Korporativ-huquqiy munosabatlar haqida so’z yuritilganda, avvalombor, taʼkidlash kerakki, bu tushuncha haqida nazariyachi olimlar o’rtasida yagona fikr mavjud emas



Yüklə 15,92 Kb.
tarix07.01.2024
ölçüsü15,92 Kb.
#210115
1-mavzu


Korporativ-huquqiy munosabatlar haqida so’z yuritilganda, avvalombor, taʼkidlash kerakki, bu tushuncha haqida nazariyachi olimlar o’rtasida yagona fikr mavjud emas. Baʼzilari bu munosabatlarni tashkiliy munosabatlarga tenglashtirishsa, baʼzilari mulkiy munosabatlarning bir ko’rinishi sifatida baholashadi . Yana bir toifa olimlar esa uniham tashkiliy, ham mulkiy munosabatlar yig’indisidan iborat ekanligini bildirishadi. Fikrimizcha, oxirgi variant bir muncha to’g’riroq. Chunki korporativ munosabatlar taraflarning tengligi prinsipiga asoslangan mulkiy va nomulkiy xarakterdagi munosabatlardan tashqari korporatsiyani tuzish, uning faoliyatini boshqarish, qayta tashkil etish, tugatish kabi tashkiliy masalalarni o’z ichiga olgan tashkiliy xarakterdagi munosabatlardan ham iborat bo’ladi.
Masalan, taʼsischilar (ishtirokchilar, aʼzolar)ning biror korporatsiyani tashkil etishdan asosiy va umumiy maqsadi tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullangan holda foyda (daromad) olish hisoblanadi. Korporativ munosabatlar deganda, korporatsiya ishtirokchilari (aksionerlari) bilan korporatsiya rahbariyati (direktorlar kengashi, rayosat) o’rtasida, ishtirokchilar (aksionerlar) bilan ishtirokchilar (aksionerlar) o’rtasida, korporatsiya ishchilari bilan korporatsiya rahbariyati (direktorlar kengashi, rayosat) o’rtasida, korporatsiya bilan davlat, davlat organlari, kreditorlar, hamkorlar, boshqa tashkilotlar, fuqarolar o’rtasida bo’ladigan korporatsiya faoliyatiga bog’liq munosabatlar tushuniladi. Korporativ munosabatlarda ishtirok etayotgan har bir shaxsning korporatsiya faoliyati bo’yicha muayyan qiziqishi, manfaati mavjud bo’ladi. Masalan, biror fuqaro korporatsiyaning aksiyasini sotib olib, uning aksiyadoriga aylangan bo’lsa, unda korporatsiyaning foydasidan dividend olish bo’yicha manfaati mavjud bo’ladi. Xorijiy davlatlarda korporativ munosabatlarda ishtirok etadigan shaxslarning turlari bir xil emas. Masalan, Shveysariyada korporativ munosabatlarning asosiy tashkiliy-huquqiy shakllari bo’lib, korxonalardan tashqari muassasalar ham tushuniladi.
Korporativ munosabatlar sodir etiladigan joyiga ko‘ra, quyidagi 2 turga bo’linadi:
ichki korporativ munosabatlar;
– tashqi korporativ munosabatlar.
Agar munosabatlar korporatsiyaning ichkarisida sodir bo’lsa, bunday munosabatlar – ichki korporativ munosabatlar, agar korporatsiyaning tashqarisida sodir etilgan bo’lsa, ular – tashqi korporativ munosabatlar deyiladi. Ichki korporativ munosabatlarga biror masʼuliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning ishtirokchilar o’rtasida qayta taqsimlanishi yoki aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlari umumiy yig’ilishining jamiyatni qayta tashkil etish haqida qaror qabul qilishi va hokazo shunga o’xshash masalalar bilan bog’liq munosabatlar kiradi. Bu yerda huquqiy munosabatlarga kirishayotgan taraflar (subyektlar)ning soni ko’p bo’lishi ham mumkin. Tashqi korporativ munosabatlarga biror kooperativning o’ziga tegishli ko’chmas mulkini tegishli davlat kadastr organidan ro’yxatdan o’tkazishi yoki oilaviy korxonaning o’zi yetishtirgan mahsulotini boshqa korxonaga oldi-sotdi shartnomasi asosida sotishi va hokazo shunga o’xshash masalalar bilan bog’liq munosabatlar kiradi.
Ichki va tashqi korporativ munosabatlarni huquqiy tartibga solinishi jihatidan quyidagi 2 turga bo’lishimiz mumkin:
– ommaviy huquq normalari bilan tartibga solinadigan ommaviy korporativ munosabatlar;
– xususiy huquq normalari bilan tartibga solinadigan xususiy korporativ munosabatlar. Ommaviy korporativ munosabatda muayyan korporativ munosabatning ishtirokchisi (ishtirokchilari) shu munosabatning boshqa ishtirokchisi (ishtirokchilari) bilan bo’ysunuv, o’zaro tobelik asosida munosabatga kirishadi. Ommaviy korporativ munosabatlar korporatsiyaning ichida ham, tashqarisida ham sodir etilishi mumkin. Ichki ommaviy korporativ munosabatga quyidagi misolni keltirish mumkin. Masalan, fuqaro aksiyadorlik jamiyatining ovozga ega bo’lgan aksiyasini sotib olsa, u aksiyadorlar umumiy yig’ilishida ovoz berish huquqiga ega bo’ladi. Lekin aksiyadorlar umumiy yig’ilishi biror masala yuzasidan muayyan qaror qabul qilgan bo’lib, mazkur aksiyador ushbu qarorga qarshi ovoz bergan bo’lsa-da, qaror ko’pchilik aksiyadorlar tomonidan qo’llab quvvatlanganligi sababli, qarshi ovoz bergan aksiyador ham ushbu qarorni bajarishga majbur bo’ladi. Bundan tashqari, har qanday aksiyador jamiyatning direktorlar yig’ilishi, boshqaruvi, rayosati, bosh direktori tomonidan chiqarilgan qaror yoki buyruqlarga buysunishi kerak. Xususiy korporativ munosabatda muayyan korporativ munosabatning ishtirokchisi (ishtirokchilari) bir-biri bilan o’zaro tenglik prinsipi asosida munosabatlarga kirishadi. Xususiy korporativ munosabatlar ham ommaviy korporativ munosabatlar kabi korporatsiyaning ichida ham, tashqarisida ham sodir etilishi mumkin. Ichki xususiy korporativ munosabatga muayyan korporatsiyaning bir aksiyadori bilan ikkinchi aksiyadori o’rtasidagi yoki ishtirokchisi bilan ishtirokchisi o’rtasidagi korporativ munosabatni, masalan, korporatsiya ustav fondidagi ulushini taqsimlash yoki aksiyasini sotib olish kabi masalalar yuzasidan vujudga kelgan munosabatni kiritsa bo’ladi. Tashqi xususiy korporativ munosabatda esa korporatsiya boshqa korporatsiya yoki jismoniy shaxslar bilan o’zaro tenglik prinsipi asosida munosabatga kirishadi. Masalan, korporatsiyaning o’zi biror aksiyadorlik jamiyatining aksiyasini sotib olgan bo’lib, ushbu jamiyatdan dividend olish masalasida shu jamiyatning aksiyadori hisoblangan boshqa korporatsiya yoki jismoniy shaxs bilan munosabatga kirishsa yoki emitent hisoblangan biror korporatsiya o’zining qimmatli qog’ozini chiqarish va ularni taqsimlash bo’yicha boshqa investorlar bilan munosabatga kirishsa, bunday munosabatlar tashqi xususiy korporativ munosabatlar hisoblanadi.
Korporativ munosabatlarni o‘zining taʼsir qilish xarakteriga ko‘ra quyidagi 2 turga ajratish ham mumkin:
–mulkiy xarakterdagi korporativ munosabatlar;
–tashkiliy xarakterdagi korporativ munosabatlar.
Mulkiy xarakterdagi korporativ munosabatlarga korporatsiya taʼsischilari (ishtirokchilari, aksiyadorlari, aʼzolari)ning korporatsiyani tashkil etish uchun muayyan mol-mulklarini yoki mablag’larini ustav fondiga ulush sifatida berishi, korporatsiya tomonidan olingan foyda (daromad)ning taqsimlanishi, dividend yoki ulushlarning ajratilishi kabi holatlar bilan bog’liq munosabatlarni kiritish mumkin. Masalan, O’zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi Qonunining 17-moddasida qayd etilishicha, jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori jamiyat davlat ro’yxatidan o’tkazilgan sanada O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo’yicha to’rt yuz ming AQSH dollariga teng summadan kamni tashkil etmasligi kerak. Ushbu qoida talabidan kelib chiqib, har bir aksiyador jamiyatning ustav fondiga o’z ulushlarini tegishli miqdorda kiritishar ekan, ular mulkiy xarakterdagi korporativ munosabatlarning ishtirokchilariga aylanishadi. Shuningdek, mazkur Qonunning 18, 19-moddalarida jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) qo’shimcha aksiyalarni joylashtirish yo’li bilan ko’paytirilishi mumkinligi yoki aksiyalarning nominal qiymatini kamaytirish yoki aksiyalarning umumiy sonini qisqartirish yo’li bilan, shu jumladan, aksiyalarning bir qismini keyinchalik bekor qilgan holda jamiyat tomonidan aksiyalarni olish yo’li bilan kamaytirilishi mumkinligi, 26-moddasida aksiyadorlar jamiyat foydasining bir qismini dividendlar tarzida olishlari, jamiyat tugatilgan taqdirda o’zlariga tegishli ulushga muvofiq, mol-mulkning bir qismini olishlariga haqli ekanligi, 32-moddasida jamiyatda jamiyat ustavida nazarda tutilgan, ammo uning ustav fondining (ustav kapitalining) o’n besh foizidan kam bo’lmagan miqdorda zaxira fondi tashkil etilishi, ushbu fond jamiyat ustavida belgilangan miqdorga yetguniga qadar sof foydadan har yilgi majburiy ajratmalar orqali shakllantirilishi va shu kabi qator mulkiy xarakterdagi korporativ munosabatlarni tartibga solishga oid qoidalar, talablar mavjud36 . Tashkiliy xarakterdagi korporativ munosabatlarga esa korporatsiya faoliyatini boshqarish, shu jumladan, boshqaruv organlari tomonidan muayyan masalalarni hal etish bo’yicha yig’ilishlar o’tkazish, muhokama qilish, qarorlar qabul qilish, tegishli hujjatlarni tasdiqlash, ularning ijrosini nazorat qilib borish va hokazo shu kabi holatlar bilan bog’liq munosabatlarni kiritish mumkin. Jumladan, “Xo’jalik shirkatlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 18, 19 – moddalarida to’liq shirkatning faoliyatini boshqarish tartibini belgilovchi qator qoidalar o’z aksini topgan.
Jumladan, ularning mazmuniga ko’ra, to’liq shirkat ishtirokchilarning umumiy yig’ilishi shirkatning oliy boshqaruv organi hisoblanadi. To’liq shirkat faoliyatini boshqarish uning barcha ishtirokchilarining umumiy kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Shirkatning taʼsis shartnomasida qaror ishtirokchilarning ko’pchilik ovozi bilan qabul qilinadigan hollar nazarda tutilishi mumkin. Shirkatning har bir ishtirokchisi, agar taʼsis shartnomasida ishtirokchilar ovozining sonini aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo’lmasa, bir ovozga ega bo’ladi. Shirkatning har bir ishtirokchisi, u shirkatning ishlarini yuritishga vakolatli yoki vakolatli emasligidan qatʼi nazar, ishlarni yuritishga doir barcha hujjatlar bilan tanishishga haqlidir. Bunday huquqdan voz kechish yoki uni cheklab qo’yish, shu jumladan, shirkat ishtirokchilarining kelishuviga binoan cheklab qo’yish haqiqiy emas. Mazkur huquq normalari va shu kabi qoidalar asosida tartibga solinadigan munosabatlarning tashkiliy xarakterdagi korporativ munosabatlar turkumiga kiritilishiga sabab shuki, bu yerda munosabat ishtirokchilari o’zaro bo’ysunuv tartibiga amal qilishadi, yaʼni ular o’rtasidagi munosabatlarga mulkiy xarakterdagi munosabatlardagi kabi tenglik tamoyili tadbiq etilmaydi. Masalan, shirkat ishtirokchilarining umumiy yig’ilishi tomonidan qabul qilingan har qanday qaror uning ishtirokchilari uchun majburiy hisoblanadi. Hatto biror ishtirokchi ushbu qarorning qabul qilinishiga norozi bo’lgan yoki unga qarshi ovoz bergan taqdirda ham u ko’pchilik ovoz bilan qabul qilingan mazkur qarorni ijro etishi lozim bo’ladi. Korporativ munosabatlar amal qilish doirasiga ko‘ra, korporatsiya faoliyati bilan bog’liq turli soha (yo’nalish)larga taalluqli bo’lishi mumkin. Masalan, buxgalteriya, soliq, moliya, bojxona va hokazo. Hatto korporatsiya faoliyatidan kelib chiqadigan protsessual huquqiy munosabatlar ham korporativ munosabatlar hisoblanadi. Bundan tashqari, korporatsiya faoliyatiga oid ayrim maʼmuriy huquqiy munosabatlarni ham korporativ munosabat sifatida baholash mumkin ular tomonidan to’liq shirkat to’g’risidagi qoidalariga ko’ra belgilanadi. Bu yerda hissa qo’shuvchilar hatto shirkatni boshqarish va uning ishlarini yuritish bo’yicha to’liq sheriklarning xatti-harakatlari xususida bahslashishga ham haqli emaslar.
Yüklə 15,92 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin