Katarakta klassifikatsiyasi Oftalmologiya sohasida katarakta kasalligi ikki katta guruhga boʻlinadi: tugʻma va orttirilgan. Tugʻma katarakta dogʻ gavharning maʼlum bir qismidagina hosil boʻladi va kasallik avj olmaydi. Orttirilgan katarakta esa jarayonning avj olishi bilan kechadi.
Orttirilgan katarakta etiologiyasidan kelib chiqib qarilik, asoratlangan, tavmatik, nurlanish natijasida, toksik hamda umumiy organizmning boshqa kasalliklari natijasida rivojlangan kataraktalar farqlanadi.
Gavharning xiralashgan qismiga koʻra
Oldingi polyar katarakta – gavharning oldingi yarim sharlarida joylashadi, dogʻ oqish-kulrang tusda va yumaloq shaklda boʻladi;
Orqa polyar katarakta – gavhar kapsulasining orqa yarimsharida dogʻ paydo boʻladi, rangi va shakli oldingi katarakta kabi boʻladi;
Yelpigʻichsimon katarakta – oldingi orqa oʻqida dogʻ paydo boʻlishi, yelpigʻich shaklida ingichka lentasimon shaklda boʻladi;
Yadroli katarakta – gavharning markazida dogʻ paydo boʻladi;
Qavatli katarakta – gavhar markazida joylashadi va qavat-qavat shaklida boʻladi;
Kortikal katarakta – gavhar qobigʻining chetida dogʻ paydo boʻladi, oqish rangga ega;
Orqa subkapsulyar katarakta – gavhar orqa qismida kapsula ortida dogʻ paydo boʻladi;
Total katarakta – har doim ikki taraflama boʻladi, gavharning toʻliq xiralashuvi kuzatiladi.
Kataraktaning boshlangʻich bosqichida gavharning maʼlum bir qismida suvlanish kuzatiladi, yaʼni magʻiz qismi tolalari orasida ortiqcha suyuqlik toʻplanadi va bu “suvli tirqish” deb nomlanadi. Xiralashuv odatda gavharning qobigʻida joylashadi, yaʼni periferik qismida paydo boʻlganligi sababli koʻruv oʻtkirligi bilan bogʻliq muammolar kuzatilmaydi.
Yetilmagan katarakta bosqichida xiralashuv kuchayib boradi va sekin-astalik bilan gavhar optik qismigacha yetib boradi. Biomikroskopik tekshiruvlar yordamida gavhar xiralashganligi aniqlanadi. Bu bosqichda koʻruv oʻtkirligi biroz pasayadi.