Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
111
bilib qoldi. Uni bu sirdan voqif qilgan Abu Yusuf Arg‘un haramga bir qancha chiroyli
qizlar keltirib berib, yosh podshoning sohib ixtiyor, sirdosh bekiga aylandi.
Hozir Sulton Ali mirzo qo‘lida may to‘la billur qadah bilan maxfiy tuynuk oldida o‘tiribdi.
Marmar hovuzda qiy-chuv qilib cho‘milayotgan yalang‘och qizlar uning ko‘zlarini
yondirib, vujudini jingak qilayotganday bo‘ladi. U tomog‘i quruqshaganda may xo‘plab
qo‘yadi-yu, ammo ko‘zini tuynukdan olmaydi.
Bir payt uning bu tomoshasiga kimdir xalaqit berdi.
—
Mirzo hazratlari, xufiyalar favqulodda xabar keltirmishlar.
Sulton Ali mirzo Abu Yusuf Arg‘unning mayin ovozini taniydi-yu, ammo unga o‘girilib
qaragisi kelmaydi:
— Nima xabar bo‘lsa onamga aytavering.
— Begim hazratlari meni sizga yubordilar, amirzodam!
Sulton Ali mirzo endi Abu Yusuf Arg‘unga o‘girilib qaradi.
Uning quyuq ta’zimi ham, pastki tishlari tushib ketgan kemtik og‘zining tabassumi ham
ko‘ziga juda yomon ko‘rindi:
— Janob bek, o‘zingiz-ku, bizga mehribonchilik ko‘rsatib go‘zal
qizlar peshkash
qildingiz... Endi nega orom olgani qo‘ymaysiz?
— Mirzo hazratlari, saltanatingiz xavf ostida! Men shuning uchun oromingizni buzishga
jur’at etdim!
— Yana qanday xavf? Onam qayerdalar?
— Devoni xosda sizga muntazirlar.
Sulton Ali mirzo kayfini buzganlaridan achchig‘i kelib, qo‘lidagi qadahni mayi bilan
marmar devorga otib urib chil-chil sindirdi. So‘ng barvaqt semirgan yo‘g‘on gavdasi
kayfdan xiyol chayqalib, tashqariga chiqdi.
Qorong‘i tushib qolgan edi.
Devoni xosning kiraverishida ellik
yoshlardagi qovoqlari qalin, jingalak soqolli bir bek qo‘l
qovushtirib, bosh egib turibdi. Uy to‘rida tikka turgan Zuhra begimning yuzi qahrdanmi,
qo‘rquvdanmi oqarib ketgan:
— Amirzodam, siz ayshu ishrat bilan bandsiz. Xiyonatchilar poytaxtni yog‘iyga pinhona
topshirmoqchilig‘idan bexabarsiz!
Sulton Ali mirzodan norozi bo‘lib shaharni tashlab chiqqan mingdan ortiq bek va
navkarlar Andijondan qo‘shin tortib kelgan Bobur bilan birga Darg‘om bo‘ylarida fursat
kutib yurganlari ma’lum edi. Ammo Sulton Ali mirzo barcha
darvozalarga eng ishonchli
kishilarini qo‘yib, shaharni mahkam berkitib yotar edi. Shuning uchun onasiga zarda
qilib:
— Yana nima vahima? — dedi.
— Menga ishonmasangiz, mana Muhammad Sulton janoblaridan so‘rang. Bu bek
hozirgina Boburning qarorgohidan qochib kelmishlar. Shahar ichidagi fitnachilar bugun
kechasi So‘zangaron darvozasini Boburga yashiriqcha ochib bermoqchi emishlar. Piringiz
Xo‘ja Yahyo ham sizdan yuz o‘girib, Boburga tarafdor bo‘lgan emishlar.
— Ishonmaymen! — deb Sulton Ali mirzo qo‘l qovushtirib
turgan Muhammad Sultonga
tikildi.
— Amirzodam, gapim yolg‘on bo‘lsa bugun kechasi tekshirib ko‘ring! Men yog‘iylaringiz
bilan Darg‘om bo‘yida ikki hafta yurdim. Xo‘ja Yahyoning rizoligini Bobur rosa o‘n bir kun
kutdi. Nihoyat, bugun ertalab Mamadali kitobdor xo‘janing rizoligini olib boribdir. «Tun
yarmida kelsinlar, shaharga kiritgaymiz», deganmish. Bobur bugun peshinda ishongan
beklarini to‘plab, mashvarat o‘tkazdi. Xayriyatki,
uning ishongan beklaridan biri, men —
sizning sodiq qulingiz edim!..
Sulton Ali mirzo qovog‘i qalin bekka endi mamnun nazar tashladi-yu: