2. Logistik strategiya va uning turlari
Oqim jarayoniga taalluqli bo‘lgan barcha uzoq muddatli qarorlar logistik strategiyani tashkil qiladi.
Korxona korporativ strategiyasining ijrosini ta’minlovchi va yetkazib berish zanjirini boshqarish bo‘yicha qabul qilingan barcha strategik qarorlar, usullar, metodlar va rejalar logistik strategiya deyiladi.
Logistik strategiya logistik maqsadlar, funksiyalar, tizimlar, bo‘g‘inlar va tuzilmalardan iborat bo‘lgan quyidagi bo‘limlardan tarkib topadi:
Logistik strategiyaning qisqa tavsifi.
Korxonada logistikaning maqsadi, faoliyat ko‘rsatkichlari va uni aniqlash usullari.
Logistik maqsadlarga erishishning usullari.
Korxona yuqori strategiyalarida belgilangan qarorlarning bajarilishida har bir logistik funksiyaning ishtiroki va ularning ulushi.
Logistik strategiyada quyidagi muammolar qo‘yilishi va yechilishi mumkin:
− logistik xarajatlarni kamaytirish;
− iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va darajasini oshirish;
− moddiy resurslar va tovarlarni yetkazib berish vaqtini qisqartirish yoki buyurtmachi o‘rnatgan vaqtda yetkazib berish;
− yetkazib berish sohasida zamonaviy texnologiyalarni yaratish va ulardan foydalanish;
− logistik zanjir bo‘g‘inlarini optimal joylashtirish.
Logistik strategiyalarni umumlashtirgan holda «tor» strategiya, dinamik strategiya va strategik ittifoqlarga asoslangan strategiyalarga ajratish mumkin. «Tor» strategiyaga mohiyat jihatidan xarajatlarni kamaytirish tamoyillariga asoslangan strategiyalar kiritiladi. Bu strategiyaning maqsadi har bir operatsiyani bajarishda ishlatiladigan resurslarni tejashdan iborat. Resurslar sifatida ishchi kuchi, zaxiralar, vaqt, jihozlar, ish maydoni va h.k.lar qaraladi.
Ushbu strategiyada unumdorligi past va yo‘q bo‘lgan resurslardan voz kechiladi. Menejment bo‘yicha taniqli mutaxassis Robert Taunsendning fikricha ko‘pchilik korxonalarda mavjud resurslarning kamida 50 %i ishlatilmaydi yoki samarasiz ishlatiladi. Logistik zanjirda resurslarning ishlatilmasligi yoki samarasiz ishlatilishi quyidagi holatlarda namoyon bo‘ladi:
− iste’molchiga sifatsiz yoki past sifatdagi moddiy resurslar yetkazib berilganda;
− ishlab chiqarish quvvatlari talab qilinadiganidan ko‘p bo‘lganda;
− logistik jarayonlar samarasiz tashkil qilinganda, ya’ni murakkab va kerak bo‘lmagan jarayonlarning mavjudligi hamda bu jarayonlarga ortiqcha vaqtning sarflanishida;
− logistik operatsiyalarni amalga oshirish jarayonida resurslarning uzoq vaqt, noqulay va behuda harakatlanishida; − ortiqcha zaxiralarning mavjudligida.
«Tor» strategiyani amalga oshirishda o‘ziga xos (tipik) yondashuv quyidagicha bo‘lishi mumkin: joriy operatsiya va funksiyalarni to‘la o‘rganish, tahlil qilish asosida qiymat qo‘shmaydigan operatsiyalardan voz kechiladi, yetkazib berishda mukammal texnologiyalardan foydalaniladi, resurslarning harakatlanish sxemasi soddalashtiriladi, transport xarajatlarini kamaytirish maqsadida logistik tizimning bo‘g‘inlari optimal joylashtiriladi, yetkazib berish zanjiridagi ortiqcha bo‘g‘inlar tugatiladi. Shuni ta’kidlash lozimki, o‘zgaruvchan va noaniq holatlar mavjud bo‘lgan sharoitlarda «tor» strategiyaning logistik operatsiyalaridan foydalanib bo‘lmaydi. Bunday hollarda o‘zgarishlarga moslashuvchan strategiyalardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Dinamik strategiya shunday strategiyalar jumlasidandir. Dinamik strategiyaning maqsadi mutlaqo yangi shart-sharoitga yoki bo‘lmasa o‘zgargan shart-sharoitga moslashgan holda iste’molchi (logistik tizim bo‘g‘ini)ga moddiy resurslarni yetkazib berish bo‘yicha sifatli xizmat ko‘rsatishdan iborat. Dinamik strategiyaga muhim ikki jihat hosdir:
tashqi muhit o‘zgarishlariga reaksiya qilish(javob berish, moslashish) tezligi;
o‘zgarishlarga mos ravishda logistik operatsiya va funksiyalarni korrektirovka (to‘g‘irlash, moslashtirish) qilish qobiliyati.
Dinamik strategiyada logistik tizimning faoliyati (salohiyati) to‘liq iste’molchiga yo‘naltiriladi va har qanday sharoitda ham uning ehtiyojlari qondiriladi. Buning uchun logistik tizim shunday loyihalanadiki, unda tizimga kiruvchi barcha iste’molchilarning hamma talablari inobatga olinadi.
Strategik ittifoqchilikka asoslangan strategiyada yetkazib berish zanjirining bo‘g‘inlari hamkorlar sifatida logistik faoliyat olib boradilar va logistik tizimning korporativ manfaatlarini ta’minlaydilar. Bo‘g‘inlar faqatgina o‘zlariga taalluqli bo‘lgan lokal logistik funksiyalarni bajaradilar. Shu sababli ular ushbu logistik funksiyalarni bajarish sohasida kerakli tajribani orttiradilar hamda yetarli darajada quvvatlarga ham egalik qiladilar. Bularning barchasi kapital qo‘yilmalar va logistik funksiyalarni bajarishga sarflanadigan investitsiyalarni ancha kamaytirish imkoniyatini yaratadi. Logistik hamkorlik asosan transport tashkilotlari, ombor xo‘jaligi korxonalari, xizmat ko‘rsatish, import-eksport operatsiyalari va axborotlarga ishlov berish sohasida amalga oshirilishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |