1. Tabiatning sogʻlomlashtiruvchi kuchlari jismoniy tarbiyaning asosiy vositalari sifatida. Havo, quyosh nuri, suv jismoniy tarbiya jarayonida tabiatning sogʻlomlashtiruvchi kuchlari tarzida jismoniy tarbiyaning vositasi sifatida foydalaniladi. Hayotiy sharoit, muhit insonni turli sharoitda moddiy neʻmat yaratish, yashashga majbur qiladi. Bunga koʻnikish, unga tayyor boʻlish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun tabiatning inʻomi — havo, suv, quyosh nuri inson ish qobiliyatini oshirish, salomatligini mustahkamlashning asosiy vositasidir.
Jismoniy tarbiya jarayoni ochiq havoda, quyosh nuri ostida, suv va boshqalardan foydalanib jismoniy mashqlar bajarish samara beradi. Choʻmilish, oftobda toblanish, havoning issiq sovugʻi jismoniy mashqlar bilan inson organizmiga turlicha ta’sir koʻrsatadi. Mashgʻulotlar davomida bu vositalardan tizimli foydalanishning muhim ahamiyat kasb etadi.
Ishni shunday tashkillash lozimki, jonajon Respublikamizning geografik, iqlimiy va ekologik holatini hisobga olib barcha viloyat va hududlarda tabiatning sogʻlomlashtiruvchi kuchlaridan foydalanishning ilmiy asoslangan tizimini ishlab chiqish muammosi hal qilinishi lozim. Masalan, quyosh nuridan foydalanishda soat 10.00 dan 12.00 gacha alohida, 16.00-17.30 gacha yoshi, jinsi va boshqa individual xususiyatlarini hisobga olinmasdan toblansa uning ta’siri turlicha boʻladi. Jismoniy mashqlarning meʻyori, yuklamaning umumiy miqdori, mashqning intensivligini eʻtibordan chetda qoldirish tabiatni sogʻlomlashtiruvchi kuchlaridan foydalanishda salbiy natijalarga olib kelishni unutmasligimiz lozim.
Shugʻullanuvchilarga quyosh vannasi, suvda chiniqishning nazariy bilimlari va ulardan tizimli foydalanish, havoning oʻzgarishi organizmning issik-sovuqqa, keskin oʻzgarishlarga tez moslashishi individning yoshligidan yoʻlga qoʻyishni samarasi katta. Har tomonlama chiniqtirish tabiat omillarini turli jismoniy mashqlarni bajarish bilan qoʻshib olib borilishi tashqi muhitning salbiy ta’sirlariga organizmning qarshilik koʻrsata olish qobiliyatini yanada oshiradi.
Jismoniy tarbiya jarayonida erishilgan chiniqishning samarasi "koʻchuvchan" boʻladi, yaʻni u insonning boshqa faoliyati (asosan, mehnat, harbiy xizmat)da namoyon boʻladi va jismoniy tarbiyaning hayotiy-amaliyligini oshiradi. Qolaversa, ruhiy-irodaviy hislatlarini ham kuchaytiradi. Ayniqsa, chayqalish, tebranish, meʻyorsiz yuklamaga chidash, vaznsizlik holatiga tez moslashishdek vazifalar oson hal boʻladi.