resurs korxonaning salohiyati va resurslardan foydalanish;
ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini baholash va tahlil qilish;
korxonaning tijorat sirlari va iqtisodiy xavfsizligi.
Korxona iqtisodiyoti kursini o’rganish predmeti – korxonaning tijorat tashkiloti sifatidagi mohiyati asosiy ishlab chiqarish fondlari, aylanma mablag’lari, ishchi kuchi, investisiyalarning o’zaro bog’lanishi, o’zaro harakati va ulardan foydalanishni yaxshilash yo’llarini o’rganadi.
Yuqoridagi va boshqa savollar o’zgaruvchanlik dinamika asosida o’rganilib, zamonaviy korxonalarni boshqarishning turli shakl va usullari vujudga kelishi va yo’qolib ketishining tarixiy sabablari aniqlanadi. Bunday muayyan tarixiy yondashuv ushbu fanni o’rganishning muhim metodologik holatlaridan biri hisoblanadi.
Fanning maqsadi ta’lim olayotganlarga amaliy iqtisodiy bilimlarni, shuningdek, mustaqil fikrlash hamda olingan axborotlar va mustaqil o’rganish yordamida korxona iqtisodiyoti muammolari(masalalari) bo’yicha qaror qabul qilish ko’nikmalarini singdirishdadir. Yanayam aniqroq aytadigan bo’lsak, gap bo’lajak mutaxassislarni ishlab chiqarishni tashkil qilish, rejalashtirish va boshqarish vazifalarini malakali tarzda hal qilish, korxonaning xarajat va daromadlari qanday yuzaga kelishi hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkoniyati mavjud bo’lgan yo’llarni topish haqida bormoqda.
Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, istalgan bilimlar doimo to’ldirib va mukammallashtirib borilmas ekan, eskirib qolishi hamda korxonalar hayotida vujudga keluvchi turli xil vazifalarni hal qilishga yaramay qolishi mumkin. Gap shundaki, fan-texnika va iqtisodiyotning rivojlanishi qo’shimcha bilimlar chegarasini kengaytiradi hamda korxona xodimlarining hozirgi kun talablariga javob beruvchi bilim, ko’nikma va malakaga ega bo’lishlarini talab qiladi. Shu sababli olingan axborotlar, o’rganilgan formula, atama va kategoriyalar bilan cheklanib qolish yaramaydi. Ularni doimiy ravishda to’ldirib, fan va xo’jalik amaliyotining so’nggi yutuqlari asosida rivojlantirib borish lozim. Olingan bilimlar faqat shu asosdagina amaliyotda qo’llanib, jamiyatning bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylanishi mumkin.
«Korxona iqtisodiyoti» fan sifatida boshqa iqtisodiy fanlar bilan, jumladan, «Iqtisodiy nazariya», «Mikro va makroiqtisodiyot», «Sanoat iqtisodiyoti», «Lizing», «Korxonalarda ishlab chiqarishni tashkil qilish», «Xom ashyo yetkazib berish va mahsulotni sotishni o’rganish» bilan chambarchas bog’liq bo’lib, unda korxonalarning tashkiliy tuzilmasidan tashqari joriy va istiqboldagi ishlab chiqarishni rejalashtirish, mehnat iqtisodiyoti va sosiologiyasi o’rganiladi hamda mehnatni tashkil qilish va haq to’lashning asoslari ishlab chiqiladi. «Korxona iqtisodiyoti» korxonalar faoliyati va butun xalq xo’jaligi rivojlanishining miqdor ko’rsatkichlarini sifat ko’rsatkichlaridan ajralmagan holda o’rganuvchi «Iqtisodiy statistika» bilan, shuningdek, joriy va istiqboldagi ishlab chiqarishni hamda ishlab chiqarish texnologiyalarini rivojlantirish uchun zarur bo’lgan «Korxonalar xo’jalik faoliyatining tahlili» bilan ham bog’liq. Gap shundaki, korxonalar hayotida ro’y berayotgan iqtisodiy jarayonlarni texnika va texnologiyalarni bilmasdan o’rganishning iloji yo’q. Fan-texnika taraqqiyoti sharoitlarida texnika va texnologiyada jadal sur’at bilan yuz berayotgan o’zgarishlar nafaqat ishlab chiqarish xususiyatlarida, balki ayirboshlash, taqsimlash va iste’mol qilish hamda ishlab chiqarishning iqtisodiy natijalarida ham aks etadi va shu sababli mazkur fanni o’rganishda hisobga olinmasligi mumkin emas.
Mazkur fanning “Korxonalar xo’jalik faoliyatining tahlili” fani bilan o’zaro aloqasini alohida ko’rsatib o’tish kerak. Bunda ishlab chiqarishning moliyaviy va boshqa jihatlariga baho berish, zahiralarni aniqlashdan tashqari, bashoratlash yordamida korxona rivojlanishining istiqbollari aniqlanadi. Xorijiy mamlakatlar amaliyotining guvohlik berishicha, korxona, firma va kompaniyalarning ko’pchiligi ishlab chiqarish menedjerlari va iqtisodchilarning yuqori kasb malakasi va o’z sohasidagi chuqur bilimlari evaziga muvaffaqiyatlarga erishib, yuqori daromadga va ishlab chiqarish imidjiga ega bo’lmoqda. Shu sababli korxona iqtisodiyotini yaxshi bilishning o’zi kamlik qilib, bo’lajak mutaxassisning iqtisodiy fikrlash doirasini kengaytirish va uning xalq xo’jaligida o’z o’rnini topishini shakllantiruvchi boshqa iqtisodiy, texnikaviy hamda texnologik fanlar majmuasini ham bilish talab qilinadi.