Yaponiya taʻlim tizimi. Maktabgacha taʻlim. Yaponiya - juda tez rivojlanayotgan davlat boʻlib, bu hol asosan yaponlarning tabiatan mehnatsevarlik va ishbilarmonligi bilan bogʻliqdir. Dunyodagi barcha yangiliklar va yuksalishlar sari intilish, eng soʻnggi yutuqlardan foydalanish va ularni yanada rivojlantirish - bu yapon xalqining azaliy milliy odatlariga aylanib qolgan. Yaponiyada juda qadimdan xalqning aqliy imkoniyatlaridan foydalanuvchi fan va texnikani qoʻllash siyosati eng muhim oʻrin tutadi. Hozirgi davrda Yaponiya ilmiy tadqiqotlarga ketgan sarmoya miqdori boʻyicha dunyoda 2-oʻrinda turadi. Yaponiya taʻlimining shakllanishi 1867-1868 yillarda boshlangan. Yaponiya oʻz oldiga 2 vazifani: 1-boyish, 2-gʻarb texnologiyalarini Yaponiya ishlab chiqarishiga kiritish masalasini qoʻydi va bu ishni amalga oshirish uchun birinchi galda taʻlim tizimini tubdan oʻzgartirish kerakligini angladi.
Boshlangʻich taʻlim “syogakko” deb nomlanadi. Uzluksiz taʻlim tizimi, maktablar quyidagicha boʻlingan:
Boshlangʻich maktab - 6 yil.
Oʻrta maktab - 3 yil.
Yuqori maktab - 3 yil.
Boshlangʻich maktab taʻlimning ilk 6 yilini qamrab oladi va uning asosiy qismi hisoblanadi. Yaponiyada maktabga 6 yoshdan boriladi. Boshlangʻich maktabga 6 yoshdagi yapon bolalarning 99% qatnaydi. 99% yapon boshlangʻich maktablari davlat tertakrufida, 1%
- xususiy. Oʻquv rejasiga yapon tili, gumanitar fanlar, arifmetika kabilar kiradi. Sanʻat va hunar (yapon xusni xati), musiqa, uy xoʻjaligini yuritish, jismoniy tarbiya, axloqiy odobnoma akademik predmetlar hisoblanmaydi. Yaponiyada boshlangʻich taʻlim majburiy va bepul boʻlib, mashgʻulotlar aprel oyida boshlanadi. Oʻquv yili 3ta chorak-trimestrga boʻlinadi. 1-chorak-6 apreldan20 iyulgacha davom etadi, keyin yozgi taʻtil boshlanadi. 1-sentabrdan 2trimestr boshlanadi va 26 dekabrgacha davom etadi. 26-dekabrdan 7-yanvargacha qishli taʻtil boʻladi. Oxirgi 3-trimestr 7-yanvardan 25-martgacha davom etadi. 25-martdan 6-aprelgacha bahorgi taʻtil boʻladi. Shu paytda bolalar sinfdan sinfga koʻchadi. Yaponiyada oʻqish 6 kunlik, lekin har 2-shanba dam olish kuni hisoblanadi. Maktablarda oʻqitish dasturi oʻzgaruvchan, lekin Taʻlim vazirligi tasdiqlagan standartlarga asoslanadi. Boshlangʻich taʻlimda bolalar 1945 kandji ieroglifdan 1006 tasini yod olishi kerak. Boshlangʻich taʻlim “syogakko” quyidagi vazifalarni hal qiladi:
-bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, vataniga, oʻz qadriyatlariga hurmat hissini oʻrgatish; -bolalarni xalqaro xamkorlik ruhida tarbiyalash;
-ona tilidan toʻgʻri foydalanish; -iqtisodiy tarbiya berish;
-barkamol shaxsni tarbiyalash.
Oʻquv maqsadlariga aniq oʻquv fanlari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarni tayyorlash orqali erishiladi. Boshlangʻich maktabda yapon tili jamiyatshunoslik, tabiiyot, musiqa, rasm va hunar, uy ijodiyoti, etika kabi fanlar oʻqitiladi, jismoniy tarbiya bilan shugʻullanadilar. Shuningdek “maxsus faoliyat” fani ham oʻqitiladi, unga klub ishlari, majlislar, sport tadbirlari, sayohatlar, bayramlar va b. kiradi. Kam taʻminlangan oilalarning bolalari maktab nonushtalari, turli xizmat va sayohatlarga pul toʻlash uchun dotatsiya oladilar. Ota-onalar farzandlarini oʻz tumanlarida joylashgan maktabga borishini istamasalar, xususiy pullik taʻlim tashkilotiga berishlari mumkin, lekin bu maktablarga juda qiyin tanlov orqali qabul qilinadi.
Yaponiyada maktabgacha taʻlimga katta eʻtibor beriladi, chunki psixologlarning taʻkidlashicha, 7 yoshgacha inson bilimlarni 70% ni, qolgan 30% ni butun qolgan umri davomida oʻzlashtirar ekan. Maktabgacha tarbiya odatda oiladan boshlanadi. Yapon ayollari uchun onalik birinchi oʻrinda turadi. Koʻpgina yapon ayollarining aytishlaricha, bola tarbiyasi – ularning hayotlarining maqsadlaridir. Yaponlar bolaning erta voyaga yetishi tarafdoridirlar. Turli yoshlarda tarbiyaning turli muammolariga urgʻu beradi. Masalan, 1 yoshda – oʻziga ishonch hissini uygʻotish, 2 yoshda – amaliy sanʻat qoʻl mehnatini koʻrsatish, 3 yoshda – burch hissini tarbiyalash, 4 yoshda – yaxshilik va yovuzlikni farqlashga oʻrgatish, 5 yoshda – liderlik xislatlarini tarbiyalash, mustaqillikka, reja tuzish va ularni bajarishga oʻrgatish. Bolalar va qizlar turlicha tarbiyalanadilar. Oʻgʻilga oilaning boʻlajak tayanchi sifatida qaraydilar va qiyinchiliklarni yengishga oʻrgatadilar. Qizlarni esa uy ishlariga tayyorlaydilar. Yaponiya bogʻchalarida bolalarni 8 kishilik kichik guruhlar – “xan”larga boʻladi. Bu bolalarga bogʻchada “oʻz ish oʻrni” ajratiladi, ular oʻz xanlariga nom tanlaydilar. Shu tariqa eng kichik yoshdan jamoada ishlashni oʻrgatadilar. Bu guruhdagi har bir bola guruhda oʻz oʻrniga ega boʻlishi lozim. Bunday xanlar keyingi taʻlim bosqichida ham qoʻllaniladi. Oʻrta maktabda xanlar doimiy emas, ular yangi sharoitlarga tezroq koʻnikish uchun har 5 oyda oʻzgartirib turiladi. Yaponiya bogʻchalariga 3-5 yoshdagi bolalar qabul qilinadi. Bolalar bogʻchalarining maqsadi bolalarning aqliy va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish, mustaqillik va ichki tartib koʻnikmalarini tarbiyalash, jamiyat hodisalariga toʻgʻri munosabatda boʻla olishni oʻrgatishdan iborat. Shuningdek, ogʻzaki nutq, soʻzlarni toʻgʻri qoʻllashni oʻrgatishga ham katta eʻtibor beriladi. Ertaklar, kitoblar, musiqa, sport oʻyinlari, rassomlik kabi shaxsning ijodiy xususiyatlariga qiziqish uygʻotiladi. Hozirgi kunda maktabgacha taʻlim tashkilotlariga 60% bolalar jalb etilgan. Bolalar bogʻchasi Yaponiyada vatan fuqarosini shakllantirish tizimining 1-bosqichi hisoblanadi. Mustaqil faoliyat, jamoaviy ong, ijtimoiy masʻuliyat koʻnikmalarini shakllantirishga alohida eʻtibor qaratiladi. Bolalar bogʻchasining asosiy vazifasi-bolani maktabga tayyorlashdir. Bu yerda rasm, musiqa, ritmika, jismoniy tarbiya boʻyicha mashgʻulotlar oʻtiladi. Individuallik, u qanchalik yaxshi boʻlmasin, bolalarni oʻziga jalb qilmaydi, bolalar jamoasi tomonidan qabul qilinmaydi.