Laboratoriyа ishi № 4 (2 soat) METAMORFIK TOG’ JINSLARI VA ULARNI ANIQLASH «Metamorfizm» lotincha so’z bo’lib, u «o’zgargan» degan ma’noni anglatadi. Metamorfizm tog’ jinslari magmatik, cho’kindi va oldin hosil bo’lgan metamorfik tog’ jinslarining yuqori bosim, harorat, har xil mineral eritmalar va gazlar ta’sirida o’zgarishidan hosil bo’ladi.
«Metamorfizm» jarayoni 3 turga bo’linadi: kontakt metamorfizm, dinamometamorfizm va regional metamorfizm.
1. Kontakt metamorfizm-yer qobigidan magma otilib chiqayotgan vaqtdan oldin hosil bo’lgan tog’ jinslariga yuqori harorat, gaz va mineral eritmalar ta’sir etib uni o’zgartirish jarayonidir. Bu metamorfizm boshqa turlardan o’laroq kuchsiz bosim ta’sirida yuz beradi. Kontakt metamorfizm qumli-gilli tog’ jinslari rogoviklarga, cho’kindi korbonatli tog’ jinslari –oxaktoshlar marmarga aylanadi. Kontakt metamorfizm faqat magma otilayotgan joyga xos jarayon bo’lib, uning tarqalishi bir necha kilometrga borishi mumkin.
2. Dinamometamorfizm-tog’ jinslariga juda katta yuqori bosim, harorat ta’sir etganda, ya’ni tog’ hosil bo’lish jarayonida ro’y beradi. Bu jarayon natijasida ko’pincha granitlarning o’zgarishidan gneyslar hosil bo’ladi.
3. Regional metamorfizm - katta bosim va yuqori harorat ta’sirida Yer qobigining chuqur qismining juda katta maydonida ro’y beradi. Cho’kindi tog’ jinslari qatlam ustida hosil bo’layotgan chiqindilar ta’sirida borgan sari chuqurlikka tusha boshlaydi. Yer yuzasidan 25 km chuqurlikda harorat 15000S, bosimi esa 5000 atm. tengdir. Katta bosim va harorat ta’sirida jins plastik holatga o’tib uning holati butunlay o’zgaradi. Chuqurlik oshgan sari harorat, hamda bosim oshib boradi. Shu sababli 25 km chuqurdagiga nisbatan 12-15 km da bosim va harorat kamroq bo’ladi. Natijada bu chuqurlikda tarqalgan tog’ jinslari kamroq o’zgaradi va ko’pincha xloridli, gilli va talkli slanetslar hosil bo’ladi. Katta chuqurliklarda esa tog’ jinslar qaytadan kristallanib, ularning mineralogik tarkibi ham o’zgaradi. Bu chuqurliklardagi slanetslar yuzaga keladi. Quyidagi tabiatda eng ko’p tarqalgan metamorfik tog’ jinslarining xususiyatlarini ko’rib chiqamiz.
Gilli slanetslar-gilli tog’ jinslaridan birinchi o’zgarish bosqichida hosil bo’lgan varaqsimon (slanetsli) tog’ jinsi bo’lib, u parallel yupqa qavatchalardan tashkil topgan bo’ladi. Gilli slanetslar suvda bo’kmaydi. Boshqa metomorfik tog’ jinslardan farqli, u to’liq kristallangan emas. Rangi yashil, kul rang qo’ng’ir va qora.
Xloritli slanets-tarkibi xloritdan iborat, kvars qo’shimchalari bor. Yana ikkilamchi minerallardan talk, slyuda, granit, dala shpatini uchratish mumkin. U asosli magmatik tog’ jinslaridan hosil bo’ladi.
Talkli slanets- asosan talkdan tashkil topgan. Rangi ko’pincha kul rang, yashilsimon bo’lib, o’ta asosli magmatik tog’ jinslarini va serpantinni metomorfizatsiyalanishi natijasida hosil bo’ladi. Talkli slanets o’tga chidamli va yog’lovchi modda sifatida ishlatiladi.
Slyudali slanets- to’la kristallangan ichki tuzilishi tog’ jinsi bo’lib, tarkibi slyuda va kvarsdan iborat. Tarkibida slyudalardan qay biri bo’lishiga qarab,u biotitli slanets yoki muskovitli slanets deb ataladi. Slyudali slanetslar glinadan, filltlardan chuqur o’zgarish jarayonida hosil bo’ladi. Ular kembriy davrigacha bo’lgan yotqiziqlarda uchraydi,tabiatda keng tarqalgan.
Fillit-to’la kristallangan yupqa donador ichki tuzilishli tog’ jinsi bo’lib, gilli slanetslardan, glina va suglinoqlardan hosil bo’ladi. Tarkibi slyudaning mayda kristallari, seritsit, kvars, dala shpatidan iborat, rangi yashilsimon, kul rang, qora. Ularni O’rta Osiyo, Kavkaz, Karpat yosh tog’ tizmalarida uchratish mumkin.
Gneys-chuqur metamorfizatsiyalashgan tog’ jinsi bo’lib, qavat-qavat tuzilishga ega. Tarkibi kvars, dala shpati, slyuda yoki shox aldamchisidan iborat. Agar tarkibida muskovit bo’lsa muskovitli, biotit bo’lsa biotitli gneys deb ataladi. Qo’shimcha minerallar sifatida gohida granit, piroksen va grafit bo’lishi mumkin. Gneyslar nordon magmatik tog’ jinlari, cho’kindi va metomorfik tog’ jinlarining metamorfizatsiyalanishi natijasida hosil bo’ladi. Ular yer qobig’ining juda katta chuqurliklarida hosil bo’lib, G’arbiy Sibir, Kareliya, Ural, O’rta Osiyoning qadimgi metomorfik tog’ jinslari orasida uchraydi.
Marmar-qayta kristallangan oxaktoshdir. Tarkibida kalsiyning bir xil kattalikdagi donalarini qurish mumkin. Ichki tuzilishi to’la kristallangan, rangi ko’pincha oqish, yashilsimon, kulrang, xavorang, pushti. Marmarlar ko’pincha guldor teksturali va tarkibidagi har xil aralashmalar tufayli chiroyli ko’rinadi, shu tufayli qoplama, bezatish va xaykaltaroshlikda ishlatiladi. Marmar konlari o’rta Osiyo, Qrim, Koreliya va Uralda bor.
Kvarsit-kvars minerallaridan tarkib topgan, to’la kristallangan va mayda donador ichki tuzilishiga ega, rangi oq va oqish kulrang. Agar tarkibida qo’shimchalar bo’lsa rangi qizg’ish-qo’ng’ir va boshqa tusga kiradi.Kvarsitlar juda mustaxkam bo’lib, kvarsli qum va qumtoshni metamorfizatsiyalanishi natijasida hosil bo’ladi, u o’tgan chidamli g’isht olishda, bezash materiallari sifatida qurilishda ishlatiladi.