Grafemalarning yozuvdagi lingvistik-funksional xususiyatlarini reallashtirishda ularning differensial belgilari (shakli yoki tasviridagi tafovutlar) muhim rol o‘ynaydi. Bu jihatdan grafemalar tovush tilidagi fonemalarga o‘xshaydi, chunki fonemalar ham, ma'lumki, differensial belgilar tufayli so‘z yoki morfemalarning moddiy qobig‘ini va ma'nolarini farqlaydi, farqi shundaki, fonemalardagi differensial belgilar akustik-artikulatsion omillarga, grafemalardagi differensial belgilar esa optik-grafik omillarga asoslanadi. Masalan, tovuq va sovuq so‘zlarining ma'nolarini farqlashda "t" va "s" fonemalaridan birinchisining portlovchi, ikkinchisining esa sirg‘aluvchi bo‘lishi (akustik-artikulatsion tafovuti) tovush tili uchun qanchlik ahamiyatli bo‘lsa, shu tovushlarni yozuvda ifodalovchi t va s grafemalarining shakllaridagi tafovutlari (optik-grafik tasviri) tilning yozma formasi uchun shunchalik ahamiyatlidir.
Grafemalar o‘zlarining tildagi muqobili (kodlashtirilgan referenti) va yozuvdagi vazifalariga ko‘ra fonografema, prosodemografema, logografema va morfografema kabi tiplarga bo‘linadi.
1.Fonografemalar tovush tilidagi fonemalarni ifodalaydi: i fonografemasi "i" fonemasini, b fonografemasi "b" fonemasini ifodalagani kabi.
Fonografemalarningtashqi (ifodalovchi) tomoni bitta harfga teng bo‘lishi (masalan, n) yoki ikki harf qo‘shilmasidan tarkib topishi (masalan, ng) mumkin. Grafik lingvistikada tashqi (ifodalovchi) tomoni bir harfga teng bo‘lgan grafemalar monograflar deb, ikki harf birikmasiga teng grafemalar esa digraflar deb nomlanadi. Yozuv tizimida grafemalarning uch yoki to‘rt harf birikmasiga teng turlari ham uchraydi. Masalan, nemis yozuvida "sh" fonemasi uchun uch harf birikmasidan iborat grafema (sch trigrafi), "ch" fonemasi uchun esa to‘rt harf birikmasidan iborat grafema (tsch poligrafi) belgilangan. Ikki yoki undan ortiq harflar qo‘shilmasidan tarkib topgan grafemalar poligraflar deb ham nomlanadi.