Korxonalarda iqtisodiy xavfsizlikni taminlash muammolari (2)
Iqtisodiy xavfsizlik XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahon iqtisodiyotida katta o’zgarishlar amalga osha boshladi. Bu integratsiya jarayonlarida va xalqaro mehnat taqsimotida, globallashuv jarayonlarining tezlashuvida namoyon bo’ldi. Jahon mamlakatlarining taraqqiyot darajasidagi tafovutlarning kuchayib borishi va rivojlangan davlatlar 11 tomonidan teng bo’lmagan iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirilishi, ya’ni bilvosita nazorat qilish (investitsiyalar kiritish, kredit va subsidiyalar berish yo’li bilan) siyosatini amalga oshirish, ba’zi hollarda siyosiy tazyiq o’tkazish kabi hodisalar ham hozirgi davrning xususiyatlaridan biriga aylanib bormoqda. Iqtisodiy jihatdan qaram mamlakatlarga savdo embargosi orqali siyosiy shartlar qo’yish amaliyotini, buning oqibatlarini boshdan kechirgan Iroq, Eron, Liviya, Kuba kabi mamlakatlar misolida ko’rish mumkin.
Ma’lum davrlarda jahon iqtisodiyotida, alohida olingan mintaqalarda, mamlakatlarda sodir bo’ladigan turli inqirozlar milliy, shu jumladan iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash muammolarining dolzarbligini oshiradi. Ma’lumki, AQSH ipotekali kreditlash tizimidan boshlanib, keyinchalik jahon iqtisodiyotini qamrab olgan “moliyaviy-iqtisodiy inqiroz ko’plab mamlakatlarda ishlab chiqarish va iqtisodiy o’sish sur’atlarining keskin pasayib ketishi bilan bog’liq ishsizlik va boshqa salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi” 12 . Bunday sharoitda milliy manfaatlarni himoya qilish, mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, aholini turmush darajasini pasayib ketishini oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada zaruriy chora-tadbirlarni belgilash uchun esa tahdidlarning xarakteri, miqyosi, ularning oqibatlarini bilish kerak bo’ladi. Hozirga kelib O’zbekiston integratsiyalashgan global iqtisodiy makonning, global moliyaviy- iqtisodiy bozorning ajralmas tarkibiy qismiga aylandi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning “Jahon moliyaviyiqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari” asarida ta’kidlanganidek, buning tasdig’ini respublikaning tashqi dunyo bilan aloqalarining tobora kuchayib borayotganida, taraqqiy topgan yetakchi davlatlar ko’magida iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo’yicha dasturlarni amalga oshirilayotganligida, O’zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvida va boshqalarda ko’rish mumkin. Bunday sharoitda mamlakat korxonalarini tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo’lishini ta’minlash, dunyo bozorlari talabiga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarish, eksportni rag’batlantirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta’minlash esa mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashning muhim omili bo’lib hisoblanadi. Bozor munosabatlari sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni ham, milliy xavfsizlikni ham birdek ta’minlash davlatning eng asosiy funksiyalaridan biri bo’lib hisoblanadi. Amerikalik mutaxassislarning fikriga ko’ra, iqtisodiy xavfsizlik ta’minlanishi uchun kamida ikkita shart bajarilishi kerak:
– birinchisi, mamlakatning iqtisodiy mustaqilligini, xo’jalikning taraqqiy etishiga tegishli bo’lgan qarorlarni o’z manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilish qobiliyatini saqlab qolish;
– ikkinchisi, aholining erishilgan turmush darajasini saqlab qolish va uni yanada yuksaltirish imkoniyatlarining mavjud bo’lishi
SHundan kelib chiqiladigan bo’lsa, iqtisodiy xavfsizlik – bu eng avvalo mamlakatning milliy manfaatlarini himoyalanganligidir. Har qanday fanning predmeti va ob’yekti mavjud bo’lganidek “Iqtisodiy xavfsizlik” fanining ham o’z ob’yekti va predmeti mavjud. Bir tomondan iqtisodiy tizimning ob’yektiv himoyalanish hususiyatlari, unga xavf soladigan kuch va omillarga qarshi turish mexanizmini, ikkinchi tomondan, davlatning himoyachi sifatidagi funksiyalari, shu maqsadda tashkil etiladigan institutlarni o’rganish ushbu fanning predmeti bo’lib hisoblanadi. Milliy iqtisodiyot va unda amalga oshadigan jarayonlar “Iqtisodiy xavfsizlik” fanining ob’yektini tashkil etadi. Davlat, jamiyat va shaxsning muhim hayotiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash borasida nazariy va amaliy bilimlar berish fanning maqsadi bo’lib hisoblanadi.
. Iqtisodiy xavfsizlikni mezonlarga asoslangan holda o’rganish deganda, iqtisodiyot holatini umumlashtirilgan holda, ya’ni resurs salohiyati va uning rivojlanish imkoniyatlari, resurslardan foydalanish samaradorligi darajasi, raqobatbardoshligi va hokazolarni baholash tushuniladi. Iqtisodiy xavfsizlik milliy xavfsizlikning muhim tarkibiy qismi bo’lganligi bois ham uni ta’minlash muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash mamlakatning har sohasida yuksalishini asosiy shartlaridan biri bo’lib hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, “ushbu dolzarb masalada yengil fikrlash yoki muqarrar xavfga bepisandlik bilan qarash, uni kamaytirib ko’rsatish qanday oqibatlarga olib kelganligi haqida tarixdan istalgancha misollar keltirish mumkin” . Iqtisodiy xavfsizlik davlat xavfsizligi tizimidagi muhim yo’nalish bo’lib, mamlakat mudofaa qobiliyatini ta’minlash, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni saqlash, ekologik halokatlardan himoya qilish kabi yo’nalishlar bilan bir qatorda turadi. Mana shu yo’nalishlar bir – birini to’ldirib turadi va bir-biri bilan uzviy bog’liqdir.
Chunki, mamlakat iqtisodiyoti baquvvat bo’lmasa, u barqaror rivojlanmasa, ushbu mamlakatning mudofaa qobiliyatini ta’minlash mushkul bo’lib qoladi. Ayni paytda, mamlakatda ijtimoiy barqarorlik ta’minlanmas ekan, uning mudofaa qobiliyati ham mustahkam bo’lmaydi va iqtisodiyoti samarali rivojlanmaydi. Iqtisodiy xavfsizlik tushunchasining mazmun va mohiyatini yoritib berishdan oldin milliy xavfsizlik tushunchasiga to’xtalib o’tish kerak bo’ladi. Milliy xavfsizlik manfaatlarni himoyalashning umumiy shakli sifatida manfaat va ehtiyojlarni qondirish, moddiy, ma’naviy, umuminsoniy qadriyatlardan bahramand bo’lish va farovonlikka intilish to’g’risidagi barcha tasavvurlarni ifodalaydi. Mamlakatning milliy xavfsizligi uning milliy manfaatlarini turli siyosiy, harbiy, iqtisodiy, ekologik, g’oyaviy va boshqa omillar ta’siri va tahdidlardan himoya qilishga yo’naltiriladi. SHuning uchun ham milliy xavfsizlik tarkibi murakkab tuzilishga ega bo’lib, siyosiy, harbiy, iqtisodiy, ekologik, g’oyaviy, mafkuraviy, axborot xavfsizligini o’z ichiga oladi.
Iqtisodiy xavfsizlik mamlakatning iqtisodiy jihatdan mustaqil, barqaror rivojlanishiga qodirligini ta’minlashga yo’naltirilgan. Respublikamizda iqtisodiy xavfsizlik masalasi mamlakat milliy xavfsizligining bir qismi sifatida birinchi marta O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» kitobida ko’rib chiqildi. Unda mamlakatning milliy xavfsizligi, uning ajralmas qismi bo’lgan iqtisodiy xavfsizlik masalalari nazariy jihatdan chuqur tahlil qilindi. Hozirgi paytda iqtisodiy xavfsizlik bu – mamlakat iqtisodiyotini doimiy barqaror rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarning umummilliy majmuasi bo’lib, u albatta davlatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi va mustaqilligini hamda tashqi va ichki tahdidlarga qarshi turish mexanizmini ko’zda tutadi. Ilmiy adabiyotlarda va darsliklarda «iqtisodiy xavfsizlik» tushunchasining turlicha talqinlari berilgan. Bir guruh olimlar mazkur tushuncha mazmunini mamlakatning yetarli mudofaa salohiyatini, davlat siyosatining ijtimoiy yo’naltirilganligini, milliy manfaatlarni himoya qilishni kafolatlashga qodir bo’lgan iqtisodiyot va hokimiyat institutlarining ahvoli sifatida ta’riflaydi