Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar:
1. Eski o‘zbek tili lug‘atchiligi qaysi davrlar asosida shakllangan?
2. O’rta asr lug‘atchiligi izohlashning qaysi turlariga alohida e’tibor beradi?
3. “Sangloh” lug‘ati haqida ma’lumot bering
4.Eski o‘zbek tili lug‘atchiligiga tegishli bo‘lgan ideografik lug‘atlar qaysi?
5. “Kelurnoma” asari muallifi kim, bu lug‘at tuzilishini ayting
6. “Maboni ul-lug‘at” ocherki qaysi lug‘at tarkibida uchraydi?
7. Eski o‘zbek tili lug‘atchiligi davriga oid lug‘atlardan namunalar keltiring.
Adabiyotlar ro‘yxati
9-MAVZU: XIX ASR IKKINCHI YARMI – XX ASR O‘RTALARIDA O‘ZBEK LUG‘ATCHILIGI.
Reja:
Abdulla Qodiriy – lug‘atshunos.
Fitrat – lug‘atshunos.
Elbekning lug‘atshunoslik faoliyati.
Ishoqon Ibratning lug‘atshunoslik faoliyati.
Tayanch so‘zlar:
Adib Abdulla Qodiriyning tilshunoslik, xususan, lug‘atchilik bilan ham shug‘ullanganligi ijodining o‘rganilmagan yana bir qirrasini namoyon qiladi. Bu davrda yaratilgan ruscha-o‘zbekcha lug‘atlarning eng muhimlari sirasida Abdulla Qodiriy hamda S.Rahmatiylar tomonidan yaratilgan “Ruscha-o‘zbekcha to‘la so‘zlik”da so‘z tanlash, so‘zlarning manoviy, uslubiy, grammatik tavsiflari, lug‘at maqolalarining to‘laligi jihatdan o‘sha davrda yaratilgan boshqa lug‘atlardan ancha mukammalligi bilan ajralib turadi. Bu o‘rinda adibning lug‘atchilik sohasidagi faoliyatini o‘zbekcha so‘zlikning leksikografik xususiyatlari misolida tahlil qilishni lozim topdik:
1) tarjimada ruscha so‘zlarning o‘zbek tilidagi xalqona variantlarini keltirish. Abdulla Qodiriy turkiy lug‘atchilik, arab, fors-tojik lug‘atchiligi, usmonli turk lug‘atchiligi va shuning barobarida, rus lug‘atchiligi bilan ham mukammal tanishib chiqqan. Aniqrog‘i, adib lug‘atchilikning nazariy va amaliy masalalarini chuqur o‘zlashtirgan va puxta egallagan. Lug‘at o‘sha davr talablari nuqtayi nazaridan “Ruscha-o‘zbekcha to‘la so‘zlik” nomi ostida tuzilgan bo‘lsa-da, ruscha so‘zlar tarjimasida adibning diqqat markazida mumkin qadar sof o‘zbekcha, xalq tilidagi muqobillarini berish birinchi o‘rinda turganligining guvohi bo‘lamiz, masalan: peresudchik – g‘iybatchi, so‘zchin; petrushka – kashnish, qog‘ursoq; panenka – oyimqiz, bikach, qaqajon; pelmeni – chuchvara, barak kabi. Tarjimalardagi so‘zchin, bikach, qaqajon, barak kabi so‘zlarning keltirilishi muallif xalq tilining nodir bilimdoni ekanligini ko‘rsatadi. Yana bir e’tiborli jihat shundaki, ayrim ruscha so‘zning o‘zbekcha muqobili sifatida o‘sha so‘zning adabiy til va xalq shevalaridagi variantlari yonma-yon keltirilgan: papa – ota, doda; papasha – dadajon, ada; podnos–barkash, xon, lali; podushka–yostiq, bolish, takya kabi. Misollardagi doda, ada, barkash, lali, bolish, takya kabi so‘zlar xalq shevalarining nodir boyliklari sanaladi. Adib tarjimada ruscha so‘zning faqat adabiy tildagi shaklini keltirish bilan cheklanishi ham mumkin edi.
2) iboralar yordamida izohlash. Abdulla Qodiriy tarjimadagi so‘zlar izohini berishda nutqiy tasirchanlikni taminlovchi uslubiy vosita sifatida frazemalardan unumli foydalangan: pavlinitsya – kekkaymoq, perekorobit – egmak, sindirmoq, ko‘nglini og‘ritmoq; poveselitsya – xursandliq qilmoq, ko‘ngil ochmoq kabi. Yuqorida keltirilgan misollardagi kattalik qilmoq, ko‘nglini og‘ritmoq, ko‘ngil ochmoq kabi iboralar xalq tilida keng iste’molda bo‘lib kelgan. Muallif tarjimadagi so‘zning leksik manosini aniqroq, to‘liqroq ko‘rsatish va nutqiy xoslanishdagi ko‘rinishidan o‘quvchini xabardor qilish maqsadida uslubiy bo‘yoqdorlikka ega frazemalarni leksemaga sinonim sifatida keltirgan. Ushbu frazeologik birliklarning oddiy xalq nutqining lug‘aviy normasi ekani lug‘at tilini xalq tiliga yaqinlashtirgan, barcha uchun tushunarliligini ta’minlagan.
3) ko‘chma ma’noli so‘zlar yordamida izohlash. Abdulla Qodiriy lug‘atda ruscha so‘zlar tarjimasini izohlab berishda ko‘chma ma’noda qo‘llangan bir qator umumiste’mol so‘zlarni, mumtoz adabiyot tilida faol ishlatilgan an’anaviy poetik so‘zlarni mahorat bilan qo‘llagan va o‘ziga xos izohlash usulidan foydalangan: penie – ashula, qo‘shiq, ashula qiluv, sayrov; penya – o‘pka, gina; perebivatsya – zo‘rg‘a kun ko‘rmak, qiyinchilik bilan tirikchilik qilmoq. Misollardagi sayrov, o‘pka, zo‘rg‘a kun ko‘rmoq kabi so‘z va so‘z birikmalarining ma’nolari turli usullarda yuzaga kelgan hosila ma’nolardir. Muallifning ruscha so‘zlarning o‘zbekcha muqobillarini o‘z ma’nosidagi leksemalar qatorida ko‘chma ma’nodagi so‘zlar yordamida ham izohlashi o‘quvchini o‘zbek tilidagi so‘zlarning so‘zlashuv va poetik nutq talablaridan kelib chiqqan holda yuzaga keladigan xilma-xil ko‘chma, majoziy ma’nosidan ham xabardor qilishni maqsad qilganligidir.
4) okkazional yasalmalar orqali izohlash. Lug‘atdagi ruscha so‘zlar tarjimasida Abdulla Qodiriy tomonidan yaratilgan bir qator xarakterli okkazional yasalmalar mavjudligini va muallif tarjimadagi so‘zlar izohini berishda bunday so‘zlardan ham samarali foydalanganligini ko‘rish mumkin: podyonshik – kunlikchi, mardikor; podstavka – xarrak, ko‘targi, teglik; pokrov – qopqoq, yopqi, o‘rama; priprava – dorivor tamlagich. Keltirilgan misollardagi kunlikchi, ko‘targi, yopqi, tamlagich kabi leksemalarning o‘sha davrdagi lug‘atlarda uchramasligi bunday so‘zlar muallifning ijodiy mahsuli ekanligidan, ularning okkazional yasalma ekanligidan dalolat beradi. Demak, adib lug‘at tuzishda faqatgina tilda avvaldan mavjud so‘zlardangina foydalanmagan, balki ba’zi hollarda aytmoqchi bo‘lgan fikrni, ya’ni tarjimadagi so‘z ifodalagan tushunchani aniqroq, ta’sirchanroq ifodalash maqsadida shunga mos so‘zlarni topishga, lozim o‘rinlarda ularni o‘zi yasashga, original tarzda qo‘llashga intilgan. Bu hol Abdulla Qodiriyning so‘zshunos sifatidagi mahoratidan, til boyligiga ijodiy yondashganligidan dalolat beradi. Umuman, Abdulla Qodiriy hammualliflik qilgan “Ruscha-o‘zbekcha to‘la so‘zlik”dagi izoh usullarini tahlil qilish lug‘at XX asr boshlaridagi o‘zbek lug‘atchiligining yetakchi xususiyatini o‘zida ifodalaganini ko‘rsatdi. Bu xususiyatdan eng muhimi – lug‘at tilini soddalashtirish, xalqchil, xalqqa yaqin qilishga intilish.
2. Abdurauf Fitrat “Eng eski turk adabiyoti namunalari” nomli majmuasida Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarini tilshunoslik va adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan o‘rganar ekan, lug‘at matniga kirgan so‘zlarning ma’no va mazmuniga e’tibor bergani holda, ularni o‘ziga xos tarzda izohlaydi. Muallif o‘z asarining uchinchi qismi haqida fikr bildirib, jumladan, shunday deydi: “...O‘tkan ikki qismda ko‘rganimiz manzumalarda izohka muhtoj ko‘b lug‘atlar bor. Ularni o‘z o‘rnida izoh qilish o‘quvchilarni maqsaddan uzoqlashtiradir. Shuning uchun uchinchi bir qism orttirib, mazkur lug‘atlarni alohida izoh qilish munosib ko‘rildi”. Fitratning lug‘at yaratish jarayonidagi ilmiy qarashlarini, nazariy prinsiplarini kuzatar ekanmiz, uning bu borada ham muayyan tajribaga ega ekanligiga amin bo‘lamiz (N.S). Uning so‘zlar izohini berishdagi birinchi e’tibor bergan tamoyili – tarixiy-etimologik tamoyil. Adib “Devonu lug‘otit turk” asaridagi turkiycha so‘zlar izohini berar ekan, o‘quvchi etiborini dastlab so‘z etimologiyasiga qaratadi. Masalan: “Qarshi – saroy. “Devonu lug‘otit turk”ga ko‘ra, bu so‘z turkchadir. “Muqaddimatul-adab” ham bu so‘zning mo‘g‘ulcha ekanini ko‘rsatmaydir. Holbuki, ko‘b kishilar buning mo‘g‘ulcha ekaniga ishonadilar...”. Muallif so‘zlar izohini berishda shunchaki ma’noni izohlash bilan cheklanmagan, balki foydalanuvchi kengroq ma’lumot olishini inobatga olgan holda, uning etimologiyasiga ham murojaat qilgan. So‘zlar izohida muallif e’tibor bergan yana bir jihat–tadrijiy taraqqiyot davomida so‘zlarning tovushlar tizimi hamda morfemik tarkibida turli fonetik qonuniyatlar asosida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni diaxron aspektda ko‘rsatib berganligi. Masalan: “Jash – feruza toshi. Turk tilida “y” bilan “j” tovushlarining olish-berishlarini ko‘zda tutub “yashil” so‘zining shundan chiqqanig‘a hukm etmak mumkindir...”; Abdurauf Fitrat so‘zlarni izohlashda ularni sinxron aspektda tavsiflash bilan cheklanmagan, aksincha, kitobxon ongida kengroq tushuncha va tasavvur hosil qilish maqsadida ularning etimologiyasini ham yoritgan. Lug‘atdagi aksar so‘zning ma’nolarini izohlash jarayonida ularning usmonli turk, tatar, ozarbayjon, arab, fors tilidagi muqobillarini ham keltirib, qiyoslagan: “Uzunmak–uyg‘onmoq, usmonlichasi uyonmoq”; “Angitmak –hayron qolmoq.
Bizda “hayron qoldim” o‘rnida “Angkumang qoldim” deyilgani kabi; Abdurauf Fitrat “Devonu lug‘otit turk” asaridagi turkiy so‘zlarni izohlashda asl ma’nosidan tashqari, matn tarkibida yuzaga chiquvchi ko‘chma ma’nolarini ham izohlashga e’tibor bergan: “Budun – qavm, el, ulus demakdir. “But-bud” tomuri turkchada boy bir tomurdir. “But-bud” muchalaridan (azodan) birining ismidirkim, bizda “son” ham deyiladir. “Butmak – tamom bo‘lmoq ma’nosida keladir. Bunday ilmiy izlanishlar, chuqur nazariy tahlil muayyan maqsad sari yo‘naltirilganligi aniq. Zotan, XX asrning 20-yillarida o‘zbek tilining ilmiy grammatikasini tuzish o‘zbek tilshunoslari oldida turgan asosiy muammolardan bo‘lgan. Shu munosabat bilan Fitrat boshchiligidagi “Chig‘atoy gurungi” a’zolari ilk bor o‘zbek tilini ilmiy asosda o‘rganishga kirishdilar. Ular til qoidalarini milliy tilimizning ichki xususiyatlari asosida yoritish kerakligini tushunib yetganliklari bois tarixiy asarlar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, shevalar asosida materiallar to‘plab, ularni ilmiy jihatdan o‘rgana boshladilar. Bu yo‘lda dastlab unutilgan turkiy so‘zlarni tiklashga harakat qildilar. Bu faoliyat aslida o‘zbek tili so‘z xazinasini boyitish, tilni ichki imkoniyatlari asosida rivojlantirish, milliy adabiy til yaratish yo‘lidagi birinchi ijobiy urinishlar edi. Fitratning yuqoridagi kabi leksikografik izlanishlari lug‘atshunoslik sohasining yangi bosqichida eng qadimgi turkiy adabiy asarlar tilini o‘rganishdagi ilk, o‘ziga xos ilmiy tadqiqotdir. Jami 126 ta sof turkiy so‘z izohlangan bu lug‘at, o‘z navbatida, etimologik, qiyosiy-tarixiy, morfemik, o‘zbekcha-forscha-arabcha tarjima, qolaversa, izohli lug‘at belgilarini ham o‘zida aks ettirgan. Bu holat serqirra ijod sohibi Abdurauf Fitrat shaxsiyatini lug‘atshunos jadid adibi sifatida yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarishi shubhasiz.
Elbekning XX asrning 20–30-yillarida matbuotda e’lon qilgan maqolalarida o‘zlashma so‘zlarning sof turkiy muqobillarini keltirish va ularning imlosini belgilashda so‘zlarning etimologiyasiga e’tibor berganligi, o‘rganganligi, bu bilan o‘zining lug‘atshunoslik faoliyati davomida etimologiya sohasida ham ilmiy izlanishlar olib borganligi f.f.n Sh.Bobomurodova tomonidan alohida ta’kidlanadi. Uning ishida Elbekning bu boradagi faoliyatiga keng o‘rin ajratilmaganligi sababli uning lug‘atshunoslik faoliyatini kengroq yoritish maqsadida mazkur bo‘limda adibning so‘zlar etimologiyasi, morfemik tarkibi yuzasidan olib borgan ilmiy izlanishlari tahlilga tortildi. Lug‘atshunos Elbekning 20-30-yillarda “Turkiston”, “Maorif va o‘qitg‘uchi” kabi matbuot nashrlarida e’lon qilgan bir qator maqolalarida til va imlo, terminlar, uslub masalalari hamda so‘zlarning etimologiyasi, morfemik tarkibi yuzasidan bildirgan qimmatli fikrlarini ko‘ramiz. Jumladan, “Turkiston” gazetasining 1924-yil 22-oktabr sonida e’lon qilingan “Tilimizdagi yonglishiqlar” nomli maqolasida berk va bek so‘zlariga bergan talqini e’tiborni tortadi: “...Ma’lumkim, bizda “berk” so‘zi bor. Bu “mahkamlamak” ma’nosida bo‘lg‘on “berkitmak” masdaridan oling‘on. Biz har vaqt “bek” suratida yozamiz va o‘qiymiz. Holbuki, bu so‘z ila “berk” so‘zining orasidag‘i ma’no yog‘idan bo‘lg‘on ayirma juda kattadir. Hatto, bu kun elimiz orasida ham “Berkin” degan otlar borki, bu ot “Mahkam” deb yuritilgan arabiy otlarning naq turkiysidir. So‘ngra “berk – qattiq” ma’nosida ham yuritiladi, bu “qattiq” so‘zi ila “berk” so‘zi orasida g‘oyat ma’no yog‘idan yaqinlik bordir. Negakim, ozarbayjonlar har vaqt “berk urdi”, ya’ni “qattiq urdi”, deb aytadirlar.
Bas, bizning “mansab” ma’nosida bo‘lg‘on yoxud tatar va usmonlilarning bizning “juda” degan so‘zimiz o‘rnida yuraturg‘on “bek” so‘zlarining bizda “berk” so‘zi o‘rnida ishlatilib, “berk” deyish o‘rnig‘a “bek” demagimiz kulgili bo‘lib chiqadi...” Muallif o‘sha davr yozma va og‘zaki nutqida “bek” va “berk” so‘zlarining birining o‘rnida ikkinchisi chalkash holda qo‘llanayotganligini ta’kidlar ekan, ularning qaysi o‘rinda “bek”, qaysi o‘rinda “berk” qo‘llanishini ilmiy asoslagan holda ko‘rsatgan. Elbekning “Turkiston” gazetasining 1924-yil 21–24-oktabrdagi sonlarida “Tilimizdagi yonglishiqlar” rukni ostida turg‘un hamda turg‘in, qattiq hamda yorim so‘zlarining etimologiyasi haqida bildirgan fikrlari ham izohlandi. Elbek xalq og‘zaki ijodi materiallari asosida mingdan ortiq so‘zlar izohli lug‘atini tuzib, “Til problemalari” nomli majmuada e’lon qiladi. Keyinchalik, bu asar “O‘zbek to‘la so‘zligiga materiallar” deb nomlanadi. Uning o‘zbek lug‘atchiligining takomilida muhim o‘rin tutuvchi bu asari tilimizning boy lug‘at zaxirasini to‘plash, uni o‘rganish va keng xalq ommasiga yetkazish yo‘lida to‘plagan boy materiallari, turkiy lug‘atchilik an’analari negizida o‘rgangan tajribasi asosida yaratilgan dastlabki izohli lug‘at namunasi edi. Asarning so‘zboshi qismida xalq tilidagi terskay, quzg‘ay, kungay, o‘ng‘ur, eldik kabi geografik terminlar; bo‘ribag‘ir, kamxastak, qotrang‘i, chetan, tubulg‘i, muchcha, kakra, yulg‘un, chachratg‘i, jiga kabi bir qancha o‘simlik nomlarini keltirib, ularning etimologiyasi, semantikasi haqidagi ma’lumotlarni ham keltirib o‘tadi. Yuqoridagilar asosida xulosa qilishimiz mumkinki, Elbek bu boradagi xizmatlari bilan o‘zbek tilini leksikologik va leksikografik jihatdan maxsus tadqiq qilgan, o‘sha davr lug‘atchilik tamoyillarini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shgan taniqli lug‘atshunosdir.
3. Jadid ma’rifatparvar ziyolisi Ishoqxon Junaydullaxo‘ja o‘g‘li
Ibratning tilshunoslik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ishoqxon Ibratning XX asr boshlaridayoq o‘zbek milliy tili (ona tili)ni puxta egallash, uning ravnaqi, istiqboli uchun kurashish, shuningdek, bular qatorida o‘zga tillarni ham o‘rganish yo‘lidagi qarashlari, olib borgan ilmiy izlanishlarini alohida ta’kidlaydi....O‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug‘at tuzgan Ishoqxon Ibratning mana bu hikmatli so‘zlarini eslatmoqchiman: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir” – deya, uning vatanparvar, tilparvar, til ilmi bo‘yicha yetuk olim bo‘lganligini haqli e’tirof etgan edilar. Ilmiy ishlarda u tuzgan “Lug‘oti sitta alsina” (“Olti tilli lug‘at”) asarining leksikografik tadqiqi asosida uning lug‘atshunos olim sifatidagi faoliyatiga baho berilgan. “Lug‘oti sitta alsina” ommabop lingvistik lug‘at bo‘lib, keng o‘quvchilar ommasi uchun mo‘ljallangan. Lug‘atda o‘sha davrda yaratilgan boshqa lug‘atlardan o‘ziga xos anchagina sezilarli farqlar mavjud. Garchi, yangicha g‘oya, yangicha tafakkur, yangicha bilim olish tarafdorlari bo‘lgan ilg‘or jadidlar qatorida bo‘lsa-da, Ibrat “Lug‘oti sitta alsina” asarini yaratishda yangicha yo‘nalishdagi G‘arb lug‘atchiligi tamoyillari bilan birga, an’anaviy Sharq lug‘atchiligi prinsiplariga ham tayangan. Muallif lug‘atda so‘zlikni joylashtirishda ideografik usulni qo‘llagan. Fellarni masdar (chochmak, kesmak, kiymak), hozirgi kelasi zamon (o‘ynar, yog‘ar, xohlar), o‘tgan zamon (yotgan, turgan) hamda buyruq mayllarida (kelma, o‘rganma) berilishi; ismlarni esa 37 ta mavzuviy guruhga ajratib, tarjimalarining berilishi jadid davrigacha bo‘lgan Sharq lug‘atchiligi, xususan, arab lug‘atchiligi an’analarining ta’siridir.
Lug‘atning ijtimoiy-siyosiy terminologik tizim, umuman, o‘zbek lug‘atshunosligida o‘ziga xos o‘rni bor. Lug‘at asosida mazkur davrda qanday terminlarning qo‘llanganligi, ularning ma’nolari, ma’no o‘zgarishi, yangilanish hamda eskirish jarayonlari haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Bu mavzuda Sultonbek Normamatovning doktorlik dissertatsiyasida batafsil ma’lumot berilgan. Olimning fikriga ko‘ram – lug‘at, garchi, tarjima lug‘ati sifatida nomlangan bo‘lsa-da, o‘sha davrda umumfilologik xarakterda yaratilgan boshqa o‘zbekcha-ruscha, ruscha-o‘zbekcha tarjima lug‘atlaridan o‘z maqsadi nuqtayi nazaridan tubdan farq qiladi. Chunki u o‘zbek yoki rus tilini o‘rganuvchilar uchun tuzilgan oddiy so‘zlashgich emas, balki, asosan, ta’limiy maqsadning ustuvorligi nazarda tutilgan lug‘atdir. Olim S. Normamatov shunday xulosa beradi:
1. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning 20–30-yillarida turkiy, jumladan, o‘zbek lug‘atchiligi Sharq, xususan, arab va Yevropa lug‘atchiligining yutuqlari hamda an’analari ta’sirida yuzaga kelgan.
2. Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy, Elbek, Ishoqxon Ibrat, Nazir To‘raqulovlarning lug‘at so‘zliklarini tanlash, tarjima lug‘atlarida lug‘aviy birlikning aynan tarjimasi va dialektal muqobillarini, shuningdek, ayni bir so‘zning bir necha variantlarini keltirish usulidan foydalanishi XX asr boshlaridagi o‘zbek leksikografiyasining muhim yutug‘i hisoblanadi.
Ma’ruza matnini tayyorlashda Alisher Navoiy nomidagi TDO‘TAU O‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori Normamatov Sultonbek Ermamatovichning “Jadid ma’rifatparvarlarining o‘zbek lug‘atchiligi taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusidagi filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasidan ijodiy foydalandik.
Dostları ilə paylaş: |