119-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining Qonunchilik palatasi oʻrtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda
Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi
tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif
boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi
masala kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi, agar Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy
sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bersa, qabul qilingan hisoblanadi.
Bunday holatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan
ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga isteʼfoga chiqadi.
XXI bob. Mahalliy davlat hokimiyati asoslari. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari 120-modda. Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga boʻysunadigan shaharlardan
tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyati vakillik organlaridir.
Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq
saylanadigan rais boshchilik qiladi.
Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning
oʻzida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas.
Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati – besh yil.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman,
shahar xalq deputatlari Kengashining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovi va xalq deputatlari
Kengashlarining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Yangidan tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda xalq deputatlari
Kengashlariga saylov xalq deputatlari Kengashlariga navbatdagi umumiy
saylovlarga qadar qolgan davrdan oshmaydigan muddatga oʻtkaziladi.