Bola tarbiyasining etnopsixologik xususiyatlari Reja: Oilada bola tarbiyasining psixologik – pedagogik tomonlari
O’zbek oilasining tuzilishi va shaxslararo munosabatlar
Bolada axloqiy va madaniy malakalarni shakllantirishda oilaning roli
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati
Oilada bola tarbiyasining psixologik – pedagogik tomonlari
Axloqiy tarbiyani izchil va tartibli amalga oshirishda oila muhiti g‘oyat muhim rol o‘ynaydi. Inson axloqiy, ma’naviy va ruhiy fiyofasining poydevori oilada qo‘yiladi. Shuning uchun ham mashhur allomalar oila tarbiyasiga katta e’tibor berishgan hamda shu masalaga bag‘ishlab qator qimmatli asarlar yozishgan. Dono xalqimiz «Bola — boshidan, nihol — yoshidan» degan naqlni bejiz aytmagan. Modomiki shunday ekan, yosh avlodni tarkib toptirish, tarbiyalash Ishini yoshlikdan, oiladan boshlash kerak. Bi- nobarin, oiladagi tarbiya jarayonida har bir daqiqa va fursatni qo‘ldan boy berish orqali ota-onalar keyinchalik ko‘pgina qiyin-chiliklarga duch keladilar. Axir, noto‘g‘ri tarbiya tufayli nafs balosi o‘qiga giriftor bo‘lgan, o‘n gulidan bir guli ham ochilmay turib umri hazon bo‘lgan yoshlar kammi?
O‘zbek xalqining ko‘p asrlik boy madaniyati va tarixi bor. Mazkur madaniy meros jamiyatdagi jamiki ma’naviy boyliklarni o‘z ichiga qamrab oladi. Ayniqsa, O‘rta Osiyo xalqlari pedagogikasi, ma’naviy-madaniy tarixi boy merosga ega bo‘lib, ularning mohiyati, mazmuni xalq ijodiyotida, ilg‘or mutafakkirlarning asarlarida aks etgan. Xususan, jumhuriyatimiz xalqlariniig pedagogika va ruhshunoslik fanlari bo‘yicha merosini o‘rganish ishlari hali o‘zining ko‘pgina tadqiqotchilarini kutib turibdi. Hatto bir necha asrlar ilgari At-Termiziy, Ismoil Buxoriy kabi allomalarning inson ma’naviy olamini boyitadigan durdona yodgorliklari, hususan, «Qur’oni karim» mazmunini yoritadigan radiolar majmuasi musulmon olamining hayotbaxsh of- tobidir. Uning nurlaridan yoshlarimiz, farzandlarimizni bahramand etish fursati keldi.
Ma’lumki, yosh avlodga maqsadga muvofiq tarbiya berish uchun ota-onalar ham tarbiyaning vazifasi, maqsadi, vositalari shart-sharoitlari yuzasidan har tomonlama bilimga egabo‘lishlari farzandlarining yoshi va o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olgan holda ish yuritishlari lozim.
O‘zbek oilasida bola tarbiyalashning ishontirish, tushuntirish nasihat, ibrat-namuna ko‘rsatish, yaxshi fazilatlarni mashq qilish rag‘batlantirish, tanbeh bsrish, ogohlantirish, jazolash kabi usullari qo‘llaniladi.
Oilada bola tarbiyasining o‘ziga xos qoidalari mavjud bo‘lib ota-onalar ulardan o‘rinli foydalanishlari lozim. Xususan, ular quyidagicha:
oilada hissiy moslik, ruhiy xotirjamlik va iliq iqlim yaratish;
ota-ona obrusini saqlash;
tarbiyada ota-ona, kattalar o‘rtasida talabchanlik birligi;
bola shaxsini mexnatda tarbiyalash;
oila, maktab va jamoatchilik hamkorligi;
bolani sevish va izzat qilish;
oilada qat’iy rejim va kun tartibi o‘rnatish;
tarbiyada bolalarning yosh va shaxsiy xususiyatlarini hisobga olish;
bola taraqqiyotini aniqlab borish;
bolada mustaqillik, tashabbuskorlik sifatlarini hosil etish va boshqalar.
Oilaning ma’naviy dunyosini takomillashtirish uchun unda zarur ruhiy xotirjamlik, ibratli ruhiy munosabat, o‘zaro totuvlik yaratilgan bo‘lishi zarur. Ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatda hamjihatlik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, shirinsuxanlik, bir-biriga g‘amxurlik mavjud bo‘lsa, bunday muomala-munosabat bola tarbiyasiga ijobiy ta’sir qiladi. Ular o‘z farzandlariga chinakam baxt, quvonch hadya etadilar.
Oila a’zolarining did-farosati, qiziqishi, mayllari, ehtiyojlari, intilishlari o‘zaro bir-biriga munosib bo‘lsa, onaning inoq, ahil turmush kechirishlariga, oilavyy munosabatlarning mustahkam bo‘lishiga puxta zamin hozirlaydi. Muayyan darajada shart-sharoitlarning mavjudligi, ota-onaning o‘zaro bir-birlarini tushunib turmush kechirishlari, maqsad va vazifalardagi birlik, yuzaga keladigan ziddiyatlarni birgalikda bartaraf eta olishlari mustahkam oila muhitini shakllantiradi.
O‘zbek oilalarining aksariyati o‘zining serfarzandligi bilan ajralib turadi. Shunga ko‘ra, ota-onaning hoh o‘g‘il, hoh qiz, hoh tung‘ich, hoh kenja farzand bo‘lmasin, ularga teng va odil munosabatda bo‘lishi, erkalatmasligi, kattalar namunasi orqali kichiklarni tarbiyalash ijobiy hodisadir.
Kam bolali oilalarda ota-onalar farzandlarini ortiqcha erkalaydilar — bola oilaning tanho ovunchogiga aylanib qoladi. Natijada shunday o‘g‘il yoki qizlar erka, o‘jar, tantiq, shaxsiyatparast bo‘lib voyaga yetishi mumkin.
Oilada qat’iy intizom va kun tartibining bo‘lishi bolalar tarbiyasiga ijobiy ta’sir qiladi. Bolalarning bilim olishdagi yutug‘i, ahloqi, salomatlik darajasi ko‘p jihatdan oilada qaror
toptirilgan oqilona rejimga bog‘liq. Shuning uchun ota-onalarning o‘zlari ham bu borada ibrat ko‘rsatishlari, oqilona tuzilgan oila rejimiga qat’iy amal qilishlari, farzandlarga ham o‘rgatishlari darkor. Bu narsa, ayniqsa, qiz bolalar tarbiyasi uchun juda zarurdir. Chunki u katta bo‘lgach, nixol kabi boshqa uyga kuchib o‘tadi — oila quradi.
Ota-onalarning ichkilikka ruju qilishi, buning oqibati va boshqa sabablarga ko‘ra tez-tez sodir bo‘lib turadigan oilaviy janjal-mojarolar tufayli bolalarning oromi buziladi, uyqusi qochadi, cho‘chiydigan bo‘lib qoladi; asab sistemasi kasalligiga chalinadi, farzandlari ko‘z o‘ngida ota-onaning obrusi to‘kiladi.
Oila — bu o‘ziga hos xo‘jalik bo‘lib, uning turmush kechirish muammolari mavjud. Ota-onalar oila a’zolarining amaliy faoliyatlarini uyushtiradi, ularning ovqatlanish, ta’lim olish, ishlash, dam olish, kiyim-bosh bilan ta’minlash kabi kundalik rejimini tashkil qiladi; farzandni bolaligidan boshlab mehnatga, mustaqillikka, shaxslararo ibratli munosabatga o‘rgata boradi.
O‘zbek oilasi a’zolarining deyarli barchasini savodxon, ma’lumotli deb atasak, xato qilmagan bo‘lamiz. Ana shu imkoniyatlar ta’sirida o‘g‘il va qizlar mulohazali, topqir, ishbilarmon, aql-zakovatli bo‘lib voyaga yetmoqdalar.
Oilada bola tarbiyasi ikkiyoqlama ahamiyat kasb etib, faqat farzandlariga ruhiyat va ma’naviyat bilimidan saboq berish bilan qanoatlanib qolmasdan, balki o‘zlari ham tarbiya sehrlari, xususiyatlari, holatlari mohiyati va ma’nosi yuzasidan yangi-yangi ma’lumotlardan xabardor bo‘lib turishlari kerak.
Bola tarbiyasi ota-onalardan maxsus pedagogika va ruhiyat bo‘yicha bilimlar, alohida ko‘nikmalar bo‘lishini qat’iy ravishda talab qilmasa-da, doimiy yuz berayotgan tarbiya muammolarini to‘g‘ri hal qilish ustida fikr yuritishni taqozo etadi.
O‘z farzandlariga ajoyib, go‘zal, orzu qilgudek tarbiya berish imkoniyatiga ega bo‘lgan ota-onalar umrlarini rohat va farog‘atda o‘tkazadilar, bolalaridan hamisha olijanoblik, mehribonlik, yaxshilik ko‘radilar, dillari aslo jarohat azobini sezmaydi; o‘kinish hissiga duchor bo‘lmaydilar.
Ota hayotda mashaqatlardan tortib, barcha xursandchitsiklargacha, o‘zining bukilmasligi, egilmasligi bilan bardosh beruvchi buyuk shaxs sifatida gavdalanadi. Otalar tuproq qorib bino quradilar, metall kesib mashinalar yaratadilar, urug‘ sepib don oladilar. Ular el boshiga ish tushsa, etik bilan suv kechadilar; o‘z xalqining baxti va tug‘ilgan yerini ko‘krakni qalqon etib quriqlaydilar.
Dahshatli hayot-mamot janglarida qishning izg‘irinli sovug‘i-yu, yozningtinka quritar issiqlari, ochlikning haftalab, oylab, yillab bergan azoblariga bardoshli damlar — hamma-hammasi otalar jasorati uchun xos. Ushbu jasoratlardan so‘zlovchi eng mu’tabar va eng e’zozly ma’nolar ana shu «ota» so‘zida mujassamlashgan, desak, yanglish bo‘lmas.
Agar otalar bo‘lmasa, osmonimiz musaffo, nonimiz butun, ustimiz but bo‘lmasligi hammaga ayon. Shu tufayli ham farzandlarimiz «joningizga jon bo‘'ay, jonga darmonim otam» deb ashula aytganlarida otaning ana shu fazilatlaridan, jasoratlaridan ilhom olgan bo‘lsalar ajab emas.
Oilada otaning rahbarlik va yo‘lboshchilik roli to‘g‘risida ulug‘ insonlar, buyuk siymolar hikmatli so‘zlar aytishgan. Jumladan, bobokalon shoir Alisher Navoiy farzandlarni o‘z ota-onalarini qadrlashga da’vat etib: «Birisin oy angla, birisin quyosh»,— deya madh etar ekan, otani quyoshga o‘xshatadi.
Muhammad Payg‘ambar qoldirgan hadislardan birida: «Otangning do‘sti bilan do‘stlik aloqasini davom ettirishing otangga qilgan yaxshiliging hisoblanadi»,— deyiladi. Xalq orasida «bir ota unta o‘g‘ilni boqishga qurbi yetadi, biroq o‘nta o‘g‘il bitta otani boqa olmaydi» degan naqlda chuqur ma’no bor. I
Ota-ona farzandlar o‘rtasida obruga ega bo‘lishlari uchun qator chora va tadbirlarni amalga oshirishlari zarur. Dastavval ular turli yoshdagi farzandlari ruhiy dunyosiga mos muomala qilishlari darkor. Kichik, o‘rta va katta yoshdagi o‘g‘gil-qizlar bilan muloqotda ularning yosh xususiyatlariga mos muomalada bo‘lish shart.
Ota-onalar farzandlari davrasida obru orttirish uchun ularning ruhiy dunyosiga asta-sekin kirib borishlari ayni muddaodir. Chunki bolalar ota-onalar qalbiga yaqinlashish uchun kichkintoylar «ot-ot» uynashni, o‘rta yoshdagilar musobaqalashishni yoki bellashishni, kichik yoshdagi o‘quvchi bolalar esa ertaklar olamiga kirishni, o‘spirinlar oilaviy, ijtimoiy masalalar yuzasidan munozara yuritishni yoqtiradilar. Chin obruga ega bulmoqchi bo‘lgan har bir ota-ona qimmatli vaqtlarini o‘z farzandlaridan hech ayamasliklari kerak. Bolalav ruhiy dunyosiga kirish bachkanalik emas, balki tarbiya vositasidir. Farzandlarning talab va ehtiyojlarini oqilona qondirib borish ularni bir-birlariga tobora yaqinlashtiradi, obrulariga obru qo‘shadi.