Klassik maktabga muqobil (alternativ) ta\'limotlar
Klassik maktabga muqobil (alternativ) ta'limotlar
Reja:
1. Sismondinig iqtisodiy qarashlari.
2. Prudonning iqtisodiy konsepsiyasi.
3. Rodbertusning iqtisodiy g`oyalari.
S.Sismondining iqtisodiy qarashlari
Jan Sharl Leonardi Simond Leonard de Sismondi (1773-1842) Shveysariyada tug'ilgan, fransuz klassik siyosiy iqtisodini nihoyasiga etkazuvchi va ayni vaqtda mayda siyosiy iqtisodning asoschilaridan biridir. U mu'tabar protestant pastor oilasida tug'ilib voyaga etdi. protestantlar kollegiyasini bitirib chiqdi, Jeneva universitetida o'qidi.
S.Sismondi iqtisod va tarix fanlari sohasida katta ishlarni amalga oshirib, boy ilmiy-adabiy meros qoldirdi. «Toskani qishloq xo'jaligining ko'rinishi» (1801 y.), «Savdo boyligi yoki siyosiy iqtisod prinsiplari va ularning savdo qonunchiligida qo'llanilishi to'g'risida» (1803 y.), «Italiya respublikalarining tarixi» (1807 y.), 1818 yilda esa «Edinburg ensiklopediyasi» uchun «Siyosiy iqtisod» maqolasini tayyorladi, lekin «Siyosiy iqtisodning yangi ibtidolari yoki boylikning aholi nufusiga munosabatlari to'g'risida» (1819 y.) kitobining nashr qilinishi uning shuhratini yanada oshirdi.
Sh.Sismondi g'oyalarining shakllanishi, sanoat to'ntarishi davri bilan, shuningdek mayda ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy kuchsizlanishi bilan bog'liq bo'lib, bu esa o'z navbatida kapitalizmning feodalizm ustidan, yirik mashinalashgan ishlab chiqarishning mayda ishlab chiqarish ustidan g'alabasini anglatar edi.
S.Sismondi ijodini o'rganish metodini ayrim xususiyatlarini klassik iqtisodiy maktab vakillari bilan tenglishtirishimiz mumkin. Aynan o'ziga xos uslubiyot iqtisodiyot faniga quyidagi yangiliklarni olib kirdi.
Birinchidan, Klassiklardan farq qilib, xukumatlar boylikni taqsimlash va tartibga solishni boshqarishni o'z qo'llariga olishlariga xayrihohlik bildiradi. Unda aynan xukumat ishlab chiqarishni kengaytirmasdan «uchinchi shaxslar» manfaatlariga mos yo'l ochib beradi.
Ikkinchidan, siyosiy iqtisodda ilmiy abstraksiya usulini qabul qilmaslik. S.Sismondi, A.Smit izdoshlarini abstraksiyaga berilib insonlarni umuman unutganliklarini, natijada fan ularni izlanishlarida turli amaliyotlardan ajralib qoldi deb qisqacha xulosalar qiladi.
Uchinchidan, A.Smitning «iqtisodiy inson» doktrinasini inkor etish. S.Sismondi klasiklarning har bir alohida olingan inson manfaatlari umumiy manfaatlarini shakllanishiga sababchi degan fikrga umuman qo'shilmaydi. Uning fikricha har qaysi inson o'zining shaxsiy manfaatlarini o'zgalar hisobiga amalga oshirish bilan mavjud turli imkoniyatlarni ishga solar ekan, bu erda har sanoatchining erishgan yutug'i o'z navbatida o'zga sanoatchini xonavayron bo'lishiga olib keladi.
To'rtinchidan, ilmiy texnika progresini jadallashuvi jamiyat ravnaqidagi ob'ektiv zaruriyatligini tan olmaslik. Quyidagi uslubiy holatni izohlab S.Sismondi shunday deydi: «garchan mashinalar ixtirosi insonlar uchun katta qulaylik bo'lsada, ammo ular (mashinalar) yaratgan foydani adolatsiz taqsimlanishi, kambag'allar uchun ofat keltiradi».
Beshinchidan, iqtisodiy tahlilda funksional usulni qo'llash maqsadga muvofiqligini e'tirof etish. Bu holat siyosiy iqtisodda tobora yangi tus olayotgan sabab va oqibatni tan olish demakdir.
Oltinchidan, iqtisodiy tahlilda iqtisodiy faktorlar bilan birga noiqtisodiy faktorlarning ham o'rin olishi. Din, tarbiya, vijdoniylik va boshqalar insonlarning bir maqsadga yaqinlashtiriuvchi faktorlar deb belgilanadi.
Uning qarashlari rivojida ikki bosqich ko'zga tashlanadi. Avval boshda S.Sismondi A.Smit ta'limotining, klassik siyosiy iqtisodning tarafdori bo'lib chiqdi. U o'zining dastlabki asarlaridan biri - «Savdo boyligi to'g'risida...» kitobida (1803 y.) sanoat to'ntarilishining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni va imkoniyatlarini yuksak baholadi. S.Sismondi Angliyaga ikkinchi marta borib kelganidan keyin endi kapitalizmni, shuningdek klassik maktabni qattiq tanqid qila boshladi
«Siyosiy iqtisodning yangi ibtidolari yoki boylikning aholi nufusiga munosabatlari» (1819 y.) kitobi uning shuhratini yanada oshirdi. S.Sismondi odamlar baxt va tenglikni ta'minlash uchun birlashdilar, degan fikrga asoslanadi. U mayda ishlab chiqarishni ko'klarga ko'tarib maqtaydi, mehnatkashlarning manfaatlarini himoya qilishga intiladi, hammaga hamdardlik bildiradi, fabrikaga oid qonunlarni tabriklaydi, bolalar mehnatining ekspluatasiya qilinishini qoralaydi.
Kapitalizmni ijtimoiy adolatdan mahrum bo'lgan jamiyat deb ma'lum qiladi. S.Sismondi iqtisodiy qarashlarining sistemasida daromad to'g'risidagi ta'limot alohida o'rin olishini kitob nomining o'ziyoq ko'rsatib turibdi. U taqsimotning ko'pdan-ko'p muammolari to'g'risida fikr bildiradi. Kapitalni, krizislarni, mahsulotni realizasiya qilish masalalarini tadqiq etadi, jamiyatni o'zgartirishning mayda burjuacha dasturi (programmasi) ni ilgari suradi.