Kodirova nigora shaydullayevna yoshlarda huquqiy ongni rivojlantirishning usullari


Tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi



Yüklə 134,7 Kb.
səhifə5/16
tarix08.06.2023
ölçüsü134,7 Kb.
#126870
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16
MD-Kodirova-7.06.2023 (2)

Tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi. Tadqiqotda tarixiylik, mantiqiylik, analiz va sintez, qiyosiy tahlil, modellashtirish, prognozlash kabi usullar hamda tizimli, funksional yondashuvlardan foydalanildi.
Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot natijalari oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichi o‘quv jarayonlarida, shuningdek, boshqa ilmiy tadqiqot institutlari, tadqiqot markazlarining kundalik amaliy faoliyatida qo‘llanilishi mumkinligi tadqiqot natijalarining nazariy ahamiyatini belgilab beradi.
Ish tuzilmasining tavsifi. Tadqiqot Kirish, olti paragrafni o‘z ichiga olgan uchta bob, Xulosa va Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan tashkil topgan. Magistrlik dissertatsiyasining hajmi 80 bet.
Ishning birinchi bobi “Yoshlar huquqiy ongini o‘rganishning nazariy-metodologik asoslari” deb nomlanib, mazkur bobda Huquqiy bilim, huquqiy ong tushunchalarining mazmun-mohiyati yoritib berilgan. Mavzu bo‘yicha tadqiqot olib borgan olimlar fikrlari atroflicha o‘rganilgan va yoshlar huquqiy ongini shakllantirishning o‘ziga xos xususiyatlari va yo‘nalishlariga oid muallif o‘zining ilmiy qarashlarini bildirgan.
Ishning ikkinchi bobi “Huquqiy ong – jamiyatda yoshlar faolligini ta’minlash omili” deb nomlanib, mazkur bobda qonun ustuvorligi huquqiy ongni rivojlantirish asosi ekanligi tavsiflab berilgan, Yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini shakllantirishning muhim omillari ochib berilgan.
Ishning uchinchi bobi “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish” deb nomlanib, unda Yangi O‘zbekistonda yoshlar huquqiy ongini rivojlantirish tendensiyalari yoritilgan. Bundan tashqari taraqqiyotning yangi bosqichida yoshlar huquqiy ongini rivojlantirish istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
I BOB. YOSHLARNING HUQUQIY ONGINI O‘RGANISHNING NAZARIY-METODOLOGIK ASOSLARI.

    1. Huquqiy bilim, huquqiy ong tushunchalari va ularning talqinlari.

Huquqiy ongni shakllantirishda demokratik qadriyatlarning o‘rnini tadqiq etish – huquqiy ongning tushunchasi, uning tuzilishi va shakllanishi jarayoniga oid ilmiy fikrlarni umumlashtirishni taqozo etadi.
Aytish lozimki, huquqiy ong, uning tushunchasi va tuzilishi haqida “Davlat va huquq nazariyasi”, shuningdek, “Tarbiya” fanlari bo‘yicha chop etilgan darsliklarda batafsil ma’lumotlarni uchratish mumkin. Bu holda, ushbu masalalar yuzasidan fikr yuritishga ehtiyoj nimada? – degan savol ko‘ndalang bo‘lishi mumkin. Gap shundaki, ilmiy adabiyotlarda keyingi yillarda, aniqrog‘i eski tuzum barham topganidan keyin, jamiyatda huquqiy ong inqirozi haqida fikrlar yuritilmoqda. Bunday holatning obyektiv va subyektiv tusdagi sabablari bor, albatta.
“Bir tuzumdan o‘tib, yangi demokratik davlat barpo etish jarayoni benihoya murakkab ekanligi hamma boxabar bo‘lgan holat. Murakkab o‘tish davrida insonlar ruhiyatida, ongida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lib, unda eski qadriyatlardan voz kechish va yangilarini qabul qilish jarayoni yuz beradi va u og‘riqli, o‘tkir palladir. Taniqli huquqshunos olim V.S.Nersesyans ta’kidlaganidek, bu davrda, bir tomondan, odamlarda tezgina huquqiy ijtimoiy davlat qurish, insonlarni byurokratlashgan amaldorlarning hamda jinoiy tuzilmalarning o‘zboshimchaligi va qonunni mensimasligidan himoya qila oladigan chinakam huquqiy tizimni yaratish imkoniyatiga nisbatan bo‘lgan ishonch kamaya bormoqda.
Ikkinchi tomondan esa, bugungi huquqiy ongda hali rivojlanmagan, ko‘p jihatlari bilan madaniylasha olmagan bozor g‘oyasining ta’siri katta. Ayni paytda, shu narsa ayonki, ma’rifiylashgan bozor munosabatlari uchun rivojlangan individual huquqiy ong, huquqning insonlar tomonidan qadrlanishi, individning huquqiy madaniyatga asoslangan mustaqil harakatlar sodir etishga, o‘zini-o‘zi tartibga solishga qodirligi juda zarurdir”19 .
Huquqiy ong inqirozi jamiyatdagi mavjud munosabatlar bilan Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan normalar o‘rtasidagi farq, huquqiy sohadagi ahvol, davlat organlari va mansabdor shaxslarning mas’uliyatining yetishmasligi kabi salbiy holatlar bilan tavsiflanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “Bozor iqtisodiyotini shakllantirish sharoitida huquqiy madaniyatni oshirish muhim ish hisoblanadi. Shu bilan birga, huquqiy madaniyat saviyasi qabul qilingan qonunlar soni bilan emas, balki ushbu qonunlarning qay darajalarda rioya etilishi bilan belgilanadi. Ushbu muhim ishda odamlarda qonunlarga va normativ huquqiy hujjatlarga nisbatan chuqur hurmat hissini tarbiyalash alohida ahamiyatga egadir. Zero, huquqiy normalar odamlar ongiga singgan va ular orqali amal qilgan taqdirdagina yashaydi va ruyobga chiqadi”20 .
Bundan tashqari, huquqiy ongga oid manbalar va fikrlar ko‘pligiga qaramasdan, bu masalaga yondoshuvda muayyan noaniqliklar, turli fikrlar mavjudligi va ba’zan esa ularning bir-biriga zidligi holatini kuzatish mumkin. Shu bois, biz o‘z tadqiqotimiz doirasida huquqiy ong tushunchasi, uning tarkibiy tuzilishi bo‘yicha huquq nazariyasida aytilgan fikrlarni tanqidiy bir nazardan o‘tkazib, ulardagi umumiylik va o‘zgacha yondoshuvlarni aniqlashga harakat qilamiz.
Bizningcha, huquqiy ong haqida mushohada etishdan oldin, dastlab ijtimoiy ong haqida fikr yuritishimiz kerak bo‘ladi. Zero, huquqiy ong - umumiy ijtimoiy ongning bir tarkibiy qismi, degan e’tirof hech kimda e’tiroz uyg‘otmasa kerak. Ijtimoiy ongning o‘zi nima? “Odamning ijtimoiy hayotni tushunishi, sezishi, unga munosabati uning ongida yuz beradi. Siyosiy ong, ijtimoiy ong iboralari ana shundan kelib chiqqandir. Voqelikning kishi miyasida uning butun ruhiy faoliyatini o‘z ichiga olgan va albatta, ma’lum maqsadga yo‘nalgan holda aks etishi ongning zuhuridir. Ong, shuningdek, kishining ruhiy, siyosiy, falsafiy nuqtai-nazarlari, diniy, badiiy qarashlarining ham majmui hisoblanadi. Ijtimoiy ong deganda mana shular tushuniladi”21 .
Demak, huquqiy ong jamiyat umumiy ongining bir qismi ekan, bu holda mantiqan unga umumiy ongga xos bo‘lgan jihat va xususiyatlar ham xos bo‘lishi tabiiydir. Ayni paytda, xuquqiy ong umumiy ongning aynan huquqiy borliqqa oid qismi ekan, demak unga umumiy ongga xos bo‘lmagan jihatlar mansub, degan xulosaga kelish mumkin. Biron-bir hodisaning mazmun va mohiyatiga yetib borish uchun unga berilgan ta’riflarga e’tibor berish zarur. Chunki definitsiyalarda obyekt hisoblangan narsa va hodisaning eng muhim, ahamiyatli jihatlari o‘zining ifodasini topadi.
Huquqiy ongga manbalarda berilgan ta’riflarga e’tibor qaratamiz: Prof. Z.M.Islomov huquqiy ongga shunday ta’rif beradi: “Huquqiy ongni mamlakat fuqarolarining ham amaldagi huquqqa, yuridik amaliyotga, fuqarolar huquqlari, erkinliklari, majburiyatlariga, ham orzu qilingan huquqqa va boshqa huquqiy hodisalarga munosabatini ifodalovchi huquqiy sezgilar, g‘oyalar, baholar, tasavvurlar tizimi sifatida ta’riflash mumkin”22. Bu ta’rifda huquqiy ong nimalar, ya’ni qanday omillar asosida shakllanishi masalasi e’tibordan chetda qolgan.
Professor Y.A.Dmitriyevning ta’rificha, “huquqiy ong bu insonlar va ularning turli birliklari hamda butun jamiyatning amaldagi huquq va huquqiy hodisalarga nisbatan qarashlari, g‘oyalari, tasavvurlari, hislari yig‘indisidir”23. Ushbu ta’rifda huquqiy ongning muhim funksiyasi bo‘lgan, Z.M.Islomov ta’kidlab ketgan baholash faoliyati e’tibordan chetda qolgan.
Rossiyalik huquqshunos olima A.N.Golovistikovaning huquqiy ongga bergan ta’rifi Y.A.Dmitriyevning ta’rifi bilan bir xil, ya’ni “huquqiy ong bu insonlarning va ularning turli birliklarining hamda butun jamiyatning amaldagi huquq va huquqiy hodisalarga nisbatan qarashlari, g‘oyalari, tasavvurlari, hislari yig‘indisidir”. Bu ikki muallifning ta’rifi tasodifan aynan bir xil bo‘lib, unda insonlar tomonidan kutilayotgan, xohlanayotgan, Z.M.Islomov ta’biri bilan aytganda “orzu qilinayotgan huquqqa” nisbatan munosabatlari hamda huquqiy ong shakllanishining omillari nazardan chetga qolgan.
R.A.Romashov va A.G.Indiklarning ta’rificha, “huquqiy ong insonlarning ijtimoiy hayotning yuridik ahamiyatli hodisalariga (amaldagi qonunchilikka, yuridik amaliyotga, insonlar va fuqarolarning huquq va erkinliklariga) nisbatan baholovchi ruhiy munosabatini ifodalovchi huquqiy tasavvurlari, qarashlari, g‘oyalari, hislari, hayajonlari majmuidir”24. Bu ta’rifda ham insonlarning kutilayotgan huquqqa munosabati hamda huquqiy ongni shakllantirish omillari e’tibordan chetda qolgan.
Akademik V.S.Nersesyans mas’ul muharrirligida chop etilgan “Проблемы общей теории права и государства” nomli kitobda huquqiy ongga quyidagicha ta’rif berilgan: “Huquqiy ong – bu insonlarning huquqqa va davlat-huquqiy hodisalarga nisbatan tasavvurlari, qarashlari, ichki ishonchlari, baholari, hislari va tuyg‘ulari yig‘indisidir”25. Bu ta’rifda ham insonlarning huquqiy ongi kutilayotgan huquqqa nisbatan bo‘lgan munosabatni ham o‘z ichiga olishi e’tibordan chetda qolgan.
Ayni paytda, yuqoridagi ta’riflarning barchasida jiddiy yaqinlik mavjudligini e’tirof etish zarur. Shunday bo‘lishiga qaramay, ushbu bayon etilgan ta’riflar ichida Z.M.Islomovning ta’rifi ushbu ijtimoiy hodisaning muayyan jihatlarini batafsil qamrab olgan. Unda insonlarning nafaqat amaldagi huquq balki, istalayotgan, “orzu qilinayotgan” huquqqa nisbatan munosabati ta’kidlangan.
Yuridik qomusiy lug‘atda huquqiy ong “davlat va huquq nazariyasi va kriminologiyaning kategoriyasi bo‘lib, u huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan hodisalarni o‘zida aks ettirishi bilan bog‘liq bo‘lgan hamda huquqiy ahamiyatli qadriyatlar, huquqni tushunish, zaruriy huquqiy tartibot to‘g‘risidagi tasavvurlar bilan belgilanadigan ijtimoiy, guruhiy va individual ong sohalarini anglatadi”, deyilgan26.
Lug‘atda berilgan ta’rif o‘ziga xos bo‘lib, unda huquqiy ongning shakllanish omillari ham o‘z ifodasini topgan, ya’ni huquqiy ong (inglizcha - legal awareness) “huquqiy ahamiyatli qadriyatlar, huquqni tushunish, zaruriy huquqiy tartibot to‘g‘risidagi tasavvurlar bilan belgilanadigan” hodisaligi qayd etiladi.
Huquqiy ong subyektiv ongning shakllaridan biri bo‘lib, u insonlarda huquq talablari yuzasidan ijobiy yoki salbiy munosabatni ishlab chiqishiga ta’sir etadi. Huquqiy ong o‘z navbatida quyidagilarni taqozo etadi: huquqning mazmun-mohiyati to‘g‘risida mushohada etishni; huquqiy qadriyatlarni boshqa, xususan axloqiy, diniy va siyosiy ijtimoiy qadriyatlar bilan o‘zaro nisbatlashni; huquqni uning ijtimoiy ahamiyati nuqtai-nazaridan baholashni; huquqqa mos xulqning zarurligini chuqur anglab yetishni; huquqni amalga oshirish natijalarini qabul qilishni.
Ma’lumki, individual va ijtimoiy ong kabi dunyoqarash majmuiga kiruvchi elementlardan biri-huquqiy bilimlar va huquqiy e’tiqodlar tizimi bo‘lib, u ilmiy adabiyotlarda huquqiy ong deb yuritiladi. U inson hayotiy faoliyatini “mumkin yoxud mumkin emas”, degan pozitsiyada boshqarib turadi27. N.I.Matuzov va A.V.Malko huquqiy ongga juda qisqa, lo‘nda ta’rif berishadi: “Huquqiy ong bu – odamlarning amal qilayotgan (yoki ular ko‘nglidagi) huquq va boshqa huquqiy hodisalarga munosabatlarini ifodalovchi qarashlari, g‘oyalari, tasavvurlari, shuningdek, his-tuyg‘ulari, his-hayajonlarining yig‘indisidir”.
Huquqiy ong ijtimoiy ongning bir shakli sifatida namoyon bo‘lib, unda insonlarning huquqiy borliqqa nisbatan ijobiy va salbiy munosabatlari o‘z aksini topadi. Huquqqa nisbatan ijobiy munosabat huquqni bilishni, uni hurmat qilishni, uning jamiyatda ijobiy rol o‘ynashiga bo‘lgan ishonchni va shu asosda unga rioya etish zarur va foydali ekanligiga ichki ishonchni, qonunchilikni takomillashtirish to‘g‘risidagi g‘oyalarni o‘z ichiga oladi.
Huquqqa salbiy munosabat esa huquqning jamiyatda foydali ekanligiga ishonchsizlik, unga foydasiz, ta’siri kam hodisa sifatida qarash, unga rioya etmaslikka intilish kabi holatlarda ifodalanadi. Huquqqa bo‘lgan munosabat aynan shu bilan yakunlanmaydi, albatta. Insonlar huquqning tarixiga ham nazar tashlab, o‘tmishda mavjud bo‘lgan huquqqa ham baho beradilar, huquq haqidagi o‘tmish mutafakkirlarining fikrlarini ham o‘rganadilar.
Bundan tashqari, insonlar o‘z tasavvurlarida bo‘lajak, xohlanayotgan huquq haqida ham o‘ylaydilar, fikr yuritadilar. Bu histuyg‘ular, kechinmalar doirasida bo‘lishi mumkin. Bunday munosabat insonlarda, ularning turli guruhlarida, yaxlit, butun jamiyatda mavjud bo‘ladi. Basharti huquq ma’lum darajada obyektiv reallik bo‘lsa, unga nisbatan muayyan subyektiv munosabat mavjudligini ham e’tirof etish zarur bo‘ladi.
Yuqoridagilarga asoslangan holda, huquqiy onga quyidagicha ta’rif beramiz: “Huquqiy ong - bu jamiyatning taraqqiyot darajasi bilan belgilanadigan ijtimoiy ongning muhim bir tarkibiy qismi bo‘lgan, insonlarning huquq, siyosiy-huquqiy hodisalar, yuridik amaliyot, huquqiy tizim va istalayotgan, kutilayotgan huquq haqidagi fikrlari, o‘ylari, his-tuyg‘ulari, qarashlari, iztirob-kechinmalari hamda baholari va tasavvurlari majmuasidir”.
Huquqiy ongning mohiyatini to‘la tushunib olish uchun uning tuzilishiga e’tibor qaratishimiz zarur bo‘ladi. Aytib o‘tish kerakki, huquqiy ongning tuzilishi masalasida ham ilmiy adabiyotda o‘ziga xos vaziyat mavjud. Nazariyotchilar huquqiy ong tuzilishida an’anaviy ravishda ikki elementni: huquqiy ruhiyat va huquqiy mafkurani ajratishlarida bir fikrlilikni kuzatish mumkin. Biroq, huquqiy ongning bu ikki elementini ajratish asoslari va mezonlari bo‘yicha fikrlar turlichaligini qayd etish joiz. Ayrim olimlar huquqiy ong elementlari bilan huquqiy ong darajalari va turlarini aralashtirib, ularni turli mezonlar asosida tasniflangan huquqiy ong turlari, deb ham hisoblaydilar. Masalan, A.N.Golovistikovaning yozishicha, “Huquqiy ongni turlarga ajratish bir qancha mezonlar asosida amalga oshiriladi. Shunday mezonlardan biri bo‘lib, huquqiy borliqni ifoda etishning xarakteri hisoblanadi. Shunga bog‘liq holda huquqiy ong huquqiy mafkura va huquqiy ideologiyaga bo‘linadi. Mazkur muallifning yozishicha, huquqiy ong subyektlari tarkibiga ko‘ra, ijtimoiy, jamoaviy, guruhiy va individual turlarga ajraladi. Huquqiy ongni yana insonlar tomonidan qonun va boshqa huquqiy hodisalarni bilishning chuqurligi va har tomonlamaligiga bog‘liq holda odatiy, kasbiy va ilmiy huquqiy ongga bo‘lish mumkin”28.
Shu o‘rinda mazkur muallifning huquqiy ongni tasniflashga o‘ziga xos yondashganligini ta’kidlash zarur. Bu bir necha holatlarda ko‘rinadi:
Birinchidan, mazkur muallifning an’anaviy tarzda huquqiy ongning ikki elementini, ya’ni huquqiy mafkura va huquqiy ruhiyatga ajratishga asoslangan yondoshuvdan farq qilgan holda, bu elementlarni huquqiy ongning huquqiy borliqni ifodalash xarakteriga ko‘ra bo‘linadigan turlari sifatida talqin etishida;
Ikkinchidan, muallifning huquqiy ongning darajalarini, ya’ni an’anaviy tarzda odatiy, kasbiy va ilmiy huquqiy onga ajratiladigan yondoshuvdan farqli ravishda, “qonun va boshqa huquqiy hodisalarni anglashning chuqurligi va har tomonlamaligi”ga asoslangan holda, huquqiy ongning turlari sifatida odatiy, kasbiy va ilmiy huquqiy ong turlarini ajratishida.
Muallifning huquq nazariyasida e’tiroz uyg‘otmaydigan, an’anaviy tarzda ajratiladigan huquqiy ong ichki tuzilishi elementlari bo‘lgan huquqiy psixologiya va huquqiy mafkurani “huquqiy ong turlari” sifatida e’tirof etishiga qo‘shilmagan holda, uning an’anaviy ravishda huquqiy ong darajalari, deb talqin etiladigan odatiy, kasbiy va ilmiy ongni “qonun va boshqa huquqiy hodisalarni bilishning chuqurligi va har tomonlamaligi” mezoni ostida huquqiy ong turlari sifatida tasnif etgani, fikrimizcha, o‘ziga xos yangi, samarali yondoshuv, deyishga asos bo‘ladi.
Bunday yondoshuvga o‘z munosabatimizni bildiradigan bo‘lsak, fikrimizcha, bu ikki xil tasnif ham “yashashga” haqli. Odatiy, kasbiy va ilmiy ongni huquqiy ong darajalari deyish ham mohiyatan to‘g‘ri bo‘lganidek, ularni huquqni bilish darajasiga qarab tasniflash ham mazmunan maqbul. Bu holda bir obyektga ikki usulda yondoshilib, tasniflanmoqda.
V.N.Protasovning huquqiy ongni tasniflashda qo‘llagan mezonlari ham e’tiborga loyiq. Ushbu muallif A.N.Golovistikovadan farqli ravishda huquqiy ong elementlari bilan turlarini aralashtirmagan holda, ularning huquqiy ongning elementlari deb, an’anaviy yondoshuv doirasida qolgan. So‘ngra u huquqiy ongni “ijtimoiy darajasi nuqtai-nazaridan” tasniflab, odatiy, kasbiy va ilmiy huquqiy ong turlarini ajratgan29. E’tiborlisi shundaki, u ilmiy huquqiy ongni huquqshunoslik deb talqin etgan. Shu o‘rinda bunday qarashga biroz aniqlik kiritish zarurati mavjud.
Bu bilan muallif huquqshunoslik deganda yurisprudensiyani tushunmoqdami? Yoki, huquq tarmoqlari fanlari yig‘indisinimi? Yoxud huquq nazariyasinimi? Bizningcha, ilmiy huquqiy ong huquqshunoslikning o‘zi bo‘lmay, balki yuridik fanlar sohasida shakllangan huquqni nazariy mushohada etishga yo‘naltirilgan qarashlar, nazariyalar, g‘oyalar majmuidir.
Huquqiy ruhiyat bu insonlarning huquqqa oid va huquq yuzasidan vujudga keladigan his-tuyg‘ulari, kechinmalari, iztirob va hayajonlari majmuidir. Huquqiy mafkura esa insonlarning amaldagi va kutilayotgan huquqqa va huquqiy hodisalarga nisbatan bo‘lgan qarashlari, ichki ishonchlari, tushunchalari, g‘oyalari, nazariyalari majmuidir.
Huquqiy ong tuzilishida huquqiy ruhiyat dastlabki element vazifasini o‘taydi, chunki insonlar yaratgan huquqiy g‘oya va nazariyalar dastlab his-tuyg‘u va kechinmalar bosqichidan o‘tishi aniq. Huquqiy ong tarkibidagi huquqiy ruhiyat stixiyali tarzda, bir tizimga solinmagan qismi bo‘lib, har qanday insonning huquqiy borliq voqea va hodisalariga nisbatan bo‘lgan munosabati, reaksiyasi sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, insonlarning yangi qonunga nisbatan munosabati yoki odil sudlov adolatlilik darajasiga nisbatan bo‘lgan munosabati.
Haqiqatdan huquq va huquqiy ong o‘zaro uzviy bog‘liq tushunchalardir, zotan huquqiy tartibga solish jarayonida huquqiy ongning roli juda ahamiyatlidir. Shu bois, ayrim hollarda huquqiy ongning regulyativ funksiyasi ahamiyatini bo‘rttirib tushunish hollari ham uchrab turadi. Hatto ayrim huquqshunoslar huquqiy ongni huquq tushunchasi tarkibiga ham kiritganlar. Masalan, o‘tgan asrning boshlarida huquq haqidagi psixologik nazariya asoschilaridan biri L.I.Petrajitskiy huquqni insonlarning etik tusdagi ichki ruhiy kechinmalari sifatida e’tirof etgan. U huquqiy ongni “intuitiv huquq” deb ta’kidlagan30.
Ta’kidlash kerakki, bunday yondoshuvning hozirgi zamonda ham izdoshlari yo‘q emas. R.Z.Lifshits ham shunday fikrga yaqin bo‘lgan yondashuvni ifodalaydi. U huquqiy ongni huquqning huquq normalari va huquqiy munosabatlar bilan bir qatorda turadigan elementidir degan fikrni ilgari suradi31.
Huquqiy mafkura huquqiy ong tarkibida bosh va faol element sifatida namoyon bo‘ladi, chunki unga tizimlashganlik, nazariylik, ilmiy jihatdan asoslanganlik, keng miqyoslilik kabi jihatlar xos.
Huquqiy ongning ahamiyatini chuqur anglash uchun uning funksiyalari mazmuniga e’tibor qaratish zarur. Shu o‘rinda funksiya kategoriyasiga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Funksiya so‘zi inlizchadan “function”- “ijro” ma’nosini anglatadi. Huquq funksiyalari – bu huquqning ijtimoiy mohiyati va ahamiyatidan kelib chiqadigan ijtimoiy munosabatlarga o‘tkazadigan ta’sirining asosiy va bosh yo‘nalishlaridir.
Huquqiy ong funksiyalari – bu huquqiy ongning inson xulqatvorini belgilashda tutadigan o‘rnidan kelib chiqqan holda shakllanadigan insonlarning huquqqa nisbatan faoliyati va munosabati, huquqiy ongning ijtimoiy hayot, insonlar faoliyatiga o‘tkazadigan ta’sirining asosiy va bosh yo‘nalishlaridir. Ilmiy adabiyotlarda an’anaviy tarzda huquqiy ongning quyidagi funksiyalari ajratiladi: bilish-baholash funksiyasi (gnoseologik funksiya); huquqiy modellashtirish funksiyasi (prognostik-bashorat qilish funksiyasi); tartibga solish funksiyasi (regulyativ funksiya); g‘oyaviy-tarbiyaviy funksiya32.
Huquqshunos K.T.Belskiy ta’kidlaganidek, huquqiy ongda eng muhimi aynan uning funksiyalari hisoblanadi. Funksiyalarsiz u ahamiyatini yo‘qotadi33. Masalan, V.N.Protasov huquqiy ong funksiyalarini quyidagicha tasniflagan. Asosiy funksiyalarga quyidagilar kiritilgan: bilish funksiyasi; baholash funksiyasi; tartibga solish funksiyasi. Muallif asosiy funksiyalardan tashqari yana huquqiy modellashtirish, prognostik va tarbiyaviy funksiyalarni ko‘rsatib o‘tadi34.
Huquqiy ong funksiyalari bu – muayyan maqsadga erishish uchun foydalaniladigan huquqiy ongning xususiyatlari, sifatidir35. Huquqiy ong funksiyalari ichida dastavval uning bilish funksiyasini tahlil etishni mantiqiylik qoidalari taqozo etadi. Huquqiy ongning bilish funksiyasi amaldagi huquqni, ya’ni hozirgi zamon huquqini har taraflama o‘rganishni, uning xususiyatlarini, prinsiplarini, asosiy institutlarini hamda jamiyatdagi mavjud boshqa ijtimoiy normalar bilan o‘zaro aloqasini o‘rganishdan iboratdir. Ayni paytda huquqiy ongning bilish funksiyasi amaldagi huquqni o‘rganish bilan cheklanmaydi. U o‘tmishdagi huquqni ham o‘rganishni o‘z ichiga oladi. Masalan, Xammurappi qonunlari, Napoleon kodekslari, Temur tuzuklari haqida ham muayyan qarash, bilimga va munosabatga ega bo‘linadi.
Huquqiy ongning bilish funksiyasi bilan uning baholash funksiyasi uzviy bog‘liq. Baholash funksiyasi umumiy tarzda amaldagi huquqqa baho berishda ifodalanib, u o‘z ichiga huquqning, uning alohida institutlarining, alohida normalarining samaraliligi haqidagi bahoni, ularning ahamiyati, hayotda kerakligi, fuqaro manfaatiga mosligi yo mos emasligi, insonning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishi, o‘zida adolat, tenglik, erkinlik kabi umuminsoniy qadriyatlarini ifodalaganligi nuqtai-nazaridan beriladigan baholarni oladi.
Bilish – baholash funksiyasi boshqa huquq subyektlarining xatti-harakatini, faoliyatini huquqqa mosligi nuqtai nazaridan baholashni o‘z ichiga oladi. Odamlar doimo amaldagi huquqqa, atrofdagilarning xatti-harakati, xulq-atvoriga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud, prokuratura, notariat, advokatura, jamoat birlashmalari, davlatning mansabdor shaxslari, tadbirkorlar faoliyatiga ijodiy-tanqidiy baho berib keladilar.
Huquqiy ongning huquqiy modellashtirish funksiyasi36. Uni prognostik funksiya ham deyishadi. Ma’lumki huquqning yaratilishida huquqiy ongning o‘rni juda ahamiyatli. Shu bois huquqiy ong huquq yaratishning bir instrumenti, vositasi sifatida maydonga chiqadi. Huquq yaratish jarayonida huquqiy ongning roli bu bilan cheklanmaydi. Huquqiy ong amaldagi huquqni takomillashtirish, uni zamon talab va ehtiyojlari asosida mukammallashtirishda yo‘llanma, mo‘ljal, belgilovchi omil rolini o‘taydi.
Haqiqatan, yangi huquq yaratish yoki amaldagi huquq normalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, ularni takomillashtirish haqidagi fikrlar, qarashlar dastlab huquq ijodkorlik jarayonida bevosita va bilvosita qatnashadigan tegishli subyektlarning huquqiy ongida vujudga kelib shakllanadi. So‘ngra huquqiy ong orqali o‘tgan fikrlar tegishli tartib va asoslarda huquqiy normalarda o‘zining ifodasini topadi. Shu tariqa huquqiy ong yaxlit huquqiy tizimning, uning tarmoqlari va institutlarining kelgusi rivojlanishini oldindan ko‘ra biladi va yo‘naltiradi. Masalan, o‘lim jazosini bekor qilish haqidagi fikrlar dastlab jamiyat a’zolarining ongida, ilmiy qarashlarda, monografiya va maqolalarda, turli ilmiy anjumanlarda qayta-qayta mushohada etilib, qonun yaratuvchiga yetib boradi va u tegishli tartib va jarayonlardan so‘ng amaldagi huquq tizimida o‘zining normativ ifodasini topadi.
Shu huquqiy tartibga solish mexanizmining barcha jarayonlarida, barcha huquqiy vositalar harakati davomida huquqiy ong, xuddi poydevor vazifasini o‘taydi. Huquqiy tartibga solish jarayonini bir organizmga o‘xshatsak, huquqiy ongni “qon-tomir” tizimi deyish mumkin. Chunki har bir huquqiy vositaning samarali ishlashi ko‘p jihatdan huquqiy ongga bog‘liq bo‘ladi. Shu bois, aytish mumkinki, har bir jamiyatda amaldagi huquqiy tartibga solishning samaradorligi bu jarayonning amalga oshishiga daxldor subyektlarning huquqiy ongiga, umumiy va yuridik madaniyatiga bog‘liq bo‘ladi. Jumladan, huquqshunos olim A.A. Hamrayevning fikri bo‘yicha umumiy funksiya bo‘lib, shubhasiz tartibga solish funksiyasi xizmat qiladi37. Bu ta’kid juda o‘rinli.
Huquqiy ong funksiyalari ichida tartibga solish funksiyasi o‘ziga xos o‘rin tutadi. Zotan, amaldagi huquq normalariga fuqarolarning rioya etishlarida yuqori darajadagi huquqiy ongning o‘rni hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qonun normalarida mustahkamlangan qoidalar har bir huquq subyektining ongli irodaviy faoliyati orqali ro‘yobga chiqadi. Fuqarolarda qonun normalariga, uning talablariga hurmat hissi, ularning to‘g‘ri va zaruriy qoidalar ekanligiga ichki ishonchi qanchalik yuqori bo‘lsa, ularning ijro etilishi darajasi ham o‘shanga monand ravishda bo‘ladi. Jamiyatda huquqiy ong darajasi qanchalik baland bo‘lsa, shunchalik qonuniylik kuchayadi, insonlarda qonunlarning zarurligi va foydaliligi haqida fikrlar mustahkamlanadi, ularda huquqbuzarlikning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlik yondoshuvi mustahkamlanadi.
Huquqiy ongning huquqni qo‘llash jarayonidagi ahamiyati ham kattadir. Chunki huquqni qo‘llash jarayonida fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, manfaatlari, kundalik ehtiyojlari, turmush tashvishlari o‘zining yechimini topadi. Shu bois, huquqni qo‘llash subyektlari, davlat organlarining xizmatchilari, sud, prokuratura, militsiya xodimlari o‘z yurituvidagi ishni hal etishda qonunga asoslanib, murojaat qilgan fuqaroning huquq va erkinliklari ustuvor ekanligini nazarda tutib, qonuniy yo‘l bilan olingan daliliy ashyolar asosida masalani hal etishlari kerak. Mana shu jarayonda huquqni qo‘llovchi subyektning huquqiy ongi masalasi yo‘naltiruvchilik rolini o‘ynaydi.
Shu o‘rinda yana bir holatga e’tibor berish zarur bo‘ladi. Huquqni qo‘llovchi amaldagi qonunlar va ularning harakat mexanizmini yaxshi bilgani bois, uning imkoniyatlaridan salbiy maqsadlarda foydalanmay, balki aynan qonunlarga muvofiq, uning asosida va doirasida harakat qilishi, ishlarni hal etishi talab etiladi. Shu bois huquqiy ong huquqiy nigilizmni bartaraf etishga, qonuniylikni mustahkamlashga davlat organlari xodimlari tomonidan Konstitutsiyamizning 13-moddasida mustahkamlangan “inson va uning huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat” degan bosh qoidaga rioya etishlari kerak.
Huquqiy ongning yana bir muhim funksiyasi – g‘oyaviy-tarbiyaviy funksiyadir. Huquqiy ong harakati doirasida mazkur funksiyaning ahamiyati e’tiborga loyiq. Chunki huquqiy ong insonda qonunga itoatkorlikni, amaldagi huquqiy norma va qoidalarga rioya etish zarurligini, bunday xulq-atvor nafaqat huquq subyekti uchungina emas, balki jamiyat uchun ham foydali ekanligini chuqur anglab yetish va ichdan ishonish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Fuqarolar qonun normalariga rioya etishlari uchun ular qonunning jamiyat uchun kerak, zarur va foydali ekanligini, unda umumiy manfaatlar mujassamligini chuqur tushuna bilishlari kerak.
Basharti, fuqaroda qonunlarning kerakligi, qadr-qimmati haqidagi fikri, ichki ishonchi chuqur bo‘lmasa, bu holda, turli hayotiy holatlar va vaziyatlarda qonunga itoatkorlik doirasidan chiqib ketish xavfi mavjud bo‘ladi38.
Huquqiy ongning g‘oyaviy-tarbiyaviy funksiyasi uchun butun insoniyat uchun qadrli bo‘lgan umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish xos. Adolat, qonunga itoatkorlik, insonparvarlik, mehr-muruvvat, muhtojlarga yordam kabi asriy qadriyatlar xalqimizning azaliy qadriyatlari hisoblanadi va ular bugungi kun huquqiy tizimida o‘zining ifodasini topgan39.
Yuqoridagilarga asoslangan holda quyidagi xulosalarni shakllantirish mumkin:
– huquqiy ong – bu huquq subyektining huquqqa bo‘lgan munosabati in’ikosi bo‘lib, u jamiyatda qonuniylikni ta’minlash, huquq ijodkorlik, huquqni ijro etish va huquqni qo‘llash jarayonida tartibga soluvchilik rolini o‘taydi;
– huquqiy ongning tushunish masalasida ilmiy adabiyotlarda asosan umumiy fikrlilik mavjudligi holatida, huquqiy ongning turlari va darajalari haqida ilmiy adabiyotda turli fikrlilik mavjudligini ta’kidlash zarur.
Bu holat, bir jihatdan ilmiy rivojlanishga xos bo‘lib, u huquqiy ong haqidagi ilmiy bilimlarning murakkab rivojlanish jarayonini o‘zida ifodalaydi, ikkinchi tomondan, bunday turli fikrlilik, huquqiy ong turlari va darajalari haqidagi bilimlarni bir tizimga solish bu masaladagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish zarurligini anglatadi;
– huquqiy ong darajasidan jamiyatda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning natijalari bog‘liqligi va huquqiy ongning huquqiy tartibga solish mexanizmidagi huquqiy vositalar tizimida alohida o‘rin tutishi - huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuqori darajaga ko‘tarish masalasi – huquqiy tartibga solish samaradorligini ta’minlash asosi ekanligini e’tirof etishni taqozo etadi.
Shunday qilib, xulosa o‘rnida quyidagilarni e’tirof etish lozim:
Birinchidan, jamiyatning demokratlashuvi tobora chuqurlashgan sari, jamiyat hayotida, uning rivojlanishini ta’minlashda insonlarning ilg‘or va demokratik dunyoqarashi, ongi, ayniqsa huquqiy ongi alohida ahamiyatga ega bo‘la boradi. Chunki insonparvar huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini yuksak huquqiy ong va huquqiy madaniyatga ega bo‘lgan ijtimoiy faol insonlargina barpo etadilar. Bu holat jamiyatning huquqiy ongini ko‘tarish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalasini kun tartibiga dolzarb masala sifatida qo‘yadi;
Ikkinchidan, huquqiy ong tushunchasi va uning tuzilishi to‘g‘risida ma’lum darajada tadqiqotlar olib borilganligiga qaramay, bugungi kunda ilmiy va o‘quv adabiyotlarida huquqiy ongning tushunchasi, uning turlari, shakllari haqida yakdillik yetishmaydi. Huquqiy ongning turlari bilan shakli aralashtirib yuborish holatlari yirik huquqshunos olimlar ishlarida uchrab turadi. Bu holat davlat va huquq nazariyasining muhim masalasi bo‘lgan huquqiy ong, uning tuzilishi, turlari, shakllari masalasida ilmiy tadqiqotlarni yangi sifat darajasiga ko‘tarish zaruratini shakllantiradi;
Uchinchidan, mamlakatimiz ilmiy adabiyotida huquqiy ongga maxsus bag‘ishlangan kompleks, majmuaviy, monografik tadqiqotlar kamligini e’tirof etgan holda, bunday tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish zarurligini ta’kidlash o‘rinli; To‘rtinchidan, mamlakatimiz aholisi huquqiy ongi va madaniyatini ko‘tarishda yangi usul va shakllardan, audio va vizual vositalardan foydalanishni bugungi axborot asri talablari doirasiga ko‘tarish zarur.


    1. Yüklə 134,7 Kb.

      Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin