34-modda. Murojaatlarning ko‘rib chiqilishini monitoring va nazorat qilish Davlat organlarining, tashkilotlarning rahbarlari yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxslari
o‘z tuzilmaviy bo‘linmalari tomonidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan doimiy monitoring
va nazoratni amalga oshiradi, ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash
choralarini ko‘radi.
Murojaat u qaysi rahbar yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan nazoratga
olingan bo‘lsa, o‘sha shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinadi.
Oraliq javoblar berilgan va to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar nazoratdan olinmaydi.
35-modda. Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari kelib tushgan murojaatlarning statistik
hisobini yuritadi. Statistik hisobga olishda kelib tushgan, ko‘rib chiqilgan, qanoatlantirilgan,
qanoatlantirish rad etilgan, ko‘rmay qoldirilgan murojaatlarning soni, shuningdek murojaatlar bilan
ishlashga bog‘liq bo‘lgan boshqa ma’lumotlar nazarda tutilishi kerak.
Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari har chorakda murojaatlarni
umumlashtiradi va tahlil qiladi.
Davlat organlari murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga ko‘ra
ma’lumotnomalar (sharhlar) tuzadi, ularda murojaatlar bilan ishlashning umumiy ko‘rsatkichlari,
murojaatlarda tez-tez ko‘tarilgan masalalar, murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha
aniqlangan asosiy kamchiliklar va qoida buzarliklar, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari,
erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib
chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish maqsadida ko‘rilgan chora-tadbirlar aks ettiriladi.
Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga ko‘ra tuzilgan ma’lumotnomalar
(sharhlar) tegishli davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.