3.Pul oqimlarini prognozlash Iqtisodiyotning erkinlashuvi sharoitida korxonalar faoliyatini to‘g‘ri va optimal boshqarish birmuncha murakkab jarayon. Jumladan, korxonaning pul mablag‘lari va pulga tenglashtirilgan qiymatliklari oqimini ratsional boshqarish korxonalar faoliyatining davomiyligini hamda uzluksizligini ta’minlaydi. Ya’ni pul mablag‘lari hisobini to‘g‘ri tashkil etish hamda ularni doimiy ravishda tahlil qilib turish korxona faoliyatining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytiradi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlari rivojlanishining xarakterli tomonlaridan biri unda moliyaviy bozorni va uning barcha jabhalarining tez sur’atlar bilan rivojlanayotganligi hisoblanadi. Xuddi shuningdek, moliya bozorining asosiy unsurlaridan biri -bu pul mablag‘lari bo‘lib, uning hisobini yuritishda buxgalteriya hisobining «hisoblashish» yoki «kassali» usullarining qaysi biri qo‘llanilsa korxona uchun iqtisodiy samarasi yuqori bo‘lishligini o‘rganish muhimdir. O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustida tasdiqlangan «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi» qonuni, 1999-yil 5-fevraldagi «Mahsulot (ish, xizmat) lar tannarxiga kiritiladigan, mahsulot (ish, xizmat) larni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi» Nizom va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda korxonaning sotish jarayonlaridan ko‘rgan moliyaviy natijalarini aniqlashda yuqoridagi usullarni qay biri qo‘llanilishi to‘g‘risida aniq fikrlar bildirilmagan. Unda bu usullarningqaysi birini qo‘llash korxona hisob siyosatiga bog‘liq ekanligi aytibo‘tilgan, xolos.Debitorlik qarzlarini to‘lov (qoplash) muddatlari bo‘yicha tasniflash birmuncha aniq hisob-kitob qilish imkoniyatini beradi. Bunday tasniflash orqali, statistika va tahlilni o‘tgan davrda debitorlik qarzlarini qoplash haqidagi haqiqiy manbalar bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi. Debitorlik qarzlarini to‘lov muddatlari bo‘yicha tahlil etishni oylar bo‘yicha o‘tkazish tavsiya etiladi. Chunki bunday holatda debitorlik qarzlarini qoplash muddatlariga qarab o‘rtacha miqdorini 30 kungacha, 60 kungacha, 90 kungacha va hokazo kunlarga moslashtirib o‘rnatish lozim. Pul mablag‘lari kirimiga oid boshqa manbalar (boshqa sotishlar, sotish bilan bog‘liq bo‘lmagan muomalalar)ni bashoratlash to‘g‘ri hisoblash usuli orqali bajariladi, ya’ni kirim qilingan summaga joriy davrdagi sotishdan kelib tushgan pul mablag‘lari summasi qo‘shiladi.