KIRISH Iqtisodiyot raqobatbardoshligi barcha bo’g’inlari (makrodarajada) bir-biri bilan bog’liq. Ulardan birining rivojlanmaganligi boshqalariga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Masalan, innovatsion salohiyatni yuqori texnologiyalarni foydalanishga moslashtiruvchi yaxshi rivojlanmagan oliy ta’lim tizimisiz hamda ishlanma va tadqiqotlarni moliyalashtiruvchi samarali amal qiluvchi moliya tizimisiz amalga oshirib bo’lmaydi.
Adolatli raqobat shart-sharoitlarining mavjud emasligi va rivojlanmagan tovarlar bozori innovatsion mahsulotga bo’lgan barqaror talabni va ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirishga rag’batlarni ta’minlamaydi hamda milliy innovatsion tizimlar va infratuzilmalar, ilmiy-texnik ishlanmalarning tijoratlashmaganligi ularni pirovard iste’molchiga etib borishiga imkon bermaydi.
O’zbekiston sanoatining rivojlanish xususiyati sanoat tarmoqlarining qayta ishlash sohalarida fond qaytimi va mehnat unumdorligining jadal o’sish tendensiyasiga erishganligi hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi to’g’risida»gi farmonning «2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi» deb nomlangan ilovasida 3.2- bandi «Tarkibiy o’zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning etakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish» deb nomlanib, unda «iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulotlar va xizmatlar ko’rsatish bozorlarida monopoliyani bosqichma bosqich kamaytirish; prinsipial jihatdan yangi mahsulot va texnologiyalar turlarini chiqarishni o’zlashtirish, bunga asosan ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash» vazifalari belgilab berilgan.
Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning asosida albatta tarkibiy o’zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish masalasi turadi. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash, islohotlarni chuqurlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va asosiy fondlarni yaratish, amalda faoliyat yuritayotgan texnika va texnologiyalarni yangilash, ularni qo’llab-quvvatlash investitsion jarayonlarni nechog’li to’g’ri va samarali amalga oshirishga bog’liqdir.
Shu boisdan ham, O’zbekiston Respublikasi davlat rahbari tomonidan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun markazlashgan, markazlashmagan jamg’armalar mablag’lari, xorijiy investitsiyalar va kreditlarni o’zlashtirishga hamda ulardan samarali foydalanish masalalariga urg’u berilmoqda.
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, ularning natijalari atroflicha muhokama qilinmoqda.
Milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish masalasini hal etish bo’yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlaridagi 4400 dan ortiq korxonaning rentabellik darajasini oshirish va moliyaviy sog’lomlashtirish hamda ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish asosida ishchilar sonini ko’paytirishga erishish rejalashtirilgan. Bu tadbirlar natijasida korxonalarning rentabellik darajasi oshadi, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish va ishchilar sonini ko’paytirishga erishiladi.
Korxonalarni raqobatbardoshligini baholash orqali hududni, mamlakatni rivojlantirish strategiyasi, innovatsion va investitsion salohiyatini aniqlash, istiqbolli rejalarni tuzish imkonini beradi.
Shu bois ushbu holatlar alohida fan sifatida 5A230108- Monopoliyaga qarshi boshqaruv va raqobatni rivojlantirish magistratura yo’nalishi o’quv rejasiga kiritilgan va shu fan bo’yicha mazkur o’quv qo’llanma tayyorlangan. O’quv qo’lanmada korxona raqobatbardoshligi, uni aniqlash uslublari, unga ta’sir etadigan omillar va tahlil qilish haqidagi nazariy ma’lumot mavjud.
O’quv qo’llanma asosan 5A230108 – Monopoliyaga qarshi boshqaruv va raqobatni rivojlantirish, magistratura yo’nalishi tahsil olayotgan magistrantlar va bakalavlar uchun mo’ljallangan va shu bilan har bir kishi uchun foydali bo’lishi mumkin.