Choshnigir (bakovul) – u dasturxon yozilganda sulton taomlaridan zaharlanmasligi uchun o‘zi birinchi bo‘lib tatib ko‘rar edi.
Davotdor – sultonning xos kotibi, farmonlarini yozuvchi.
Farrosh – sulton o‘rin-to‘shaklari saqlanadigan farroshxona boshlig‘i. Uning ixtiyorida gilamlar, chodirlar, poyondozlar, ko‘rpa-to‘shaklar bo‘lgan. Farrosh va maxsus o‘rgatilgan g‘ulomlar sulton atrofida doimo hozir turar edilar.
Amirul-a’lam (a’lamdor yoki yalovbardor) – sulton bayroqdori yoki sulton tug‘ining sohibi.
Xorazmshohlarning davlat tizimi Saljuqiylardan deyarli farq qilmagan. Ilgari bo‘lgani kabi davlat boshqaruvi dargoh va devonlar majmuidan iborat bo‘lgan.
Dargohda hojib, ulug‘ hojib Xorazmshohlar davrida ham o‘z ahamiyatini saqlab qolgan. Hojiblarga maxsus mo‘zokaralar olib borish, hatto vazirlar faoliyatini tekshirish kabi muhim vazifalar topshirilgan. Hojiblarning viloyat hukmdori bo‘lganliklari ham manbalardan ma’lum.
Xorazmshohlar davlatining aholisi va ularning qatlamlari haqida yozma manbalar (Muhammad Bag‘dodiy) qo‘yidagicha ma’lumot beradi. 1. Sayidlar – payg‘ambar avlodlari sanalganliklari tufayli hukmdorlar ularni qattiq hurmat qilganlar hamda ularni har tomonlama, ayniqsa, moddiy jihatdan doimo qo‘llab-quvvatlab turganlar.
2. Imomlar va olimlar– ularning maslahatlari va ko‘rsatmalariga davlat ishlariga amal qilingan bo‘lib, ijtimoiy hayotda bunday shaxslarning mavqei ancha ustun bo‘lgan.
3. Qozilar va xokimlar – asosiy qonun chiqaruvchilar bo‘lib, ular shariatning aholi ustidan nazoratini amalga oshirganlar.
4. Tasavvuf vakillari – islom dinida noortodoksal oqim vakillari bo‘lib, faqirona hayot kechirganlar. Ular orasidan chiqqan donishmandlar va mashoyixlarning ko‘pchiligi xalq tomonidan e’zozlangan. Hukmdorlar bunday shaxslarni hurmat qilib, ularning duosini olib turgan.
5. Oqsoqollar – qishloq, qasaba, urug‘-qabila boshliqlari.
6. Amaldorlar va sipohiylar – hukmdorlarning joylardagi noiblari qo‘li ostida xizmat qiluvchi shaxslar.