www.ziyouz.com kutubxonasi
309
— Ammo turkiy alifbo bilan turkiy ma’naviyatga oid orzular meni hamon tark etgan
emas. O‘g‘illarim Humoyun bilan Komron xatti Sig‘noqiyni mukammal o‘rganibdir,
menga o‘shal alifboda maktublar biturlar. Hozir men tunu kun turkiy tilda o‘ylaymen,
shu tilda ijod qilmoqdamen. Chunki bizga ona suti bilan kirgan tilimiz — bizning
ma’naviy vatanimizdir. Turkiy tilda yozganimda ruhim yana Andijonu Samarqandga
qaytgandek taskin topur. Ma’naviyat ohanrabosi bilan turkiy ellarni ruhan yaqinu inoq
qilish mening ezgu niyatimdir. Bu niyatga biz yetolmasak, shoyad kelgusi avlodlar yetsa!
Bobur ko‘pdan beri uyqusiz yurganidanmi yoki sog‘inch hissining zo‘ridanmi, ko‘zlari
beixtiyor yoshga to‘ldi.
— Men ham Hirotni behad sog‘inib yuribmen, hazratim. Lekin... o‘zingiz aytgan
edingizki, Hind ham endi biz uchun vatan. Yozgan asarlaringiz Hindning shavkatiga ham
shavkat qo‘shg‘usidir. Hindda barpo qilgan ulug‘ davlatingiz esa sizni voyaga yetkazgan
Movarounnahrga ham shuhrat keltirgusidir.
— Zora shunday bo‘lsa! — dedi Bobur.
U Xondamir bilan kechgacha dardlashib yurdi-yu, ko‘nglini bo‘shatib, o‘zini ancha yengil
sezdi. Biroq kechasi yana uyqusi qochib, tong otguncha mijja qoqmadi.
______________
* M u g‘ l a q — tushunib bo‘lmaydigan.
* B o r l a r — «ba’zi paytlar» ma’nosida.
* B o t i l — qalbaki yo‘ldan borish, adashish.
AGRA YULDUZLAR GIRDOBI 1 Yana yozning jazirama issiqlari boshlandi. Bobur goh devoniomda, goh kutubxonada
ishlar, mudom ichi kuyib, sovitilgan norinj sharbati va yaxna choy ichar, lekin chanqog‘i
hech bosilmas edi.
Bir kun peshin kechroq Tohir xilvatxonaga uch-to‘rt bosh oq kishmish uzum olib kirdi.
Hozirgina uzib yuvilgan oltin rang kishmish donalari ustida suv zarralari yiltirab turadi.
Ko‘pdan beri bunday uzumni ko‘rmagan Bobur taajjub bilan:
— Qaydan oldingiz? — dedi.
— O‘zimizning Hasht Bihisht bog‘imizdan. Samar-qanddan keltirilgan kishmish ko‘chatini
o‘z ilkingiz bilan ekkaningiz yodingizdami, hazratim?
Bobur quvonib uzumdan bir boshini qo‘liga oldi. Bu yerlarning tarixida birinchi marta
yetishtirilgan oq kishmish sal sersuvroq bo‘lsa ham, lekin uning ta’mi Boburga
Samarqandni eslatdi. Uzum yegan sari chanqog‘i bosilib, o‘zini birdan tetik sezdi.
— Buni Mohimga ko‘rsatmoq kerak! — deb o‘rnidan turdi.
Bultur kuzda Kobuldan Agraga ko‘chib kelgan Mohim begim bu bog‘ning to‘ridagi
marmar ko‘shkda edi. Bobur barkashdagi uzumni Tohirga ko‘tartirib, gulzor yo‘lkalardan
ko‘shkka qarab ketdi.
Havo dim va rutubatli. Yana pashkol fasli boshlanib, osmondan bulut arimay qolgan.
Barkashdagi oltinrang kishmish Boburga shu bulutlarni yorib o‘tib, uzoq Samarqanddan
yetib kelgan yorug‘ bir nurdek ko‘rinardi.
Mohim begim ko‘shkning ayvonida miz ustiga engashib allanarsa yozmoqda edi.
Ayvonga Tohirni ergashtirib kirgan Bobur:
— Uzumimiz pishibdi, Mohim! — dedi. — Bir tatib ko‘ring.