3. Overdraft hisob raqami orqali kreditlash tartibi. Overdraft kontokorrent hisob raqamining maxsus shakli hisoblanadi. Uning o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, bank mijozning asosiy “talab qilib olinguncha” depozit hisob raqamida qisqa muddat mobaynida debetli (qoplanmagan) qoldiq bo’lishiga ruxsat beradi.
Overdraft hisob raqamidan foydalanish xuquqi eng ishonchli mijozlargagina beriladi.
Overdraft hisob raqamidan kredit berish, kredit oluvchining asosiy faoliyatiga taalluqli bo’lgan tovar - moddiy boyliklarini sotib olish uchun, bajarilgan ishlar va ko’rsatilgan xizmatlar uchun pul-hisob-kitob hujjatlarini to’lab berish yo’li bilan
amalga oshiriladi.
Overdraft hisob raqamidan to’lovlarning boshqa turlari overdraft hisob raqamidagi kreditli qoldiq doirasida amalga oshiriladi.
Kredit overdraft hisob raqamidan berilganda, kredit oluvchining shu hisob raqamga kirim qilinadigan barcha summalar kreditni qoplashga sarflanadi. Shuning uchun ham, overdraft hisob raqamiga mablag’larning tushishiga qarab, berilgan kreditni hajmi ham o’zgarishi mumkin. Kreditdan foydalanganlik uchun foizlar kelishilgan stavkalar bo’yicha undiriladi.
Kontokorrent hisob raqamdan farqli o’laroq, overdraft hisob raqami orqali kreditlash, bank va mijoz o’rtasidagi kelishuv, shartnoma bilan rasmiylashtiriladi. Kreditni berish sharti va uni qaytarish tartibi, bankka kredit oluvchining hisob raqamida mavjud bo’lgan mablag’laridan ortiqcha miqdordagi to’lovlarni amalga oshirish xuquqini beradi.
Overdraft hisob raqamidan kredit berilganida, kredit oluvchi har oyning oxirida bu hisob raqam bo’yicha kreditli (qoplangan) qoldiqni ta’minlashi kerak. Agarda, mijoz bankda muddatli depozit hisob raqamiga ega bo’lsa, u holda unga o’z depozit mablag’lari doirasida doimiy debetli (qoplanmagan) qoldiqqa ega bo’lish xuquqi beriladi. Kredit oluvchining mazkur bankda muddatli depozit hisob raqami bo’lmagan va oy oxirida ham overdraft hisob raqamida debetli (qoplanmagan) qoldiq saqlanib qolgan taqdirda, shu mijozga kredit berish, berilgan kredit to’liq qaytarilgunga qadar, to’xtatiladi.
Kredit oluvchi overdraft hisob raqamidan foydalanganda, u kreditni qaytarish ta’minoti mavjudligi va qisqa muddatli kreditning belgilangan muddatiga rioya etish shartlariga amal qilgan holda, kreditning bu turini boshqa turiga qaytadan rasmiylashtirish xuquqiga ega.
Overdraft hisob raqamidan berilgan kredit, kreditning kontokorrent turiga qaytada rasmiylashtirilmaydi.