqaruvidan farqli tizim bo’lmagan. Zero, bir tomondan, sulolalar o’zgarishi bilan voqelik, ya’ni makon va an’analar o’sha-o’shaligicha qolavergan, ikkinchi tomondan, anushteginiylar ma’lum muddat saljuqiylar dargohi bilan nihoyatda yaqin munosabatda bo’lganliklari uchun ulardagi boshqaruv tizimi tajribasini o’zlashtirishlari qiyin bo’lmagan. Demak, davlat boshqaruvi ikki tizimdan: dargoh va devonlar majmuidan iborat bo’lgan.