2. Angliyada Tyudorlar sulolasi hukumronligini o‘rnatilishi.
XVI asr Angliya tarixida to‘liq Tyudorlar sulolasining hukmronlik davri bo‘ldi. Bu sulolaning rasmiy hukmronlik yillari 1485 yilda boshlanib, 1603 yilgacha davom etdi. Bu sulolaning eng yirik vakillari Genrix VII (1485-1509), Genrix VIII (1509-1547), Eduard VI (1547-1553), Mariya I (1553-1558) va Elizaveta I (1558-1603) edilar. Ulardan keyin Styuartlar sulolasi hukmronligi boshlangan.
Tyudorlar sulolasining birinchi vakili Genrix VII edi. U 1457 yilda Pembrukda tug‘ilib, 1509 yidda Richmonda vafot etgan. YAngi monarxiyaning asoschisi Genrix VII to‘liq ma’nodagi simvolik shaxs edi. U qirollikni qurol bilan egallab, o‘z hukumatini xasislik, ayyorlik, makkorlik va diplomatiya bilan mustahkamladi. Unda qo‘shinni boshqarish qobiliyati bo‘lsa-da, ammo urushni yoqtirmasdi. Bunga sabab urushning ko‘p xarajat talab qilishi edi.
Genrix VII ning hukmronligi mamlakatda tartibsizliklar va muxolifat kuchlarning vujudga kelib, urush davom etayotgan bir paytiga to‘g‘ri keldi.
Qirollik va boy zodagonlar o‘rtasidagi kurashlar natijasida jismoniy jihatdan qirilib ketgan zodagonlarning erlari maydalanib ketdi, buning natijasida ular erlarining ko‘pchiligi qirollik tarkibiga qo‘shib olindi.
Bir holga alohida e’tibor berish zarurki, Genrix VII ni shahar savdogarlari va hunarmandlari qo‘llab kuvvatladilar, ya’ni kim uchun tinch hayot zarur bo‘lsa, ularning barchasi Genrix VII ni quvvatladilar. Natijada Genrix VII bu imkoniyatlardan foydalanib, o‘z hukmronligini kuchaytirdi va bu sulola 100 yil yashadi1.
Genrix VII oldida muhim ikkita muammo turar edi: birinchisi eski dvoryanlarning harbiy kudratini sindirish, ikkinchisi esa juda katta boylikka ega bo‘lib, qirollikni moliyaviy tomondan mustaqil, hech kimga murojaat etmaydigan qilish edi. Uning keyingi muammoni ancha ijobiy hal qilganligidan keyingi 24 yil ichida parlamentning 7 marotaba chaqirilgani ham guvoxdik beradi, ya’ni u soliq to‘plash uchun rozilik olish maqsadida parlamentni kamroq chaqiradigan bo‘ldi.
Genrix VII ning pul to‘plash yo‘llari turlicha bo‘lgan, shundan eng ko‘p qo‘llaniladigani quyidagilar edi: a) Parlamentlar qirol ochishni xayoliga ham keltirmagan urush xarajatlari uchun soliqlar undirishni tasdiqlar edilar va bu soliqlar yig‘ilib qirollik xazinasiga tushar, ammo urush bo‘lmagani uchun hech narsaga sarflanmay qirol boyligiga aylanar edi;
b) Qonunga xilof ish tutgan mulkdor kishilarga juda katta jarimalar solindi;
v) Qirol homiyligidan foydalangan savdogarlar uchun homiylik evaziga xazinaga pul to‘lash zarurligi to‘g‘risidagi eski qonunlar qaytadan tiklandi. Qirol savdogarlardan majburiy tarzda mablag‘ qarz berish va hadya etishini talab qila boshladi. Natijada, yuqoridagi barcha «tadbir»lardan so‘ng Genrix VII o‘zidan 2 mln.funt sterling boylik qoldirdi, bu o‘sha davr uchun juda katta boylik edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, XVI asrning 60-yillariga kelib (1568 yili), Angliyaning boyligi uch marotaba ko‘paygan1. Boylikning bunday tez ko‘payishining asosiy sabablari: a) g‘ov tutishning oqibatlari; b) dehqonlarning ersizlantirilishi; v) dastlabki jamg‘arma jarayonining g‘ayrat bilan amalga oshirilishi; g) Angliyaning koloniyalarni talashdagi ishtirokining boshlanishi oqibatlari bo‘ldi.
Genrix VII faqatgina kemasozlik uchun xarajatga pulni ayamagan. Bekonning yozishicha, u «boylikni yaxshi ko‘rgan va shuning uchun savdoning sinishiga yo‘l qo‘ymaslikka uringan». Uning maqsadi Angliyadan boshqa davlatlarga savdo yo‘llarini ochish va qirollik xazinasini yanada boyitish edi.
Tyudorlar sulolasining hukmronlik davri Angliyada absolyutizmning kuchaygan davri hisoblanadi. Ammo, tarixiy adabiyotlarda bu to‘g‘risida munozara ancha kuchli. Ko‘pgina tarixchilar Angliya siyosati Evropa davlatlaridan farq qiladi, bu erda oldindan demokratiya bo‘lgan, Angliya xalqi hech qachon absolyutizmni, ya’ni zo‘rovoilikni tan olmagan deydilar. Ularning fikricha, Angliyada absolyutizm styuartlarning cheksiz hokimiyatga intilishlarining ko‘rinishlarida vujudga kelgan. Ular tomonidan tyudorlar hokimiyati esa cheklangan va konstitutsion monarxiya sifatida xarakterlanadi.
Genrix VII vafotidan keyin taxtga uning o‘g‘li Genrix VIII (1509-1547) o‘tirdi. YAngi qirolni tabiat juda ko‘p tomonlama taqdirlagan edi. U yaxshi musiqachi, kompozitor, ajoyib chavandoz va usta kurashchi bo‘lgan. Genrix VIII o‘z davrining etuk bilimga ega bo‘lgan vakili sifatida lotin, fransuz va ispan tillarini chuqur bilishi bilan ham ajralib turgan. Tarixchilar Genrix VIII ning ingliz gumanistlariga homiylik qilganligi to‘g‘risida ko‘p yozganlar. Zamondoshlarining qoldirgan ma’lumotlariga qaraganda, Genrix VIII kelishgan tashqi ko‘rinishga ega edi. Ammo qirolning eng katta kamchiligi u xazina boyligini behuda isrof qilish darajada hotamtoy bo‘lgan.
Tyudorlarning siyosatida ideologiya quroli katta rol o‘ynadi. Genrix VIII ning hokimiyati o‘zining asosiy siyosiy aksiyalarini ma’lum bir ideologik fikrlar bilan amalga oshirishga intilar edilar. Tyudorlar davlat xizmatiga ingliz gumanizmining mashhur namoyandalarini taklif qildilar va ularga o‘zlarining siyosatini nazariy sharhlashni topshiradilar.
Ingliz absolyutizmining siyosiy va g‘oyaviy pozitsiyalarining mustahkamlanishida reformatsiya davrida katolik cherkoviga qarshi tashviqot ishlari katta rol o‘ynadi. Buning asoschisi Genrix VIII, tashkilotchisi esa uning eng yaqin yordamchilaridan T.Kromvel edi. Reformatsiyaning o‘tkazilishi Angliyada qirol hokimiyatining kuchayishiga olib keldi.
Feodal Angliyada Evropaning boshqa mamlakatlaridan farkliroq, absolyutizmning paydo bo‘lishiga va uning siyosatiga Angliyaning ijtimoiy rivojlanishining o‘zgachaligi katta ta’sir ko‘rsatadi. Burjuaziyaning paydo bo‘lishi bilan uning ittifokdoshi ham paydo bo‘ldi. Bu feodallarning bozor bilan bog‘langan (burjuaziya bilan bog‘langan qismi), ya’ni o‘sha paytda aytilishicha, yangi dvoryanlar yoki jentrilar edilar.
Angliya absolyutizmi feodallar diktaturasini amalga oshirishda, xalq ommasini qo‘lda tuta biladigan, feodal separatizmining chiqishlarini bostira oladigan va faol ichki siyosat olib boradigan ijroiy apparat tuzishga harakat qildi. Bu ijroiy apparat absolyutizmining har bir talabini amalga oshirishi kerak edi. SHu bilan bir vaqtda davlatning markazlashishi jarayoni tugallanayotgan edi1.
Tyudorlar davlati vakillari taniqli siyosiy fikrlovchi Marsiliy Poduanskiyning konsepsiyasini, yani mustaqil davlat haqidagi konsepsiya(ta’limot)ni o‘zlariga qurol qilib oldilar. 1535 yilda reformatsiyaning ayni qizigan paytida Genrix VIII ning eng yaqin maslahatchisi va ministri Tomas Kromvel tomonidan Poduanskiyning asosiy asari «Jahon himoyachisi» lotin tilidan ingliz tiliga tarjima qilinib bosilib chiqdi. Bu traktat ingliz absolyutizmi manfaatlariga moslashtirilgan edi. Ba’zi joylari tushirib qoldirilgan, ba’zi joylari esa qaytadan ishlangan edi. Tyudorlar siyosatining parlament tomonidan qo‘llab quvvatlanishi shuni bildirar ediki, bu siyosat parlamentda ishtirok qilayotgan toifalar manfaatlariga javob berar edi.
Qirol va parlamentning munosabati to‘g‘risida episkop Stefan Gardiner gersog Somersetga yozgan xatida (1577 y.) uni shunday ifodalagan edi: «Har bir qonun o‘zining gavdasi va qalbiga ega, parlamentning ikkita palatasi qonunning gavdasini chizishadi, bu gavda qirol tomonidan hayot va qalb bermaguncha o‘lik bo‘ladi».
Ingliz absolyutizmi Evropadagi boshqa davlatlardagi absolyutizmdan o‘zining bir qancha xususiyatlari bilan farq qilib turar edikim, bu farqlar quyidagilardir:
Markaziy davlat apparatining, ya’ni boshqarishning joylarda bo‘sh (zaif) bo‘lishi, mahalliy ma’muriyatning muhim rol o‘ynaganligi;
XVI asrda parlamentning to‘xtovsiz faoliyat ko‘rsatib turganligi, ya’ni parlamentning mavjudligi;
Muntazam armiyaning yo‘qligi. Bu qisman Angliyaning orolda joylashganligi bilan ham bog‘liq edi.
XVI asrning birinchi yarmida Angliya tashqi siyosatidagi yangi yo‘nalish shu bo‘ldiki, XVI asrning dastlabki yillarida Evropada turli xil harbiy ixtiloflar kuchayib ketgan bo‘lib, bu ixtiloflarning asosiy sababi Fransiya va Ispaniya o‘rtasida Italiya va Flandriyaning boy hududlariga egalik qilish uchun kurash edi. Boyligi va aholisining soni jihatidan yuqoridagi ikki raqibga hech teng kelolmagan Angliya tezda ular o‘rtasidagi kelishmovchilikdan o‘z siyosiy va diplomatik maqsadlarida foydalanish san’atini o‘zlashtirib oldi. Bu siyosatning asosiy mohiyati, bir tomonning kuchayib ketishiga yo‘l bermaslik, ya’ni goh u tomonning, goh bu tomonning siyosatini quvvatlab kuchlar muvozanatini saqlab turish edi.
Bunday juda puxta o‘ylangan va nozik siyosiy o‘yinning mualliflaridan biri Genrix VIII hukumatining dastlabki davridagi boshlig‘i kardinal T.Uolsi edi. Genrix VIII taxtga chiqqach 1509 yildan Angliya Ispaniyani quvvatlaydi va Fransiyaga qarshi urush olib bordi. Ammo, 1525 yilgi Ispaniyaning Italiya ustidan hukmronligiga olib kelgan Paviya yonidagi jangdan so‘ng, Evropadagi siyosiy ahvol o‘zgardi. Gabsburglar Germaniyasi bilan birlashgan Italiyani bo‘ysundirgan Ispaniya, endi Angliya bilan ham hisoblashmay qo‘ya boshladi. Oqibatda bu, Angliyaning tashqi siyosatda Fransiya tomon burilishiga sabab bo‘ldi.
Genrix o‘zining xalq ommasi o‘rtasidagi mashhurligidan foydalanib va xalq ommasining unga nisbatan xayrixoxligiga ishonch hosil qilib, siyosatdagi yo‘nalishini o‘zgartirdi va butun kuchini boshqa bir dushmanga, papa hukumatiga zarba berishga qaratdi. Genrix siyosatidagi bu o‘zgarishni eng nufuzli amaldorlardan bo‘lgan Norfolk va Marlar quvvatladilar. Kromvelning siyosiy faoliyati inglizlar parlamentidagi ikki palataning: lordlar va umum palatalarning obro‘si tiklangan va kuchaygan davriga to‘g‘ri keldi. U bu muassasalar faoliyatini chegaralashga harakat qilmasdan, balki ularning ustidan hukumronlik qilishga ular yordamida qirollikning qudratini oshirishga harakat qildi. Qo‘rquvni bilmaydigan, qatiyatli va juda katta davlat arbobi sifatlariga ega bo‘lgan Kromvel Angliya parlamentining ikkala palatasini ham qirolga muxolifat ijtimoiy muassasadan, qirol xohishini so‘zsiz bajarishga tayyor turgan idoraga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi.
Parlamentning ish olib borish tartibiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Kromvel tutgan siyosat o‘zini oqlaganday ko‘rinadi.
Parlament qarorlari asosida cherkov monarxiyaga tobe bo‘lib qolgan edi. Kromvel tomonidan parlamentda qabul qilingan qarorlardan biri bu Genrixning o‘z fuqarolaridan olgan qarzlarini to‘lashdan ozod qilish bo‘ldi. Kromvel hukumatining oxirgi qonunlaridan biri qirol tomonidan chiqarilgan varaqalarga qonun kuchini berish bo‘ldi. Parlamentga ega bo‘lgan Genrix shu darajada kuchaydiki, endi u o‘zboshimchalik bilan Rim bilan munosabatlarini buzish yoki ser Tomas Morga o‘xshaganlarni eshofotga yuborishi mumkin edi. Ammo, Genrix VIII parlamentning yordamisiz xususiy mulklarni, monastirlarning mulkini musodara qilishga, ularni berkitishga yoki milliy diniy e’tiqodni o‘zgartirishga jur’at qilolmasdi. Monarxiyaning mana shunday maqsadlarini amalga oshirishda rozilik berish kerak bo‘lgan parlamentning faoliyat maydoni va vakolatlik kuchi, so‘zsiz yanada kuchaydi. Parlament kabi qudratli mashina qo‘lga tushgach, Kromvel undan unumli foydalandi.
Endi parlamentning yig‘ilishlari avvalgidek ahyon - ahyonda emas, balki har yili chaqiriladigan bo‘ldi. Parlament yordami bilan Angliya G‘arb xristian dunyosi bilan muloqotlarini uzdi. Parlament aktlari bilan Angliya cherkovi o‘zining avvalgi imtiyozlaridan mahrum etilib, qirollikka to‘lig‘icha qaram qilib qo‘yildi. Parlament qarorlari mamlakatda qaysi din bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib berar edi. Xususiy er mulklarning katta ko‘lamda musodara qilinishi ham parlament roziligi bilan amalga oshirildi. U endi taxt merosxo‘rlari masalasini hal qilar, qirollar nikohining va bu nikoxdan bo‘lgan bolalarining qonuniy ekanligi to‘g‘risida hukm chiqarar edi.
Avval qirollar parlamentning hukumat xizmatchilari va qirolning oila a’zolari hayotiga aralashuviga qarshi kurashsalar, endi esa ularning o‘zi xizmatchilarning gunohi darajasini aniqlab berishga va xotinlarining sadoqatsizliklarini yoki gunohsizliklarini isbotlab berishda parlamentga murojaat qilardi.
Mariya Tyudorga episkoplarni tayinlash huquqi berildi. Bu uning Rim papaligi bilan juda yaqinlashganini ko‘rsatadi. Qirolicha faqat katolik cherkovini tiklash bilan chegaralanib qolmasdan, katolik odatlarini, papalikning qonun-qoidalarini ham avvalgi holiga keltirdi. Genrix VIII davrida tortib olingan monastirlarning erlarini qaytarib berdi. Ammo bu mulkdorlar tomonidan norozilikning kelib chiqishiga olib keldi.
Endi Mariya Tyudor davridagi Angliyaga nisbatan Fransiya va Ispaniya qirollarining qarashlariga kelsak, ular Angliya siyosatiga ehtiyotkorlik bilan yondoshdilar. Lekin, shunga qaramay ular o‘z maqsadlariga erishgan edilar, ya’ni Angliyada katolik cherkov qonunlari tiklangan edi. Katolik cherkovi urf-odatlari 1553-1558 yillarda yana tantana qildi.
Dostları ilə paylaş: |