Ekish muddatlari. Don va silosbop makkajo’xori bahor va yoz oylarida ekiladi. Makkajo’xorini bahorda ekishning eng optimal muddati Xorazm viloyatida aprel oyining ikkinchi yarmi va aprelning boshi xisoblanadi. Makkajo`xori urug’ini tuproqning 10-12 sm va undan ham chuqurroq qatlamiga ekish mumkin. Yozda makkajo`xori ikkinchi ekin sifatida ekilgandada yerni tayyorlashga katta ahamiyat berish kerak. Qayta ekishni 15 iyulgacha tugallash kerak. May va iyun oyida ekilganda makkajo`xoridan don olish mumkin. Iyulning birinchi yarmida ekilganda makkajo`xoridan esa silos yoki ko`kpoya olinadi. Ko’kpoya uchun makkajo’xori avgust oyining yarmigacha ekilishi mumkin. Ekish normasi. Urug’ ekish normasi donning unib chiqish qobiliyati, yirikligi, ko’ chat qalinligi (ekish sxemasi), nav xususiyati, tuproq sharoiti, tuproq harorati va boshqa omillarga bog’liq. Har xil nav va duragaylar doni yirikligi bo’yicha bir xil emas, shuningdek urug’larning unib chiqish qobiliyati ham har xil. Odatda, duragay makkajo’xori urug’larining unuvchanligi navlarga nisbatan yuqoriroq. Bundan tashqari tuproqning temperaturasi, mexanik tarkibi, sho’rlanish darajasi va boshqa omillar xisobga olinishi lozim. O’rta xisobda bir gektar yerda don uchun ekishda 22-25, ko`kpoya yetishtirish uchun esa 30-80 kg urug’ sarflash mumkin. Ekish usullar har xil. Makkajo’xorini iqlim, tuproq sharoiti va boshqa sabablarga ko’ra oddiy usulda tekis yerga, egat ichiga, egat ustiga, egat yonbag`riga va boshqa usullarda ekish mumkin. Butun o’suv davrida qator oralarini mexanizmlar bilan ishlash, qo`shimcha oziqlantirish, sug’orish uchun egatlar ochish va boshqa jarayonlarni amalga oshirish maqsadida o’simliklar tor va keng qatorlab joylashtiriladi. Odatda, makkajo’xoriningqator oralig’i 60, 70, 80, 90, 100, 120 sm bo`lishi mumkin. O’zbekistonning sug’oriladigan yerlarida makkajo’xori qator oralig’ining maksimal kengligi 90sm hisoblanadi. Undan ortib ketsa o’simlik tuproq unumdorligidan to’la foydalana olmaydi. Qatorlardagi o’simliklar o’rtasidagi masofa 9-15 sm va hokazo bo’lishi mumkin.
Egat ichiga ekish. Egat ichiga ekish usuli qo`llanilganda egatlar chuqurligi 15- 16 sm bo`lishi lozim. Sayoz (8-10 sm) egatlar urug`ni mo`ljallangan qulay qatlamga ekishga va o`simlik tuplarini chopiq qilish paytida tuproq bilan ko’mishga imkon bermaydi. Tajribalarimizda egat ichiga ekish usuli har ikkala xolatda (chuqur va sayoz) ham tekis yerga ekishga nisbatan yuqori hosil berdi. Egat ichiga ekilganda eng yuqori hosil egat chuqurligi 16 sm bo`lganda olindi va qo`shimcha xosil 8 smli egatdagiga nisbatan ancha (ko`kpoya hosili 12,3 %, don hosili 19,5 %) ko`p bo`ldi. Oddiy usulda ekilganda yog’ingarchilik ko’p bo’lgan xollarda tuproq yuzining tez qurishi natijasida urug` ustida kuchli qatqaloq paydo bo`ladi va nixollarning chiqishi qiyinlashadi. Egat ichida kuchli qatqaloq hosil bo`lganda, u tuproqda havo almashishini yaxshilash va shu yo`l bilan urug`ning unishini yoki maysaning o`sishini yaxshilash maqsadida kultivatsiya yordamida yumshatiladi. Egat ichiga ekilganda makkajo`xori dalalarida hosil bo`lgan tuproq qatqalog`ini yo’qotish uchun 2-3 marta kultivatsiya qilish mumkin. Qatqaloq paydo bo`lgan va o`t bosgan dalalarni unib chiqqungacha yoki maysalar to`la ko`karib chiqqguncha va yaganalash paytigacha ishlanadi. Birinchi kultivatsiya o’simlik 3-4 barg chiqargan vaqtda o’tkazliadi, keyingi kultivatsiyalar o’simlik 80-90 sm bo’lgunga qadar o’tkazilishi mumkin, kultivatsiya vaqtida mineral o’g’itlar ham berib boriladi. Kultivatsiya vaqtida egatlarni tuproq bilan to`ldiradi va o`simlikning atrofidagi begona o’tlarni tuproqga ko`madi. Egat ichiga ekish usulining afzalliklari. Maʼlumki, urug`ning normal unib chiqishi uchun havo, temperatura bilan bir qatorda namlik ham muxim ahamiyatga ega. Ekish paytida tuproq nami yaxshi saqlangan bo`lsa va urug` mumkin qadar nam qatlamga ekilsa, maysalar bexato bo`ladi. Ekish usuli tuproqdagi namlik miqdoriga maʼlum darajada taʼsir qiladi, chunki ekish usuliga qarab tuproqning urug` ekiladigan qatlami qisman o’zgaradi, yaʼni tuproqning yuza qatlami zichlanishi yoki shakli o’zgarishi mumkin. Masalan, urug` oddiy usulda, yaʼni tekis yerga ekilgandada tuproqiing yuza qismi bir oz zichlanadi, shakli esa deyarli o’zgarmaydi. Egat ichiga ekilganda tuproqning yuza shakli o’zgaradi va satxi ko`payadi. Bunda urug’ egat olish bilan bir vaqtda ekiladi, shuning uchun u tuproqning sernam, sho`rlangan yerlarda tuzi kam bo`lgan qatlamiga tushadi.
Bizning tajribalarimizda har xil usulda ekilganda dalalardagi namlik tekshirilganda makkajo`xori egat ichiga ekilgandada urug` ekilganda qatlamning namligi oddiy usulinikiga nisbatan 13-14 % ko`p bo`lgani aniqlandi. Demak, urug` egat ichiga ekilganda u tuproqning sernam qatlamiga tushadi. Chunki egat olish paytida tuproqning nami kam qatlami ikki tomonga ag’darib tashlanadi.
Tajribalardan maʼlum bo`lishicha, urug` egat ichiga ekilganda qatlamda o`rtacha sutkalik harorat oddiy usulda ekilgandadagiga karaganda 7-10 % yuqori. Bu esa urug’ning bir tekis unishiga va to`la qiymatli maysalar olishga imkon beradi. Egat ichiga ekilganda makkajo`xori maysalarining ildizlari shamol taʼsirida zararlanmaydi, chunki egatlar ikki chetidan surilib tushgan tuproq bilan asta-sekin ko`miladi. Tajrilabarimizda egat ichiga ekilganda makkajo`xori tekis yerga ekilgandagiga qaraganda yaxshi o`sdi. Shuningdek so`ta va donlari nisbatan yirik bo`ldi. Tekshirishlar shuni ko’rsatadiki, makkajo`xori urug`i 8-12 santimetr chuqurlikka ekilgandada yaxshi natija berdi. Bunda chuqur 16, 18 santimetrga ekilganda urug`lar 4, 8 va 12 santimetrga ekilgandaga nisbatan 2-3kun keyin ko`karib chiqdi, buning ustiga maysalar sust rivojlandi. Chunki chuqur ekilganda urug` unib to yer betiga chiqqunigacha undagi zapas energiya tugaydi va shunchalik qalini qatlamni yorib chiqishga quvvati yetmay qoladi. Bunday maysalar usib rivojlanishda ancha orqada qoladi. Bu esa natijada hosildorlikka ham salbiy taʼsir qiladi.
Makkajxori qator oralari, odatda, birinchi marta 3—4 barg hosil bo`lgan davrda o’tkaziladi. Birinchi suvga qadar tuproq sharoitiga qarab (yerning o’t bosishi, tuproqning zichlashishi va uni shamollatish zaruriyati tug’ilganda, havo salqin kelgan yillari 2-3 marta kultivatsiya qilinadi. Keyingi kultivatsiyalar sug`orishdan keyin o’tkaziladi. Bunda tuproq ob-tobiga kelganda kultivatsiyalash lozim.
Shuningdek kultivatorlar gektariga 75 kg dan 750 kg gacha o`g`it sola oladi.
Sug`orish muddatlari va normasi. Makkajo`xori jadal o`sayotgan davrda uni teztez, yaʼni 10-12 kunda bir sug’orish lozim. Bunda har gektar yerga 900-1200 м3 gacha suv sarflanadi. Hosilining yetilish davrida makkajo`xoriga yuqori normada suv berib bo`lmaydi. Chunki bu davrda o’simlik bo`yi va massasi katta, so`talar yetilgan bulib, zax yerda poyalar yotib qolishi mumkin. Makkajo`xorini butun o`suv davrida 4-5, hatto 6-7 martagacha sug`orish mumkin.