Korrupsiya (lotincha: corrumpō — aynish, poraga sotilish) — mansabdor shaxsning oʻz mansabi boʻyicha berilgan huquqlarni shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suiisteʼmol qilishidan iborat amaliyot. Mansabdor shaxslarni sotib olish, ularning poraga sotilishi ham K. deyiladi. K. davlat apparati va parlament faoliyatida ayniqsa, avj oladi. Saylanadigan lavozimlarga nomzodlar saylov kampaniyasini oʻtkazish harajatlarini koʻtarish K. koʻrinishlaridan biridir (saylangan kishi turli imtiyozlar, yordam, xizmatlar koʻrsatib "oʻz qarzini" qaytaradi). Aksariyat K. lobbizm (monopoliyalarning qonunchilik organlari va amaldorlarga tazyiq oʻtkazish bilan shugʻullanadigan muassasa va agentlari tizimi) bilan bogʻlangan. Xalqaro darajada 1970-yillarda Yaponiyaga samolyotlar sotishda kompaniya tomonidan oliy davlat amaldorlarini sotib olish boʻyicha "Lokxid ishi" eng yirik K. koʻrinishlariga misol boʻladi. Porani xaspoʻshlash uchun yirik bitishuvlarda koʻproq "xizmat haqi" toʻlash amaliyotidan foydalaniladi.
Makroiqtisodiy tadqiqotlarga binoan, korrupsiya iqtisodiy oʻsish va taraqqiyotga xalal beruvchi eng katta omildir
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi rasmiy saytida yozilishicha, «Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir». Aslida korrupsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda o‘zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir. Atama, eng avvalo, siyosiy apparat xodimlariga nisbatan foydalanishi odatiy tusga kirgan.
Iqtisodchi Berdhenning fikriga ko‘ra, makroiqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichiga eng katta salbiy to‘lqinni olib kiruvchi omil aynan korrupsiya hisoblanadi. Uning ko‘rinishlari turlicha bo‘lishi mumkin: poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, nepotizm va h.k.
Uning kelib chiqish sabablarini aniqlash, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha mutaxassislar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilgan. O‘ziga xos reytinglar tuzilib, har xil ko‘rsatkich va raqamlar qayd etilgan jadvallar yaratilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil ko‘rinishidagi formulalari ham ishlab chiqilgan. Hanuzgacha, barcha millatlar uchun qo‘l keladigan qarshi kurashda asqotadigan yagona yechim yo‘q. Gap shundaki, korrupsiyaning asl ildizi uning paydo bo‘lish geografiyasi bilan o‘zgaradi. Xo‘sh, O‘zbekistonda qanday omillar uning kurtak otib, «gullab-yashnashi»ga sharoit yaratmoqda?
Avvalo, Adliya vazirligi rasmiy saytida keltirilgan izohni qaytadan ko‘rib chiqish tavsiya etiladi: «Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir».
Bu yerda kalit so‘zi «davlat organlari xodimlari» sanaladi. Ya'ni, ushbu jumlaning o‘zi korrupsiya darajasi yuqori ekanida davlat xizmatchilarining roli muhim ekanligini ko‘rsatadi. Davlat organlarida xizmat qilayotganlarni bunday qabih ishga qo‘l urishga nima undamoqda?
Javob yana izohning o‘zida yastanib turibdi: «moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida»! Tabiiyki, korrupsiya ortida mo‘may daromad topish ilinji turibdi, biroq har bir quyi bosqichda uning hakalak otishiga davlat xizmatchilarining oylik maoshi pastligi sabab bo‘lmoqda.
Masalan, mahalliy hokimiyatning oddiy xizmatchisini ko‘z oldingizga keltiring, uning kichik maoshi, aslida xodim inson kapitaliga mos emasligi, korrupsiyaga qo‘l urishga majbur qiladi. Soddaroq qilib aytganda, kuchli bilim va tajribaga ega xodim hech qachon kichik maosh taklif etilgan ish lavozimida mehnat qilmaydi. Uning oldida tanlash uchun ikkita yo‘l turibdi: ish joyini o‘zgartirib, ko‘p oylik maosh va'da qilib turgan xususiy sektorga o‘tib ketish yoki kichik maoshga «qanoat» qilib, korrupsiyaga qo‘l urish. Bunday vaziyatda, davlat organlarida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilib, tajribali va bilimli mutaxassislarni yo‘qotishi ham hech gap emas.
Sun'iy to‘siq, deb atalmish jihatlar shundan iboratki, ularning barchasini siyosiy iroda kuchi bilan yo‘q qilish mumkin. Ular nimalar? Ro‘yxatning boshida davlat organlari xodimlarini ishga qabul qilishda yuz berishi «belgilangan mantiqsizlik» va shaffoflikning yo‘qligidir. Gap shundaki, inson kapitalining haqiqiy qiymatini o‘zbek modelidagi «obektivka» orqali aniqlash mumkin emas. Bo‘lg‘usi kadrning salohiyatini tekshirish, uning psixologik va jismoniy yetukligi o‘rniga «Toshkent propiskasi», «yaqin qarindoshining sudlanganligi» kabi foydasiz vajlar har qanday bilimli kishini rasmiy doiradan uzoqroq yurishga undaydi. Agar tajribali va bilimli mutaxassis davlat organida ishlash istagi bilan eshik qoqsa, unga beriladigan ilk topshiriq ham bir talay hujjatlarni yig‘ib kelish bo‘ladi. O‘z o‘rnida har bir ma'lumotnomani olish kichik korrupsiyaga sabab bo‘lishi mumkin.
Xulosa shundaki, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar ana shu hodisa yashab turgan jamiyat yaratgan tizimning nosog‘lom yashashida namoyon bo‘ladi. Shu o‘rinda alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi asosiy vazifasi ijtimoiy kayfiyatni yoritish: cho‘qqining o‘tkir nuqtasiga yetib kelganimizni eslatib turishdan iborat.