Katarakta — sabablari, belgilari, turlari, tashxislash va davolash usullari Reja: Koʻz gavhari haqida
Katarakta sabablari
Katarakta klassifikatsiyasi
Katarakta – koʻz nur sindiruvchi qismi – gavhar bilan bogʻliq boʻlgan patologiya boʻlib, bunda gavhar shaffofligi buziladi va xiralashadi. Katarakta koʻruvda xiralashuv, kechki vaqtda koʻrish qobiliyatining pasayishi, rang ajratishning pasayishi, yorugʻlikka sezuvchanlikning oshishi va diplopiya kabi belgilar bilan namoyon boʻladi.
Kataraktani aniqlashda oftalmologiya sohasida vizometriya, perimetriya, oftalmoskopiya, biomikroskopiya, tonometriya, refraktometriya, oftalmometriya, koʻz UTT (UZI) tekshiruvi, elektrofiziologik tekshirishlardan foydalaniladi. Kataraktani davolashda konservativ va operativ usullardan foydalaniladi, jarrohlik amaliyoti koʻz gavharini almashtirish, yaʼni sunʼiy intraokulyar linza qoʻyishdan iborat.
Shifokor konsultatsiyasi
Oftalmolog konsultatsiyasi
Diagnostika va muolajalar
Oftalmologik muolajalar
Ko'zni ultratovush yordamida tekshirish
Katarakta (grekcha soʻz katarrahaktes – sharshara) – koʻz gavharining qisman yoki toʻliq xiralashishi boʻlib, koʻzning yorugʻlik oʻtkazish xususiyati hamda koʻruv oʻtkirligi pasayishi bilan namoyon boʻladigan kasallikdir.
JSST statistikasi boʻyicha koʻrlikka olib keluvchi sabablarning deyarli yarmini katarakta kasalligi tashkil etadi. 50-60 yoshli insonlarda katarakta aholining 15 % qismida, 70-80 yoshdagilarda 26-46 %, 80 yoshdan kattalarda esa deyarli barcha insonlarda uchraydi.
Koʻzning tugʻma kasalliklari orasida ham katarakta eng koʻp uchraydigan kasallikdir. Kasallikning juda koʻp uchrashi zamonaviy oftalmologiya sohasining dolzarb muammolaridan biri ekanligini isbotlab beradi.
Koʻz gavhari haqida Gavhar koʻzning yorugʻlik oʻtkazuvchi qismi boʻlib (yorugʻlik oʻtkazuvchi va sindiruvchi), koʻz kamalak pardasi ortida, qorachiqqa qarama-qarshi joylashadi. Gavhar kapsula, kapsulyar epiteliy va gavharsimon moddadan tuzilgan. Gavhar tashqi tuzilishi sferik boʻlib, uning diametrik 9-10 mm.ni tashkil etadi. Koʻz gavhari qon tomirlar bilan taʼminlanmagan epitelial hosiladir. Ozuqa moddalar gavharni oʻrab turgan koʻz ichki suyuqligidan diffuz yoʻl bilan oʻtadi.
Gavhar optik xususiyati boʻyicha ikki tomoni qavariq shaffof linza kabi boʻlib, uning vazifasi tushayotgan nurni sindirish va koʻz toʻr pardasiga yigʻib berishdan iborat. Yorugʻlik sindirish xususiyati doimiy boʻlmaydi va koʻzning akkomadatsiya xususiyatiga bogʻliq boʻladi (tinch holatda – 19,11 dptr, zoʻriqqan holatda – 33,06 dptr).
Gavhardagi har qanday oʻzgarishlar – shakli, qalinligi, holatining oʻzgarishi, uning funksiyasi buzilishiga olib keladi. Gavhar anomaliyalari orasida afakiya (gavharning boʻlmasligi, mikrofakiya (oʻlchamining kichik boʻlishi), koloboma (bir qismi boʻlmasligi va uning deformatsiyasi), lentikonus (yuzasining konus koʻrinishida boʻrtib qolishi), katarakta kabi holatlar koʻp uchraydi. Katarakta gavharning har qanday qavatida rivojlanishi mumkin.