Eshitish qobiliyati buzilgan bolalarni ommaviy, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida korrektsion o‘qitish. Eshitish qobiliyati buzilgan bolalarni o‘qitish va tarbiyalash masalalari bilan surdopedagogika shug‘ullanadi. Surdopedagogika (yunoncha «surdus» – kar) - eshitish qobiliyati buzilgan bolalarni o‘qitish va tarbiyalash jarayonini o‘rganuvchi korrektsion (maxsus) pedagogikaning yana bir muhim sohasi.
Eshitish analizatorining normal ishlashi bolaning umumiy rivojlanishi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. Eshitish analizatori buzilganda bolaning nutqi, psixologik rivojlanishi yomonlashadi, idrok etish faoliyati, umumiy rivojlanishi ortda qoladi. Statistik ma’lumotlariga qaraganda eshitish organi funktsiyasi buzilgan va eshitmaydigan bolalar soni doimiy ravishda ortib bormoqda.
Ayni vaqtda surdopedagogika oldida quyidagi vazifalar turibdi:
- eshitish qobiliyati buzilgan shaxslar, ularning individual xususiyatlari, shuningdek, eshitishi, nutqi buzilishi xususiyatiga ko‘ra ularni o‘qitish qonuniyatlarini pedagogik jihatdan o‘rganish;
- eshitish qobiliyati buzilgan turli kategoriyadagi bolalar uchun maxsus ta’lim mazmunini ishlab chiqish, uni ilmiy jihatdan asoslash va amaliy amalga oshirish;
- eshitish qobiliyati buzilgan shaxslarni o‘qitishning didaktik va maxsus metodikalarini yaratish;
- qoldiq eshitish qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha maxsus ta’lim texnologiyalarini yaratish, pedagogik sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish va boshqalar.
Dostları ilə paylaş: |