DAVLAT BOSHQARUVI
Dargohda hojib, ulug’ hojib tutgan mavqe xususida biz oldinlari ham fikr yuritgandik. Hojiblik xizmati xorazmshohlar davrida ham o’z ahamiyatini saqlab qoldi. Ulug’ hojib hukmdorning eng yaqin kishilaridan biri hisoblangan. Hojiblarga g’oyatda muhim vazifalar, masalan, maxsus muzokaralar olib borish va, hatto, vazirlar faoliyatini taftish etish kabilar topshirilgan. Shuningdek hojib lavozimidagi amaldorga butun bir viloyat noibligi topshirilgani ham ma’lum. Dargohdagi barcha xo’jalik xizmatlari faoliyatini boshqarish ustozdorga yuklatilgan. Sulton chaqirganda birinchi hozir bo’ladigan shaxs ham ustozdor hisoblangan. Oliy farmon olgan ustozdor shunga ko’ra tegishli xizmatlarga buyruq bergan va uning gapini ikki qilish bo’lmagan. U dargohning barcha masalalari bilan shug’ullangan va bundan tashqari bosh xazina mablag’laridan ham istifoda etgan holda nonvoyxona, oshxona, otxona, saroy xizmatchilarining xarajatlarini qoplar edi. Shuningdek, u ushbu mablag’dan maosh berish va boshqa xarajatlar uchun ham foydalangan. Nisoviyning yozishicha, bunda ustozdor ulardan tilxat olgan. Tilxatga vazir, mustavfiy, mushrif, nozirning muhrlari bosilgan bo’lishi kerak edi. A’yonlar xarajatiga ketgan mablag’ haqidagi tilxat ariz muhri bilan tasdiqlanishi kerak bo’lgan.
Amiri oxur mansabi ham mas’uliyatli hisoblanib, uncha-muncha kishi bu lavozimga tayinlanmagan. Chunki uning bo’yniga sultonga tegishli otlar parvarishi yuklatilgan. Otlarning soni esa 30 minggacha bo’lgani ma’lum. Podshohona ovlarni o’rniga qo’yish tadbirla-rini amiri shikor uyushtirgan. Saroydagi muhim xizmatlardan yana biri bu tashtdordir. Garchi tashtdor yuvinish anjomlarini saqpovchi ma’nosini bersa-da, ammo aslida bu mansabni egallagan kishi sultonning eng yaqin kishilaridan biriga aylangan. Hukmdor unga o’zining eng maxfiy fikrlarini ham izhor qilishi mumkin edi. Yuqorida tilga olganimiz Anushtegin saljuqiy Sulton Malik saroyida xuddi mana shunday tashtdor mavqeiga erishganda, unga mazkur mansabga viloyatda mutanosib keluvchi shihnalik, ya’ni Xorazm shihnaligi lavozimi beriladi. Chunki tashtdor xizmati bilan bog’liq barcha xarajatlar Xorazm viloyatidan tushadigan soliqlar bilan qoplanardi. Yana bir muhim lavozim bu qissadordir. U hafta davomida sultonga tushgan arzlar, shikoyatlarni yig’ib, juma kuni kechasi hukmdorga topshirardi. Keyin esa har bir arzchi yo shikoyatchiga tegishli javobini berardi. Bu mansabga ham har kim tayinlana berilmasdi. Zero, hukmdor bilan oddiy xalq o’rtasida aloqa bog’lab, raiyyag ahvoli va zoridan xabardor qilib turish savobli ishini hamma ham halol bajara olmasligi tabiiy. Dargohda shuningdek chashnigir — sultonga beriladigan ovqat, ichimliklarni tekshirib ko’ruvchi, jomador, sulton-ning kotibi (davatdor), sharobdor, farrosh, bayroqdor (amiri alam), xos xizmatkorlar boshlig’i (maliki xavas) kabi xizmat va vazifalar ham bo’lgani ma’lum.
Ijroiya ishlarini devonlar (vazirliklar) olib borib, bu tizim teiasida vazir (bosh vazir) turgan. Vazir ham hukmdorning eng yaqin kishilaridan, birinchi maslahatchisi sifatida gavdalanadi. O’z faoliyatida u faqat sulton oldidagina javobgar bo’lgan. Rasmiy tadbirlar, turli maqsaddagi muzokaralarda hukmdor nomidan ish tutgan. Unga barcha amaldorlar, noiblar, harbiylar bo’ysungan. Ishdan olish, ishga tayinlash, maosh, nafaqa tayinlash, xazina va soliq tizimini nazorat etish, mahalliy vazirlar hisobotini olish kabi qator vazifalar uning vakolatida bo’lgan.
Devonlarga kelsak, ularning faoliyati saljuqiylar zamonasidagi tizimdan deyarli farqlanmagan. Insho yoki tug’ro devoni rasmiy hujjatlar, yozishmalarni tuzish bilan shug’ullangan. Moliya ishlari bilan istifo devoni, davlat nazorati tadbirlari bilan ishrof devoni, harbiy masalalar, chunonchi, qo’shinni qurol-aslaha bilan ta’minlash, qo’shin qismlari shaxsiy tarkibini nazorat qilish, harbiylarga ajratilgan er-suv nazorati, harbiy ko’riklar o’tkazish kabilar bilan devoni arz yo jaysh shug’ullangan. Yana bir devon bo’lib u devoni xos deyilgan. Haqiqatan ham bu maxsus devon hisoblanib, hukmdor sulolaga tegishli er-suv, mol-mulk, sulton mamluklariga maosh berish vazifala-ri bilan mashg’ul bo’lgan.
Ikki og’iz so’z xorazmshohlar qo’shini haqida. Xorazmshohlar o’z davrining eng qudratli lashkariga ega bo’lganlar, Yuqorida zikr etilgan qoraxitoylarga qarshi harbiy yurishda Sulton Muhammad ixtiyorida 600 ming otliq askar bo’lgani ma’lum. Xuddi shunday kuch Bag’dod yurishiga tashlangan. Mo’g’ullar bosqini arafasida esa xorazmshohlar taxminan 600 ming otliqni o’z qo’l ostilarida birlashtirish imkoniga ega edilar. Albatta, bu erda piyoda askarlar, turli ko’makchi qismlar nazarda tutilmayaiti. Bunday ulkan lashkarni tayyorgarlikda tutish, ta’minotidan xabardor bo’lishning o’zi bo’lmagan. Yana shu narsa ma’lumki, harbiy qismlarda ayollar ham erkaklar bilan barobar jang qilganlar.
Oliy hukmdorning maxsus shaxsiy gvardiyasi (haros) ham bo’lib, ular faqat mamluklardan iborat bo’lgan. Chunonchi, Sulton Muhammadning shaxsiy gvardiyasi 10 ming kishini tashkil qilgan. Kezi kelganda shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur qism jangchilarini pahlavonlar ham deb atashgan. Shuningdek, harbiy nazo-ratchi, sipohsalor, sohibi jaysh (viloyat qo’shini boshlig’i), amir ul-umaro, malik (10 ming qo’shin boshlig’i), chovush (chopar), josus (razvedkachi), askar qozisi kabi xizmat va vazifalar bo’lgan.
Ulkan mintaqada siyosiy yaxlitlik va barqarorlikka erishilishi, tabiiy ravishda, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda ijobiy o’zgarishlar hosil bo’lishiga sabab bo’lishi aniq edi. Arxeologik izlanishlar, yozma manbalar guvohligiga ko’ra sun’iy sug’orishga katta e’tibor berilib, vohalar imkonidan iloji boricha keng foydalanishga harakat qilingan. Natijada dehqonchilikniig rivojlanishida uzilish bo’lmagan. Bizga ilgaridan ma’lum mahsulot turlarining barchasi etishtirilgan. Shaharlarda hayot qaynab, savdo-sotiq, hunarmandchilik rivojlangan. Mamlakatda ishlab chiqarilgan turli xildagi gazlamalar, zargarlik buyumlari, kiyim-kechaklar, gilam, poyondoz, teri, jun, yog’-moy, sovun, qurol-aslaha, egar-jabdug’lar, ho’l meva, quruq meva, ipakliklar, javohirlar va boshqa ko’plab mahsulotlar ham ichki bozorda, ham tashqi bozorda xaridorgir edi. Albatta, bunda tegishli davlat idoralarining hissasi ham katta bo’lgan. Chunonchi, doim bo’lganidek muxtasiblar bozorlardagi narx-navo, mahsulotlarning sifati, toshu tarozuning ahvolidan xabardor bo’lishni to’xtatmaganlar. Karvon yo’llarida to’xtash joylari, suv omborlari, havzalari qurilgan yo borlari ta’mirlangan, katta karvonlarni qo’riqlab borishga hatto sultonning shaxsiy pahlavonlari ham jalb etilgan.
Xorazmshohlar davri fan va madaniyat ravnaqi ham a’lo darajada bo’lganini bilamiz. Bunga ajablanmasa ham bo’ladi. Chunki yurtimiz an’anaviy ravishda fan va madaniyat beshigi bo’lib kelarkan, gap faqat u yoki bu davrda iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot ahvoli va davlat arboblarining nechog’lik ilm-ma’rifatli ekanligida qolgan. Xorazmshohlar zamonida ayni shu ikki omil o’zaro uyg’unlashgan edi. Xorazmshohlarning barchasi chuqur bilim egasi edilar. Ular ham dunyoviy, ham diniy bilimlarni egallaganlar. Masalan, Otsiz qasidalar, ruboiylar yozgan, ko’plab nazm namunalarini yoddan aytib bera olgan, san’at va ilmga katta ixlos bilan qaragan. Ruboiylaridan birida u shunday deydi: «Dunyo beliga urilgan tamg’a mening farmonimdir, falak qulog’idagi halqa mening paymonimdir. Bugun shunday saltanatni qo’lda tutsamda, do’st rizoligiga erishish mening iymonimdir». Takash, El-Arslon, Sulton Muhammad va xorazmshohlarning boshqa namoyandalari ham keng bilimli, she’r va san’atni qadrlovchi bo’lganlar, nazmda ijod qilganlar. Takash esa ayniqsa ud chalishni o’rniga qo’ygan.
Yuqorida biz xorazmshohlarning barchasi keng bilimlar egasi edilar deyarkanmiz, bu bilan nafaqat anushteginiylarni, balki umuman xorazmshohlar unvoni bilan mashhur sulolalarni, jumladan, ma’muniylarni ham nazarda tutamiz. Chunonchi, Ma’mun II (1010—1017) fan va madaniyatga homiylikda o’rta asrlardagi eng dongdor hukmdorlardan biri sanalib, poytaxt Urganchda o’z davrining Akademiyasiga asos solgan. Bu maskanda yaratilgan shart-sharoitdan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Sahl Masihiy, Abulxayr, Hammor, Nasr Iroq, Ibn Miskavayh kabi buyuk daholar bahramand bo’lib, o’z ijodlarini charxlagan edilar. Kezi kelganda shuni ham qayd etib o’tish kerakki, Xivaning 2500 yilligi tantana qilingan 1997 yilda O’zbekiston Prezidenta Islom Karimov farmoni bilan Xorazmda Ma’mun Akademiyasi qaytadan tiklandi. Demak, oradan ming yil o’tib tarixiy adolat qaror topdi va bu hol shubhasiz o’zbek davlatchiligi tarixini tiklashda katta ahamiyat kasb etadi.
Dostları ilə paylaş: |