III bob bo‘yicha xulosa……………………………………………………..87
XULOSA...........................................................................................................88-89 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI..................................90-93
KIRISH Magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi. Jahonda yoshlar huquqlarini himoya qilishning ijtimoiy-pedagogik mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning huquqiy tarbiyasini tashkil etishning innovatsion tizimini ishlab chiqishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. XXI asr ta’limi bo‘yicha xalqaro komissiyaning “Ta’lim: sirli xazina” deb nomlangan ma’ruzasida o‘sib kelayotgan avlodni huquqiy tarbiyalash zarurati ortib borayotganligi alohida qayd etib o‘tilgan. YUNESKO loyihasi asosida yaratilgan mashhur mutaxassis-pedagoglarning hamkorlikdagi ishlarida har bir yoshda o‘zi va atrofdagilar, o‘tmish va bugungi avlod oldidagi mas’uliyatni shakllantirish orqali o‘sib kelayotgan avlodni tinchlik va shaxs huquqini hurmat qilish ruhida tarbiyalash asosida Yer sayyorasini saqlab qolish mumkinligi ta’kidlab o‘tilgan. Fuqarolik jamiyatini barpo etish, yoshlarda huquqiy ongni shakllantirish, ularning o‘z huquq va majburiyatlarini to‘liq anglab yetishlarini taqozo etadi.
Dunyoda kompetensiyaviy yondashuv asosida yoshlarda huquqiy ong va madaniyatni shakllantirishning ijtimoiy-pedagogik tizimini takomillashtirish, ijtimoiy loyihalash va modellashtirish asosida o‘quvchilarning huquqiy ta’lim-tarbiyasini tashkil etishning didaktik shart-sharoitlarini ishlab chiqishga doir qator ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, huquqiy tushunchalarni shakllantirish orqali faol fuqarolik kompetensiyasini tarkib toptirish, yoshlarning fuqarolik-huquqiy tarbiyasi diagnostikasi va korreksiyasini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashtirish, ularda huquqiy savodxonlikni shakllantirishning integrativ texnologiyalarini ishlab chiqish muhim dolzarblik kasb etadi. Shuningdek, o‘quvchilar va talabalarda huquqiy ongni shakllantirishga doir dars va darsdan tashqari mashg‘ulotlarni modulli o‘qitish texnologiyalarini qo‘llash asosida tashkil etishning didaktik tizimini ishlab chiqishni taqozo etadi.
Respublikamizda, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, ta’lim-tarbiya ishlarining tizimli va uzviy ravishda olib borilishi, maktabgacha ta’lim tizimidan boshlab, aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish”1 kabi muhim vazifalar belgilab berildi. Bu borada yoshlarda huquqiy ongni rivojlantirishning pedagogik-psixologik xususiyatlarini aniqlashtirish, huquqiy tarbiyani tashkil etishning pedagogik mexanizmlarini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega.
Mazkur tadqiqot ishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-con “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”, 2019 yil 9 yanvardagi PF-5618-son “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonlari, 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-son “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2019 yil 22 apreldagi PQ-4296-son “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6 iyuldagi 422-son “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda mazkur dissertatsiya ishi muayyan darajada xizmat qiladi va dolzarbligini bildiradi.