Reaktsiyaga kirishayotgan aralashma solingan probirka sovitilganda suv vannadan probirkaga o`tib ketishi mumkinligi (agar gaz o`tkazgich nay vannadan o`z vaqtida olinmasa shunday bo`ladi) yuqorida ko`rib o`tilgan edi. Suvning probirkaga bunday o`tib ketish hollari ba`zan maktabda, laboratoriya mashg`ulotlarida kuzatiladi. Buning oldini olish uchun, kislorod olishda ishlatiladigan va 17-rasmda tasvirlangan ancha takomillashgan asbobdan foydalanish mumkin. Bu asbobda probirka 1da hosil bo`ladigan kislorod avval saqlagich sklyanka 2 ga tushadi, so`ngra esa nay 3 dan borib pnevmatik vanna 4 ga o`tadi. Agar probirka 1 ni qizdirish to`xtatilsa va gaz o`tkazgich nay suvli vannadan olinmasa, probirka 1 sovitilganda suv sklyanka 2 ga o`tadi va unda taxminan probirkaning hajmiga teng hajmni egallaydi, shunday qilib suvning otilib chiqishi to`xtaydi. Ana shu usulda reaktsion aralashmali probirkaga suv tushishidan saqlanadi.
Agar probirka 1 dagi aralashma reaktsiyaga to`liq kirishmagan bo’lsa, uni yana qizdirib kislorod olish mumkin. Bunda quyidagi hodisa sodir bo`ladi: kislorod nay 5 orqali saqlagich sklyanka 2 ga o`tib, undagi suvni bosadi va suvni qaytadan vannaga siqib chiqaradi. Suv siqib chiqarilgandan keyin kislorod gaz o`tkazgich nay bo`ylab ketadi va uni bundan oldingi tajribada bayon qilinganidek, biror idishga yigib olish mumkin.
Tajriba. 17- rasmda ko`rsatilganidek asbob yig`ing, bunda rasmda ko`rsatilgan nisbiy o`lchamlarga rioya qiling. Saqlagich sklyankani po`kak probka bilan ham bekitish mumkin, bunday probkada shisha naylar o`tkazish uchun ikkita teshik teshish ancha oson. Probirkadan saqlagich sklyankaga kislorod o`tadigan shisha nay 5 kalta bo`lishi kerak.
Saqlagich sklyankadan kislorod chiqadigan nay 6 sklyankaning tubigacha etib turishi lozim. Sklyankaga ikkita nay o`tkazilgan po`kak probkani sklyanka bo`g`ziga chuqurroq kiritib, ustidan Mendeleev zamazkasini quyish lozim. Po`kak probkaning ustiga bir necha bo`lak Mendeleev zamazkasini qo`yib, so`ngra gorelka alangasini kavsharlash nayi (yoki uchi bukilgan hamda cho`zilgan shisha nay) yordamida probka ustidagi Mendeleev zamazkasiga yo`naltiring. Alangani tegishlicha yo`naltirib, zamazkaning hammasini suyuqlantiring va shunday qilib probkaning butun sirtini zamazka bilan qoplang.
17- rasm. Kislorod olish uchun ishlatiladigan saqlagichli asbob:
/ — reaktsion aralashma solingan probirka; 2 — saqlagich sklyanka; 3, 5, 6 — shisha naylar; 4 — pnevmatik vanna.
Zamazka qotgandan keyin asbobning germetikligini bundan oldingi tajribada bayon qilingan usulda tekshirib ko`ring.
Kislorod olish va uni suv ustida yig`ishga oid tajribadagi qolgan barcha ishlar yuqorida bayon qilinganidek bajariladi.