Madaniy tadbirlarni tashkil etishning o`ziga xosligi Badiiy-ommaviy tadbirlarni g`oyaviy emotsional vositalari.
Vositani kishilarga ta`siri.
Matbuot vositalari.
Texnik vositalar.
Badiiy-ommaviy tadbirlarni g`oyaviy emotsional vositalarsiz aslo tasavvur qilib bo`lmaydi. Maxsus materiallarsiz uy qurib bo`lmaganidek, vositalarsiz tadbirni tashkil qilib bo`lmaydi. Agar imorat tsement, yog`och, mix, oyna va shunga o`xshash materiallar asosida vujudga kelsa, madaniy-ommaviy tadbirlarni ham o`ziga xos so`z, san`at va texnik vositalarsiz tashkil qilib bo`lmaydi. Vositalar tadbirning tarkibiy qismi, asosiy komponentlari va mexanizmlari sifatida xizmat qiladi.
Vosita deganda, kishilarning hissiyotiga, psixologiyasiga va ongiga ta`sir etuvchi va bilim olish samaradorligini oshiruvchi g`oyaviy-hissiy qurollar, asbob-uskunalarni tushunamiz.
Badiiy-ommaviy tadbirlarda qo`llaniladigan vositalarning diapazoni juda keng va ularning soni ko`pdir. Tadbirlarda jonli so`z, matbuot, ko`rgazmali qurollar, adabiyot va san`at, har xil texnik apparatlar kabi vositalardan keng foydalanamiz. Bular esa har qanday tadbirning sermazmun va qiziqarli bo`lishini ta`minlaydi.
Tashkilotchilar klub muassasalaridagi ta`sirchan vositalarning imkoniyatlarini yaxshi bilishlari va ularning imkoniyatlaridan to`la foydalanishlari lozim. Diqqatimizni yana Hamza Hakimzodaning madaniy-oqartuv ishlar sohasidagi tajribasiga qaratamiz. U birgina badiiy-propagandistik tadbirda xilma-xil san`at ko`rinishlari va ta`sirchan vositalarni ko`plab umumlashtira olgan.
Tadbirning g`oyaviy va emotsional-obrazli kuchini oshiradigan, ommaning qiziqishini orttiradigan vositalardan samarali foydalanish - bu tashkilotchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Badiiy-ommaviy tadbirlar tashkilotchisi mavjud bo`lgan barcha ta`sirchan vositalardan yaxshi xabardor bo`libgina qolmasdan, balki ulardan samarali foydalanish metodikasini ham bilmog`i lozimdir.
Quyida badiiy-ommaviy tadbirlarda foydalanish mumkin bo`lgan asosiy vositalarga xarakteristika berib o`tamiz:
Jonli so`z. Asosiy ta`sirchan vositalardan biri - bu jonli so`zdir. (U ba`zi hollarda «og`zaki so`z» deb ham yuritiladi.) Jonli so`z klub ishi shakllarining hammasida eng asosiy vosita sifatida qo`llanilib, o`zgarmas komponent sifatida xizmat qiladi. Badiiy-ommaviy tadbirlarda jonli so`z faqatgina mazmunni yoritishda xizmat qilmasdan, balki syujet bilan ommaviy harakatlarni ham bir-biriga uyg`unlashtirib boradi. Aynan jonli so`z voqea ma`nosini tomoshabinga etkazadi, bir epizodni ikkinchisiga bog`laydi, boshqaruvchining auditoriya bilan muloqotda bo`lishi uchun sharoit yaratadi. Jonli so`zning yana bir afzallik tomoni shundaki, ba`zan fikrni hech qanday ta`sirchan vosita tomoshabinga etkazib bera olmaydigan daqiqalarda, jonli so`z yordamga keladi.
Ommaviy tadbirlarda boshqaruvchi so`zi asosiy o`rinni egallaydi, ba`zi hollarda esa u kechaning boshidan to oxirigacha etakchi vosita sifatida qo`llaniladi. U kirish so`zi (monolog) shaklida yoki muqaddima sifatida yaxshi xizmat qilishi mumkin. Tadbir davomida esa boshqaruvchi, komentatorga, hikoyachiga yoki interv’yu beruvchiga aylanib, jonli so`zdan foydalanadi. Tadbirlarda jonli so`zdan foydalanish imkoniyatlari juda ko`p.
Jonli so`z boshqaruvchining gapidan tashqari, tadbir qahramonining nutqi yoki undagi qatnashchining so`zi, kecha qahramoniga atalgan tabrik yoki kollektivning mehnat raporti, sotsialistik majburiyatlari bo`lishi mumkin.
Ta`sirchan vositalardan biri badiiy so`zdir. Badiiy so`z aytilmoqchi bo`lgan fikrni badiiy-emotsional tarzda etkazib berishga xizmat qiladi. Klub kechalarida badiiy so`zning she`r o`qish, prozaik va she`riy monologlar, juft yoki ko`pchilik tomonidan o`qiladigan deklamatsiyalar kabi turlaridan keng foydalaniladi.
Badiiy o`qish boshqa materiallar bilan bir vaqtda ijro etilishi mumkin. Masalan, she`r o`qilayotgan bir vaqtda she`rning ma`nosiga mos keladigan kino parchalar ko`rsatilishi mumkin. Masalan, «O`zbekiston qardosh respublikalar oilasida» nomli tematik kechada «O`zbekiston — oq oltin o`lkasi» epizodini olaylik. Bunda ekranda M. Qayumovning «Bahordan bahorgacha» nomli kinofil’midan lavha ko`rsatiladi. Xuddi shu kadr ko`rsatilayotgan vaqtda boshqaruvchi O`zbekiston paxtakorlari haqida, ularning mehnat muvaffaqiyatlari haqida she`r o`qiydi. Bu bilan kechaning g`oyaviy-emotsional ta`siri oshishiga erishiladi.
Badiiy so`zni vujudga keltirish uchun badiiy asarlardan namunalar keltirishning o`zi kamlik qiladi. YOzma she`r – yozma badiiy so`zdir. Uni jonli badiiy so`zga aylantirib, ijro etish uchun ijrochining she`rdagi fikriga munosabati, ruhiy kechinmalari, his-hayajoni talab qilinadi. Aks holda she`rning oddiy, jonli so`zdan farqi qolmaydi. YAna shuni unutmaslik kerakki, chuqur anglash, fikrning tub mazmuniga etib, his-hayajon bilan aytilgan har bir jonli so`z badiiy so`zga aylanib ketishi mumkin. Agar «1941» degan iborani shunday aytib o`tib ketsak, u quruq raqamning o`zi bo`lib qoladi. Lekin, ko`z oldimizga urushning boshlanishini keltirib, dahshatli voqealarni his qilib, mantiq talab qiladigan g`amli kayfiyatda, ma`noli «Ming to`qqiz yuz qirq bir...» desak, bu raqam badiiy-dramatik so`zga aylanadi va ommaga badiiy-emotsional ta`sir etadi.
SHunday qilib, oddiy so`z badiiy so`zga aylanib ketishi uchun undagi fikriy mantiq his qilinib, ijro etilishi kerak.