7.2.Sanoatda xom ashyo, uning xususiyatlari va turkumlanishi
Qayta ishlovchi barcha sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish jarayonida qatnashuvchi elementlardan biri xom ashyodir, chunki xom ashyosiz hech qanday mahsulot ishlab chiqarish mumkin emas.
Xom ashyo deb, qazib olish yoki ishlab chiqarish uchun ma’lum darajada mehnat sarflangan va shu mehnat natijasida bir qadar o‘zgargan mehnat buyumiga aytiladi. Ishlab chiqarish jarayonida xom ashyo tayyor mahsulot yoki yarim fabrikat hosil qiladi. Natijada xom ashyoning to‘la qiymati tovar shaklini olgan yalpi mahsulotga o‘tadi.
Xom ashyo asosiy va yordamchi materiallarga bo‘linadi.
Asosiy xom ashyo — tayyor mahsulotning moddiy asosini tashkil qiluvchi mehnat buyumidir. Tayyor mahsulot tarkibiga kiruvchi yoki asosiy xom ashyoni qayta ishlashga zarur sharoit yaratib beruvchi qolgan barcha mehnat buyumlari yordamchi materiallar deb ataladi.
Mehnat buyumlarining mahsulot ishlab chiqarishda qay tarzda qatnashishiga qarab ular ham xom ashyo (asosiy xom ashyo), ham yordamchi material bo‘lishi mumkin. Masalan, neft yoqilg‘i sifatida yordamchi material bo‘lsa, benzin yoki kerosin ishlab chiqarishda esa xom ashyodir.
Xom ashyo keng miqyosda iste’mol buyumlari hamda ishlab chiqarish mahsulotlari olish uchun ishlatiladigan tabiiy materiallardan iborat. U quyidagi talablarga javob berishi kerak:
miqdori jihatidan yetarli bo‘lishi;
qazib olish arzon va oson bo‘lishi;
texnologik jarayonlar oson borishi kerak.
Har bir xom ashyo mehnat buyumidir, lekin har bir mehnat buyumi xom ashyo emas. Mehnat buyumi mehnat vositasi bilan ma’lum darajada o‘zgargandan keyingina xom ashyoga aylanadi. Yer ostidagi foydali qazilmalar, yovvoyi hayvonlar, daraxtlar va hokazolar xom ashyo bo‘lmay, balki potensial tabiiy boyliklardir.
Mehnat vositasi yordamida ovlangan hayvonlar, qazib olingan ma’danlar, kesilgan daraxtlar va boshqalar xom ashyo hisoblanadi.
Ishlab chiqarish jarayonida bir yoki bir necha bosqichda qayta ishlangan bo‘lsa-yu, lekin tayyor mahsulot sifatida iste’mol qilina olmasa, u chala mahsulot, ya’ni yarimfabrikat deb ataladi.
Xom ashyo resurslarini xom ashyodan farq qilmoq kerak. Xom ashyo resurslariga mamlakatdagi foydali qazilmalar konlari, o‘rmon maydonlari, uy hayvonlari va shu kabi tabiiy boyliklar kirsa, ular qazib chiqarilgan yoki ishlab chiqarish uchun mehnat sarflangandagina xom ashyoga aylanishi mumkin.
Xom ashyo ishlab chiqarish jarayonining asosiy elementi sifatida sanoat ishlab chiqarishiga va uning iqtisodiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Sanoatning qayta ishlovchi tarmoqlarida xom ashyo va yoqilg‘i harajatlari ishlab chiqarishga sarflangan harajatlar hajmida eng katta salmoqqa egadir. Shuning uchun sanoat korxonalari faoliyatining iqtisodiy ko‘rsatkichlari ko‘p jihatdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun ketgan xom ashyo va yoqilg‘i harajatlari darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Sanoat mahsuloti tannarxida xom ashyo, yordamchi materiallar va yoqilg‘i harajatlari butun sanoat bo‘yicha o‘rtacha 70 foizni tashkil etadi. Shuning uchun xom ashyoni tejab ishlatish sanoat mahsuloti tannarxini pasaytirishda, ishlab chiqarish quvvatlaridan yaxshi foydalanishda va ishchilar mehnatining unumdorligini oshirishda katta rol o‘ynaydi.
Material ko‘p sarflanadigan tarmoqlarda xom ashyo va materiallardan oqilona foydalanish mahsulot tannarxini pasaytirishning asosiy manbaidir. Mashina va uskunalarning unumli ishlashi va tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun vaqtning sarflanish darajasi xom ashyo sifati va uning turiga bog‘liq.
Xom ashyolar xilma-xil bo‘lib, ular quyidagi turlarga bo‘linadilar:
Sanoat xom ashyosi turli belgilariga ko‘ra quyidagicha turkumlanadi:
kelib chiqishiga ko‘ra ‒ tabiiy va sun’iy;
agregat holatiga ko‘ra ‒ qattiq, suyuq hamda gazsimon;
kimyoviy tarkibiga ko‘ra ‒ organik va anorganik;
ishlatilishiga ko‘ra ‒ ozuqabop va texnik.
Qishloq xo‘jaligi xom ashyosi ikki turga — o‘simliklardan olinadigan xom ashyolar va hayvonlardan olinadigan xom ashyolarga bo‘linadi.
Yer ostidan qazib olinadigan mineral birikmalar mineral xom ashyolar deyiladi. Ular uch turga bo‘linadi:
a) rudali;
b) rudasiz;
v) yonuvchi mineral xom ashyolar.
Bu minerallarning ko‘pi qattiq holda bo‘ladi. Suyuq mineral boyliklarga faqat neft hamda tuz eritmalari, gaz holdagisiga esa tabiiy gaz kiradi.
Rudali mineral xom ashyolar foydali jinslar bo‘lib, metallar olish uchun asosiy manbadir.
Rudasiz mineral xom ashyolar ham tog‘ jinslaridir. Ular metall olish uchun ishlatilmaydi. Bunday mineral xom ashyolar kimyoviy qayta ishlanmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri milliy iqtisodiyotda yoki metalsiz ishlab chiqarishda xom ashyo sifatida ishlatiladi. Rudasiz minerallar shartli ravishda quyidagi turlarga bo‘linadi:
qurilish materiallari — to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki fizik-kimyoviy qayta ishlangandan so‘ng qurilish ishlarida ishlatiladigan mineral xom ashyo;
industriya xom ashyolari — kimyoviy qayta ishlanmasdan sanoatning turli tarmoqlarida ishlatiladigan xom ashyo;
kimyoviy mineral xom ashyolar — kimyoviy qayta ishlash uchun ishlatiladigan minerallar;
qimmatbaho va rudasiz minerallar — tabiiy holda yoki mexanik qayta ishlangandan so‘ng bezak uchun ishlatiladigan minerallar.
Yonuvchi mineral xom ashyolar yoqilg‘i sifatida ishlatiladigan foydali qazilma boyliklardir. Bularga toshko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir, torf, yonuvchi slaneslar, neft hamda tabiiy yonuvchi gazlar kiradi. Yonuvchi gazlar, neft va ko‘mir eng arzon hamda foydalanish uchun qulay yoqilg‘igina bo‘lmay, balki kimyo sanoatida qimmatbaho xom ashyo hamdir.
O‘simlik va hayvonot xom ashyolariga yog‘och, zig‘ir, kanop, yog‘lar, o‘simlik moylari, hayvonot terilari va shunga o‘xshashlar kiradi. Bular milliy iqtisodiyotda ishlatilishiga ko‘ra, ozuqabop va texnik xom ashyolarga bo‘linadi. Ozuqabop xom ashyolarga ozuqa sifatida ishlatiladigan birikmalar — o‘rmonchilik, baliqchilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kiradi.
O‘simlik va hayvonlardan olinadigan texnik xom ashyolarga yuqorida ko‘rsatilgan milliy iqtisodiyot tarmoqlarining oziq uchun yaramaydigan mahsulotlari kiradi. Ularni mexanik va kimyoviy qayta ishlab, ulardan turmushda va sanoat ishlab chiqarishida ishlatiladigan xom ashyolar olinadi.
Bunday xom ashyo turlarini kimyoviy qayta ishlab, turli mahsulotlar olish mumkin. Manbalari ko‘pligi, amaliy jihatdan bitmas-tuganmas zahiraga egaligi ular asosida ko‘pgina yangi kimyoviy korxonalar tashkil etishga imkon beradi.
Umuman, ilm-fan, texnika va texnologiyaning nihoyatda tezlik bilan rivojlanishi yangidan-yangi materiallarni, shuningdek, yangi xom ashyo materiallarini qidirib topish masalasini dolzarblashtirmoqda. Bu masala asosan olti yo‘l bilan amalga oshiriladi:
iloji boricha arzon xom ashyolarni qidirib topish va ishlatish;
xom ashyodan kompleks foydalanish;
konsentrlangan xom ashyo va mahsulotlar ishlatish;
juda toza mahsulotlar ishlatish;
texnika maqsadlari uchun ishlatiladigan ozu qabop xom ashyolarni noozuqabop xom ashyo bilan almashtirish;
iloji boricha mahalliy xom ashyolardan foydalanish.
Hozirgi vaqtda kimyo va kimyoviy texnologiya yutuqlari muhim texnika-xo‘jalik mahsulotlarini noozuqabop xom ashyolardan olishga imkon beradi. Bunday xom ashyolar sifatida tosh-ko‘mir, torf, slanes, neft, tabiiy gaz, yog‘och, o‘simlik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining chiqindilari ishlatilmoqda.
Sanoatni yanada rivojlantirish, texnika taraqqiyoti sur’atlarini jadallashtirish va sanoat mahsulotlarining turlarini ko‘paytirish vazifalari sun’iy materiallar ishlab chiqarishni intensiv rivojlantirishni taqozo etadi.
Sun’iy materiallar ishlab chiqarish va ularni sanoatda qo‘llash quyidagi hollarda iqtisodiy samarali hisoblanadi:
a) sun’iy material yagona xom ashyo bo‘lgan tarmoqda ishlab chiqarishning jadal sur’atlari bilan va keng ko‘lamda rivojlantirishga;
b) qayta ishlovchi tarmoqlar texnika bazasining mukammallashuviga;
v) iste’molchi tarmoqlar mahsulotining sifatini yaxshilashga va assortimentni kengaytirishga;
g) qayta ishlash tarmoqlarida texnologik jarayonlarni jadallashtirishga va uskunalarni mukammallashtirishga;
d) tayyor sanoat mahsuloti ishlab chiqarish uchun sarflanadigan harajatlarni kamaytirishga sabab bo‘lsa;
s) sun’iy materiallardan ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini kamaytirsa.
Sun’iy materiallar ishlab chiqarish va qo‘llashning iqtisodiy samaradorligini aniqlashda vaqt omilini, ya’ni qisqa vaqt ichida kerakli miqdorda sanoat mahsuloti ishlab chiqarishga erishish mumkinligini e’tiborga olmoq lozim.
Bu o‘rinda ta’kidlash kerakki, sun’iy materiallar behad afzalliklarga ega, chunki tabiiy xom ashyo bo‘lgan paxta, jun, teri va boshqalarni ishlab chiqarishga oylab vaqt ketsa, sun’iy materiallarni ishlab chiqarishga atiga bir necha kun va soat kifoya qiladi.
Sun’iy materiallar sanoatning qo‘shimcha xom ashyo ba’zasi bo‘lib xizmat qiladi. Ular ishlab chiqarishda jarayonlarni kimyolashtirish, ayniqsa, organik sintezni rivojlantirish katta rol o‘ynaydi. Turli tarmoqlarda kimyoviy usullarni qo‘llash tabiatda ko‘p tarqalgan mahsulotlardan sifati tabiiy materiallarnikidan ancha ustun bo‘lgan juda ko‘p yangi tur sun’iy materiallar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Zamonaviy texnika sintetik materiallarga turlicha talablar qo‘yadi. Ular o‘ziga xos qator afzalliklarga ega: uzoq vaqt o‘ta yuqori va o‘ta past haroratga, yuqori bosim va juda katta elektr kuchlanishlariga chidamli. Sun’iy materiallar ishlab chiqaruvchi tarmoqlar, shu jumladan sanoatni rivojlantirish va sanoat xom ashyo bazasini kengaytirishning asosiy vositalaridan biridir.
Sanoatni rivojlantirishda plastmassalar, sintetik kauchuk, sun’iy va sintetik tolalar, sun’iy charmlar va charm o‘rnini bosuvchi materiallar, sintetik yuvish vositalari va ozuqa xom ashyosi o‘rnini bosuvchi sun’iy materiallar muhim rol o‘ynamoqda.
Plastmassalar — keng nomenklaturaga ega bo‘lgan sun’iy polimer mahsulotlardir. Ular sifat jihatidan tabiiy materiallar bilan tenglashibgina qolmay, balki ko‘p hollarda ulardan ustunlik ham qiladi: o‘ta mustahkamlik, elektr o‘tkazmaslik, yengillik, qattiqlik, egiluvchanlik, tiniqlik, korroziyaga, kislotaga, issiqlikka chidamlilik, kam yediruvchanlik kabi sifatlarga ega va mexaniq ishlashning turli usullariga yengil moslashadi.
Mamlakatimiz plastmassalar ishlab chiqarish uchun keng xom ashyo resurslariga ega, chunki plastmassalar uchun tabiiy va neft gazi, neftni qayta ishlash va koksokimyo sanoati chiqindilari, yog‘ochni kimyoviy ishlash mahsulotlari, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligining turli xid chiqindilari xom ashyo bo‘lib xizmat qiladi.
Sun’iy va sintetik tolalar sanoatning xom ashyo bazasini kengaytirish bilan birga, turli texnik va kiyim-kechak gazlamalari, elektr izolyatsiya materiallari, kabellar va kanatlar, baliq tutish to‘rlari va boshqa buyumlar ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi.
Milliy iqtisodiyotda charm o‘rnini bosuvchi sun’iy materiallar katta ahamiyatga ega. Poyabzal sanoatining o‘sish sur’atlarini amalga oshirish uchun tabiiy charm resurslari yetarli bo‘lmagan sharoitda bu juda ham muhim. Sun’iy charm va charm o‘rnini bosuvchi materiallardan poyabzalning ayrim bo‘laklarini tayyor holda ishlab chiqarish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |