Kon ishlari asoslari


Yotiq qatlamli konlarni bir gorizontli sxema bo‘yicha ochish usullari



Yüklə 1,88 Mb.
səhifə57/91
tarix07.06.2023
ölçüsü1,88 Mb.
#126308
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   91
O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o-fayllar.org

Yotiq qatlamli konlarni bir gorizontli sxema bo‘yicha ochish usullari


Vertikal stvollar va kapital kvershlaglar bilan shaxta maydonini bir gorizontli ochish sxemasi konchilik ama- liyotida keng tarqalgan asosiy usullardan biri hisoblanadi. Bu sxema yotiq va qiya qatlamli shaxta maydonining og‘ish bo‘yicha o‘lchami 2,5 km dan katta bo‘lmagan hollarda qo‘llaniladi. Vertikal stvol va kapital kvershlaglar bilan shaxta maydonini ochishning o‘ziga xosligi shundaki, ko‘mirni yer yuziga ko‘tarib beradigan bosh stvol faqat ko‘tarish go- rizontigacha o‘tiladi, keyinchalik chuqurlashtirilmaydi. Ko‘- tarish gorizontidagi qatlamlar dastasini ochuvchi kapital kvershlaglar esa shaxtaning xizmat muddati davomida ish- latiladi.

Ko‘mir yer yuziga faqat ko‘tarish gorizontidan chiqarib beriladi. Bunda bosh hamda shamollatish stvollari shaxta maydoni hududida turlicha joylashtirilishi mumkin.

Stvollar markazga joylashtirilganda shaxta maydonini ochish uchta va undan ko‘p stvollar orqali amalga oshiriladi (4.6-a rasm).

Ochilayotgan gorizontda keyingi ishlarni bajarishni ta’min­lash maqsadida stvollar o‘zaro shamollatish tutashtirmalari (sboykalar)ni o‘tish orqali tutashtiriladi. Shundan so‘ng stvol atrof qo‘rasi lahimlari va kameralari barpo etiladi. Qatlamlarni bevosita ochish stvol atrof qo‘rasidan boshlab o‘tiladigan kvershlaglar orqali amalga oshiriladi.

Har bir qatlamdagi kon qazish ishlari mustaqil ravishda olib boriladi. Pastki qatlamni qazish orqali yuqoridagi qatlam osti qazib olinadi. Bo‘shliq hosil qilmaslikni ta’minlash maqsa­dida doimo yuqori qatlam kavjoyi pastki qatlam kavjoyiga nisbatan o‘zdirilgan bo‘lishi kerak.

Bir gorizontli ochish sxemasi ko‘mirni qazish kavjoyidan to bosh stvol qabul qilish bunkerigacha konveyerlar orqali tashishga imkon yaratadi.

Bremsberg maydonidagi qazish va tayyorlov lahimlarining kayjoylari bosh va shamollatish stvollari yordamida shamol- latiladi. Bunda, albatta, shaxta maydonining yuqori chegara- sida bosh stvollar bilan tutashadigan shamollatish kvershlagi bo‘lishi shart.

Uklon maydonini markaziy-juftlangan stvollar yordamida shamollatish texnikaviy nuqtayi nazardan mukammal hisob­lanadi.

Bir gorizontli ochish sxemasi quyidagi afzalliklarga ega: gorizontning ishlash muddati shaxtaning ishlash muddatiga teng, sxema sodda bo‘lib, shaxtani ekspluatatsiya qilish davo- mida stvolni chuqurlashtirishni talab qilmaydi.

Bu sxema uklon maydonlarida katta uzunlikka ega bo‘lgan, saqlashni talab qiluvchi shamollatish lahimlarining mavjudligi, suv chiqarish qurilmalarining borligi, bremsberg (uklon)lar bilan yo‘laklar o‘rtasida katta miqdorda havo yo‘qotilishi (yutilishi) kabi kamchiliklardan ham xoli emas.

Stvollarni markaziy-chetlangan holatda joylashtirish bo‘yi- cha shaxta maydonini vertikal stvollar va kapital kvershlaglar bilan ochish sxemasi yuqorida ko‘rilgan ochish sxemasidan shaxta maydonining yuqori chegarasida shamollatish stvolining borligi bilan farq qiladi. Bunda shaxta maydonining bremsberg qismidagi har bir qatlam yoki qatlamlar guruhi lahimlari yer yuziga yaqin chiqishi bo‘yicha stvollar bilan shamollatiladi. Uklon qismi esa, ko‘p holatlarda bosh va yordamchi stvollar orqali shamollatiladi.

Bunday holatlarda kapital tashish kvershlagi qatorida yoki undan biroz yuqoriroqda shamollatish kvershlagi o‘tishi zarur. Uklon maydonini shamollatish kvershlagini o‘tmasdan ham shamollatish mumkin, bu uklon maydonini shamollatish stvoli (shurfi) orqali amalga oshiriladi.

Biroq bu sxemada har bir qatlamni shamollatish stvoli bilan tutashtiruvchi uzun tutashtirmalarni saqlash zarurati tug‘iladi. Bu esa, o‘z navbatida, kon lahimlarining aerodinamik qarshi- ligini oshirib, shaxtani shamollatishni qiyinlashtiradi.

Flangli stvollar bilan shaxta maydonini ochish sxemasida bosh ko‘tarish va havo yuboruvchi vertikal stvollar (qiya stvollar va shtolnyalar) cho‘ziqlik bo‘yicha shaxta maydonining tax- minan o‘rtasiga joylashgan bo‘lib, ishlatilgan havo oqimini chiqarib tashlaydigan shamollatish stvollari shaxta maydoni qanotlarining cho‘ziqlik bo‘yicha chegarasidan o‘tiladi.

Bu ochish sxemasida toza havo markaziy stvol orqali shaxtaga kirib, tashish gorizonti lahimlari orqali qazish va kon-tayyorlov lahimlari kavjoylari tomon harakat qiladi. Ishlatilgan havo oqimi shamollatish gorizonti lahimlari orqali flang stvollari (shurtlari)ga yetib keladi va yer yuziga chiqarib yuboriladi. Bunda havo qanotning butun uzunligi bo‘yicha faqat bir tomonga harakat qiladi.

Shaxta maydonini flang stvollari bilan ochish sxemasida kamida uchta yer yuziga chiqish yo‘li borligi tufayli kon ishlarini olib borish xavfsizligi yuqori bo‘ladi. Biroq bu sxemada kapital mablag‘ sarfi ko‘p bo‘lib, shaxtani qurish muddati uzayadi, shuningdek, yer yuzidagi inshoot va binolar tarqoq holda joylashtiriladi. Bu ochish sxemasi, asosan, yer yuziga yaqin joylashgan konlarni yoki chuqurga joylashgan konlarning yuqori gorizontlarini ochishda qo‘llaniladi.

Umuman, vertikal stvollar va kapital kvershlaglar bilan bir gorizontli ochish sxemasi qatlamlarning og‘ish burchagi 6° dan 18° gacha bo‘lib, shaxta maydonining o‘lchamlari og‘ish bo‘yicha 2,4—2,5 km gacha bo‘lganda qo‘llaniladi. Shaxta maydonidagi qatlamlar soni cheklanmaydi, shaxtaning yillik ishlab chiqarish quvvati — 1,2—1,5 mln tonnagacha bo‘lishi mumkin.

Shaxta maydonlarini bir necha ko‘tarish gorizontlariga ega bo‘lgan vertikal stvollar bilan ochish usuli yotiq va qiya joylashgan qatlamlar guruhi (dastasi)ni yerosti usulida qazib olishda keng tarqalgan bo‘lib, o‘ta qiya va tik joylashgan qatlamlarni qazib olishda esa, yagona ochish usuli hisoblanadi.

Ko‘p gorizontli ochish sxemasi yotiq va qiya joylashgan qatlamlarni qazib oladigan shaxtalarda ikki variantda qo‘lla- nishi mumkin: bosh ochuvchi lahimlarni (stvollarni) chuqur- lashtirmasdan va ularni chuqurlashtirish orqali.

Birinchi holda vertikal stvollar bir yo‘la shaxtaning bor chuqirligi bo‘yicha o‘tilib, ikki yoki uchta ko‘tarish gorizonti turli chuqurliklarda hosil qilinadi. Bu gorizontlar orqali ko‘mirni yer yuziga chiqarish mustaqil ko‘tarish qurilmalari yordamida amalga oshiriladi.

Ikkinchi holda stvollar qazib olinadigan qatlam gorizon- tigacha o‘tiladi. Birinchi gorizontning zaxiralari qazib olingandan so‘ng stvollar chuqurlashtiriladi va yangi gorizontni ochish uchun kvershlaglar o‘tkaziladi.

Bunda shaxta maydoni og‘ish yo‘nalishi bo‘yicha 3—4 pog‘onaga (gorizontga) bo‘linadi, har bir gorizontning og‘ish bo‘yicha o‘lchami 1000—1200 m bo‘lib, uning zaxirasi kamida 15 yil davomida qazib olishga yetarli bo‘lishi lozim.

Og‘ish burchagi 12° gacha bo‘lgan yotiq qatlamli shaxta maydonining ikki gorizontini vertikal stvol va kapital kvershlag­lar orqali ochish 4.7-rasmda ko‘rsatilgan.





Yüklə 1,88 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   91




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin