Leksik ma’no taraqqiyotiga olib keluvchi lisoniy va nolisoniy 2
2. Leksik ma'no hajmining torayishi avvallari keng doiradagi voqelikni anglatgan leksema keyinchalik tor doiradagi voqelikni anglatishidir. Masalan, qishloq- leksemasi aslida qishlaydigan joy ma'nosini anglatgan (qish- - qishla- - qishloq-). Keyinchalik, ko‘chmanchilik hayotiga xos lavha yo‘qolib, o‘troqlashish natijasida yangi, tor hajmli leksik ma'no hosil bo‘lgan. Endi qishloq- leksemasi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan aholi yashaydigan joy ma'nosini anglatadi. Shuningdek, yarog‘- leksemasi ham (yara- fe'lidan yasalgan) asli kerakli, lozim bo‘ladigan narsa-qurol ma'nosini bildirgan (Kerak-yarog‘ingni olib ol jumlasida shu ma'noning izi saqlangan). Keyinchalik esa, leksik ma'no torayib, hujum qilishda ishlatiladigan qurol ma'nosini anglatishga o‘tgan. Emchi- leksemasi ilgari davolovchi ma'nosini anglatgan bo‘lsa, hozir faqat privivka qiluvchi ma'nosini anglatadi.