Leksikologiya va uning turlari



Yüklə 51,69 Kb.
səhifə1/2
tarix18.12.2023
ölçüsü51,69 Kb.
#184267
  1   2
LEKSIKOLOGIYA VA UNING TURLARI


LEKSIKOLOGIYA VA UNING TURLARI

Reja:



  1. Leksikologiya o‘rganish predmeti, vazifalari.

  2. Leksik sath. Leksik ma’no va uning lison, nutqqa munosabati.

  3. Leksema lisoniy tizimdagi o‘rni.

  4. So‘z va uning nutqiy birlik yekanligi.

  5. Leksemaning tayyorligi.

Leksikologiya (ot. grek. lexikos co’zga oid va logos - ta‘limot) tilning lug’at tarkibini, leksikasini o’rganuvchi tilshunoslik bo’limidir. Leksikologiyaning o’rganish manbai til bo’lsa, uning o’rganish predmeti til lug’at tarkibining quyidagi aspektlaridir:


a) tilning asosiy birligi sifatidagi so’z muammosi, leksik birliklar tiplari:
b) til lug’at tarkibi strukturasi:
v) lug’aviy birliklarning qo’llanilishi:
g) lug’at tarkibining boyishi va taraqqiyoti:
d)leksik birliklarning tildan tashqaridagi borliq bilan o’zaro munosabati:
Co’z umumlingvistik muammo bo’lib, shu boisdan umumiy so’z nazariyasi doirasida ham o’rganiladi. Leksik birliklar doirasiga nafaqat alohida so’zlar (tugal shakllangan birliklar), balki so’zga teng barqaror birliklar, murakkab, tarkibli so’zlar ham kiritiladi. Lekin so’zlar asosiy lug’aviy birliklar sanaladi.
SHakl va mazmun birligidan iborat so’zlar lisoniy birlik sifatida uch yo’nalishida o’rganiladi:
a)struktur jihatdan (so’zning qurilish xususiyatlari);
b)semantik jihatdan (so’zning lug’aviy ma‘nosi);
v)funktsional jihatdan (so’zning lison va nutq strukturasida tutgan o’rni).
Struktur yondashuvda so’z leksikologik nazariyasining asosiy vazifasi uning alohidaligi va o’ziga xosligi mezonlarini tiklashdir. Birinchi holatda so’z so’z birikmasi bilan qiyoslanib, uning tugal shakllanganlik va alohidalik belgilari ochiladi. So’z nutqdagi analitik shaklining lisoniy asoslari yoritiladi. Ikkinchi holatda so’zning turli grammatik shakllaridan hosil qilingan lisoniy invariantini tiklash xususida so’z boradi. Shu munosabat bilan gramatik shakl olgan leksema - so’zshakl tushunchasi muayyanlashtiriladi. Shuningdek, leksemaning turli nutqiy variantlari - fonetik, morfologik, leksik-semantik variantlari tadqiq qilinadi.
Lug’aviy birliklarning semantik tahlilida, ular (lug’aviy birliklar) leksik semantika - semasiologiya tadqiq manbaiga aylanadi. Bunda so’zning tushuncha (signifikat) va borliqdagi atalmish (denotot)ga munosabati o’rganiladi. Semasiologiya so’zlarning semantik tiplarini bir ma‘nolilik va ko’p ma‘nolilik, umumiy va xususiy, mavhum va muayyan, keng va tor (giperonim va giponim), bosh va hosila, to’g’ri va ko’chma ma‘nolari tadqiq qilinadi. Bunda asosiy e‘tibor ko’p ma‘noli so’zlarning semantik strukturasiga, so’z ma‘nolari tiplari va ularni ajratish mezonlariga, so’z ma‘nolarining o’zgarishi va taraqqiyoti, so’zning ma‘nosini yo’qotishi va grammatik formantga aylanishi-desemantizatsiya hodisasiga qaratiladi.
Funktsional yondashuvda so’z lisonning nutqda reallashuvi jarayonidagi roli, shuningdek, boshqa lisoniy sathlar birliklari voqelanishiga, ular umumiy ma‘nolarining parchalanishiga qo’shgan «hissasi» tekshiriladi. Masalan, odamcha so’zshaklida odam leksemasi -cha qo’shimchasining «kichraytirish-kamsitish» ma‘nosini qizcha so’zidagi «kichraytirish-erkalash» ma‘nosidan farqlagan, morfologik sath birligi bo’lgan -ga morfemasining «kichraytirish» UGMsini parchalab, uning bir parchasini ikkinchi parchasidan ajratgan.
Leksikologiya leksikani til tizimidagi ichki tizim (sistema) sifatida qaraydi. Shuningdek, o’zaro ma‘noviy umumiylikka ega bo’lgan lug’aviy birliklar yanada kichik, ichki tizimcha sifatida qaraladi. SHu asosda katta va kichik, ichki tizimlarning pog’onali, bir-birini tashkil etuvchilik munosabatlari ochiladi. Masalan, olma o’rik, nok kabi ho’l meva nomlari bir tizimni tashkil etadi. Sabzavot nomlari boshqa bir tizimni tashkil qiladi. Ular yuqoriroqda yana birlashadi - kichik tizimchalardan tashkil topgan «meva-sabzavot nomlari» tizimini tashkil qiladi va umumlashtirish yuqoriga qarab, bo’lish quyiga qarab davom etaveradi. Uni chizmada quyidagicha berish mumkin: Buni A.Tsalkalamanidze o’z tadqiqotida quyidagicha umumlashtirgan. (89-betdagi chizma)
So’zlarning guruhlari (tizimi) hajm ko’lam jihatidan farqlanishi mumkin. Eng kichik lug’aviy guruhlar so’zlarning shakliga (omonim), mazmuniy zidligicha (antonimlar), teng ma‘nolilikka (sinonimlar) asoslanadi.
Leksikologiya nisbatan yirikroq tizim bo’lgan leksik-semantik maydonlarni ham o’rganadi. Masalan, «shaxs» leksik-semantik maydoni shaxsni atovchi barcha lug’aviy birliklarni qamrab oladi.
Tilning lug’aviy tarkibi bir xil emas. So’zlar turli asoslarga ko’ra ko’plab kategoriyalarga ajratiladi. Masalan, qo’llanish darajasiga ko’ra umumiy iste‘mol va chegaralangan (yoki xususiy) leksika, qo’llanish davriga ko’ra eskirgan so’zlar, zamonaviy so’zlar va neologizmlar, qo’llanish doirasiga ko’ra dialektizmlar, professionalizmlar, jargonlar kabi turlarga bo’linadi.
Leksikologiya til lug’at tarkibining boyishini o’rganganda uning 3 tipini ajratadi. Bulardan 2 tasi (yangi so’z yasash, so’zni yangi ma‘noda qo’llash) ichki boyish imkoniyati bo’lsa, bittasi tashqi (so’z o’zlashtirish)imkoniyatdir.
Lug’aviy birliklarning borliqqa munosabatini o’rganish leksikologiyaning muhim aspektlaridan biri sanaladi. Bunda ularning kishilar hayotiga, amal qilayotgan davrga munosabati ochiladi. Masalan, Sobiq sho’ro tuzumi davrida savdogar so’zida salbiy ottenka bo’lgan bo’lsa, bugungi kunda ijobiy bo’yoqli so’z sifatida keng iste‘mollidir.
Leksikologiyaning umumiy, xususiy, tarixiy, qiyosiy, nazariy, amaliy leksikologiya kabi turlari ajratiladi.
Umumiy leksikologiya leksikaning qurilish, amal qilish va taraqqiy etishining umumiy qonuniyatlarini ochsa, xususiy leksikologiya ma‘lum bir tilning lug’at tarkibini o’rganadi.
Tarixiy leksikologiya so’zlarning tarixiy shakliy va ma‘noviy holatini, ularning taraqqiyotini tekshiradi.
Qiyosiy leksikologiya qarindosh va qarindosh bo’lmagan tillarning leksik birliklarini taqqoslash bilan shug’ullanadi. Masalan, qalqimoq so’zi o’zbek tilida narsalarning yuzaga chiqishini ifodalaydi va uning turk tilidagi varianti ma‘nosi («kishining o’rnidan turishi» ) farqlanadi (Saat kachda kalkiyursunuz? - Qachon uyqudan turasiz?) Yoki qarindosh bo’lmagan o’zbek va rus tillaridagi yabloko (meva) va olma (meva va daraxt) leksemalarining lisoniy qiymatlari har xildir.
Amaliy leksikologiya leksikografiya (lug’atchilik), tarjima, lingvo-pedagogika va nutq madaniyatini o’z ichiga oladi. Ularning har biri leksikologik nazariyani boyitadi. Masalan, tarjima qiyosiy leksikologiya uchun qimmatli materiallar beradi.
Nazariy leksikologiya leksikada lisoniy va nutqiy jihatlarni farqlab, ularning tizimiy munosabatlarini tadqiq qiladi.
Leksikologiya o’z o’rganish predmeti tadqiqida umumlingvistik tadqiq usullari - distributiv (so’zning chegarasini belgilash, morfologik strukturasini aniqlash), substitutsiya (so’zlar ma‘noviy xususiyatlarini tahlil etish), komponent tahlil (leksema va so’zlar ma‘noviy tarkibini aniqlash), transformatsion va statistik metodlaridan foydalanadi.
LYeKSYeMA VA SO’Z. Sistem yondashuvda leksik sath birligi tilshunoslikda emik sath-lisoniy sath birliklaridan biri bo’lmish leksema atamasi bilan nomlanadi. Leksema tilshunoslikning eng muhim va markaziy tushunchalaridan biri bo’lsa ham, uning mazmun va chegarasi hozirgacha aniq belgilangan, deb bo’lmaydi. Bunda nazariy tilshunoslikda hukm surib kelayotgan qator munozarali masalalardan tashqari, o’zbek tilshunosligida leksema va so’z atamasining hozirgacha yonma-yon qo’llanayotganligi va leksemani lisoniy sath birligi atamasi, so’zni nutqiy sath birligi sifatida qarashga intilish kabi ziddiyatli nuqtai nazarlar yashab kelayotganligini alohida ta‘kidlash lozim.
Nazariy tilshunoslikda leksema va uning lisoniy tizimda tutgan o’rni masalasidagi murakkab va chigal muammolardan biri leksemaning til struktur birligi bo’la olish-olmasligidir. Ko’plab tilshunoslar tilning struktur birliklarini sanar ekanlar, fonema, morfema va konstruktsiya bilan cheklanib, leksemani tilning alohida qurilish birligi sifatida tan olmaydilar va uni morfemaning bir ko’rinishi sifatida qaraydilar. O’zbek tilshunosligida leksikani tizim sifatida tadqiq etish natijalarini umumlashtiruvchi o’quv qo’llanmasida (H.Ne‘matov, R.Rasulov. O’zbek tilining sistem leksikologiyasi asoslari) ham leksema «jamiyat a‘zolari uchun tayyor, umumiy, majburiy bo’lgan, shakl va mazmunning barqaror birikuvidan tashkil topgan voqelikdagi narsa, belgi, xususiyat va munosabatlarni shakllantiruvchi, nutq va lug’atda grammatik morfemalarni o’ziga biriktira oladigan morfema turi» tarzida morfemaning bir ko’rinishi sifatida ta‘riflanadi. Leksemani morfema orqali ta‘riflash, o’z-o’zidan, lisoniy qurilishda uning alohida, mustaqil o’rni yo’qligiga ishora qiladi. Holbuki, leksema ko’p hollarda, jumladan, V.V.Vinogradov tomonidan ta‘kidlanganidek, leksika va grammatikaning asosiy birligi sifatida qaraladi. Agar leksemaga shunday yondashilsa, tilning asosiy yarusi-leksik sath ham o’z mustaqilligidan mahrum bo’lib, morfologik sathning tarkibiy qismi mavqeida bo’la oladi, xolos. Biroq leksik sathning morfologik sathdan farq qilishini nazariy jihatdan asoslash birmuncha murakkab bo’lsa-da, amaliyotda bu sathlarning nisbiy mustaqilligi va ular orasidagi farqlarni his etish qiyin emas. Har bir tilning izohli va tarjima alohidaligini asoslovchi dalil bo’la oladi. Shuningek, leksik sathni o’z tuzilishi va yashash qonuniyatlariga ega bo’lgan alohida sath sifatida qarash ham yetarli darajada asslanmagan -birligi mustaqil emas (resp. Morfemaning bir ko’rinishi), sathi esa (resp. tizimi) alohida, mustaqildir. Bu kabi holatlar tilshunoslar, xususan, tilni tizimiy hodisa sifatida o’rganuvchilar oldiga leksemaning til tizimida tutgan o’rnini belgilash va asoslash vazifasini qo’ymoqda.
Tilshunoslar Arastu davridan boshlab leksemaga ta‘rif berish ustida bosh qotirib kelmoqdalar. Ularning ishlarida unga bugungi kunda yuzlab ta‘riflar berilganligi ta‘kidlanadi va ularda ta‘riflarning asosiylari batafsil sharhlanadi. Ularning barchasi so’zning alohida-alohida qirralariga berilgan ta‘riflar bo’lib, leksemaning barcha jihatlarini qamrab olishga qodir emas. Zero, bu ta‘riflarning barchasi leksemaning zohiriy alomatlariga tayanadilar. Hatto, A.I. Smirnitskiy tomonidan ilgari surilgan «tugal shakllanganlik» (tselnooformlennost) omili ham so’z (leksema)ning barqaror belgisi bo’la olmaydi- so’z chegarasini belgilab berish quvvatiga ega emas. Chunki bu sifatni frazemalarning kattagina guruhida ham kuzatish mumkin. So’zga umumiy ta‘rif berish borasidagi mushkulotlar ba‘zan tilshunoslarning umuman so’zga ta‘rif berishdan voz kechishiga, har bir guruh yoki morfologik tipdagi tillarning so’zlarini alohida-alohida ta‘riflash lozimligi haqidagi g’oyalarni ilgari surishga ham olib kelmoqda. Dialektikada hodisalarga mutlaq ta‘rif berish mumkin emasligi, ta‘rifda chekka hodisalar istisno sifatida qolishi haqidagi metodologik omillar mazkur qarash tarafdorlari fikriga ham loqayd qaramaslik lozimligini taqozo qiladi. Bugungi kunda sintaksis bo’yicha tilshunoslik nazariyasida yaratilgan kesim haqidagi yangi ta‘limotga tayangan holda, o’zbek tilshunosligida o’zbekcha kesim tushunchasini ishlab chiqish muhim ekan, bunga bevosita metodologik omil sifatida tayanib, uni umumiy va xususiy leksema nazariyasiga ham tadbiq qilish lozim. Bu bevosita o’zbekcha leksema tushunchasini yaratish, bunda o’zbek tilining ichki tabiatidan kelib chiqish zarurati mavjudligi bilan belgilanadi. Masalaning bu tarzda qo’yilishi, ehtimol, bundan 10-15 yil oldin noo’rin va «qaltis harakat» sifatida qaralishi mumkin edi. Biroq bugun o’zbek milliy madaniyati va ma‘naviyatda yuz berayotgan tub, inqilobiy o’zgarishlar mazkur masalaning to’la ma‘noda dolzarbligini belgilaydi. Shuning uchun o’zbekcha (kengroq olganda, turkiy) leksema nazariy tilshunoslikka tayangan hind-evropa tillari leksemalari bilan qanday munosabatda, degan muammoning qo’yilishi va hal etilishi mazkur masalaga olib keluvchi asosiy omildir.
Ma‘lumki, Yevropa tilshunosligida leksemaga morfema orqali ta‘rif berilar ekan, uni «kornevaya morfema» (o’zak morfema) sifatida baholaydilar va morfema tushunchasiga tayanadilar. Agglyutinativ tillardagi, jumladan, o’zbek tilidagi va flektiv tillardagi, jumladan, rus va arab tillaridagi o’zaklarning keskin farqlanishi esa tilshunoslikka kirish kursiga doir barcha darslik va qo’llanmalarda, bu borada amalga oshirilgan ulkan tadqiqotlar majmuida mufassal sharhlangan. Ularda ta‘kidlanishicha, rus va arab tillaridagi o’zaklar mustaqil qo’llanishiga ega emas. Shuning uchun mazkur tillarga o’zakni morfemalarning bir turi sifatida qarash va shu asosda faqat o’zakdan iborat, tarixiy yasamaligini yo’qotgan o’zak leksemalarni mustaqil qo’llanishga ega bo’lmagan morfemaning bir ko’rinishi sifatida baholash xosdir va shu xususiyat bilan qayd etilgan tillar agglyutinativ tillardan farqlanib turadi. Demak, o’zak va morfema turkiy tillar uchun bir-birini qoplovchi, ma‘nodosh tushunchalar emas. To’g’ri, ularning ikkalasi ham tilning eng kichik ma‘noli bo’laklaridir. Ular bu jihatdan fonemalar bilan ziddiyatda turadi. Shuningdek, o’zak ham, morfema ham, yaxlitlik (tselnooformlennost), umumiylik, tayyorlik, majburiylik va takrorlanuvchanlik xossalariga ega. Biroq ulardan biri kishi ongida aniq denotativ ma‘noga ega bo’lib, borliqning biror bo’lagi bilan aloqador holda idrok qilinadi. Boshqasi esa mustaqil denotativ emas, nisbiy ma‘noviy mustaqillikka ega bo’lib, bog’lanishlarsiz real ma‘no kasb etmaydi. Bayon qilingan fikrlarni dalillash uchun quyidagi ruscha ch, pis, arabcha qr‘, ktb va o’zbekcha o’qi, yoz o’zaklarini qo’llanish va ma‘no anglatish qobiliyatlariga ko’ra qiyoslash yetarli. Mustaqil va alohida ajratilgan holatda ch ning o’zak ekanligini mutlaqo anglab bo’lmaydi (chitat, ucheba, uchenie), biroq mulohaza yuritish natijasidagina pis ning pishu, pismo so’zlari bilan aloqadorligi seziladi. Arabcha ktb, qr‘ o’zaklari haqida esa bir qarashda ularning o’qish va u bilan aloqador til unsurlari ekanligi, biroq mustaqil qo’llana olmasligi xususiyatlarini aytish mumkin. O’zbekcha o’qi va yoz o’zaklarini sharhlashda bu til egasi qiyinchilik sezmaydi. Bunda mulohaza o’qi va yoz so’zlarining qanday ma‘no tashiyotganligi (o’qi – read, o’qi - study, yoz - write, yoz - summer) doirasida bo’lib, omonimik bog’lanishlarni oydinlashtirish masalasiga yo’naltiriladi. Ko’rinadiki, o’zbek tilida lisoniy sath birligi sifatida eng kichik ma‘noli birlikning ikki alohida turi - leksema va morfemani qat‘iy chegaralash uchun yetarli ilmiy asos mavjud. Demak, turkiy tillarda leksemani morfema orqali emas, balki lisoniy sathning morfemadan yuqoriroqda turgan va til egasi ongida borliqdagi ma‘lum bir voqelik bilan bevosita aloqada bo’lgan lisoniy birlik sifatida qarash lozim. Bu o’rinda o’zakning qo’shimchadan farqli jihatlari ustida batafsil fikr yuritishga esa zarurat yo’q.
Tahlillardan ko’rinadiki, o’zbek tili uchun tilning qurilish birliklari sifatida fonema-morfema-leksema-qolip tizmasi namoyon bo’ladi. Bularda ierarxik bog’lanish ham mavjud bo’lib, eng kichik morfema bir fonemaga, eng katta morfema bir leksemaga va eng kichik leksema bir morfemaga, eng katta leksema konstruktsiya mahsuliga teng keladi. Shunday qilib, o’zbek tili leksemalarini morfemalar va boshqa tillar leksemalari bilan munosabatlari tahlili asosida «o’zida tayyorlik, majburiylik, takrorlanuvchanlik, ijtimoiylik xususiyatlarini mujassamlashtirgan, shakl va denotativ ma‘no birligidan iborat, mustaqil anglanish va qo’llanish tabiatiga ega bo’lgan lisoniy birlik» deb ta‘riflash mumkin. Ayni paytda, ma‘lum bir ta‘rif ta‘riflanayotgan tizimning barcha birliklari uchun mutlaq, birday amal qila olmasligi qonuniyatini yana bir bor ta‘kidlash o’rinli.
Leksema lisoniy birlik bo’lsa, so’z uning nutqiy voqelanishi, nutqiy birlikdir. Shuning uchun leksema barcha lisoniy birliklarga xos bo’lgan tayyorlik, umumiylik, majburiylik kabi xossalarga, so’z esa nutqiy birliklarning tayyor emaslik, individuallik, ixtiyoriylik belgilariga ega.
Leksemaning tayyorligi va so’zning tayyor emasligini dalillovchi asosiy belgilardan biri ularning nutqda namoyon bo’lishi uchun har doim tayyor turishi, so’zlovchi uni faqat ishga solishidir. Ko’rinadiki, leksemalar ma‘lum bir tilda so’zlashuvchilar ongida shakl va mazmunning yaxlitligi sifatida nutqqa chiqishga shay bo’lib turadi, ular ma‘lum bir qonuniyat asosida, so’z yasash qoliplari asosida nutq jarayonida hosil qilinmaydi. Masalan, bizning, ya‘ni o’zbek tilida so’zlashuvchilarning, ongida, deylik [stol], [ona], [ruchka], [bormoq], [qizil], [o’n] leksemalari borliqdagi biror narsa, predmet, harakat, miqdor belgi kabilarni ifodalovchi ongdagi tushunchalarning in‘ikosi sifatidagi ma‘nolari bilan taxt holda, so’zlovchining «komanda»sini kutgan holda turadi. So’zlovchilarga u ajdodlar tomonidan shakliy va mazmuniy yaxlitlik sifatida meros qilib qoldirilgan. So’zlovchi uning na shakl, na ma‘no tomonini hamma uchun umumiy qilib o’zgartira oladi. Ularni nutq jarayonida boshqa bir ma‘nolarda qo’llashi mumkin. Lekin til jamiyati ongida mazkur shakl bu ma‘nolarni ifodalashga xoslanmaganligi uchun u umumiylik va barqarorlik xossalariga ega bo’la oladi. Masalan, so’zlovchi [haykal] leksemasini «asar» ma‘nosida qo’llashi mumkin: Mening haykalim bitdi kabi. Ammo mazkur shaklga «asar» ma‘nosi vaqtincha birikib turadi va bu birikish o’ta omonat bo’lganligi tufayli yashovchanlik kasb eta olmaydi. Demak, leksemalarning na shakliy tomonini na mazmuniy tomonini so’zlovchi o’zgartira oladi.
So’zlar esa til jamiyati a‘zolari ongidagi leksemalarning so’zlovchi tomonidan nutq sharoitiga mos ravishda voqelantirilishidir. Leksema so’z sifatida voqelanganda, o’zining bir qirrasinigina olib chiqadi. So’zlovchi leksemani so’z sifatida nutqqa chiqarganda, unga morfologik, sintaktik, uslubiy jihatlardan ishlov beradi. So’z so’zlovchi tomonidan leksema asosida uning nutq maqsadiga mos ravishda tayyorlanadi. Masalan, Men qiziq, sarguzasht kitoblarni sevaman gapidagi kitoblarni so’zini olaylik. Undagi nutqiy lug’aviy ma‘no uchun [kitob] leksemasi asos bo’lgan. Biroq leksemaning fonetik qiyofa (ya‘ni tovushlar), morfologik belgilar (ko’plik, tushum kelishigi), sintaktik vazifa (so’z kengaytiruvchisi, tobe a‘zo, to’ldiruvchi ekanligi) kabilar so’zlovchining individual say‘-harakatlari asosida yuzagacha keltirildi. [kitob] leksemasi ongimizda «varaqlardan tashkil topgan, muqovalangan, bosma yoki qo’lyozma holdagi, davriy bo’lmagan o’quv quroli» va «yirik hajmli asarning qismi» kabi ikkita sememasi bilan tayyor va barqaror holatda turadi. Yuqoridagi gapda (nutqda) uning bir sememasi yuzaga chiqqan. Yuzaga chiqqanda ham to’liq yuzaga chiqmagan. Ushbu leksemaning ongimizda birikuv imkoniyatlari juda kengdir. Bu gapda u torgina - qiziq, sarguzasht birikuvchilarinigina biriktirgan. Boshqa valentlik o’rinlari bo’sh qolgan. Shuningdek, sememadagi «bosma» semasigina yuzaga chiqqan bo’lib, «qo’lyozma holdagi» semasi voqelanmagan. Leksemaning semantik imkoniyatida kitobning qandayligi - badiiyligi yoki ilmiyligi belgilanmaydi. Demak, u badiiy yoki ilmiy bo’lishi mumkin. So’zlovchi esa so’zda uning badiiyligini bo’rttirgan. Demak, leksema keng ma‘noli bo’lib, so’zlovchi so’zda uning ma‘lum bir qirrasinigina yuzaga chiqaradi. Lekin so’z boshqa tomondan so’zlovchi tomonidan boyitiladi. Ya‘ni, aytilganidek, u fonetik, morfemik, sintaktik, uslubiy tomondan «to’yintiriladi».
Leksemalar so’zshakl sifatida, yasama so’z sifatida nutqda yuzaga chiqadi. Leksemani grammatik shakllantirish uni so’zshakl qiyofasiga kiritish (so’z va so’zshakl sinonim atamalardir, chunki nutqda grammatik shakllanmagan, so’zshaklga aylanmagan so’z yo’q) va undan nutqiy maqsad uchun ma‘lum qoliplar asosida yasama so’zlar hosil qilish so’zlovchining «so’z tayyorlashi»dir.
Ma‘lumki, yasama so’zlarning ayrimlari nutq jarayonida yasaladi, ayrimlari esa bir vaqtlar yasalgan bo’lib, bugungi kunda ular hammamiz uchun tayyor holga kelib, tub leksemalar qatoriga chiqib olgan. Quyidagi uchta birlikni qiyyoslang:
kitob
kitobxon
kitobchi
Bu birlikdan ikkitasi [kitob] va [kitobxon] ongimizda tayyordir. [kitobxon] leksemasi aslida yasama, ammo bugungi kunda u ongimizda shu holda, ya‘ni yasama holda mavjud. Ammo kitobchi so’zi qandaydir g’ayrioddiylikka ega. Chunki u nutqiy yasama so’z bo’lib, leksemalar sirasiga o’tmagan. kitobchi so’zi ham, [ishchi] (worker, rabochiy) so’zi ham aslida [otQ chiqshu ot anglatmishi bilan shug’ullanuvchi shaxs oti] qolipi hosilalaridir. Ammo [ishchi] leksemasi bu qolipdan uzoqlashib, undagi o’zak va qo’shimcha qotgan holga kelgan, ya‘ni bu leksema hozir yuz berayotgan nutqiy jarayonda yasalmagan. kitobchi so’zi esa mazkur qolip asosidagi, undan nutq jarayonida hosil bo’lgan nutqiy hosiladir. Demak, ayrim yasama so’zlar qolipdan chiqib, davr o’tishi bilan leksemalashib, tayyor holga kelib qoladi.
Leksemaning ongda paradigmatik va sintagmatik munosabatlar asosida yashashi. Leksemalar til jamiyati a‘zolari ongida boshqa leksemalar bilan o’xshashlik qatorlari (paradigmalar) hosil qilgan holda mavjud bo’ladi. Masalan, [o’g’il] leksemasi bir tomondan [ota], [ona], leksemalari bilan, ikkinchi tomondan [qiz] leksemasi bilan paradigmalar hosil qilib yashaydi. Paradigmadagi bir a‘zoning mohiyati unga paradigmadosh boshqa a‘zoning mohiyatiga qiyosan olinadi, unga munosabatda bo’ladi. Masalan, [aka] leksemasi [uka], [singil], [opa] leksemalari bilan paradigma hosil qilar ekan, bunda ularning umumiy belgisi bu leksemalarni bir paradigmaga solsa, farqli belgilari ularning mustaqilliklarini ta‘minlaydi. Lisoniy birliklar orasidagi bunday bir-biriga ishora qilib, eslatib turuvchi belgilar, munosabatlar assotsiativ munosabatlar ham deyiladi. [aka] leksemasining mohiyati [uka] leksemasining mohiyatiga qiyosan belgilanadi. Qiyos esa eslatish, eslash, yonma-yon qo’yish munosabatidir.
Leksemalar mohiyatida sintagmatik munosabatlar ham mujassamdir. Masalan, [daftar] leksemasi nutqda [yirtmoq], [yozmoq] leksemalari bilan bir tomondan, morfologik shakllar va so’z yasovchi qo’shimchalar bilan ikkinchi tomondan birikuvlar hosil qiladi. Bu voqelanish leksemada imkoniyat sifatida mavjud. Aytilgan birliklar bilan yuz bergan aloqalar leksemalar mohiyatida imkoniyat sifatida yashirindir.
So’zlovchi nutq jarayonida zarur bo’lgan birlikni o’xshash va farqli belgilari asosida paradigmadan tanlab, sintagmatik imkoniyatlari doirasida nutqda turli-tuman kombinatsiyalar hosil qiladi. Nutqda leksemalarning mohiyati to’la-to’kis hech qachon voqelanmaganligi kabi sintagmatik imkoniyatlarning ham faqat zaruri voqelikka aylanadi. Zero, dialektika uqtirganidek, mohiyat bir hodisada bus-butun yuzaga chiqmaydi, imkoniyat to’la voqelanmaydi. Nutqiy voqelanish ularning bir zarrasidir, xolos.
Leksema so’zdan boyroq va kengroqdir. Biroq so’z nutqda turli begona hodisalar – bevosita leksemaga aloqador bo’lgan lisoniy va aloqador bo’lmagan kontekstual hodisalar bilan «boyitilgan», nutqda voqelanish uchun shakllantirilgan bo’ladi. Leksemaning «boy»ligi «o’ziniki»dir. So’z esa, aytilganidek, o’ziga, o’z asosidagi leksemaga tegishli bo’lmagan boshqa nolug’aviy omillar - fonetik, morfologik, sintaktik uslubiy zotlar zarralarini o’ziga biriktirib, o’ziga tegishli bo’lmagan zarralar hisobiga «boyiydi».
Aytilganlar asosida leksema va so’zga ta‘rif beramiz. Leksema ma‘lum bir til jamiyati a‘zolari ongida tayyor, umumiy va majburiy, shakl va ma‘no birligidan iborat, yaxlitlangan, borliqdagi harakat, narsa-predmet, belgi, miqdor kabilarni bildiruvchi tushunchalar va munosabatlarni ifodalaydigan, nutqda so’zlarni va grammatik mofemalarni biriktiradigan lisoniy birlikdir. Leksemalarning va so’z yasash qoliplarining nutqda reallashgan aniq shakl va ma‘noga ega bo’lgan muayyan ko’rinishi so’z deyiladi.
Leksikografiya. Tilshunoslikning lug’at tuzish masalalarini ilmiy tadqiq qiluvchi va lug’at tuzish bilan shug’ullanuvchi sohasi leksikografiya (gr.lexikos-co’z, so’zga oid va grapho-yozaman) yoki lug’atchilik deyiladi. Maqsad va vazifalariga ko’ra leksikografiya ikkiga bo’linadi:
a) ilmiy leksikografiya lug’atchilikning nazariy masalalari bilan shug’ullansa;
b) amaliy leksikografiya bevosita lug’at tuzish ishlari bilan mashg’ul bo’ladi.
Leksikografiya muhim ijtimoiy vazifalarni bajaradi. Bular quyidagilarda ko’zga tashlanadi:
ona tilini va boshqa tillarni o’rgatishga xizmat qiladi;
2) ona tilini tasvirlash va me‘yorlashtirish vazifasini o’taydi;
3) tillararo munosabatlarni ta‘minlaydi;
til leksikasini ilmiy tekshiradi va talqin qiladi;
Lug’atlar, avvalo, maqsadi va mo’ljaliga ko’ra ikkiga bo’linadi:
umumiy lug’atlar;
maxsus lug’atlar.
Umumiy lug’atlar keng o’quvchilar ommasiga, maxsus lug’atlar esa tor doiradagi kishilar-alohida soha mutaxassislariga mo’ljallangan bo’ladi.
Har ikkala tur lug’atlar ham o’z o’rnida yana ikkiga bo’linadi:
entsiklopedik lug’atlar;
filologik lug’atlar.
Demak, lug’atlarni umumiy entsiklopedik lug’atlar va maxsus entseklopedik lug’atlar, umumiy filologik lug’atlar va maxsus filologik lug’atlarga bo’lib o’rganish maqsadga muvofiq va o’ng’aydir.


Yüklə 51,69 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin